Bugun, 17 iyun kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov hazratlari va Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi Abdug‘ofur Ahmedov Sirdaryo viloyati Sardoba tumanida joylashgan “Alisher Navoiy” va “Yusuf” jome masjidlarini qaytadan qurish ishlarini boshlash marosimida ishtirok etdilar.
Ushbu jome masjidlar suv omborida yuzaga kelgan favqulodda holat natijasida katta zarar ko‘rgan edi. Oradan ko‘p o‘tmasdan hududdagi masjidlarni “Vaqf” xayriya fondi tomonidan qayta qurish va ta’mirlash ishlari boshlab yuborildi.
Tashriflarning avvalida Qur’oni karim tilovat qilingach, ushbu masjidlarning to qiyomatgacha Alloh taologa ibodat qilinadigan, xatmi Qur’onlar, zikru tasbehlar o‘qiladigan sajdagoh bo‘lishini, moddiy va ma’naviy obod aylashi, mo‘min-musulmonlar ibodat qiladigan baytulloh bo‘lishini tilab, xayrli duolar qilindi.
“Alisher Navoiy” masjidini qayta qurish uchun tuman hokimiyati tomonidan yangi yer maydoni ajratildi. Ushbu hudud aholi uchun qulayligi, avtoturargoh uchun alohida joy mavjudligi bilan mahalliy aholini xursand qildi. Shu kuni mutasaddilar Sardoba tumanida joylashgan “Yusuf” masjidida ham bo‘lib, bu yerda olib borilayotgan qurilish ta’mirlash ishlari bilan yaqindan tanishdilar.
Shundan so‘ng muftiy Usmonxon Alimov hazratlari masjidlarning tamal toshini tabarrukona qo‘yib berib, ularning qurilishiga oq fotiha berdilar. Muftiy hazratlari boshchiligidagi bir guruh din peshvolari masjid qurilishiga moddiy va ma’naviy yordam berayotgan barcha-barchasining haqqiga duolar qildilar.
Bunday ezgu ishlarga hissa qo‘shish istagidagi quruvchilar o‘z mahoratlarini ko‘rsatib, bor kuch-g‘ayrat bilan mehnat qilishmoqda. Zero, masjid qurishning savobi ulug‘ ekani Islom manbalarida bayon qilingan. Bu haqda Anas ibn Molik (roziyallohu anhu)dan bunday rivoyat qilingan: “Kim masjidda bitta chiroq yoqsa, o‘sha chiroqning nuri o‘chgunicha farishtalar u kishining haqqiga istig‘for aytib turadilar”. Mana shunday savobli ishlarga muxlis xalqimiz masjidlar binosi qurilishida faol ishtirok etmoqda.
Alloh taolo ushbu jome masjidlarni tez kunlarda bunyod etilib, xalqimizga muborak aylashini nasib etsin!
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Bugun O‘zbekiston musulmonlari idorasi Qur’oni karim va tajvidni o‘rgatish bo‘limi mudiri Shayx Alijon qori Fayzulloh Maxdum o‘g‘li hamda Toshkent viloyati bosh imom-xatibi Jasurbek domla Raupov Bekobod shahridagi Qur’on va tajvid markaziga tashrif buyurdilar.
Markaz ma’muriyati hamda u yerda ta’lim olayotgan tinglovchilar bilan bo‘lib o‘tgan suhbat har jihatdan samarali bo‘ldi. Xususan, uchrashuvda Shayx Alijon qori hafizahulloh Qur’oni karimni yodlash fazilatlari, bu borada yaratilgan shart-sharoitlarning qadriga yetish, shukrona keltirish, vaqtdan unumli foydalanish kabi mavzularda go‘zal mav’iza qilib berdilar.
Haqiqatan, Qur’oni karimni yodlash, oyatlar ma’no-mazmunlarini tafakkur va tadabbur qilish ibodat va chinakam saodatdir.
Usmon ibn Affon roziyallohu anhu rivoyat qilgan hadisda Nabiy sollallohu alayhi vasallam: "Sizlarning yaxshilaringiz Qur’oni karimni o‘rgangan va o‘rgatganlaringizdir", deb marhamat qilganlar (Imom Termiziy rivoyati).
Toshkent viloyati vakilligi
Matbuot xizmati