13 – XOJA ALI ROMITANIY QUDDISA SIRRUHU
Bu zot hijriy 591 sana, milodiy 1194 sanada Romitanda tug‘ilganlar va hijriy 721 sana, milodiy 1321 sanada vafot topganlar.
Xoja Ali Romitaniy hazratlari o‘rta bo‘yli, yuzlari va boshqa a’zolari g‘oyatda go‘zal bir zot edilar. U kishi faqirlikni tanlagan edilar. Zotan, zohirda xalq ila, botinda Haq ila edilar.
Xoja Ali Romitaniy hazratlari rizqu ro‘z topish uchun to‘qimachilik kasbini ixtiyor qilgan edilar. U kishi xoja Mahmud Fag‘naviy hazratlarining xizmatlariga kirib, u zotning yaqin birodarlaridan va eng ulug‘ xalifalaridan biri bo‘ldilar.
Xoja Ali Romitaniy hazratlari ham adib, ham shoir edilar. U kishining forscha she’rlari bor. Bu she’rlar hikmatlarga to‘ladir. Xorazm shohi dastlab u zotdan shubhalangan bo‘lsa ham, keyinchalik shogird bo‘ldi.
Xoja Ali Romitaniy hazratlari bir yuz o‘ttiz yil umr ko‘rdilar. U kishi Muhammad ismli beshta ulug‘ zotni tarbiyalab yetishtirdilar. Ularning har biri ilmda, tariqat va fazilatda kamolga yetgan kishilar edi. Ular zohir va botin ilmlarda olim, omil, orif va komil edilar. Mazkur zotlar quyidagilardir:
– Xoja Muhammad (o‘z o‘g‘illari);
– Xoja Muhammad Kularuz (Xorazmdan);.
– Xoja Muhammad Saloh (Balxdan);
– Xoja Muhammad Borudiy (Xorazmdan);
– Xoja Muhammad Bobo (Shammosdan).
Xoja Ali Romitaniy hazratlari: «Agar Halloji Mansur zamonida xoja Abdulxoliq G‘ijduvoniy hazratlari yoki u kishining shogirdlaridan biri bo‘lganida, uni vahdatul vujuddan o‘tkazib, qutqarib olar edi», derdilar.
Xoja Ali Romitaniy hazratlari silsila omonatini xoja Mahmud Fag‘naviy hazratlaridan olganlar.
14 – MUHAMMAD BOBO SAMMOSIY QUDDISA SIRRUHU
Bu zot Romitanning Sammos qishlog‘ida tug‘ilganlari ma’lum bo‘lsa ham, qaysi yili tug‘ilganlari noma’lum. Vafotlari esa hijriy 755 sana, milodiy 1354 sanada Sammosda bo‘lgan.
Hazrati Muhammad Bobo Sammosiy rahmatullohi alayhi qoramtir rangli va yuzlaridan nur yog‘ilib turadigan zot edilar. U kishining nigohlari ta’sirli va hissiyotlari kuchli edi.
Hazrati Muhammad Bobo Sammosiy rahmatullohi alayhi xoja Ali Romitaniy hazratlariga umrlarining oxirigacha ixlos bilan xizmat qilganlar. Hatto u kishi Xorazmga hijrat qilganlarida, birga hijrat qilganlar. Ana shu suhbat u kishiga ulkan foydalar keltirib, ustozning eng yaqin kishilaridan biriga va ko‘zga ko‘ringan xalifalariga aylandilar.
Hazrati Muhammad Bobo Sammosiy rahmatullohi alayhi bog‘laridagi daraxtlarga shaxsan o‘zlari bog‘bonlik qilar edilar. Ish paytida g‘ayrat bilan ishlar edilar. Gohida xizmat asnosidagi zikr tufayli hol g‘alaba qilib, qo‘llaridagi asboblari tushib ham ketar edi.
Hazrati Muhammad Bobo Sammosiy rahmatullohi alayhi ko‘p talabalarini o‘zlari izlab topar edilar. Bir kuni u kishi kurash maydoni oldidan o‘tib ketayotib, maydon o‘rtasida kurash tushayotgan Amir Kulol ismli pahlavonni ko‘rib qoldilar. Keyin u zot maydon o‘rtasidan o‘tib, polvonga nazar soldilar va uni ma’naviy maydonga tortdilar. Amir Kulol kurashni tashlab, hazratning xizmatlariga kirdilar.
