Sayt test holatida ishlamoqda!
29 Dekabr, 2024   |   29 Jumadul soni, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:23
Quyosh
07:48
Peshin
12:30
Asr
15:21
Shom
17:05
Xufton
18:25
Bismillah
29 Dekabr, 2024, 29 Jumadul soni, 1446

Ish egasiga berilmasa qiyomatni kutavering

19.06.2020   3863   4 min.
Ish egasiga berilmasa qiyomatni kutavering

Hazrati Oisha roziyallohu anho onamizdan rivoyat qilingan hadisda: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shunday dedilar:

“Birortangiz bir ish qilsa, Alloh o‘sha ishni yaxshilab qilishingizni yaxshi ko‘radi”.

Zero, har bir ishni eng mukammal o‘ringa qo‘yib bajarish ehsondir. 

Hadisi shariflardan birida Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shunday marhamat qilganlar:

“Ish o‘z egasining qo‘lidan boshqasiga o‘tsa, qiyomatni kutavering”.

Har bir ishning o‘z egasi – mutaxassisi bor. Kuchli, bilimli, omonatdor va halol mutaxassis o‘ziga topshirilgan vazifani maromiga yetkazib bajaradi. Qolaversa kasb sohibi ya’ni ish egasi o‘z kasbini sevadigan va unga umrini bag‘ishlagan bo‘ladi. Aynan mana shu omil kasb egalari uchun eng muhim mezonlardandir.

Zero, kasb tanlash inson hayoti va taqdiriga ta’sir etishi mumkin.

Olimlarning ta’kidlashicha, har bir inson kasb tanlashda o‘zining fe’l-atvori, qiziqishlarini hisobga olishi kerak. Kasbning “obro‘li”, “serdaromad” va “imkoniyati katta” jihatlari emas, balki har bir insonning fe’l-atvori hamda dunyoqarashiga mos kelishi – juda muhim. Agar aksincha bo‘lsa, har qancha ko‘p pul to‘lanmasin, ishi unmay, kasalliklarga chalinish xavfi shuncha ko‘p bo‘lar ekan. Nomaqbul ish faoliyati – inson hayotiga alkogol, narkotik moddalari va urushlardan ham ko‘proq xavf soladi, deydi olimlar. Bu borada dunyo bo‘ylab kuzatilgan statistika quyidagicha:

Har yili ishlab chiqarishda va kasb kasalliklaridan 2 milliondan ziyod inson nobud bo‘ladi — shuningdek, urush va harbiy mojarolardan 650 mingga yaqin inson nobud bo‘lar ekan.

Ayniqsa, rivojlangan mamlakatlarda ish uchun berilayotgan qurbonlar soni yuqori. Masalan, har yili bir necha yuzlab yapon o‘ta toliqish oqibatida to‘ppa-to‘g‘ri ish joyining o‘zida bandalikni bajo keltiradi.

Yokohoma universiteti tadqiqotchilarinig yozishicha haftasiga o‘rta hisobda bir nafar odam ruhiy zo‘riqishlarga dosh bera olmay, depressiya oqibatida turli nohushliklarga duch kelar ekan.

Ilgari xavfli kasblar haqida gap ketganda, jurnalistika va konchi-shaxtyorlik kasblari tilga olinardi. Aslida, bu mezonlar ham o‘zgaruvchandir.

Bizningcha, u yoki bu kasbning “xavfliligi”ni aniqlagandan ko‘ra, har kim avvalo, o‘ziga mos kasbni tanlagani ma’qul. Hadisda aytilganidek “Ish o‘z egasining qo‘lidan boshqasiga o‘tsa, qiyomatni kutavering”.  Qaysi kasb egasi bo‘lishidan qat’iy nazar, agar odam o‘z ishining haqiqiy ustasi bo‘lsa, unga bo‘lgan talab doimo yuqori bo‘ladi. O‘z navbatida bunday kishining sog‘lig‘i, obro‘si, kayfiyati va daromadi hamisha yaxshi bo‘laveradi.

Olimlar o‘tkazgan tadqiqotlar natijasiga ko‘ra, quyidagi kasb egalari ruyih zo‘riqishga o‘ta moyil bo‘lar ekan:

1 – o‘rin. Olimlar va o‘qituvchilar. Uzluksiz izlanish, takroriy tadqiqotlar olimlarni, ota-onalar, rahbariyat tomonidan nazorat va bosimning kuchayishi, bolalarning quloqsizligi va bir maromdagi ish esa pedagoglar asab tizimini ishdan chiqarishi barchamizga ma’lum.

2 – o‘rin. Ijod ahli – shoirlar, yozuvchilar, jurnalistlar va rejissyorlar. Bu kasblarning egalari aksariyat hollarda mashaqqatli ijod qilib, vaqtida dam olmaydilar. Qolaversa bu toifa kishilari maqtovga o‘ch va tanqidni suymaydiganlar toifasiga kiradi. Bundan tashqari, ularga biroz manmanlik xususiyati xos bo‘lib, bu ham ortiqcha asabbuzarlik keltirib chiqaradi.

3 – o‘rin. Jamoatchilik faollari – teleboshlovchilar, siyosatchilar va shou-biznes vakillari. Sababi – turmush tarzidan qat’i nazar, ular jamoatchilik oldida doim yaxshi kayfiyatda bo‘lishga majbur.

Tadqiqot natijalariga ko‘ra, so‘nggi o‘rin xizmat ko‘rsatish sohasi xodimlariga taalluqli. Ba’zi injiq mijozlarning talablari bu soha vakillarining sillasini quritib yuboradi.

Ammo, nima bo‘lganda ham har bir inson o‘ziga munosib, ishidan zavqlanadigan kasb yoki hunarni egallagani maqsadga muvofiqdir. Shunda, jamiyat ham rivojlanib, mamlakatmiz yanada taraqqiy etadi.

         Manbalar asosida Saidabror Umarov tayyorladi

          

        

Maqolalar
Boshqa maqolalar

Juma salomi - Amallar sarhisobi

27.12.2024   5911   1 min.

No‘monxon Yahyoxon
Toshkent islom instituti talabasi