HIJRIY UCHINCHI YILDAGI MUHIM HODISALAR
Banu Nazir qabilasining yo‘lboshchisi Ka’b ibn Ashraf qirq otliq bilan Makkaga bordi va Quraysh qabilasini Muhammad sollallohu alayhi vasallamga qarshi kurashga ko‘ndirdi.
Farishta Jabroil alayhissalom tezda bu xabarni Muhammad sollallohu alayhi vasallamga yetkazdi. Buning ustiga, Ka’b ibn Ashraf Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamni qattiq hajv qildi. Shunda (hijriy 3 yil rabi’ul avval oyining 14-kechasi) Muhammad ibn Maslama roziyallohu anhu u zotning iznlari bilan Ka’bni o‘ldirib keldilar. Sha’bon oyida Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Umar ibn Xattob roziyallohu anhuning qizlari Hafsa onamizga uylandilar.
UHUD G‘AZOTI VA UNING SABABLARI
7 shavvol, shanba kuni Uhud g‘azoti bo‘lib o‘tdi.
Quraysh boshiga tushgan musibatlar, mag‘lubiyatlar va o‘ldirilgan odamlari uchun o‘ch olishga intildi. Abu Sufyon uch ming sonli lashkar bilan urushga chiqdi va Uhud tog‘i yaqiniga kelib, lashkargoh qurdi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam sahobalarga maslahat soldilar. Ularning ko‘plari urushga chiqishga ishora qilib gapirdilar. U zot sollallohu alayhi vasallam ming nafar jangchi bilan yo‘lga chiqdilar. Yo‘l yurish davomida munofiqlar xiyonat qilishdi. Abdulloh ibn Ubay ibn Salul Rasululloh sollallohu alayhi vasallam uning «Urushga chiqmaylik» degan gapiga ko‘nmaganlarini bahona qilib, lashkarning uchdan birini o‘zi bilan olib qaytib ketdi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam qolgan askarlari bilan birga Madinai munavvaraning shimol tarafidagi Uhud tog‘ining oldiga kelib, tog‘ lashkarning ortida qoladigan bo‘lib tushdilar. O‘sha toqqa Abdulloh ibn Jubayr roziyallohu anhu boshchiligida ellik kamonchini joylashtirib, ularga nima bo‘lsa ham shu tog‘dan tushmasdan, qo‘riqchi bo‘lib turishlarini tayinladilar. So‘ng askarlarni tartibga soldilar. Bayroqni Mus’ab ibn Umayr roziyallohu anhuga berdilar. Rasululloh sollallohu alayhi iasallamning sahobalari shijoat bilan urush qildilar. Abu Dujona roziyallohu anhuga Rasululloh sollallohu alayhi vasallam o‘z qilichlarini bergan edilar. Shuningdek, Talha, Hamza, Aliy va boshqalar juda katta jasorat ko‘rsatib jang qildilar.
Kunning birinchi yarmida musulmonlar nusrat qozondilar. Ular misli ko‘rilmagan qahramonlik ko‘rsatdilar. Dushmanlar yengilishdi. O‘shanda kamonchilarning ko‘plari Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning amrlariga xilof qilib, o‘lja yig‘ish uchun o‘zlari qo‘riqlab turgan tepalikni tashlab pastga tushdilar. Shunda Xolid ibn Valid tog‘ni aylanib o‘tib, otliqlar bilan ularning orqasidan bostirib keldi. Bu kutilmagan fojia bo‘ldi. Musulmonlarning iztirobga tushib, qo‘rqinch bosganidan foydalangan kofirlar ularga qaqshatqich zarba berishdi. Musulmonlardan yetmishdan ortiq kishi shahid bo‘ldi va ba’zilari qocha boshladi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga jarohat yetdi, tishlari sindi. Musulmonlarning bayrog‘ini ko‘targan Mus’ab ibn Umayr roziyallohu anhu ushbu jangda shahid bo‘ldilar. Shuningdek, Vahshiy ismli qora tanli qul Hamza roziyallohu anhuni nayza bilan o‘ldirdi. Hanzala ibn Abu Omir junub holida shahid bo‘ldilar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam uni maloikalar g‘usl qildirgani haqida xabar berdilar.
