Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Bandaning kunning avvalida nafsi bilan yaxshilik qilishga shartlashib oladigan vaqti bo‘lganidek, kunning oxirida qilingan ishlarni hisoblashib oladigan vaqti ham bo‘lishi kerak. Bu xuddi savdogarlarning sheriklari bilan har yil, oy, hafta yoki kun oxirida dunyo hirsida qiladigan hisob-kitobiga o‘xshaydi. Ular buni besh kunlik dunyo uchun bo‘ladigan foydani qo‘ldan chiqarib yubormaslik maqsadida qiladilar. Bas, shunday ekan, qaysi oqil abadiylik uchun bo‘ladigan foydani ko‘zlab, o‘z nafsini tergamasligi kerak?!
Savdogar sherigi bilan hisob-kitob qilganida sarmoya, foyda va zararga nazar soladi. Agar foyda ko‘rgan bo‘lsa, sherigiga rahmat aytadi. Zarar ko‘rsa, to‘lab berishini va bundan keyin bu ishga yo‘l qo‘ymasligini ta’kidlaydi.
Shunga o‘xshash, bandaning dinidagi sarmoyasi farzlardir. Foydasi nafllar va fazilatlardir. Zarari esa ma’siyatlardir. Ushbu tijoratning mavsumi kunduz kunidir.
Banda avval nafsini farzlar bo‘yicha tergaydi. Agar ularni yaxshilab ado etgan bo‘lsa, Alloh taologa shukrlar qiladi va nafsini shunga o‘xshash ishlarni ko‘p qilishga targ‘ib qiladi. Agar biror farzni o‘tkazib yuborgan bo‘lsa, qazosini bajarishga shoshiladi. Agar uni nuqsonli ado etgan bo‘lsa, ko‘proq nafl ibodatlari ila o‘rnini to‘ldirishga harakat qiladi. Agar ma’siyat qilgan bo‘lsa, nafsni jazolaydi, azoblaydi va boshqa choralarni ko‘radi. Xullasi kalom, banda o‘zining qilgan kattayu kichik har bir ishida nafsini tergab turishi lozim.
Nafsni tergab turish o‘ta fazilatli ishdir. Bu ishga Alloh taolo amr qilgan.
Alloh taolo Hashr surasida:
«Ey iymon keltirganlar! Allohga taqvo qilinglar! (Har bir) jon ertalik kun uchun nima taqdim qilganiga nazar solsin», degan (18-oyat).
«Ertalik kun»dan murod qiyomatdir. Qiyomat nisbatan juda yaqin vaqt, shuning uchun ham u «erta» deyiladi. Demak, har bir inson qiyomat kuni uchun nima ish qilganini o‘ylab qo‘yishi kerak.
Albatta, qiyomat kuni insonga mol-dunyo, mansab, nasab, yor-do‘st yordam bera olmaydi, balki iymon, Islom va qilingan yaxshi amallar yordam beradi. Shuning uchun har bir odam fursat borida qiyomatga tayyorgarligini ko‘rib qo‘yishi lozim. Bunda o‘tgan ishlarni hisob-kitob qilib turishga amr bor. Shuning uchun ham hazrati Umar roziyallohu anhu: «Hisob-kitob qilinishingizdan oldin o‘zingizni o‘zingiz hisob-kitob qiling. Amallaringiz tortilishidan oldin ularni o‘zingiz torting», deganlar.
Alloh taolo Nur surasida:
«Barchangiz Allohga tavba qiling, ey mo‘minlar! Shoyadki, zafar topsangiz», degan (31-oyat).
Tavba xato va ayb sanalgan amalni qilib bo‘lgandan keyin unga afsus-nadomat chekishdan boshlanadi.
Ibn Umar roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi:
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:
«Ey odamlar! Allohga tavba qilinglar! Men har kuni Unga yuz marta tavba qilurman», – dedilar».
Muslim va Termiziy rivoyat qilganlar.
Ag‘orr al-Muzaniy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam:
«Albatta, (ba’zan) qalbimni bulut bosadi. Va albatta, men Allohga bir kunda yuz marta istig‘for ayturman», – dedilar».
Muslim va Abu Dovud rivoyat qilganlar.
Alloh taolo A’rof surasida:
«Albatta, taqvo qiluvchilar, agar ularga shaytondan bir sharpa yetsa, zikr qilarlar, bas, karabsanki, ular ko‘ruvchi bo‘lib turibdilar», degan (201-oyat).
Hazrati Umar roziyallohu anhu kech kirsa, oyog‘iga darra bilan ura turib, «Bugun nima ish qilding?» der ekan.
Maymun ibn Mehron deydi: «O‘zini o‘zi sherigidan ko‘ra qattiqroq tergamagan odam taqvodorlardan bo‘la olmaydi. Ishni qilib bo‘lgandan keyin sheriklar bir-birlarini tergaydilar-ku!»
Abdulloh ibn Salomning bir bog‘ o‘tin orqalab ketayotganini ko‘rganlar:
«Ey Abu Yusuf! Bolalaring va g‘ulomlaring ko‘tarsa ham bo‘lardi?!» – dedilar.
«Nafsimni tekshirib ko‘rishni iroda qildim. Yoqtirarmikan yoki yo‘q?!» – dedi u.
Hasan Basriy:
«Mo‘min kishi o‘z nafsini Alloh taolo uchun tergab turadi. Bu dunyoda o‘zlarini tergab turgan qavmlarning u dunyodagi hisobi oson bo‘ladi. Bu dunyoda ishni hisob-kitobsiz qilganlarning hisobi qiyomat kuni mashaqqatli bo‘ladi», deganlar.
«Malomatchi nafs ila qasam» oyati tafsirida Hasan: «Mo‘minning faqat nafsini malomat qilib turganini ko‘rasan: «Bu so‘zim ila nimani iroda qildim? Bu yeganim ila nimani iroda qildim? Bu ichganim ila nimani iroda qildim?» Fojir esa o‘zini o‘zi tergamay ketaveradi», – degan.
"Mukammal saodat yo‘li" kitobidan
Rivoyat qilinishicha, Hasan Basriy rahimahullohning qo‘llarida Abbos degan bir yigit tavba qilgan ekan. U yigit avvallari juda ko‘p gunoh qilgan bo‘lgan, so‘ng tavba qilgan, lekin shu holda yetmish marta tavbasini buzgan. Oxir-oqibat umrining so‘nggi daqiqalari yaqinlashganda, o‘limi ko‘ziga ko‘ringan paytda onasini chaqirib shunday dedi:
— Ona, Hasan Basriy hazratlarini chaqiring, men u zotning huzurlarida tavbamni yangilamoqchiman, shoyadki Alloh taolo tavbamni qabul qilsa.
Onasi shoshilib Hasan Basriyning huzuriga borib, salom berdi va:
— Men Abbosning onasiman, o‘g‘limning o‘lim payti yetdi va u sizni so‘rayapti, tavbasini yangilamoqchi, dedi. Hasan Basriy rahimahulloh bunga javoban:
— Bor, menga tavba qilib, uni qayta-qayta buzadigan odamning keragi yo‘q, dedi.
Ayol yig‘lagan holda uyiga qaytib keldi va o‘g‘liga:
— Ey, o‘g‘lim! Shayx sening yomon qilmishlaring tufayli kelishdan bosh tortdi, dedi.
Shunda Abbos osmonga boqib:
— Yo Robbim, Parvardigorim, shayx mendan yuz o‘girdi, ammo Sen mendan yuz o‘girma, umidimni so‘ndirma, deb duo qildi.
Shundan so‘ng yigit onasiga qarab:
— Ey, onajon! Agar vafot etsam, oyog‘ingizni yuzimga qo‘ying, keyin bo‘ynimga arqan bog‘lab, bozorda sudrab yuring va ovozingiz boricha “Bu — Allohga osiy bo‘lganning jazosidir” deb baqirib yuring. Shoyad, mening holimni ko‘rib, Alloh O‘z fazli va rahmati bilan meni afv etsa, dedi.
Onasi uni o‘zi aytganidek o‘g‘lining yuziga oyog‘ini qo‘ymoqchi edi, hotifdan bir ovoz eshitildi:
— Oyog‘ingni sajda qiladigan joyga qo‘yma. Shuni bilginki, Alloh taolo uni afv etdi va do‘zaxdan ozod qildi.
Shundan so‘ng onasi uni dafn qildi va uyiga qaytdi. Shu kecha Hasan Basriy tushida bir ovozni eshitdi:
— Ey Hasan! Nima uchun bandamni Mening rahmatimdan umidsiz qilib qo‘yding? Axir uni Men yaratganmanku va Mening rahmatim har narsani qamrab oladi. Qasamki, agar yana shunday qilsang, seni solihlar daftaridan o‘chiraman!
Bu qissa Allohning rahmati va fazlining ulkan ekanini, hamda tavba qilishda inson hech qachon umidsiz bo‘lmasligi kerakligini yorqin tarzda bayon qiladi.
Homidjon domla ISHMATBЕKOV