Hazrati Muhammad Bobo Sammosiy rahmatullohi alayhining huzurlariga yangi tug‘ilgan Bahouddin Naqshbandni olib kelganlarida, u kishini ko‘rsata turib, Amir Kulol rahmatullohi alayhiga quyidagilarni aytganlari rivoyat qilinadi:
«Bu biznikidir. Buni ma’naviy farzandlikka qabul ayladik. Avval aytganimiz, tariqatimiz kelajagi bo‘ladigan shaxs, inshaalloh, shudir. Bu qishloq bundan so‘ng Qasri Orifon bo‘lajak. Ey Amir Kulol! Bu yo‘rgak ichidagi o‘g‘lim Bahouddinni senga havola etaman. Buning zohir va botin tarbiyasida hech kamchilikka yo‘l qo‘ymagin!»
«Inshaalloh, aytaningizni qilish uchun qo‘limdan kelgan barcha imkoniyatlarni ishga solaman», dedi Amir Kulol.
Hazrati Muhammad Bobo Sammosiy rahmatullohi alayhi to‘rtta ulug‘ xalifa yetishtirganlar: xoja Sufiy Suhariy, xoja Mahmud Sammosiy (o‘z o‘g‘illari), xoja Donishmand va xoja Sayyid Amir Kulol.
Hazrati Muhammad Bobo Sammosiy rahmatullohi alayhi silsila omonatini Xojai Azizon Ali Romitaniy hazratlaridan olganlar.
15 – SAYYID AMIR KULOL QUDDISA SIRRUHU
Bu zot Buxoro yaqinidagi Suxor qishlog‘ida tavallud topganlari ma’lum va mashhur bo‘lsa ham, tavallud yillari noma’lumdir. O‘zlari tug‘ilib o‘sgan Suxorda hijriy 772 sana, milodiy 1370 sanada vafot etganlar.
Hazrati Sayyid Amir Kulol rahmatullohi alayhi bo‘ylari uzun, ranglari qoramtir, ko‘kraklari keng, qo‘llari uzun va qoshlari kamon kabi zot edilar. U kishining soqollarida birgina oq tuk bor edi. Go‘zal qomatli, pahlavon kishi edilar. U kishi nihoyatda kamtar bo‘lib, e’tiroz va sarkashlik nimaligini bilmas edilar. U kishi Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning nasablaridan bahramand bo‘lgan sayyidlardandir.
Bo‘ladigan bola boshidan ma’lum, deganlaridek, hazrati Sayyid Amir Kulol rahmatullohi alayhi onalarining qorinlarida homila ekanliklaridayoq ba’zi bir holatlar yuzaga chiqqanini u kishining volidai mehribonlari quyidagicha hikoya qiladilar:
«U qornimdalik chog‘ida shubhali narsa yeb qo‘ysam, qornim og‘rirdi. Istig‘for aytsam ham, rohatlana olmasdim. Bu hol bir qancha vaqt davom etdi. Keyin yeydigan luqmamning halol va shubhasiz bo‘lishiga e’tibor qiladigan bo‘ldim. Og‘riq ham to‘xtadi».
Hazrati Sayyid Amir Kulol rahmatullohi alayhi pahlavon bo‘lib o‘sdilar. U kishi ko‘zga ko‘ringan kurashchi bo‘lib yetishdilar. Ammo bu ish uzoq davom etmadi. Bir kuni hazrati Sayyid Amir Kulol rahmatullohi alayhi o‘zlarining kurash san’atlarini namoyish qilib, hammaning olqishini olib turganlarida u yerdan shayx Muhammad Bobo Sammosiy hazratlari o‘tib qolib, kurashni tomosha qildilar. U kishining muridlaridan biri «Kurash tomosha qilish hazratga qandoq bo‘lar ekan?» degan ma’noda hayrat nazari bilan qaradi. Shunda shayx Muhammad Bobo Sammosiy hazratlari unga:
«Bu kurash maydonida bir er bor. Kelgusida, inshaalloh, ko‘p kishilar uning suhbati barakoti ila kamolga yetsalar, ajab emas. Men o‘sha erning bizga shogird bo‘lib, ta’lim-tarbiyamizni olishini istayapman», dedilar.
