Indoneziya va Malayziya joriy yilda o‘z fuqarolarini koronovirus pandemiyasi tufayli Haj safariga yubormasligini ma’lum qildi.
Bu haqida Indoneziya Din ishlari bo‘yicha vaziri Faxrul Rozi shunday deydi: “Hukumat Haj-2020 safarini bekor qilish haqida qaror qabul qildi. Bu qarorga kelish oson bo‘lmadi, biroq biz haj davrida ziyoratchilarimiz va ularga xizmat ko‘rsatuvchi xodimlarimiz xavfsizligi uchun ma’sulmiz”.
Shuningdek Faxrul Rozi: “Avvalroq Indoneziya xavfni kamaytirish maqsadida hajga ziyoratchilarning yarmini jo‘natishni rejalashtirgan edik, keyinchalik esa umuman hech kimni Saudiya Arabistoniga yubormaslikka qaror qilindi” deb ta’kidlab o‘tdi.
Ma’lumot uchun, Indoneziya aholi soni bo‘yicha eng katta musulmon davlati bo‘lib, unga beriladigan haj kvotasi
221 ming nafar hojini tashkil qiladi. Ularning 90% uchun mehmonhonalarda joylar band qilingan edi. Bu haqida islam-today.ru internet sayti ma’lumot bergan.
Shuningdek, Malayziya hukumati ham koronavirus infeksiyasi bilan bog‘liq vaziyat Saudiya Arabistoni va butun dunyoda salbiyligicha saqlanib qolayotganini e’tiborga olib, bu yil o‘z fuqarolarini Haj safariga yubormaslik borasida qaror qabul qilgan. Bu haqida Malayziyaning Din ishlari bo‘yicha vaziri Zulkifi Muhammad al-Bakriy xabar bergan.
Muhammad al-Bakriy Kuala Lumpur shahrida bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida shunday degan: “Xabaringiz bor, Haj-2020 mavsumini tashkil etmaslik bo‘yicha Malayziya Sog‘liqni saqlash vazirligining bayonotida ham alohida ta’kidlandi. Chunki, hozirda koronovirus pandemiyasi bilan bog‘liq vaziyat dunyo bo‘ylab murakkabligicha qolmoqda, bunday vaziyatda tavakkal qilish mumkin emas. Haj mavsumini bekor qilish masalasi 9 iyun kuni bo‘lib o‘tgan Islom ishlari bo‘yicha Milliy Kengash majlisida ko‘rib chiqilgan va xulosaviy qaror qabul qilingan”.
Shuningdek, Muhammad al-Bakriy: “Bu qarorni qabul qilish juda qiyin bo‘ldi, chunki musulon inson uchun haj safarini naqadar muhim ekanini hammamiz yaxshi bilamiz, lekin mavjud vaziyat shuni talab qildi”, deydi.
Din ishlari bo‘yicha qo‘mita
Matbuot xizmati
O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari Zayniddin Eshonqulov Toshkent islom instituti talaba- yoshlari bilan muloqot o‘tkazdi. Uchrashuvni institut rektori Uyg‘un G‘afurov ochib, mazkur tadbirning ahamiyati haqida so‘z yuritdi.
Bu kabi muloqotlar barcha diniy ta’lim muassalarida tashkil etilib, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari raisligida o‘tgan Ulamolar Kengashining kengaytirilgan yig‘ilishida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlashga qaratilgani ta’kidlab o‘tildi.
Tadbirda Zayniddin Eshonqulov yoshlarga o‘zining hayotiy, ilmiy va kasbiy tajribalarini so‘zlab berdi. Ma’ruzada Diniy idora tizimidagi tashkilotlar va ta’lim muassasalarida amalga oshirilayotgan islohotlar, faoliyat yo‘nalishlari va kelgusidagi rejalar haqida ma’lumot berdi.
Zayniddin domla diniy-ma’rifiy faoliyatda ilm va ma’rifatning o‘rni, kadrlarning vatanparvarlik va axloqiy tarbiyasi va turli yot g‘oyalardan ma’naviy immunitetning shakllangani haqida o‘z fikr va tavsiyalarini bildirdi.
Notiq o‘z so‘zi davomida talaba-yoshlarni sabr-toqat va qat’iy intizom bilan ilm olishga da’vat etdi. Shuningdek, ixlosli bo‘lish va ustozlarni ehtirom qilish muvaffaqiyat kaliti ekanini ta’kidladi.
Yetuk imom-xatib bo‘lish uchun doimiy ravishda o‘zi ustida ishlash hamda bilim va tajribalarini oshirib borishi lozimligi haqida qimmatli maslahatlar berdi.
Ana shunday tadbirlar yoshlarning ilm olishi va kelgusidagi kasbiy faoliyatini muvaffaqiyatli amalga oshirishiga xizmat qiladi, rahbar xodimlar esa ular uchun hayotiy namuna bo‘ladi, inshoalloh.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati