Sayt test holatida ishlamoqda!
12 Iyun, 2025   |   16 Zulhijja, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:04
Quyosh
04:49
Peshin
12:28
Asr
17:38
Shom
20:00
Xufton
21:38
Bismillah
12 Iyun, 2025, 16 Zulhijja, 1446

O‘zini o‘zi tergash

20.06.2020   2929   5 min.
O‘zini o‘zi tergash

Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.

Bandaning kunning avvalida nafsi bilan yaxshilik qilishga shartlashib oladigan vaqti bo‘lganidek, kunning oxirida qilingan ishlarni hisoblashib oladigan vaqti ham bo‘lishi kerak. Bu xuddi savdogarlarning sheriklari bilan har yil, oy, hafta yoki kun oxirida dunyo hirsida qiladigan hisob-kitobiga o‘xshaydi. Ular buni besh kunlik dunyo uchun bo‘ladigan foydani qo‘ldan chiqarib yubormaslik maqsadida qiladilar. Bas, shunday ekan, qaysi oqil abadiylik uchun bo‘ladigan foydani ko‘zlab, o‘z nafsini tergamasligi kerak?!

Savdogar sherigi bilan hisob-kitob qilganida sarmoya, foyda va zararga nazar soladi. Agar foyda ko‘rgan bo‘lsa, sherigiga rahmat aytadi. Zarar ko‘rsa, to‘lab berishini va bundan keyin bu ishga yo‘l qo‘ymasligini ta’kidlaydi. 

Shunga o‘xshash, bandaning dinidagi sarmoyasi farzlardir. Foydasi nafllar va fazilatlardir. Zarari esa ma’siyatlardir. Ushbu tijoratning mavsumi kunduz kunidir. 

Banda avval nafsini farzlar bo‘yicha tergaydi. Agar ularni yaxshilab ado etgan bo‘lsa, Alloh taologa shukrlar qiladi va nafsini shunga o‘xshash ishlarni ko‘p qilishga targ‘ib qiladi. Agar biror farzni o‘tkazib yuborgan bo‘lsa, qazosini bajarishga shoshiladi. Agar uni nuqsonli ado etgan bo‘lsa, ko‘proq nafl ibodatlari ila o‘rnini to‘ldirishga harakat qiladi. Agar ma’siyat qilgan bo‘lsa, nafsni jazolaydi, azoblaydi va boshqa choralarni ko‘radi. Xullasi kalom, banda o‘zining qilgan kattayu kichik har bir ishida nafsini tergab turishi lozim.

Nafsni tergab turish o‘ta fazilatli ishdir. Bu ishga Alloh taolo amr qilgan.

Alloh taolo Hashr surasida:

«Ey iymon keltirganlar! Allohga taqvo qilinglar! (Har bir) jon ertalik kun uchun nima taqdim qilganiga nazar solsin», degan (18-oyat).

«Ertalik kun»dan murod qiyomatdir. Qiyomat nisbatan juda yaqin vaqt, shuning uchun ham u «erta» deyiladi. Demak, har bir inson qiyomat kuni uchun nima ish qilganini o‘ylab qo‘yishi kerak. 

Albatta, qiyomat kuni insonga mol-dunyo, mansab, nasab, yor-do‘st yordam bera olmaydi, balki iymon, Islom va qilingan yaxshi amallar yordam beradi. Shuning uchun har bir odam fursat borida qiyomatga tayyorgarligini ko‘rib qo‘yishi lozim. Bunda o‘tgan ishlarni hisob-kitob qilib turishga amr bor. Shuning uchun ham hazrati Umar roziyallohu anhu: «Hisob-kitob qilinishingizdan oldin o‘zingizni o‘zingiz hisob-kitob qiling. Amallaringiz tortilishidan oldin ularni o‘zingiz torting», deganlar.

Alloh taolo Nur surasida:

«Barchangiz Allohga tavba qiling, ey mo‘minlar! Shoyadki, zafar topsangiz», degan (31-oyat).

Tavba xato va ayb sanalgan amalni qilib bo‘lgandan keyin unga afsus-nadomat chekishdan boshlanadi.

Ibn Umar roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi:

«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: 

«Ey odamlar! Allohga tavba qilinglar! Men har kuni Unga yuz marta tavba qilurman», – dedilar».

Muslim va Termiziy rivoyat qilganlar. 

Ag‘orr al-Muzaniy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

«Nabiy sollallohu alayhi vasallam:

«Albatta, (ba’zan) qalbimni bulut bosadi. Va albatta, men Allohga bir kunda yuz marta istig‘for ayturman», – dedilar».

Muslim va Abu Dovud rivoyat qilganlar.

Alloh taolo A’rof surasida:

«Albatta, taqvo qiluvchilar, agar ularga shaytondan bir sharpa yetsa, zikr qilarlar, bas, karabsanki, ular ko‘ruvchi bo‘lib turibdilar», degan (201-oyat).

Hazrati Umar roziyallohu anhu kech kirsa, oyog‘iga darra bilan ura turib, «Bugun nima ish qilding?» der ekan. 

