Sayt test holatida ishlamoqda!
23 Aprel, 2025   |   25 Shavvol, 1446

Toshkent shahri
Tong
04:05
Quyosh
05:32
Peshin
12:26
Asr
17:11
Shom
19:15
Xufton
20:35
Bismillah
23 Aprel, 2025, 25 Shavvol, 1446

Qur’on ilmlari: RASMI USMONIYNING TAKOMILLASHUVI

19.06.2020   4342   26 min.
Qur’on ilmlari: RASMI USMONIYNING TAKOMILLASHUVI

Zamon o‘tishi bilan yana yangi muammolar paydo bo‘la boshladi. Arab tilini yaxshi bilmaydigan musulmonlar ko‘payishi bilan Qur’oni Karimni o‘qishda muammo ham ko‘paydi. Kishilarning Qur’oni Karimni xato o‘qishlari va ixtilofga tushishlari xavfi kuchaydi.

Usmoniy mus'haflar shakl (e’rob alomatlari: fatha, kasra, zamma, sukun) va nuqtalardan xoli holda yozilgan bo‘lib, bu tarzda yozilishi bir necha qiroat va ko‘rinishlarni ko‘tara oladigan bo‘lishi uchun bo‘lganini avval ham aytib o‘tgan edik. Odamlar o‘z tabiiy ko‘nikmalari va ilmlari bilan ularni to‘g‘ri o‘qish imkoniga ega edilar. Qiroat qilishda ularning shakl, harakatlar, e’rob va nuqtalarga ehtiyojlari yo‘q edi. Abu Ahmad Askariy aytganidek, kishilar Qur’oni Karimni Usmon mus'hafida qirq yildan ko‘proq muddat, hatto Abdulmalikning xalifaligi davrigacha hech qanday alomat va belgilarsiz o‘qib yurdilar. Undan keyin adashishlar ko‘paydi. Bu holat ayniqsa Iroqda keng yoyildi.

Adashish asosan ba’zi Qur’on kalimalarining qiroatida va harflarning talaffuzida sodir bo‘lar edi. Arab bo‘lmagan kishilar orasida Islomning yoyilishi, musulmon ajamlarning ko‘payishi arablar lug‘atiga o‘z ta’sirini ko‘rsatdi,

Yana Qur’oni Karimning muhofazasi uchun harakat qilish zarur bo‘lib qoldi. Keraklicha olib borilgan maslahatlardan so‘ng kishilar Qur’oni Karimni xato o‘qimasliklari va Qur’oni Karim qiroati haqida turli ixtiloflarga tushmasliklari uchun mus'haflarga fatha, kasra, zamma alomatlarini qo‘yish kerak, degan fikrga kelindi.

Hijriy 65 sanada, Abdulmalik ibn Marvonning xalifaligi davrida ba’zi mutasaddilar qur’oniy matnlarga shakl va nuqtalar qo‘yilmasa, ularning o‘zgarib ketish xavfi borligini aytishdi. So‘ngra to‘g‘ri qiroat qilishga yordam beradigan muayyan shakllar ishlab chiqish kerakligi haqida fikr qilindi.

Shu o‘rinda barcha Ubaydulloh ibn Ziyod va Hajjoj ibn Yusuf as-Saqafiyni zikr qiladi.

Ibn Ziyod asli forsiy bir kishiga yozuvda tushirib qoldirilgan ikki aliflik kalimalarga o‘sha alifni qo‘yib Chiqishni buyurdi. Shunda «قلت» o‘rniga «قالت» deb, «كنت» o‘rniga «كانت» deb yozildi. Bu ish Ubaydulloh ibn Ziyodga nisbat berildi.

Hajjoj eea qur’oniy yozuvning o‘n bitta o‘rniga o‘qishni osonlashtiradigan belgi kiritgan, deyiladi. Shundan so‘ng qiroat qilish oydinroq va fahmlash yengilroq bo‘ldi.

Usmon ibn Affon roziyallohu anhu shu kabi imloviy bezaklarga ishora qilib: «Mus'hafda arablar tez kunlarda isloh qiladigan lahnlarni ko‘ryapman», degan edi.

Demak, bu o‘rindagi lahn va belgilarning barchasi yuqorida zikr etilgan shaklda bo‘lib, asrlar va davrlar o‘tishi bilan shakllanib turadigan rasmi xatga tegishli ishlardan edi.

Lekin qur’oniy matnning o‘zida biror narsa o‘zgarmagan. Balki asl harflarga yordamchi harf va belgilar orttirilgan, xolos. Qolaversa, qur’oniy matn odamlar qalblarida jamlangan bo‘lib, uni ba’zilar ba’zilardan og‘izma-og‘iz talaqqiy qilish orqali va yaqiniy mutavotir yo‘l bilan olishar edi.

Ammo ba’zi o‘zini bilmagan va Qur’oni Karimga dushmanlik qilishni kasb qilib olganlar ushbu ishora va belgi qo‘yishlarni Qur’onga o‘zgartirish kiritish deb «ilmiy» da’vo qiladilar. Matn o‘z holida qolib, uning atrofiga belgi qo‘yib, o‘qishni osonlashtirishni «o‘zgartirish» deyish ilmning qaysi ko‘chasiga kirishi mumkin?!

Qur’oniy rasmi xatning sayqallanishi bir daf’aning o‘zida oxiriga yetmagan. Balki ushbu sayqallash ishida bir necha avlodlar ishtirok etgan. Hijriy uchinchi asrning oxirlariga kelib, mus'hafni bezash ishlari cho‘qqisiga chiqqan.

Bunda ham asl harflarga zarracha o‘zgartirish kiritmaslik shartlari ishlab chiqildi. Tarixda bu ish «Qur’oni Karimni nuqtalash» nomi bilan o‘rin topdi.

Ulamolar qadimdan Qur’onga birinchi nuqtalarni qo‘ygan shaxs xususida ixtilof qiladilar. Ushbu mavzuda uch kishining ismi takrorlanadi.

Abul Asvad Dualiy;

Yahyo ibn Ya’mur;

Nasr ibn Osim Laysiy.

Abul Asvad Dualiy arab tili masalalarida dastlabki darslarni taqdim qilish bilan mashhurdir. U kishi bu ishni Aliy ibn Abu Tolibning buyruqlari bilan qilgan edilar. U kishining Qur’oni Karimga nuqtalar qo‘yishi ushbu ishlarining uzviy davomi deb g‘umon qilinadi. Ushbu mavzuda Abul Asvad Dualiyning Qur’onning sofligi uchun kuchli g‘ayrat ko‘rsatganlariga ishora qiluvchi bir qissa naql qilinadi.

