Hazrati Oisha roziyallohu anho onamizdan rivoyat qilingan hadisda: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shunday dedilar:
“Birortangiz bir ish qilsa, Alloh o‘sha ishni yaxshilab qilishingizni yaxshi ko‘radi”.
Zero, har bir ishni eng mukammal o‘ringa qo‘yib bajarish ehsondir.
Hadisi shariflardan birida Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shunday marhamat qilganlar:
“Ish o‘z egasining qo‘lidan boshqasiga o‘tsa, qiyomatni kutavering”.
Har bir ishning o‘z egasi – mutaxassisi bor. Kuchli, bilimli, omonatdor va halol mutaxassis o‘ziga topshirilgan vazifani maromiga yetkazib bajaradi. Qolaversa kasb sohibi ya’ni ish egasi o‘z kasbini sevadigan va unga umrini bag‘ishlagan bo‘ladi. Aynan mana shu omil kasb egalari uchun eng muhim mezonlardandir.
Zero, kasb tanlash inson hayoti va taqdiriga ta’sir etishi mumkin.
Olimlarning ta’kidlashicha, har bir inson kasb tanlashda o‘zining fe’l-atvori, qiziqishlarini hisobga olishi kerak. Kasbning “obro‘li”, “serdaromad” va “imkoniyati katta” jihatlari emas, balki har bir insonning fe’l-atvori hamda dunyoqarashiga mos kelishi – juda muhim. Agar aksincha bo‘lsa, har qancha ko‘p pul to‘lanmasin, ishi unmay, kasalliklarga chalinish xavfi shuncha ko‘p bo‘lar ekan. Nomaqbul ish faoliyati – inson hayotiga alkogol, narkotik moddalari va urushlardan ham ko‘proq xavf soladi, deydi olimlar. Bu borada dunyo bo‘ylab kuzatilgan statistika quyidagicha:
Har yili ishlab chiqarishda va kasb kasalliklaridan 2 milliondan ziyod inson nobud bo‘ladi — shuningdek, urush va harbiy mojarolardan 650 mingga yaqin inson nobud bo‘lar ekan.
Ayniqsa, rivojlangan mamlakatlarda ish uchun berilayotgan qurbonlar soni yuqori. Masalan, har yili bir necha yuzlab yapon o‘ta toliqish oqibatida to‘ppa-to‘g‘ri ish joyining o‘zida bandalikni bajo keltiradi.
Yokohoma universiteti tadqiqotchilarinig yozishicha haftasiga o‘rta hisobda bir nafar odam ruhiy zo‘riqishlarga dosh bera olmay, depressiya oqibatida turli nohushliklarga duch kelar ekan.
Ilgari xavfli kasblar haqida gap ketganda, jurnalistika va konchi-shaxtyorlik kasblari tilga olinardi. Aslida, bu mezonlar ham o‘zgaruvchandir.
Bizningcha, u yoki bu kasbning “xavfliligi”ni aniqlagandan ko‘ra, har kim avvalo, o‘ziga mos kasbni tanlagani ma’qul. Hadisda aytilganidek “Ish o‘z egasining qo‘lidan boshqasiga o‘tsa, qiyomatni kutavering”. Qaysi kasb egasi bo‘lishidan qat’iy nazar, agar odam o‘z ishining haqiqiy ustasi bo‘lsa, unga bo‘lgan talab doimo yuqori bo‘ladi. O‘z navbatida bunday kishining sog‘lig‘i, obro‘si, kayfiyati va daromadi hamisha yaxshi bo‘laveradi.
Olimlar o‘tkazgan tadqiqotlar natijasiga ko‘ra, quyidagi kasb egalari ruyih zo‘riqishga o‘ta moyil bo‘lar ekan:
1 – o‘rin. Olimlar va o‘qituvchilar. Uzluksiz izlanish, takroriy tadqiqotlar olimlarni, ota-onalar, rahbariyat tomonidan nazorat va bosimning kuchayishi, bolalarning quloqsizligi va bir maromdagi ish esa pedagoglar asab tizimini ishdan chiqarishi barchamizga ma’lum.
2 – o‘rin. Ijod ahli – shoirlar, yozuvchilar, jurnalistlar va rejissyorlar. Bu kasblarning egalari aksariyat hollarda mashaqqatli ijod qilib, vaqtida dam olmaydilar. Qolaversa bu toifa kishilari maqtovga o‘ch va tanqidni suymaydiganlar toifasiga kiradi. Bundan tashqari, ularga biroz manmanlik xususiyati xos bo‘lib, bu ham ortiqcha asabbuzarlik keltirib chiqaradi.