Maymun ibn Mehron deydi: «O‘zini o‘zi sherigidan ko‘ra qattiqroq tergamagan odam taqvodorlardan bo‘la olmaydi. Ishni qilib bo‘lgandan keyin sheriklar bir-birlarini tergaydilar-ku!» 

Abdulloh ibn Salomning bir bog‘ o‘tin orqalab ketayotganini ko‘rganlar:

«Ey Abu Yusuf! Bolalaring va g‘ulomlaring ko‘tarsa ham bo‘lardi?!» – dedilar.

«Nafsimni tekshirib ko‘rishni iroda qildim. Yoqtirarmikan yoki yo‘q?!» – dedi u.

Hasan Basriy:

«Mo‘min kishi o‘z nafsini Alloh taolo uchun tergab turadi. Bu dunyoda o‘zlarini tergab turgan qavmlarning u dunyodagi hisobi oson bo‘ladi. Bu dunyoda ishni hisob-kitobsiz qilganlarning hisobi qiyomat kuni mashaqqatli bo‘ladi», deganlar.

«Malomatchi nafs ila qasam» oyati tafsirida Hasan: «Mo‘minning faqat nafsini malomat qilib turganini ko‘rasan: «Bu so‘zim ila nimani iroda qildim? Bu yeganim ila nimani iroda qildim? Bu ichganim ila nimani iroda qildim?» Fojir esa o‘zini o‘zi tergamay ketaveradi», – degan.

 "Mukammal saodat yo‘li" kitobidan

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Xorijiy hamkorlardan Qurbon hayiti munosabati bilan samimiy qutlovlar

09.06.2025   15442   2 min.
Xorijiy hamkorlardan Qurbon hayiti munosabati bilan samimiy qutlovlar

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev nomiga ma’naviy hayotimizda muhim o‘rin egallagan, azaldan xalqimizga xos bo‘lgan mehr-oqibat, bag‘rikenglik va saxovat kabi olijanob fazilatlarni o‘zida mujassam etgan muqaddas Qurbon hayiti – Iyd al-Adho munosabati bilan xorijiy davlatlar va hukumatlar, nufuzli xalqaro tashkilotlar va mintaqaviy tuzilmalar rahbarlaridan tabrik maktublari kelib tushmoqda.

 

Xorijiy hamkorlar o‘z qutlovlarida O‘zbekistonning ko‘p millatli xalqiga chuqur hurmat bildirgan holda, yurtimizga tinchlik, farovonlik va ravnaq tilab, do‘stlik va o‘zaro manfaatli hamkorlik aloqalarini har tomonlama rivojlantirishga qat’iy intilishlarini ta’kidlamoqdalar. 

 

Jumladan, quyidagilar o‘z tabriklarini yo‘llagan:

Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev;

Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov;

Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmon;

Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov;

Turkman xalqining milliy yetakchisi, Turkmaniston Xalq Maslahati Raisi Gurbanguli Berdimuhamedov;

Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev;

Qozog‘iston Respublikasining birinchi Prezidenti Nursulton Nazarboyev;

Misr Arab Respublikasi Prezidenti Abdulfattoh as-Sisi;

Turkiya Respublikasi Prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘an;

Eron Islom Respublikasi Prezidenti Mas’ud Pezeshkiyon;

Birlashgan Arab Amirliklari Prezidenti Shayx Muhammad bin Zoid Ol Nahayon;

Birlashgan Arab Amirliklari Vitse-prezidenti, Bosh vaziri, Dubay amirligi hokimi Shayx Muhammad bin Roshid Ol Maktum;

Birlashgan Arab Amirliklari Vitse-prezidenti, Bosh vaziri o‘rinbosari, Prezident ishlari bo‘yicha vaziri Shayx Mansur bin Zoid Ol Nahayon;

Birlashgan Arab Amirliklari Bosh vaziri o‘rinbosari, ichki ishlar vaziri Shayx Sayf bin Zoid Ol Nahayon;

Kuvayt Davlati Amiri Shayx Mish’al al-Ahmad al-Jobir as-Saboh;

Qatar Davlati Amiri Shayx Tamim bin Hamad Ol Soniy;

Qatar Davlati Amiri o‘rinbosari Shayx Abdulloh bin Hamad bin Halif Ol Soniy;

O‘mon Sultoni Haysam bin Toriq;

Iordaniya Hoshimiylar Podshohligi Podshohi Abdulla II;

Jazoir Xalq Demokratik Respublikasi Prezidenti Abdulmajid Tebbun;

Falastin Davlati Prezidenti Mahmud Abbos;

Islom hamkorlik tashkiloti bosh kotibi Husayn Ibrohim Toha;

Turkiy davlatlar tashkiloti bosh kotibi Kubanichbek Omuraliyev;

Turkiy davlatlar tashkiloti Oqsoqollar kengashi raisi Binali Yildirim;

Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti bosh kotibi Asad Majid Xon;

Kavkaz musulmonlari idorasi raisi shayxulislom Ollohshukur Poshshozoda.

Qutlovlar kelishda davom etmoqda. 

President.uz