Abul Asvad Dualiy bir kishining Tavba surasidagi

أَنَّ ٱللَّهَ بَرِيٓءٞ مِّنَ ٱلۡمُشۡرِكِينَ وَرَسُولُهُۥۚ

oyatini noto‘g‘ri qiroat qilayotganini eshitib qoladilar.

Qori «Rosuluhu» kalimasidagi «lom» harfini jar qilib, «Rosulihi» deb o‘qiydi. Bunda oyatning «Albatta, Allodning mushriklar bilan aloqasi yo‘q va Rasulining ham» degan ma’nosi qo‘pol tarzda buzilib, «Albatta, Allohning mushriklar bilan aloqasi yo‘q va Rasuli bilan ham» bo‘lib qoladi. Bu lahn (xato) Abul Asvad Dualiyni dahshatga soldi va u «Allohning vajhi O‘z Rasulidan bezor bo‘lmoqlikdan azizdir!» dedi. So‘ngra Basraga, Ziyodning huzuriga bordi va: «Sen so‘ragan narsaga ijobat qilaman», dedi.

Bundan oldin Ziyod Abul Asvad Dualiydan insonlar Allohning Kitobini oson va bexato o‘qishlari uchun alomatlar qo‘yishni so‘ragan edi. U esa javob berishni ortga surib yurardi. Yuqoridagi hodisa sodir bo‘lgach, o‘zi dahshatga tushib, bu ishga jiddi-jahd bilan kirishdi. Uning ijtihodi fatha alomatini bildirish uchun harfning yuqorisiga bitta nuqta, kasra alomatini bildirish uchun harfning ostiga bitta nuqta, zamma uchun harf o‘rtasiga bitta nuqta va sukun uchun ikkita nuqta qo‘yib chiqishga chorladi.

Ba’zi ulamolar «Abul Asvad Dualiy Qur’onga Abdulmalik ibn Marvonning buyrug‘i bilan nuqtalar qo‘yib chiqqan», deyishadi. Ushbu turli rivoyatlardan Abul Asvadning Qur’onga nuqtalar qo‘yib chiqish sabablarini aniq aytib berishimiz qiyin. U bu ishni o‘zicha qilganmi yoki boshqaning fikri bilan amalga oshirganmi? Bu ishning asli qanday tartibda ro‘yobga Chiqqan? Bu savollarning barchasiga qat’iy javob berish mushkul. Lekin aniq bilamizki, ushbu og‘ir vazifani dastlab o‘z zimmasiga olgan shaxs Abul Asvad Dualiy edi. Keltirilgan rivoyat va xabarlar ushbu haqiqatning to‘g‘riligini bildiradi.

Ammo Qur’onga nuqta va shakllar qo‘yishni uning yolg‘iz o‘zi amalga oshirdi, deyish mantiqiy jihatdan ham, aqliy jihatdan ham to‘g‘ri kelmaydi. Bu kabi ulkan vazifani yakka shaxs emas, balki bir necha shaxslar amalga oshiradi. Uni oxiriga yetkazish bir avlodga emas, bir necha avlodlarga nasib etadi. Abul Asvad Dualiyga Qur’onga nuqtalar qo‘yish, uning rasmi xatini sayqallash silsilasida dastlabki halqa bo‘lish sharafi kifoya qiladi.

Ushbu silsilaning yana bir halqasida Yahyo ibn Ya’mur ham bordir. Ba’zi ulamolar bu shaxs silsilaning birinchi halqasidan, degan fikrga moyil bo‘lishadi. Ayrim rivoyatlarda: «Mus'haflarga dastlab nuqtalar qo‘ygan shaxs Yahyo ibn Ya’murdir», deyilgan.

Qur’onga nuqtalar qo‘yish ishida Yahyo ibn Ya’murning hissasi borligi ma’lum. Lekin qo‘limizda uning bu ishning boshida turganligi to‘g‘risida dalil yo‘q. Faqat Marvda mus'haflarga birinchi bo‘lib nuqtalar qo‘ygani mashhur bo‘lgan. Uning nuqtalar qo‘yishda avvalgi shaxs bo‘lganini bildiruvchi eng ishonchli dalillardan biri Ibn Xallikonning «Ibn Sirinning nuqtalar qo‘yilgan mus'hafi bo‘lib, uni Yahyo ibn Ya’mur qilib bergan edi», degan gapidir. Ma’lumki, Ibn Sirin hijriy 110 sanada vafot topgan. Demak, shunga ko‘ra, ushbu sanadan oldin ham komil nuqtali va mukammal shakllar qo‘yilgan, harakatlar o‘sha nuqtalar bilan ifoda qilingan mus'haf mavjud bo‘lganligi kelib chiqadi. Bu juda nozik ish bo‘lib, uni osonlikcha qabul qilib bo‘lmaydi.

Nasr ibn Osim Laysiy ham Qur’onga nuqta qo‘yish ishida ustozlari Abul Asvad va Ibn Ya’murlarning ishini davom ettirdi, chunki u mazkur ikki olimdan ilm olgan edi.

Hajjoj xususqtsa turlicha fikrlar bor bo‘lsa ham, ushbu ulug‘ ishda uning xissasi borligini, bu sharafli ishga nihoyatda qiziqqanligini inkor qilib bo‘lmaydi.

Zamonlar o‘tib, qur’oniy xatni osonlashtirishga qaratilgan harakatlar kuchaydi. Ushbu osonlashtirish turli shakllarni o‘z ichiga oldi. Xalil ibn Ahmad al-Farohidiy al-Azdiy nuqtalarni sinflarga bo‘lgan, ularni kitobga tushirgan va illatlarni zikr qilgan birinchi shaxs bo‘ldi. Shuningdek, hamza, tashdid, ravm (harf harakatini chala aytib bildirib qo‘yish) va ishmom (harf harakatini ovozsiz, faqat labning harakati bilan bildirish) alomatlarini ham mus'hafga dastlab shu kishi qo‘ydi.

Abu Hotim Sijistoniy Qur’on nuqtalari va shakllari to‘g‘risida o‘z kitobini ta’lif qilgan paytda mus'haflar rasmi ilmi kamoliga yetay deb qolgan edi.

Nihoyat, uchinchi hijriy asrning oxirlariga kelib, Qur’on rasmi ilmi sayqallanish va chiroy berish borasida cho‘qqisiga yetdi. Odamlar go‘zal xatlarni tanlashda, maxsus alomatlarni qo‘yishda musobaqalashib ketdilar. Tashdidli harflarga qavsga o‘xshash alomat qo‘yishdi, bog‘lovchi hamza alifiga o‘zidan oldingi harf fathali bo‘lsa, ustiga, kasrali bo‘lsa, ostiga va zammali bo‘lsa, o‘rtasiga bir chiziq chizib qo‘yishdi.