Shu payt kurash tushib turgan hazrati Sayyid Amir Kulol rahmatullohi alayhi shayx Muhammad Bobo Sammosiy hazratlarining huzurlariga kelib, u zotdan o‘zlarini shogirdlikka olishlarini so‘radilar. Birgalikda jo‘nab, xonaqohga yetib bordilar. Hazrati Sayyid Amir Kulol rahmatullohi alayhi tavba qilib, qo‘l berdilar. So‘ngra u kishidan zohir va botin ilmlarni olib, zamonasining ko‘zga ko‘ringan kishilaridan biri bo‘lib yetishdilar.
U kishi sayyidliklari ustiga shariat, tariqat, ma’rifat va haqiqatda ham peshqadam bo‘ldilar. U kishi ko‘ylakchilik bilan oila tebratar edilar.
Hazrati Sayyid Amir Kulol rahmatullohi alayhining to‘rt o‘g‘illari va to‘rt xalifalari bor edi. U kishi o‘zlarining to‘rt o‘g‘illarini to‘rt xalifalariga bittadan bo‘lib berdilar va ularni yaxshilab tarbiyalashni topshirdilar.
Hazrati Sayyid Amir Kulol rahmatullohi alayhi o‘z o‘g‘illari Amir Burhonni xalifalaridan Muhammad Bahouddin Naqshbandga topshira turib:
«Siz manavi yosh yigitni oling. Uni o‘zingiz erishgan martabalarga erishtirishga harakat qiling. Sizning bu ishni qanday ado etishingizni ko‘raylik», dedilar.
Bir necha yildan so‘ng Muhammad Bahouddin Naqshband hazrati Sayyid Amir Kulol rahmatullohi alayhining huzurlariga u kishining o‘g‘illarini qaytarib olib keldilar. Hazrati Sayyid Amir Kulol rahmatullohi alayhi holni ko‘rib, juda ham xursand bo‘ldilar. Amir Burhonning yetuk inson bo‘lib tarbiya topganlaridan quvonib:
«Amir Burhon tariqatda hujjatimizdir va haqiqatda burhonimizdir», dedilar.
Muhammad Bahouddin Naqshbandning iste’dodlari va kamolotlarini ko‘rgan hazrati Sayyid Amir Kulol rahmatullohi alayhi:
«O‘g‘lim Bahouddin! Ko‘ksimda ne bo‘lsa, sizga berdim. Sizning iste’dodingiz yanada keng bo‘lg‘ay. Nomingiz olamni tutgay. Sizga izn berdim!» dedilar.
Hazrati Sayyid Amir Kulol rahmatullohi alayhi silsila omonatini xoja Muhammad Bobo Sammosiy hazratlaridan olganlar.
16 – XOJA MUHAMMAD BAHOUDDIN NAQSHBAND QUDDISA SIRRUHU
Bu zot hijriy 718 sana, milodiy 1318 sanada Buxoroi sharifning Qasri Orifonida dunyoga keldilar va hijriy 791 sana, milodiy 1389 sanada o‘sha yerning o‘zida dunyoni tark etdilar.
Xoja Muhammad Bahouddin Naqshband hazratlari uzun bo‘yli, bug‘doy rangli, keng soqolli va kulcha yuzli zot edilar.
Aslida xoja Muhammad Bahouddin Naqshband hazratlari tug‘ilgan qishloqning nomi Hinduvon bo‘lib, Buxorodan bir farsax uzoqda joylashgan edi. So‘ngra u yer xoja Muhammad Bahouddin Naqshband hazratlarining sharaflariga Qasri Orifon deb nomlanadigan bo‘ldi.
