Yaqinda Londonda kimoshdi savdosiga tilla suvi yugurtirilgan sahifali Qur’on qo‘lyozmasi qo‘yildi.
Aawsat saytiga ko‘ra, Xitoy daraxtlari va tabiat rasmlari bilan aawsat, tilla suvi yugurtirilgan sahifalarga ega bo‘lgan bu nafosatli Qur’on aslida Erondagi Temuriylar saltanati va Xitoyda Ming imperiyasi o‘rtasidagi diplomatik aloqalardan dalolat beradi.
Qur’on Xitoydan import qilingan qog‘ozga yozilgan; chunki Eron va Xitoy amaldorlari o‘rtasida diplomatik tashriflar paytida har ikki mamlakat elchilari o‘z mamlakatlariga ipak, kulolchilik va qog‘oz kabi tovarlar olib kelishgan, nafis Xitoy qog‘ozlari qo‘lyozmalar yoziladigan ashyolardan biri edi.
IQNA bildirishicha, bu qimmatli Qur’on sahifalarining rangi binafsharang, to‘q sariq, ko‘k, qizil va yashil rangdadir, chunki o‘sha davr qo‘lyozmalarida rangli qog‘ozlardan foydalanish Islom olamida keng tarqalgan amaliyot edi.
Qur’onning bu nafosatli nusxasi Qur’on oyatlarining maxsus qog‘ozga yozilganligi bilan ajralib turadi va u ancha jilolanib, ipak sahifalariga tegib ketgandek bo‘ladi. O‘sha paytlarda xitoyliklar katta hajmdagi qo‘lyozmalarni yozish uchun bu turdagi qog‘ozlardan foydalanishgan.
Qur’on nashri 25 iyun kuni Londondagi auksionda 600,000 va 900,000 funt sterling orasida narx bo‘yicha savdoga chiqariladi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati
“Musulmon banda tahorat olganida tana a’zolari poklanishidan tashqari gunohlari ham kechiriladi”, deb eshitganmiz. Bunga dalil bo‘luvchi hadislar bor-mi?
Usmon ibn Affon roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kim tahoratni mukammal ado etsa, gunohlari tanasidan, hatto tirnoqlari ostidan chiqib ketadi”, deganlar (Imom Muslim, Imom Nasoiy, Imom Ahmad, Imom Tabaroniy, Imom Bayhaqiy rivoyati).
Odatda, ochiq a’zolardagi kirlar yopiq turgan yoki tirnoq ostida yig‘ilgan kirlarga nisbatan oson poklanadi. Tirnoq ostidagi kirlarni tozalash uchun alohida e’tibor talab etiladi. Bu yerda banda tirnog‘i ostidagi gunohlar ham kechirilishi aytilmoqda. Bu esa tahorat sababidan Alloh va banda o‘rtasidagi kichik gunohlarning birontasi ham qolmay kechirilishiga dalolat qiladi.
Abu Umoma roziyallohu anhu Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan rivoyat qiladi: “Agar musulmon banda tahorat qilsa, gunohlari qulog‘idan, ko‘zidan, ikki qo‘lidan, ikki oyog‘idan chiqib ketadi. Agar o‘tirsa, gunohlari kechirilgan holda o‘tiradi” (Imom Ahmad, Imom Tabaroniy “Avsat”da va Imom Bayhaqiy rivoyati).
Banda tahoratini risoladagidek bajarsa, qulog‘i, ko‘zi, qo‘li va oyog‘i sodir etgan gunohlari kechiriladi. Agar u tahorat qilib bo‘lsa, bironta ham gunohi qolmaydi.
Abdulloh Sunobihiy roziyallohu anhu Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan rivoyat qiladi: “Agar mo‘min banda tahorat qilib, og‘zini chaysa, og‘zidan gunohlari chiqib ketadi. Agar burniga suv olib qoqsa, burnidan gunohlari chiqib ketadi. Agar yuzini yuvsa, yuzidan, hatto ikki ko‘zining chetidan gunohlari chiqib ketadi. Agar ikki qo‘lini yuvsa, qo‘lidan, hatto qo‘lining tirnoqlari tagidan gunohlari chiqib ketadi. Agar boshiga mas'h tortsa, boshidan, hatto ikki qulog‘idan gunohlari chiqib ketadi. Agar ikki oyog‘ini yuvsa, oyog‘idan, hatto oyog‘ining tirnoqlari ostidan gunohlari chiqib ketadi. So‘ngra masjidga borishi, (o‘qigan) namozi unga qo‘shimcha (savob) bo‘ladi” (Imom Nasoiy, Imom Ibn Moja, Imom Molik, Imom Ahmad, Imom Hokim rivoyati).
Ma’lumki, tahorat bilan namoz banda gunohlariga kafforat bo‘ladi. Agar tahoratni mukammal qilib, xushu bilan namoz o‘qilsa, bu namoz orqali banda ko‘p ajrlarga erishadi.