Musulmonlar Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning farmonlariga binoan tog‘ tomon chiqib ketdilar. Mushriklar ularni tamoman yengishdan ojiz qolishdi. Shunda Abu Sufyon: «Biz sizlarni kelasi yili Badrda urushga chaqiramiz!» dedi. Musulmonlar Rasululloh sollallohu alay-xi vasallamning amrlari bilan unga qarshi «Bo‘ldi, o‘sha joy sen bilan bizning uchrashuv joyimiz!» deyishdi. Uhud jangi juda og‘ir sinov kuni bo‘ldi. Alloh subhanahu va taolo mo‘minlarni pokladi, munofiqlarni sharmanda qildi. O‘zi istagan bandalarini shahidlik bilan siyladi. Ushbu jangni tasvirlab, Oli Imron surasida oyatlar nozil bo‘ldi.
«Bo‘shashmanglar! Mahzun bo‘lmanglar! Agar mo‘min bo‘lsalaringiz, sizlar ustunsizlar. Agar sizga jarohat yetgan bo‘lsa, u qavmga ham shunga o‘xshash jarohat yetgan. Bu kunlarni odamlar orasida aylantirib turamiz, toki Alloh iymon keltirganlarni bilishi uchun va sizlardan shahidlarni saralab olishi uchun — Alloh zolimlarni suymas — hamda Alloh iymon keltirganlarni yaxshilab poklashi va kofirlarni nobud qilishi uchun. Yoki Alloh sizlardan jihod qilganlarni bilmasdan va sabrlilarni bilmasdan turib, «Jannatga kiramiz», deb o‘yladingizmi?! Darhaqiqat, yo‘liqmasingizdan oldin o‘limni orzu qilgan edingiz. Endi uni o‘zingiz nazar solgan holda ko‘rib turibsiz. Muhammad ham bir rasul, xolos. Undan oldin ham rasullar o‘tgan. Agar u o‘lsa yoki qatl qilinsa, orqangizga qaytasiz-mi?! Kimki orqasiga qaytsa, Allohga hech qanday zarar keltira olmas. Alloh shukr qiluvchilarni albatta mukofotlar» (139-144-oyatlar).
UHUD G‘AZOTI HAQIDA MULOHAZALAR
Ushbu jangda musulmonlarning yengilishlari ulardagi eng oliy sifatlarning ro‘yobga chiqishiga sabab bo‘ldi. Ulardan sobit turganlari, o‘zlarini qurbon qilganlari kuchli azmu qaror, iymonda sobitqadamlik va qahramonlik namunalarini ko‘rsatishdi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam o‘sha urushda mutlaqo hayiqmasdan, ulug‘vor tog‘dek sobit turdilar. Yomonlik kuchlari jamlanib, u zotga qarshi shiddat bilan harakat qilayotganlarida ansoriylardan yetti kishi Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni himoya qilib turishdi. Ular juda qattiq kurash olib bordilar va yettovlari ham shahid bo‘ldilar. Shu tariqa buyuk qahramonlik namunalari ro‘yobga chiqdi.
Musulmonlar bu urushda yengildilar. Lekin bu yengili sharaf bilan yengilish, dushman kuchlarini titib yuborad gan mag‘lubiyat edi, chunki dushmanlar musulmonlarga qarsh hujum qilish uchun o‘zlarida azmu qaror topa olishmadi.
HAMROUL ASAD G‘AZOTI
Ertasiga Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Uhud jangida ishtirok etgan sahobalar bilan birga Hamroul asad degan joyga bordilar. U Madinai munavvaradan o‘n besh kilometr uzoqlikdagi joydir. Bu bilan yahudiylarga va sahroyi arablarga «Biz hali yengilganimiz yo‘q, bizni ruhimiz hali tetik» demoqchi bo‘ldilar. Qurayshliklar bundan qo‘rqib, Makkaga qaytib ketishdi. Aslida esa ular Madinaga qaytib borib, urushni davom ettirmoqchi bo‘lib turishgan edi.