3 – o‘rin. Jamoatchilik faollari – teleboshlovchilar, siyosatchilar va shou-biznes vakillari. Sababi – turmush tarzidan qat’i nazar, ular jamoatchilik oldida doim yaxshi kayfiyatda bo‘lishga majbur.
Tadqiqot natijalariga ko‘ra, so‘nggi o‘rin xizmat ko‘rsatish sohasi xodimlariga taalluqli. Ba’zi injiq mijozlarning talablari bu soha vakillarining sillasini quritib yuboradi.
Ammo, nima bo‘lganda ham har bir inson o‘ziga munosib, ishidan zavqlanadigan kasb yoki hunarni egallagani maqsadga muvofiqdir. Shunda, jamiyat ham rivojlanib, mamlakatmiz yanada taraqqiy etadi.
Manbalar asosida Saidabror Umarov tayyorladi
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Mamlakatimiz aholisining 64 foizini yoshlar tashkil etadi. Farzandlarimizning ilmli, axloqli bo‘lib kamolga yetishlariga uyda ota-onalar, o‘quv yurtlarida esa muallim va ustozlar astoydil jon kuydirishlari kerak. O‘g‘il-qizlarimizni ilm-ma’rifatga oshno qilishdan hech kim chetda turmasligi lozim. Jadidchi allomalarimizdan birlari: “Farzand tarbiyasiga loqayd qaragan millat inqirozga mahkumdir”, deb bejizga aytmagan.
Islomda bolalar tarbiyasi ota-onaning eng mas’uliyatli va uzoq davom etadigan burchlaridir. Boshqa burchlar ba’zi ishlarni qilish yoki mulkni sarflash bilan oxiriga yetadi. Ammo tarbiya mas’uliyati bardavom bo‘ladi. Zotan, ota‑onaning farzand ne’matiga haqiqiy shukrlari ham aynan tarbiya mas’uliyatini sharaf bilan ado etish orqali yuzaga chiqadi. Amaliy shukr – berilgan ne’matni ne’mat beruvchi zotni rozi qiladigan tarzda tasarruf qilish bilan bo‘ladi. Binobarin, farzand ne’matiga amaliy shukr qilish o‘sha farzandni Alloh taologa itoat qiladigan banda qilib tarbiyalash bilan yuzaga chiqadi. Farzand tarbiyasida ota-onaning o‘rni qanchalar katta ekanini Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning quyidagi hadisi shariflaridan bilib olamiz.
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Har bir tug‘ilgan bola faqat fitrat (sof tabiat) ila tug‘iladi. Bas, ota-onasi uni yahudiy yoki nasroniy yoki majusiy qiladi. Bu xuddi hayvonning bus-butun hayvon tug‘ishiga o‘xshaydi. Siz unda quloq-burni kesilganini his qilganmisiz?» dedilar.
So‘ngra Abu Hurayra roziyallohu anhu «Agar xohlasangiz: «(Bu) Alloh odamlarni yaratgan asl fitratdir. Allohning yaratganini o‘zgartirib bo‘lmas. Ushbu to‘g‘ri dindir», degan oyatni o‘qing», der edi» (To‘rtovlari rivoyat qilishgan).
Ushbu muborak hadisi sharifda Alloh taolo insonlarni yaratish paytida sof tabiat bilan yaratsa ham, keyinchalik insonlar, xususan, ota-ona tarbiyasi sababli bu soflikka futur yetishi, uning buzilishi haqida so‘z ketmoqda.
“Fitrat” sof tabiat, dinni to‘g‘ri qabul qilishga bo‘lgan qobiliyat deganidir. Nabiy sollallohu alayhi vasallam dunyoda tug‘iladigan har bir bola sof tabiat bilan, Alloh taoloning dinini qabul qilish qobiliyati bilan tug‘ilishi haqida xabar bermoqdalar.
Demak, Alloh taolo hech kimni avvaldan sen yahudiy bo‘lasan, sen nasroniy bo‘lasan, sen majusiy bo‘lasan, deb majbur qilmaydi. Odamlarning turli dinga mansub bo‘lishiga sabab bor:
«Bas, ota-onasi uni yahudiy, nasroniy yoki majusiy qiladi».
Ya’ni, ota-onalar bolalarini o‘z dinlarida tarbiyalashlari oqibatida bolalarning sof tabiati buzilib, yahudiy, nasroniy va majusiy bo‘lib qoladilar.
Shu joyda Nabiy sollallohu alayhi vasallam ushbu ma’noni to‘liqroq tushuntirish maqsadida sahobai kiromlarga hissiy bir misol keltirmoqdalar.