Qur’oniy rasmi xatni sayqallashga bo‘lgan harakatlar ko‘plab to‘siqlarga ham duch keldi. Uchinchi asrning oxirlariga kelib, ulamolar Qur’onga nuqtalar qo‘yish xususida ixtilof qildilar. Aslida nuqtalar qo‘yishning makruhligi juda erta ko‘ringan edi. Bu xususda ulug‘ sahobiy Abdulloh ibn Mas’ud:

«Qur’onni xoli holda tutinglar, unga biror narsani aralashtirmanglar», der edi.

So‘ngra tobe’inlar orasida mus'haflarni xushbo‘y qilish yoki sahifalari orasiga atirgul barglarini qo‘yish kabi ishlar makruhligi aytildi. Imom Molik rahmatullohi alayhi taba’a tobe’inlar davrida ushbu masalaning tafsilotini qilib:

«Ulamolar ta’lim oladigan mus'haflarga nuqtalar qo‘yish mubohdir, lekin ona mus'haflarga (Usmon mus'haflariga) qo‘yish muboh emas», degan edi.

Shu bilan birga, Qur’onni o‘z holicha saqlash tarafdorlari mus'haflarga nuqtalar qo‘yishni makruh deyishda davom etdilar. Ba’zi-ba’zida nuqtalar bilan poralar orasini ajratuvchi alomatlarni farqlovchi mo‘tadil kishilar ham ko‘rinib turardi. Ular kishilarni: «Darhaqiqat, nuqtalar Qur’onni xoli tarzda tutishga xalaqit qilmaydi», deb ogohlantirishar edi.

Halimiy shunday deydi:

«Har o‘n yoki besh oyatni ajratuvchi belgilar, suralarning ismlari va oyatlarning sonlarini Qur’onga yozish «Qur’onni xoli tutinglar» degan qavlga muvofiq, makruhdir. Ammo nuqtalar qo‘yish joiz. Chunki ularning surati yo‘qligi uchun ular sababli Qur’ondan bo‘lmagan narsani Qur’on deb gumon qilishning ehtimoli yo‘q. Darhaqiqat, nuqtalar qanday o‘qishga dalolat qiluvchi belgilar bo‘lib, ehtiyoji bor kishilar uchun ularni qo‘yishning zarari yo‘qdir».

Nuqtalar bylan ta’shirlar (har o‘n oyatni ajratish uchun qo‘yiladigan belgi) orasida ochiq-oydin farq bo‘lishiga qaramasdan, Qur’onni o‘z holicha saqlash tarafdorlari hijriy beshinchi asrning boshlarigacha «Qur’on shakllardan xoli bo‘lgan mus'haflardan qiroat qilinishi lozim», deb mahkam turib olishdi. Masalani tor oluvchi bu toifalar «Alomatlarning barchasi bid’at bo‘lib, har bir bid’at zalolat va har bir zalolat do‘zaxda» degan tushunchada edilar. Abu Amr Doniy mulohaza qilganidek, g‘arib ishlardan biri – ularning ba’zilari Qur’onga harakatlar o‘rniga nuqtalar ishlatishni yengil sanashar, lekin aynan harakatlar bilan shakl qo‘yishga qat’iy qarshi turar edilar. Vaholanki, o‘sha asrdagi odamlarning ko‘pchiligi harakatlar qo‘yishda hech qanday zarar yo‘q, deyishardi.

Abu Amr Doniyning o‘zi Qur’on matnlari bilan ularni ravshanlashtirish uchun qo‘yilgan harakatlar orasida farq borligini e’tirof qiladi:

«Nuqtalarni qora bilan yozish joiz emas. Chunki bunda rasmi xat suratini o‘zgartirib yuborish bor. Yana turli qiroatlarni bitta mus'hafda jamlash uchun turli ranglar bilan yozish ham joiz emas. Chunki bu holatda rasmi xatni o‘zgartirib yoki aralashtirib yuborish xatari ko‘payadi». Doniyning fikricha, harakatlar, tashdidlar, tanvin, sukun va madd qizil, hamzalar esa sariq rangda yozilishi kerak.

So‘ngra odamlar nuqtalarni makruh, deganlaridan keyin, mustahab deydigan zamonlar keldi. Harakatlar bilan shakl qo‘yishga e’tiroz bildirganlaridan so‘ng bu ishni mustahab, deb qila boshladilar. Avvallari nuqta va shakllar matnni o‘zgartirib yuborishi mumkin, degan xavfda bo‘lgan edilar. Keyin agar nuqta va shakllar qo‘yilmasa, johillar matnlarni noto‘g‘ri talaffuz qilib, o‘zgartirib yuborishadi, degan xavfga tushdilar. Qur’on matnini saqlashga bo‘lgan harislik ba’zida nuqtalar qo‘yishni makruh deyishga, boshqa payt esa mustahab deyishga asosiy sabab bo‘ldi.

Hadis ilmida ko‘plab mashhur kitoblar tasnif qilgan, muhaddislarning ulug‘laridan bo‘lgan Imom Hofiz Muhyiddin Abu Zakariyo Yahyo ibn Sharaf Navaviy shunday deydi:

«Mus'hafga nuqtalar va shakllar qo‘yish mustahabdir. Chunki bu bilan u lahn va o‘zgarishdan saqlanadi. Sha’biy va Naxa’iyning nuqtalarni makruh, deyishlari o‘sha paytda matnning o‘zgarib ketishidan qo‘rqqanlari uchundir. Darhaqiqat, bu narsalar yangilik bo‘lgani uchun mus'haf o‘sha xavfdan omondadir. Bu yangiliklar bid’ati hasanalar jumlasidan bo‘lib, ilmni tasnif qilish, madrasalar va rabotlar bino qilish kabi bo‘lib, ular man qilinmaydi. Vallohu A’lam».

Ulamolar boshida makruh degan, so‘ngra bu gapdan to‘xtab, muboh yoki oxirida mustahab degan yangiliklar, jumladan, har bir suraning boshiga sarlavhalar yozish, oyatlar boshiga ajratib turuvchi belgilar qo‘yish, Qur’onni juzlarga taqsim qilish, juzlarni hizblarga va hizblarni rubu’larga bo‘lib chiqish va shularning barchasiga ishora o‘laroq, o‘ziga xos rasmni bitib qo‘yish kabilar edi.