Shu yili xamr — mast qiluvchi ichimliklarni iste’mo qilish butunlay harom qilindi.
HIJRIY TO‘RTINCHI YILDAGI MUHIM HODISALAR
HUZAYL QABILASINING ADABINI BЕRISH
Xolid ibn Sufyon Huzaliy ismli odam Madinaga bostirib borish niyatida lashkar to‘pladi. Huzayl qabilas Makkaga yaqin joyda edi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Xolid Huzaliyni o‘ldirish uchun Abdulloh ibn Unays roziyallohu anhuni yubordilar. Xolid o‘ldirildi jamlagan odamlari esa tarqalib ketishdi.
ABU SALAMA SARIYYASI
Muharram oyida mushriklarning Banu Asad qabilasi Tulayha ibn Xuvaylid rahbarligida Madinaga bostirib borishni rejalashtirib turgan bir paytda Nabiy sollallohu alayhi vasallam ularning yurtiga Abu Salama roziyallohu anhu boshchiligida sariyya yubordilar. Dushman qochib ketdi va musulmonlar o‘ljalarni qo‘lga kiritdilar.
RAJIY’ FOJIASI
Safar oyida Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga Banu Hun ibn Xuzayma qabilasining Azal va Qora urug‘laridan ba’zi kishilar kelib: «Ey Allohning Rasuli, bizning ichimizga sahobalaringizdan yuboring, bizga dinni o‘rgatishsin», deyishdi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam, Ibn Is'hoq rivoyatiga ko‘ra, ularga sahobalaridan olti kishini qo‘shib jo‘natdilar.
Makka bilan Usfon o‘rtasida joylashgan Rajiy’ degan joyga yetganlarida Azal va Qora urug‘larining xiyonatkor ekani oydinlashdi. Bir qancha qurolli kishilar musulmonlarni o‘rab olishdi. Musulmonlar qurollarini qo‘lga olib, o‘zlarini himoya qilishga shaylandilar. Shunda mushriklar: «Biz sizlarga ahdu paymon berganmiz, sizlarni o‘ldirmaymiz», deyishdi.
Musulmonlar ikkiga bo‘lindilar. Marsad ibn Abu Marsad, Osim ibn Sobit va Xolid ibn Bukayr roziyallohu anhum: «Biz hech qachon mushriklardan ahd ham, paymon ham qabul qilmaymiz», dedilar va jang qilib halok bo‘ldilar.
Ushbu uch shahidning biri — Osim ibn Sobit roziyallohu anhu Uhud urushida qurayshlik bir ayolning ikki o‘g‘lini o‘ldirgan edilar. O‘sha ayol agar imkonini topsa, Osim ibn Sobitning bosh chanog‘ida xamr ichishni nazr qilgan edi. Osim roziyallohu anhu o‘ldirilganida, o‘sha ayol uning boshini berishlarini so‘rab keldi. Odamlar Abu Sufyonga: «O‘z amakivachchangning boshini bunday qilishlariga yo‘l qo‘yma», deya iltimos qilishdi. Ammo Abu Sufyon Osimning boshini kesib, haligi xotinga berishga amr qildi. Alloh taolo esa Osim roziyallohu anhuning boshlarini O‘zi himoya qildi. Boshni kesib olmoqchi bo‘lganlarida bir to‘da arilar uchib kelib, bu ishni qilishga yo‘l qo‘ymadi.
Mushriklar qolgan uch kishi — Abdulloh ibn Toriq, Xubayb ibn Adiy va Zayd ibn Dasinnalarni asir qilib olishdi va ularni sotish uchun Makka sari olib ketishdi.