«Bu xuddi hayvonning bus-butun hayvon tug‘ishiga o‘xshaydi. Siz unda quloq-burni kesilganini his qilganmisiz?».
Ya’ni har bir hayvon bolasi onasidan bus-butun tug‘iladi. Birortasining qulog‘i yoki burni kesilmagan bo‘ladi. Ammo, egalari belgi qo‘yish maqsadida va yana boshqa niyatda ularning quloqlarini, burunlarini kesadilar va hokazo. Shunga o‘xshab, inson ham onadan sof tabiat bilan tug‘iladi, u yahudiy, nasroniy yoki majusiy bo‘lib tug‘ilmaydi. Ota-onasining tarbiyasi tufayli yahudiy, nasroniy yoki majusiy bo‘ladi.
Alloh taolo bu dunyodagi narsalarni sababiyat qonuni ila bir-biriga bog‘lab qo‘ygan. Och inson taom yemasa, qorni to‘ymaydi. Ota-ona qo‘shilmasa, bola tug‘ilmaydi. Xuddi shuningdek, tarbiya bo‘lmasa, inson tarbiya ko‘rgan bo‘lib voyaga yetmaydi. Shuning uchun ham Islomda bola tarbiyasiga alohida e’tibor beriladi.
Tarbiya haqida Imom G‘azzoliyning «Ihyou ulumud-din» kitobida bunday deyiladi: “Bola ota-ona qo‘lida bir omonatdir. Qalbi turli naqsh va rasmlardan pok, nima naqsh solinsa, qabul qiladi, nimaga moyil qilinsa, moyil bo‘laveradi. Agar yaxshilikka undalsa va o‘rgatilsa, uning ustida o‘saveradi, dunyo va oxiratda saodatli bo‘ladi, ota-onasi hamda odob, ta’lim-tarbiya berganlar barchasi savobiga sherik bo‘lishadi. Agar yomonlikka undalsa va hayvon kabi bo‘sh qo‘yilsa, yomonlikka uchraydi, halok bo‘ladi va unga qarab turgan kishi zimmasiga gunohkorlik tushadi”.
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar: “Avlodlaringizni, birinchidan: “Allohni sevadigan qilib tarbiyalanglar...” Chunki Alloh taolo uni yo‘qdan bor etib, ota-onani uning dunyoga kelishiga sababchi qildi. Va ularning qalblariga farzand mehru muhabbatini soldi. Agar Alloh taolo farzand muhabbatini qalbga solmaganida, uni bag‘riga bosmasdi, rahm-shafqat qilmasdi, ko‘chaga tashlab ketgan bo‘lardi. Shuning uchun farzand Alloh taoloni sevib, unga shukrlar qilishi lozim.
Ikkinchidan: “Allohning Rasulini sevadigan qilib tarbiyalanglar”. Chunki Alloh taolo Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni xalq orasidan tanlab olib, xalqqa Payg‘ambar qilib yuborgan. Qur’oni karimning Anbiyo surasi 107-oyatida ul zotni “Biz sizni (butun) olamlarga rahmat qilib yuborganmiz”, deyilgan. Payg‘ambarimiz insonlarga ota-onasidan ham mehribonroq bo‘lgan, dunyodagi barcha yaxshiliklarni o‘rgatgan zot, butun dunyo ahlining ustozi sanaladi.
Uchinchidan: “Allohning Kitobini sevadigan qilib tarbiyalanglar...”. Chunki bu Kitob insoniyatni hidoyatga chorlaydi.
Bu uchta talab inson farzandiga o‘rgatilishi lozim bo‘lgan qoidalardan sanaladi.
Hazrati Payg‘ambarimiz sollalloxu alayxi vasallam aytdilar: “Ota-ona o‘z bolasiga go‘zal odobdan ko‘ra afzal narsa bera olmaydi”.
Albatta, farzand ilmli va odobli bo‘lsa ota–ona hurmatini va haq-huquqlarini yaxshi ado qiladi. Oilada yaxshi tarbiya topgan farzand yaxshi va yomonni farqlay oladi. Qaysi oilada, qaysi mahallada yoshlar tarbiyasi yaxshi yo‘lga qo‘yilar ekan, o‘sha oila, o‘sha mahalla, o‘sha yurt gullab yashnaydi. Bu esa jamiyatning ravnaq topishiga olib keladi.
Davomi bor...
Muhammad Quddus ABDULMANNON,
Xo‘jaobod tumani “Yetti chinor” jome masjidi imom noibi.