Odamlar oyatlarning boshiga qo‘yiladigan, bir-biridan ajratib turuvchi ramzlarni boshqalaridan oldin va tezroq qabul qildilar. Chunki ularda oyatlar taqsimini bilishga ehtiyoj bor edi. Xususan, oyatlar tartibining tavqifiy – vahiy asosida ekaniga ijmo’ qilishgach, bu ish tezlashdi. Ular ramz qo‘yishning turli yo‘llarini bayon qildilar. Ba’zida har bir oyatning boshiga uning suradagi tartib raqamini qo‘yishar, ba’zida esa buni bee’tibor qoldirar edilar. Ahyonda suradagi har o‘ninchi oyatning nihoyasiga «عشر» kalimasini yoki uning bosh harfi «ع» ni yoki suradagi har beshinchi oyat oxiriga «خمس» kalimasini yoxud uning bosh harfi «خ» ni qo‘yishardi. Va ushbu ishlarda hech qanday zarar yo‘q, deb bilishardi.

Suralarning boshiga qo‘yiladigan sarlavhalarga kelsak, bu yerda ularning makkiy yoki madaniy ekanligi hamda oyatlarining soni yozib qo‘yilar edi. Bu ish muhofiz doiralarning (Qur’onni o‘zgarishlardan himoya siluvchilarning) qattiq qarshiligiga duch keldi. Ko‘pchilik ulamolardan tortib, hatto avom xalq ham bu ishning tavqifiy emasligi, balki bu xususda sahobalarning ko‘plab ijtihodlari borligini bilishar edi.

«Suralarning tartibi ijtihodiy emas, balki oyatlar tartibi kabi tavqifiy, desak-da, suralarning ismlari ham tavqifiy ekaniga bizda kuchli dalil yo‘q. Ba’zi suralarning makkiy va boshqalarining madaniy ekaniga ijmo’ni da’vo qilolmaymiz. Zero, bitta suraning o‘zida ittifoq qilingan gapning o‘zi yo‘q» kabi e’tirozlar yuzaga chiqdi. Shu kabi ixtiloflar sababli suralarning boshlanishiga sarlavhalar yozishga qattiq e’tirozlar qo‘zg‘aldi. Lekin vaqt o‘tishi bilan ushbu e’tirozlar ham yengillashdi, hatto odamlar ushbu sarlavhalarning o‘zi bilan qanoat qilmay, hatto ularni ziynatlash va tilla bilan bezashda hadlaridan oshib ketishdi. Hatto ba’zi johillar ushbu sarlavhalar ham qur’oniy vahiydan ajramaydigan bir bo‘lak, deyishgacha borishdi.

Odamlar oyatlar orayeini ajragib turuvchi ramzlarni muboh deb bilishgach, so‘ngra suralar boshiga sarlavhalar yozishga jur’at qilishgach, mus'haflarni sayqallashdagi harakatlarni to‘xtatishning imkoni bo‘lmay qoldi. Darhaqiqat, dastlab mus'haflarni sayqallash ularni juzlarga va hizblarga ajratishdan boshlandi. Kishilar bu ishlarini qo‘llab-quvvatlash uchun naql qilingan rivoyatlardan dalillar izlay boshladilar.

Zarkashiy shunday deydi:

«Hizblar va juzlarga bo‘lish masalasiga kelsak, madrasalarda juzlarning o‘ttiztaligi va rubu’lar mashhur edi.

Imom Ahmadning «Musnad»ida Abu Dovud va Ibn Moja Avs ibn Huzayfadan rivoyat qiladilar:

«U hayotlik davrida Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sahobalaridan: «Qur’onni hizblarga qanday ajratasizlar?» deb so‘radi. Ular: «Uch, besh, yetti, to‘qqiz, o‘n bir, o‘n uch. «Mufassal»ning hizbi «Qof»dan oxirigacha», deyishdi».

Mus'haflarni sayqallash va yozuvini go‘zal qilishda xattotlarning ham ulushlari beqiyosdir. Manbalarda aytilishicha, xalifa Valid mus'haflar yozish uchun Xolid ibn Abul-Hayyojni ixtiyor qilgan edi. U xatining go‘zalligi bilan mashhur bo‘lib, Madinadagi Masjidi Nabaviyning mehrobiga yozgan xattot ana shu kishidir. Hijriy to‘rtinchi asrning oxirlariga qadar xattotlar mus'haflarni kufiy hat bilan yozib keldilar. So‘ngra beshinchi asrning boshlarida uning o‘rnini go‘zal nasx xati egalladi. Ushbu xatda barcha harakat va nuqtalar mavjud bo‘lib, bugungi kunimizgacha shu xatdan foydalanib kelmoqdamiz.

Keyinchalik, zamon o‘tishi bilan, vaziyat taqozo qilganda, boshqa alomatlar ham xuddi shunday ehtiyotkorlik va aniqlik bilan qo‘yib chiqildi. Islom ummati o‘ziga Alloh taolo tomonidan berilgan ilohiy dastur – Qur’oni Karimni ana shu tarzda ko‘z qorachig‘idek, balki undan ham avaylabroq saqlab keldi.

Zamon o‘zgarib, texnik taraqqiyot davri kelganda, Qur’oni Karimni texnik jihozlar vositasida chop etish masalasi ko‘ndalang bo‘ldi.

Alloh taoloning xohishi ila O‘zining Kitobi matbaa vositasi bilan ham atrofga tarqala boshladi. Bu ish ham, Qur’onni qo‘lda yozish jarayonidagi kabi, sayqallanish va chiroyli qilish bosqichlarini bosib o‘tdi.

– Qur’oni Karimning ilk nusxasi milodiy 1530 yilning boshlarida Bunduqiyada (Venetsiyada) paydo bo‘ldi. Lekin u kanisa hukmdorlarining amri bilan yo‘q qilindi.

– 1694 yili Olmoniyaning Gamburg shahrida Henkelman (Hinckelmann) Qur’onni chop etdi.

–  Qur’oni Karimning yana bir nusxasini Luis Marratssi (Louis, Ludovico Maracci, 1612-1700) 1696 yili Paduya shahrida chop qildi. Ushbu matbaada chop qilingan Qur’onning uch nusxasining birortasi ham islomiy yurtlarda mashhur bo‘lmadi.

–  Qur’oni Karimni xolis musulmonlar tomonidan dastlabki chop etish 1887 yili Rusiyaning Sankt-Peterburg shahrida amalga oshirildi. Bu bosmani Mavloyo Usmon chop qildirgan edi.

Xuddi shu kabi bosma Qozonda ham chiqdi.