Makka yaqinidagi Zahron degan joyga yetganlarida Abdulloh ibn Toriq roziyallohu anhu qo‘lini bo‘shatib, qilichini olishga muvaffaq bo‘ldi. Ammo mushriklar bilib qolib, u kishini o‘ldirishdi.
Xubayb ibn Adiyni Horis ibn Ammor ibn Navfalning o‘g‘illari otalarining o‘chini olish uchun sotib olishdi. Xubayb ularning otasini Badr urushida o‘ldirgan edi. Ular Xubayb roziyallohu anhuni turli azoblarga giriftor qilishdi. U kishi esa hamma azob-uqubatlarni sabr bilan qarshi oldilar. Ko‘ngillarini to‘q qilib, sabr-bardosh namunalarini ko‘rsatdilar. Oxiri u kishini osib o‘ldirishga tayyorgarlik ko‘ra boshlashdi. Shunda Xubayb roziyallohu anhu ularga: «Agar ma’qul ko‘rsangiz, menga ikki rak’at namoz o‘qib olishga ijozat beringlar», dedilar. Ular: «Mayli, o‘qib ol», deyishdi.
U kishi yaxshilab ikki rak’at namoz o‘qidilar va jallodlarga qarab kulimsirab: «Allohga qasamki, agar «O‘limdan qo‘rqyapti» deyishlaringni o‘ylamasam, ko‘proq namoz o‘qigan bo‘lar edim», dedilar.
Mushriklar Xubayb roziyallohu anhuni osish uchun bo‘yinlaridan bog‘lashdi. Shunda u kishi: «Allohim, biz rasulingning risolatini yetkazdik, bugun bizni nima qili shayotganini u zotga Sen O‘zing yetkazgin. Allohim, ularning adadini sanab qo‘ygin. Hammasini parchalab, halok qilgin. Ulardan bittasini ham qo‘ymagin», dedilar va qu-yidagi baytni aytdilar:
«O‘ldirilsam muslimona, chiqsa jon Alloh uchun,
Qilmagum parvo, bu jonsiz jism qay yon-la qular!
Bu-ki bo‘ldi haq Iloh yo‘lida, bas, U xohlasa,
Parcha-parcha go‘sht bo‘g‘imlarga muboraklik berar!»
Xuddi o‘sha kuni Xubayb roziyallohu anhuning sheriklari Zayd ibn Dasinna roziyallohu anhuni ham Umayya ibn Xalafning o‘chini olish uchun boshqa bir mushriklar guruhi osib o‘ldirishdi. Mushriklardan bir qancha odam tomosha uchun dor tagiga to‘plangan edi. Zayd roziyallohu anhu sabr bilan, xotirjam va xushvaqt turar edilar. Mushriklarning boshlig‘i Abu Sufyon u kishiga qarab: «Ey Zayd, Xudo haqqi, rostini ayt! Hozir Muhammad bizning qo‘limizda bo‘lib, sen o‘z ahling bilan bo‘lishni xohlarmiding?» dedi.
Zayd roziyallohu anhu bunga javoban: «Allohga qasamki, Muhammad sollallohu alayhi vasallamga hozirgi joylarida tikan kirishini ham o‘zimning ahlim ichida o‘tirishimga almashtirmayman», dedilar.
Shunda Abu Sufyon: «Men birovni uning as'hoblari Muhammadning as'hoblari Muhammadni sevganlarichalik sevganini ko‘rmaganman», dedi.
BI’RU MA’UNA HODISASI
Safar oyining o‘zida mushriklar tomonidan musulmonlarga qarshi yana bir xiyonat uyushtirildi. Hodisaning tafsiloti quyidagicha:
Madinaga Najdning Banu Omir qabilasi kattalaridan Omir ibn Molik ismli kishi keldi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam unga Islomni taklif qildilar. U Islomni qabul ham qilmadi, rad ham. Balki Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga: «Agar sahobalaringizdan ba’zilarini Najdga yuborib, ularni o‘z ishingizga da’vat qilsangiz, qabul qilisharmikan, deb umid qilaman», dedi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Men ularga Najd ahli zarar yetkazishidan xavfsirayman», dedilar.