Xoja Muhammad Bahouddin Naqshband hazratlari dunyoga kelganlarida, o‘sha paytdagi Xojagon tariqati peshvosi bo‘lgan Muhammad Bobo Sammosiy hazratlari o‘z shogirdlari bilan birga Qasri Orifonga keldilar va go‘dak Bahouddinni ma’naviy farzandlikka qabul qildilar.
Rivoyatlarda zikr etilishicha, o‘shanda Muhammad Bobo Sammosiy hazratlari o‘z xalifalari Amir Kulol hazratlariga: «Bu bolaning tarbiyasi senga oiddir», deganlar.
Xoja Muhammad Bahouddin Naqshband hazratlari Amir Kulol hazratlariga qo‘l bergan bo‘lsalar ham, manbalarda u kishining haqiqiy shayxlari o‘zlaridan bir qancha sanalar ilgari o‘tib ketgan xoja Abdulxoliq G‘ijduvoniy rahmatullohi alayhi ekanliklari qayta-qayta ta’kidlanadi. Bu xildagi ma’naviy tarbiyaga tasavvuf olamida «uvaysiylik yo‘li» degan nom berilgan.
Xoja Muhammad Bahouddin Naqshband hazratlarining oliy maqomlari u kishining yoshlik chog‘laridanoq zohir bo‘la boshladi. U kishi o‘ta zehnli va idrokli edilar. Alloh taolo bu kishiga ulug‘ zotlarga shogird bo‘lish baxtini berdi. Xoja Muhammad Bahouddin Naqshband hazratlari go‘daklik chog‘larida Muhammad Bobo Sammosiy hazratlarining huzurlarida tarbiya oldilar.
Xoja Muhammad Bahouddin Naqshband hazratlari Muhammad Bobo Sammosiyning huzurlariga shogird sifatida kelishlari bilan, darhol u kishining suhbatlarida ishtirok etganlar. Mazkur suhbatdan olgan zavq va huzurdan so‘ng to‘g‘ri masjidga kirib, ikki rak’at namoz o‘qiganlar hamda: «Ey Robbim! Menga balo yukini ko‘tarmoqqa ko‘mak ber! Bu xususda menga yaxshilik qil!» deya duo qilganlar.
Bu xabar Muhammad Bobo Sammosiy rahmatullohi alayhiga yetib borganda, u kishi: «Ilohim! Sening roziliging nimada bo‘lsa, o‘shani menga ber!» deya duo qildilar va: «Maqsadi doimo Allohning roziligini topmoq bo‘lgan kishiga balo yetmaydi. Alloh bir valiysiga balo tushirsa, O‘z inoyati ila uni ko‘tarmoqqa quvvat ham beradi», deb aytdilar.
Muhammad Bobo Sammosiy rahmatullohi alayhining vafotlaridan keyin xoja Muhammad Bahouddin Naqshband hazratlarining otalari u kishini Samarqandga yubordilar, u yerda mashoyixlar suhbatida bo‘ldilar. Xoja Muhammad Bahouddin Naqshband hazratlari qisqa muddatdan keyin yana Qasri Orifonga qaytdilar.
Xoja Muhammad Bahouddin Naqshband hazratlari bolalik hamda kamolot chog‘larida Sayyid Amir Kulol hazratlarining xizmatlarida bo‘ldilar.
Shu bilan birga, xoja Muhammad Bahouddin Naqshband hazratlari ma’naviy jihatdan xoja Abdulxoliq G‘ijduvoniy rahmatullohi alayhiga bog‘landilar va u zotning ta’lim-tarbiya hamda sayri-sulukka oid barcha ilmlarini jamlab, muhofaza qildilar.
Xoja Muhammad Bahouddin Naqshband hazratlari xoja Abdulxoliq G‘ijduvoniy, xoja Muhammad Bobo Sammosiy va Sayyid Amir Kulol hazratlarining ta’limot va talqinotlarini hakimona tartibga solib, tariqatda olamshumul asoslarni barpo qildilar.
