Bugun, 17 iyun kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov hazratlari va Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi Abdug‘ofur Ahmedovning Samarqand viloyatiga tashriflari boshlandi.
Tashrif davomida viloyatda ma’naviy-ma’rifiy, xususan, diniy sohada olib borilayotgan islohot va yangilanishlarni ko‘zdan kechirish, va mavjud muammolarni o‘rganish hamda ularni bartaraf etish choralarini ko‘rish nazarda tutilgan. Shuningdek, tashrifdan ko‘zlangan yana bir maqsad shuki, joriy yilning 8 iyun’ kunidan boshlab faqat «yashil» hududlarda masjidlar o‘z faoliyatini boshlashi munosabati bilan jomelarda olib borilayotgan tayyorgarlik ishlari, sanitar choralar bilan yaqindan tanishishdir.
Mehmonlarning tashrifi, dastlab viloyat bosh imom-xatibi Zayniddin domla Eshonqulov va viloyat hokimi o‘rinbosari D.Mamadkulov hamrohligida Ishtixon tumanida joylashgan “Orlot” jome masjidida bo‘ldilar. Dastlab, Qur’oni karim tilovat qilingach, bu masjidning to qiyomatgacha Alloh taologa ibodat qilinadigan, xatmi Qur’onlar, zikru tasbehlar o‘qiladigan sajdagoh bo‘lishini, moddiy va ma’naviy obod aylashi, mo‘min-musulmonlar ibodat qiladigan baytulloh bo‘lishini tilab, xayrli duolar qilinib, ushbu dargohda qo‘nim topgan barcha o‘tganlarning ruhiga bag‘ishlandi. Shundan so‘ng mehmonlar masjidda amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdi.
Hammalarimizga ma’lumki “Orlot” jome masjidida namozxonlar uchun qulay shart-sharoitlar yaratish maqsadida so‘ngi yillarda qurilish-ta’mirlash ishlari jadal suratlarda amalga oshirilmoqda. Mehmanlar bu borada amalga oshirilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishdi.
Bunday ezgu ishga hissa qo‘shish istagidagi quruvchilar o‘z mahoratlarini ko‘rsatib, bor kuch-g‘ayrat bilan mehnat qilishmoqda. Zero, masjid qurishning savobi ulug‘ ekani Islom manbalarida bayon qilingan. Bu haqda Anas ibn Molik (roziyallohu anhu)dan bunday rivoyat qilingan: “Kim masjidda bitta chiroq yoqsa, o‘sha chiroqning nuri o‘chgunicha farishtalar u kishining haqqiga istig‘for aytib turadilar”. Mana shunday savobli ishlarga muxlis xalqimiz masjid binosi qurilishida faol ishtirok etmoqda.
Alloh taolo ushbu jome masjidni tez kunlarda bunyod etilib, xalqimizga muborak aylashini nasib etsin!
Tashrif davom etmoqda...
Rivoyat qilinishicha, Hasan Basriy rahimahullohning qo‘llarida Abbos degan bir yigit tavba qilgan ekan. U yigit avvallari juda ko‘p gunoh qilgan bo‘lgan, so‘ng tavba qilgan, lekin shu holda yetmish marta tavbasini buzgan. Oxir-oqibat umrining so‘nggi daqiqalari yaqinlashganda, o‘limi ko‘ziga ko‘ringan paytda onasini chaqirib shunday dedi:
— Ona, Hasan Basriy hazratlarini chaqiring, men u zotning huzurlarida tavbamni yangilamoqchiman, shoyadki Alloh taolo tavbamni qabul qilsa.
Onasi shoshilib Hasan Basriyning huzuriga borib, salom berdi va:
— Men Abbosning onasiman, o‘g‘limning o‘lim payti yetdi va u sizni so‘rayapti, tavbasini yangilamoqchi, dedi. Hasan Basriy rahimahulloh bunga javoban:
— Bor, menga tavba qilib, uni qayta-qayta buzadigan odamning keragi yo‘q, dedi.
Ayol yig‘lagan holda uyiga qaytib keldi va o‘g‘liga:
— Ey, o‘g‘lim! Shayx sening yomon qilmishlaring tufayli kelishdan bosh tortdi, dedi.
Shunda Abbos osmonga boqib:
— Yo Robbim, Parvardigorim, shayx mendan yuz o‘girdi, ammo Sen mendan yuz o‘girma, umidimni so‘ndirma, deb duo qildi.
Shundan so‘ng yigit onasiga qarab:
— Ey, onajon! Agar vafot etsam, oyog‘ingizni yuzimga qo‘ying, keyin bo‘ynimga arqan bog‘lab, bozorda sudrab yuring va ovozingiz boricha “Bu — Allohga osiy bo‘lganning jazosidir” deb baqirib yuring. Shoyad, mening holimni ko‘rib, Alloh O‘z fazli va rahmati bilan meni afv etsa, dedi.
Onasi uni o‘zi aytganidek o‘g‘lining yuziga oyog‘ini qo‘ymoqchi edi, hotifdan bir ovoz eshitildi:
— Oyog‘ingni sajda qiladigan joyga qo‘yma. Shuni bilginki, Alloh taolo uni afv etdi va do‘zaxdan ozod qildi.
Shundan so‘ng onasi uni dafn qildi va uyiga qaytdi. Shu kecha Hasan Basriy tushida bir ovozni eshitdi:
— Ey Hasan! Nima uchun bandamni Mening rahmatimdan umidsiz qilib qo‘yding? Axir uni Men yaratganmanku va Mening rahmatim har narsani qamrab oladi. Qasamki, agar yana shunday qilsang, seni solihlar daftaridan o‘chiraman!
Bu qissa Allohning rahmati va fazlining ulkan ekanini, hamda tavba qilishda inson hech qachon umidsiz bo‘lmasligi kerakligini yorqin tarzda bayon qiladi.
Homidjon domla ISHMATBЕKOV