Eronda birdaniga ikkita toshbosma Qur’on taqdim qilindi. Ulardan biri hijriy 1234 (milodiy 1828) yili Tehronda bosilgan bo‘lsa, keyingisi hijriy 1238 (milodiy 1833) sanada Tabrizda chop etildi.

– G.Flyugel 1834 yili Olmoniyaning Leypsig shahrida o‘ziga xos Qur’onni chop etdi. Ushbu bosmaning imlosi yangi va oson bo‘lgani sababli ovrupaliklar uni katta ishtiyoq bilan qabul qildilar. Lekin bu nusxa Islom olamida shuhrat topa olmadi.

Hindistonda ham Qur’oni Karimning bir necha bosmalari zohir bo‘ldi.

So‘ngra bu ulkan ishga 1877 yilning boshlarida Ostona (Turk sultonligi) qo‘l urdi.

Keyin nihoyatda ahamiyatli, ulug‘ ish sodir bo‘ldi. Hijriy 1342 (milodiy 1923) sanada Qohirada Azhari sharifning ulug‘ shayxlari nazorati ostida go‘zal, daqiq, juda ham latif Qur’oni Karim nusxasi chop etildi. Bu ish Malik Fuad birinchi tomonidan tayin qilingan ilmiy guruhning qarori bilan bo‘ldi.

Ushbu mus'haf Hafsning Osimdan qilgan rivoyatiga muvofiq ravishda tayyorlangan edi. Bu mus'hafni Islom olami yaxshi qabul qildi, millionlab nusxa choi etildi va undan har yili turli yurtlarga tarqatildi.

Bu nusxa asosiy nusxa bo‘lib qoldi. Chunki mashriqu mag‘rib ulamolari uning xati va rasmi diqqat bilan amalga oshirilganiga ijmo’ qilgan edilar.

Keyinchalik Saudiya Arabistonida Malik Fahd nomidagi Qur’on chopxonasi tashkil qilinib, Hafsning Osimdan qilgan rivoyatiga muvofiq ravishda Qur’on chop etildi. Bugungi kunda bu nusxa «Madina bosma» nomi bilan tanilgan. Hozirda ham hajga borganlarga shu nusxadagi Qur’ondan juda ko‘p sonda tarqatilmoqda.

Lekin faqat ushbu bosma mus'hafga qarab qolingani yo‘q. Boshqa mamlakatlarda ham o‘ziga xos, ajoyib suratda Qur’on chop etilishi davom etmoqda. Jumladan, Livan, Misr, Suriya va boshqa o‘lkalarda ham bu ish yaxshi yo‘lga qo‘yilgan. Uzlarida imkoniyat bo‘lmaganlar imkoniyati borlarga buyurtma berib, chop ettirishmoqda. Qur’on qiroatini osonlashtirish uchun qo‘yiladigan ishoralar bosqichi ham to‘xtab qolgani yo‘q. Xususan, tajvid qoidalarini ifoda etuvchi, ya’ni tajvid qoidalari ranglar bilan ifodalangan «tajvidli Qur’on»lar chop etildi. Qur’oni Karimning to‘g‘ri o‘qilishi maqsadida qilingan boshqa ishlardagi kabi, ushbu tajvid qoidalarini ifodalashda ranglardan foydalanishga dastlab saudiyaliklar e’tiroz bildirdilar. Tajvidli Qur’on dastlab Suriyada chop etilgach, e’tirozlar ham susaydi va hatto e’tiroz bildirgan taraflarning o‘zlari ham bu kabi Qur’onlarni chop etishni boshladilar. Insonlarning Qur’oni Karimni o‘qishlari oson bo‘lishi uchun qilinadigan xizmatlar hokimlar uchun ham, raiyyat uchun ham sharafli ishdir. Bugungi kunda internetda o‘qiladigan, ovozli elektron Qur’onlar ham ixtiro qilinmoqda. Yana qalamli Qur’onlar kashf etildi. Unda qalam qaysi bir oyatga qo‘yilsa, o‘sha oyatning mashhur qori tomonidan qilingan qiroati yangraydi.

Libiyadagi «Dunyo Islom da’vati» tashkiloti Nofe’ning Qolundan qilgan rivoyatiga mos mus'haflarni ko‘plab chop etib, ushbu qiroatda o‘qiydigan musulmonlarga tarqatdi. Shu bilan birga, mazkur qiroatdagi Jazoir, Mag‘rib kabi o‘lkalarda ham shu kabi mus'haflar chop qilinmoqda.

Ulamolar dastlab bu ishga – Qur’oni Karimni chop qilishga ruxsat bermadilar. Ular mazkur uslub ila chop etish Qur’oni Karimning obro‘siga to‘g‘ri kelmaydi, degan tushunchaga borgan edilar. Chunki avvalgi chopxonalar musulmon bo‘lmagan shaxslarga xos bo‘lib, Qur’oni Karimni chop etish fikri ham o‘sha shaxslardan chiqqan edi. Haqiqatda, agar o‘sha paytda Qur’oni Karimni chop etishga ruxsat berilsa, uning obro‘siga to‘g‘ri kelmas edi.

Vaqt o‘tishi bilan musulmonlar ham chopxona ishlarini a’lo darajada o‘zlayggirib olganlarini, Qur’oni Karimni ko‘plab chop etishga esa ehtiyoj nihoyatda ortib borayotganligini e’tiborga olib, ulamolarimiz muqaddas Kitobimiz himoyasi uchun kerakli shartlarni qo‘yib, uni chop etishga izn berdilar.

Alloh taoloning Qur’oni Karimni muhofaza qilish haqidagi va’dasi ana shu tarzda amalga oshib kelmoqda. Alloh taoloning inoyati ila Qur’oni Karim hozirgacha U Zotning huzuridan qanday nozil bo‘lgan bo‘lsa, biror harfi o‘zgarmay, o‘shanday holida turibdi.

Tarix davomida dushmanlar Qur’oni Karimga o‘zgartirish kiritish uchun turli yo‘llar bilan harakat qildilar, ammo Islom ummati doimo hushyor turdi. Har bir yangi paydo bo‘lgan Qur’oni Karim nusxasini darhol sinchkovlik bilan tekshirib, xatosi bo‘lsa, hamma tomonga jar solib, o‘sha yausxaning barcha adadlarini kuydirish yo‘lga, qo‘yilmoqda.

Alloh taologa beadad hamdu sanolar bo‘lsinkim, Qur’oni Karim hozirgacha Alloh nozil qilgan holida, zarracha o‘zgarishsiz o‘qilmoqda, yodlanmoqda va yozilmoqda.

Bu ma’noda Qur’oni Karim yagona Kitobdir.