Xoja Mahmud Fag‘naviy hazratlaridan boshlab to Sayyid Amir Kulol hazratlarigacha bu silsila kishilari joyiga qarab goh maxfiy zikrni, goh jahriy zikrni ravo ko‘rar edilar. Ko‘proq jahriy zikr ixtiyor etilar edi. Xoja Muhammad Bahouddin Naqshband hazratlari bu masalani atroflicha o‘rganib chiqib, Qur’on va Sunnatdan dalillar hamda o‘z ustozlaridan ta’limotlar olib, maxfiy zikrni ustin ko‘rdilar. U kishi: «So‘fiy xilvatda bo‘lsa ham, jamoatda bo‘lsa ham, maxfiy zikr qilgani afzal», dedilar.
Xoja Muhammad Bahouddin Naqshband hazratlari, yuqorida zikr etib o‘tilganidek, Sayyid Amir Kulol rahmatullohi alayhidan tariqat iznini olganlaridan keyin, o‘sha vaqtning ko‘zga ko‘ringan shayxlari va allomalaridan bo‘lgan Mavlono Orif hazratlarining suhbatlarida yetti yil bardavom bo‘ldilar. So‘ngra xoja Xalil Ota hazratlarining huzurlarida o‘n ikki yil xizmat qildilar.
Ta’lim olish yillari haqida xoja Muhammad Bahouddin Naqshband hazratlari quyidagilarni eslaydilar:
«Yoshligimizda uch kishi do‘st edik. Biz uchovlon Haq yo‘liga kirishga qaror qildik va kirdik. Ularning oralarida mening niyatim Allohdan boshqa barcha narsalardan kechib, haqqa va haqiqatga yetishmoq edi. Bu niyatim xolis ekan shekilli, Haq taolo menga ko‘plab moddiy va ma’naviy imkonlar berdi. Oxir-oqibat maqsadimga erishtirdi».
Ko‘p yillik mehnat, taqvo, harakat va qurbat natijasi o‘laroq, Alloh taolo xoja Muhammad Bahouddin Naqshband hazratlariga to‘rt buyuk qutblardan biri bo‘lish sharafini nasib qildi. Mazkur qutblar quyidagi zotlardir:
Shayx Abdulqodir Jiyloniy quddisa sirruhu;
Muhammad Bahouddin Naqshband quddisa sirruhu;
Sayyid Ahmad Rifo’iy quddisa sirruhu;
Sayyid Ahmad Badaviy quddisa sirruhu.
Hozirgi kunda ham dunyo bo‘ylab eng keng tarqalgan tariqatlar xuddi shu to‘rt zotning nomlarini olgan tariqatlardir.
Xoja Muhammad Bahouddin Naqshband hazratlari hanafiy mazhabida edilar. U kishi birinchi daf’a haj qilganlarida o‘zlari bordilar. Ikkinchi marta haj qilganlarida o‘z shogirdlari Muhammad Porso hazratlarini ham birga olib bordilar. Yo‘lda ketayotib, Hirotga yetganlarida, Mavlono Zaynuddin rahmatullohi alayhining ziyoratlariga kirdilar va uch kun davomida u zotning suhbatlarida bo‘ldilar.
Xoja Muhammad Bahouddin Naqshband hazratlari Hijozdan qaytishda bir muddat Marvda turib qoldilar. So‘ngra yo‘lni davom ettirib, Buxoroga yetib keldilar.
Keyin xoja Muhammad Bahouddin Naqshband hazratlari Qasri Orifonda bir masjid qurdilar va qurilishda o‘zlari g‘isht tashib, ishladilar.
Xoja Muhammad Bahouddin Naqshband hazratlari suhbatlarga katta ahamiyat berar edilar. U kishi qayerga borsalar, yaxshilik qilish, sulh, irshod va xalq tarbiyasi bilan mashg‘ul bo‘lar edilar. U kishi ijtimoiy xizmatlarga ham alohida e’tibor berardilar.
Xoja Muhammad Bahouddin Naqshband hazratlari o‘z suhbatlarida asosan farz bo‘lgan ilmlardan ta’lim berish va axloq tarbiyasi bilan mashg‘ul bo‘lar edilar. Zotan, Nabiy sollallohu alayhi vasallam va sahobai kiromlarning yo‘li ham shu edi.