Qur’oni Karim birinchi bor yozilgandan boshlab, hozirgacha biror harfi ham o‘zgarmagani aniq.

Qur’oni Karim birinchi bor talaffuz qilinganidan boshlab, hozirgacha biror lafzi boshqacha talaffuz qilinmagani aniq.

Boshqa ilohiy kitoblarda mazkur holni topib bo‘lmasligi hammaga, jumladan, o‘sha kitoblarga e’tiqod qiluvchilarga ham ayon.

Mazkur e’tibordan, Qur’oni Karimning Alloh taolo tomonidan hozirgi holida sobit bo‘lgani qatiy ekaniga e’tiqod qilish har bir musulmon uchun ham farz, ham zarur. Qaysi bir musulmon uning biror surasi, oyati yoki harfining sobit bo‘lishi qat’iy ekaniga shubha qilsa, dindan chiqib, kofir bo‘ladi.

Yuqorida zikr etilib, sharh qilingan ta’rifdagi va shakldagi Qur’oni Karim musulmonlar o‘n besh asrdan buyon e’tiqod qilib, e’zozlab, yod olib, avloddan-avlodga naql qilib, kitob shaklida yozib, ibodatlarida tilovat qilib va nihoyat, amal qilib kelayotgan ilohiy Kitobdir. Dunyodagi biror harfi ham o‘zgarmay, Alloh taolodan qanday nozil bo‘lgan bo‘lsa, shunday saqlanib kelayotgan yakkayu yagona kitob ham xuddi shu Qur’oni Karimdir.

Qur’oni Karimning bu shaklda muhofazada bo‘lib kelayotgani avvalo Alloh taoloning inoyati bilandir. Alloh taoloning O‘zi Qur’oni Karimning Hijr surasi, 9-oyatida:

«Albatta, Zikrni Biz nozil qildik va albatta, Biz unga muhofazachimiz», deb qo‘ygandir.

Ana o‘sha va’daga binoan, Alloh taoloning O‘zi O‘z Qur’onini u nozil bo‘lgan birinchi lahzadan hozirga qadar zarracha o‘zgarishsiz muhofaza qilib kelmoqda va qiyomatgacha muhofaza qiladi. Chunki U Zot O‘z va’dasiga hech xilof ish qilmaydi.

Biz ojiz bandalar esa Alloh taoloning mazkur va’dasining hozirgacha yuzaga chiqishiga Islom ummati sabab bo‘lib kelayotganini mulohaza qila olamiz, xolos. Boshqacha qilib aytadigan bo‘lsak, Alloh taolo O‘zining Qur’oni Karimni muhofaza qilish haqidagi va’dasi yuzaga chiqishi uchun musulmon ummatini xizmatkor qilib qo‘yganini ko‘ramiz. Bunday misli ko‘rilmagan buyuk mas’uliyatni ado etishda Islom ummatiga Alloh taoloning O‘zi doimiy yordamda bo‘ldi.

 

KЕYINGI MAVZU:

UCHINCHI QISM:

Qur’oni Karimda nasx;

Nasx qilinadigan hukmlarning turlari;

Nasxning hikmatlari;

Nasx bilan xoslash orasidagi farq;

Kutubxona
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Diniy-ma’rifiy sohalardagi islohotlar inson manfaatlariga qaratilgani bilan diqqatga sazovor

23.04.2025   648   11 min.
Diniy-ma’rifiy sohalardagi islohotlar inson manfaatlariga qaratilgani bilan diqqatga sazovor

Keyingi yillarda diniy-ma’rifiy sohalardagi ezgu tashabbuslar fuqarolarning vijdon erkinligiga oid huquq va manfaatlarini to‘laqonli ta’minlash, ularning diniy amallarni ado etishlari uchun zarur barcha sharoit va imkoniyatlarni yaratish, muqaddas Islom dinining tinchlikparvar, ma’rifatparvar, ezgulikka yo‘g‘rilgan g‘oyalarini targ‘ib etishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2025 yil 21 apreldagi “Fuqarolarning vijdon erkinligi huquqi kafolatlarini yanada mustahkamlash hamda diniy-ma’rifiy sohadagi islohotlarni yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni bu borada yana bir muhim qadam bo‘ldi. 

Mazkur hujjatning ahamiyati haqidaO‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi rektori, taniqli dinshunos olim Muzaffar Komilov bilan O‘zA muxbiri suhbatlashdi. 

 – Muzaffar Murotovich, Prezidentimizning “Fuqarolarning vijdon erkinligi huquqi kafolatlarini yanada mustahkamlash hamda diniy-ma’rifiy sohadagi islohotlarni yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonining ahamiyati haqida so‘zlab bersangiz.

 – Haqiqatdan ham, muhtaram Prezidentimizning ushbu farmoni diniy-ma’rifiy sohaga davlat siyosati darajasidagi e’tiborning yana bir yorqin namunasi deyishimiz mumkin. “Fuqarolarning vijdon erkinligi huquqi kafolatlarini yanada mustahkamlash hamda diniy-ma’rifiy sohadagi islohotlarni yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi  farmonning mazmun-mohiyatini e’tiborga oladigan bo‘lsak, bugun bu sohaga alohida e’tibor va mehrni his qilib turibmiz. 

Mazkur farmon mamlakatimizda diniy sohadagi davlat siyosatini yanada takomillashtirishga oid muhim hujjatlardan biri bo‘lib fuqarolarning vijdon erkinligini ta’minlash, diniy bag‘rikenglikni mustahkamlash va diniy-ma’rifiy sohadagi islohotlarni yangi bosqichga olib chiqishda alohida ahamiyat kasb etadi.

4 ta bo‘lim 17 ta banddan iborat bo‘lgan farmonda bugun diniy-ma’rifiy sohada muammo bo‘lib turgan ayrim yo‘nalishlarni muhtaram Prezidentimizning o‘zlari alohida tahlillarga asoslangan holda ko‘rib chiqib, uning yechimilarini berdi.

Eng avvalo, bugungi murakkab sharoitda dunyoda sodir bo‘layotgan voqea-hodisalarni kuzatib, mamlakatimizda “Inson manfaatlari hamma narsadan ustun” degan xalqchil tamoyilga asoslangan islohotlar qanchalik muhim ekanligini ushbu farmondan ko‘rishimiz mumkin.

Farmonda belgilangan asosiy maqsadlar, fuqarolarning vijdon erkinligini ta’minlash, har bir shaxsning dinga e’tiqod qilish yoki qilmaslik huquqini kafolatlash, diniy qarashlarni majburan singdirishga yo‘l qo‘ymaslik, diniy bag‘rikenglik va konfessiyalararo totuvlikni mustahkamlash, turli dinlarga e’tiqod qiluvchi fuqarolar o‘rtasida o‘zaro hurmat va tushunish muhitini yaratishdan iborat.

Diniy-ma’rifiy sohadagi islohotlarni yangi bosqichga olib chiqishda diniy ta’lim muassasalarini rivojlantirish, kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish va diniy-ma’rifiy sohadagi xalqaro hamkorlik bugun kun tartibida turgan dolzarb masalalardan ekanligini ko‘rib turibmiz. 

Jamiyatda vijdon erkinligini kafolatlash, diniy bag‘rikenglik, fuqarolararo totuvlik hamda ijtimoiy-ma’naviy muhit barqarorligini ta’minlash maqsadida “Bag‘rikeng jamiyat – barqaror davlat” tamoyili asosida Din ishlari bo‘yicha qo‘mita bilan O‘zbekiston mahallalari uyushmasi, Ichki ishlar vazirligi, Yoshlar ishlari agentligi hamda Oila va xotin-qizlar qo‘mitasining yangi hamkorlik tizimi yo‘lga qo‘yiladi. Bu jamiyatdagi muammolarni mutasaddi tashkilotlar bilan birgalikda, bahamjihat, bamaslahat hal qilish uchun asos va tamal toshi vazifasini bajaradi.

Shuningdek, ushbu farmon bilan diniy-ma’rifiy sohadagi tashkilotlar faoliyatining samaradorligini oshirib borish maqsadida doimiy asosda faoliyat ko‘rsatuvchi Diniy-ma’rifiy sohada ta’lim, fan va ilmiy-tadqiqotga oid faoliyatni muvofiqlashtiruvchi kengash tashkil etilishini shaxsan o‘zim yuqori kayfiyat bilan qabul qildim. Sababi, muvofiqlashtiruvchi kengash diniy-ma’rifiy sohada ta’lim, fan va ilmiy-tadqiqot ishlarining barcha jarayonlarini muvofiqlashtirish masalalariga mas’ul bo‘lgan maslahat organi hisoblanadi.

Ushbu farmonning ijrosi orqali mamlakatimizda diniy sohadagi davlat siyosati yanada takomillashadi, fuqarolarning huquq va erkinliklari kafolatlanadi, jamiyatda tinchlik va totuvlik muhiti mustahkamlanadi.

– Ushbu farmonga muvofiq, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasiga aylantirildi. O‘quv-ilmiy dargohining qayta nomlanishi uning faoliyatiga qanday ta’sir ko‘rsatadi?
 

–O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi – diniy-ma’rifiy sohadagi ta’lim, din va davlat munosabatlari uyg‘unligini va birdamligini ko‘rsatib beradigan oliy ta’lim muassasasi hisoblanadi. Bugun O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi nomiga o‘zgartirilgani bevosita akademiyani o‘zining faoliyatidagi qamrovni, ilmiy-akademik  yo‘nalishlar, tadqiqotlar va shu sohadagi ishlarni muvofiqlashtirish masalasini oldiga qo‘yadi. Aynan shu maqsadda akademiyaning nomi shu  yo‘nalishga mos ravishda o‘zgartirildi. 

Akademiyaga juda katta vazifalar qo‘yilgan. Jumladan, 6 ta banddan iborat topshiriq ya’ni, islomshunoslik, dinshunoslik, din psixologiyasi, islom iqtisodiyoti, manbashunoslik, xalqaro munosabatlar va ehtiyoj mavjud bo‘lgan boshqa sohalar bo‘yicha kadrlar tayyorlash, ta’lim jarayoniga ilg‘or pedagogik texnologiyalarni, ilm-fan va texnikaning so‘nggi yutuqlarini hamda yetakchi xorijiy oliy ta’lim tashkilotlari tajribasi asosida ishlab chiqilgan ta’lim dasturlarini joriy etish, vijdon erkinligi va konfessiyalararo bag‘rikenglikni ta’minlash, radikallashuv, ekstremizm va terrorizmga qarshi kurashish hamda diniy sohadagi davlat siyosatining asoslariga oid ilmiy-tadqiqot ishlarini amalga oshirish oldimizda turgan eng muhum vazifalar.

Diniy-ma’rifiy yo‘nalishdagi ilmiy tadqiqotlarni, ilmiy-ommabop adabiyotlarni tayyorlash va nashr qilish, ilm-fan yo‘nalishiga tadbiq etish shuningdek, internet tarmog‘ida turli xolis va noxolis fikrlar bildirilayotgan manbaalarning o‘rniga haqiqiy ilmiy, asosli xulosalarga ega bo‘lgan kontentlar bilan to‘ldirish talab etiladi. Albatta, yoshlarda yuksak ma’naviy va axloqiy fazilatlarni rivojlantirish, Vatanni sevish, uning taqdiriga daxldorlik, kasbga sadoqat hissini mustahkamlash, ta’lim-tarbiya jarayoni hamda ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish, mamlakatimizda va xorijda diniy sohada faoliyat olib borayotgan ilmiy-tadqiqot va ta’lim muassasalari bilan yaqindan hamkorlik qilish bo‘yicha alohida vazifa va topshiriqlar berilgan.

Qolaversa, mazkur farmon bilan akademiyaga bir qator huquqlar ham berilayapti. Ko‘p yillar davomida akademiyada yig‘ilib qolgan muammolar, jumladan, xorijdan professor-o‘qituvchilarni chaqirishda nomutanosibliklar bor edi. Akademiyaga o‘quv-ilmiy jarayonlarga jalb etilgan yuqori malakali xorijiy mutaxassislarga munosib to‘lovlarni amalga oshirish, talab ko‘p bo‘lgan yo‘nalish va mutaxassisliklar bo‘yicha to‘lov-kontraktlar summasini bir necha barobarga oshirgan holda talabalarning to‘lov-kontrakt mablag‘larini to‘lash muddatlarini belgilash va uzaytirish imkoniyati berildi. 

Yetuk xorijiy mutaxassislarni jalb qilish hamda Akademiya vakillarini xorijiy ilmiy-tadqiqot va ta’lim muassasalariga malaka oshirish va tajriba orttirish uchun yuborishdagi ayrim muammolar ham o‘z yechimini topdi. Akademiyaga o‘z grifi asosida darsliklar hamda boshqa o‘quv va ilmiy adabiyotlarni yaratish va nashr etish imkoniyatining berilgani maqsadga muvofiq bo‘ldi. Bundan butun jamoamiz, professor-o‘qituvchilar, ilm ahli, ziyolilar juda ham mamnun. 