Xoja Muhammad Bahouddin Naqshband hazratlari:
«Yo‘limiz suhbat yo‘lidir. Suhbatni tark etgan yo‘lni ham tark etgan bo‘lur», der edilar.
U kishi charchash nimaligini bilmas edilar.
Xoja Muhammad Bahouddin Naqshband hazratlari har doim ko‘chalarni ozoda tutish, hayvonlarga yem berish va ularni davolash ishlari bilan mashg‘ul bo‘lganlar.
Xoja Muhammad Bahouddin Naqshband hazratlarining ko‘pgina shogirdlari yetuk tariqat va ma’rifat namoyandalari sifatida dunyoga nom taratdilar. Ulardan birlari yuqorida nomi zikr etib o‘tilgan xoja Muhammad Porso rahmatullohi alayhidirlar.
Xoja Muhammad Bahouddin Naqshband hazratlarining eng mashhur shogirdlari, u kishi bilan doimo birga yurgan va barcha ilmlarini o‘rgangan shaxs Alouddin Attor hazratlari o‘z ustozlarining oxirgi lahzalari haqida quyidagilarni eslaydilar:
«Hazrati Naqshbandning oxiratga intiqol qilish onlarida, Qasri Orifonda, u kishining yonlarida «Yaasiyni sharif»ni o‘qib turgan edik. Suraning yarmiga kelganimizda u zotning yuzlaridan nur chiqa boshladi. Ul zot kalimai tavhidni aytib turib, jon berdilar. Alloh u kishini O‘z rahmatiga olgan bo‘lsin».
Xoja Muhammad Bahouddin Naqshband hazratlari yetmish uch yoshlarida dorul fanodan dorul baqoga rihlat qildilar.
Xoja Muhammad Bahouddin Naqshband hazratlari silsila omonatini zohiran Sayyid Amir Kulol rahmatullohi alayhidan, botinan xoja Abdulxoliq G‘ijduvoniy rahmatullohi alayhidan olganlar.
KЕYINGI MAVZULAR:
19 Xoja Ubaydulloh Ahror quddisa sirruhu;
Bir ayol har safar o‘g‘illaridan birontasini xulqida yomon o‘zgarishni ko‘rsa, darrov sadaqa qilib taom tarqatar va ushbu: “Ularning mollaridan sadaqa ol. Bu bilan ularni poklaysan, tozalaysan va ularning haqqiga duo qil...” (Tavba surasi, 103-oyati)ni o‘qib duo qilarkan: “Allohim, ushbu sadaqam farzandimning axloqi poklanishi uchundir, chunki uning bu holi menga u kasal bo‘lib, xastalanganidan ko‘proq ta’sir qiladi, bezovta qiladi” der ekan.
Yana bir ayol bo‘lsa, kambag‘al edi, kunlik topganlariga kifoya qilarli kun kechirishardi. Shu sabab sadaqa qilishga hech narsa topolmasdi. Eri yoki o‘g‘li biron ayb, gunoh sodir qilishsa, kechasi turib namozida Baqara surasini zam qilib o‘qir va: “Allohim, bu mening sadaqamdir, uni mendan qabul et. Uni menga isloh qilib bergin”, deya duo qilardi.
Nima uchun vafot etgan inson dunyoga qaytish imkoni berilsa, sadaqani tanlaydi? Bu haqda Qur’oni karimda: «Va biringizga o‘lim kelib: “Ey Robbim, agar mening o‘limimni yaqin muddatga orqaga sursang, bas, sadaqa qilib solihlardan bo‘lsam”, demasdan avval Biz sizlarga rizq qilib bergan narsalardan nafaqa qiling» (Munofiqun surasi, 10-oyat), deb aytilgan.
Nima uchun “umra qilaman”, “namoz o‘qiyman” yoki “ro‘za tutaman” demaydi, balki “sadaqa qilaman” deydi?!
Ulamolar aytishadi: “Vafot etgan kishi o‘limidan keyin sadaqani qay darajada foydasi, asari ulkan bo‘lishini ko‘rgani uchun ham shunday deydi”.
Sadaqani ko‘paytiringlar, albatta mo‘min qiyomat kunida sadaqasining soyasi ostida bo‘ladi.