– Hujjatda Buxoro viloyati hokimligining Bahouddin Naqshband yodgorlik majmuasi markazi muassisligida Bahouddin Naqshband ilmiy-tadqiqot markazini tashkil etish ham ko‘zda tutilgan.  Ushbu markaz yurtimiz ma’rifiy hayotida qanday o‘rin egallaydi? Sizningcha, hazrat Bahouddin Naqshband ilmiy merosining ahamiyati qanday?

– Har bir millat o‘zining ma’naviy boyligi, tarixiy merosi va ulug‘ allomalari bilan faxrlanadi. Bunday ulkan shaxsiyatlardan biri tasavvuf ilmi va irfon yo‘lining yirik namoyandalaridan biri bo‘lmish Xoja Bahouddin Naqshband hazratlaridir. U kishining ilmiy merosi nafaqat Islom olamida, balki butun insoniyat ma’naviyatida alohida o‘ringa egadir.

Farmon asosida Bahouddin Naqshband ilmiy-tadqiqot markazining tashkil etilishi, ochig‘i bu, bizning bir necha yillardan buyon ushalmay turgan orzuyimiz edi. Esimda bor, o‘tgan yili Malayziya Bosh vaziri Anvar Ibrohim janobi oliylari Toshkentga kelganlarida ham Buxoroga qilgan tashriflari davomida “hazrat Bahouddin Naqshbandga bizda millionlab ergashuvchi izdoshlar bor, agar bu yerlarda yaxshi imkoniyatlar bo‘lsa kelib ilmiy tadqiqotlar olib borilsa, asarlari o‘rganilsa, naqshbandiylik ta’limotini yoshlarga to‘g‘ri talqin qila oladigan mutaxassislar doirasidagi davra suhbati va konferensiyalar o‘tkazilsa maqsadga muvofiq bo‘lardi”,  degan takliflarni bildirgan edi. 

Farmon bilan Buxoroda Bahouddin Naqshband ilmiy-tadqiqot markazi tashkil etilib, buyuk ajdodimiz Bahouddin Naqshband va naqshbandiylik tariqati allomalarining yuksak insonparvarlik g‘oyalarini ilmiy asosda o‘rganish, yosh avlodni bag‘rikenglik hamda o‘zaro hurmat ruhida tarbiyalash maqsadida targ‘ibot ishlarini olib borish, tasavvuf ta’limoti tarixi va uning bugungi kundagi ahamiyatini ilmiy tadqiq etish, “Yetti pir” allomalari va aziz avliyolarning boy ilmiy-ma’naviy merosini xalqaro maydonda keng targ‘ib qilish, naqshbandiylik ta’limotining ezgu g‘oyalarini tadqiq etish uchun ilmiy-nazariy va uslubiy masalalarga bag‘ishlangan anjuman, konferensiya, ko‘rgazma, seminar-trening, tanlovlar hamda boshqa madaniy-ma’rifiy tadbirlarni tashkil etish, tasavvuf ta’limotining ilmiy asoslangan g‘oyalarini targ‘ib qilish, soxta tariqatchilikning oldini olish bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqishining asosiy vazifalari etib belgilandi.

Shu bilan birga Bahouddin Naqshband ilmiy merosini o‘rganish orqali akademik tadqiqotlar yo‘nalishlari ham kengaymoqda. Zero, ul zotning  asarlari nafaqat irfonga oid, balki ijtimoiy, axloqiy va madaniy sohalarda ham mustahkam asosga ega. Ushbu meros xalqaro miqyosda ham e’tirof etilgan bo‘lib, uning tadqiqi turli tillarga tarjima qilinayotgani va dunyo ilmiy jamoatchiligi orasida qiziqish uyg‘otayotgani  buning isbotidir. Bu meros har bir insonni kamtarlik, poklik, adolat va ezgulikka chorlaydigan mustahkam yo‘ldir.

– Mazkur farmonga ko‘ra, 2025 yil 1 sentyabrga qadar “Haj va Umra yagona portali”ni yaratish ko‘zda tutilgan. Ushbu portalning  ishga tushishi muborak ziyoratga boruvchilar uchun qanday yengilliklar yaratadi? 

–  Farmonga muvofiq, 2025 yil 1 sentyabrga qadar “Haj va Umra yagona portali” yaratiladi. Ushbu tashabbus mamlakatimizda diniy sohadagi islohotlarning yangi bosqichidan dalolat beradi. Mazkur portalning joriy etilishi ziyorat qiluvchilar uchun bir qancha qulayliklarni yaratadi.

Avvalo, elektron tartibda murojaat va ro‘yxatdan o‘tish imkoni tug‘iladi. Bu orqali fuqarolar Haj yoki Umra ziyoratiga borish uchun navbatga turish, hujjatlarni to‘plash va topshirish kabi jarayonlarni onlayn shaklda amalga oshirishlari mumkin bo‘ladi. Bu esa ularning vaqtini va sa’y-harakatlarini tejashga xizmat qiladi.

Ikkinchidan, shaffoflik ta’minlanadi. Portalda navbatlar, to‘lovlar va boshqa barcha jarayonlar ochiq tarzda namoyon bo‘ladi. Bu orqali korrupsiyaning turli ko‘rinishlarining oldi olinadi.

Uchinchidan, xizmatlar markazlashtiriladi. Safar oldidan zarur bo‘lgan tibbiy ko‘riklar, ma’lumotnomalar, sug‘urta va boshqa xizmatlar ham portal orqali muvofiqlashtiriladi. Shu tariqa ziyoratga tayyorgarlik ko‘rish yanada osonlashadi.

To‘rtinchidan, axborot xabardorligi oshadi. Ziyoratchilar uchun zarur bo‘lgan barcha ma’lumotlar – safar jadvali, manzillar to‘g‘risidagi ma’lumotlar, diniy-ma’rifiy yo‘riqnomalar, ziyorat odoblari va boshqa ko‘rsatmalar to‘liq elektron tarzda taqdim etiladi.

Beshinchidan, tezkor aloqa va murojaat xizmatlari yo‘lga qo‘yiladi. Ziyorat davomida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan muammolarni hal etish, favqulodda holatlarga javob berish imkonini beradigan elektron murojaat va aloqa tizimi ham portalning muhim qismi bo‘ladi. Bu tashabbus mamlakatimizda diniy sohani raqamlashtirish va fuqarolarga xizmat ko‘rsatish darajasini yanada yuksaltirishga qaratilgan muhim qadamlardan biri bo‘lib xizmat qiladi.

– Samimiy suhbat uchun tashakkur!

 

Nazokat Usmonova, O‘zA muxbiri

MAQOLA