«Ularni men o‘z himoyamga olaman. Siz ularni o‘z ishingizga da’vat qilish uchun yuboravering», dedi Omir ibn Molik.
Shunda Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam uning gapiga ishonib, Buxoriy rivoyatiga ko‘ra, sahobalarining eng saralaridan yetmish kishini Munzir ibn Amr roziyallohu anhu boshchiliklarida yubordilar.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam mazkur yetmish kishilik sahobalar guruhi boshlig‘i Munzir ibn Amr roziyallohu anhuga Banu Omir qabilasining boshlig‘i Omir ibn Tufayl uchun maktub ham yozdirib berdilar. Maktubda mazkur guruh urush uchun emas, da’vat va ta’lim uchun yuborilgani bayon qilingan edi.
Qabila boshlig‘i Omir ibn Tufayl Banu Sulaym qabilasining Usayya, Ri’l va Zakvon urug‘larini mazkur sahobalar guruhini qirib tashlashga chaqirdi. Qabilalarning ba’zilari haligi Omir ibn Molikning musulmonlarni o‘z himoyasiga olganini e’tiborga olib, ularga qarshi xiyonatda ishtirok etishga ko‘nishmadi.
Qabila boshlig‘i Omir ibn Tufayl esa boshqa ba’zi xiyonatkor qabilalar yordamida sahobalar guruhini «Bi’ru Ma’una» qudug‘i yonida o‘rab olib, hammalarini shahid etdi. Sahobalardan faqat bir kishi o‘lmay qoldi. U kishi chalajon bo‘lib yotganida mushriklar uchun o‘lik deb o‘ylab, qoldirib ketishgan Ka’b ibn Zayd roziyallohu anhu edilar.
BANU NAZIR G‘AZOTI
Islom dini joriy etila boshlagan dastlabki paytda yahudiylar Yasrib (Madina) shahrida, shuningdek, Xaybar, Fadak va boshqa shaharlarda istiqomat qilishar edi.
Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam Makkadan Yasribga hijrat qilib kelganlaridan so‘ng ular bilan qo‘shni bo‘lib yashay boshladilar.
O‘sha paytda Madina yahudiylari uchta qabila edilar: Banu Qaynuqo’, Banu Nazir va Banu Qurayza.
Banu Nazir qabilasi Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bilan urushmaslik, bir-biriga ozor yetkazmaslik va Payg‘ambarimizning dushmanlariga yordam bermaslikka kelishib, u zot bilan ittifoqchilik shartnomasi tuzdi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Badr urushida g‘olib kelgach, ular: «Tavrotda sifati kelgan payg‘ambar shu bo‘lsa kerak, uning bayrog‘i hech qachon past bo‘lmaydi», deb yurishdi. Biroq Uhud urushida musulmonlar mag‘lub bo‘lganlaridan so‘ng Banu Nazir qabilasi Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bilan qilingan shartnomani buzib, u zot alayhissalomga ochiq-oydin xiyonat qilish yo‘liga o‘tib olishdi.
Voqea quyidagicha sodir bo‘lgan:
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning sahobalaridan birlari — Amr ibn Umayya Zomriy roziyallohu anhu «Bi’ru Ma’una» fojiasi haqida u zotga xabar berish uchun Madinaga kelayotganlarida yo‘lda yanglishib, Banu Kilob qabilasidan ikki kishini o‘ldirib qo‘ydilar. Rabi’ul avval oyida Rasululloh sollallohu alayhi vasallam kelishilgan ahdnomaga binoan, o‘ldirilgan kishilarning xunini to‘lash uchun Banu Nazir qabilasining chekiga tushadigan hissani olishga bordilar va ular yashaydigan uylardan birining devori tagida o‘tirdilar.
Yahudiylar tomdan kelib, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning ustlariga katta bir xarsangtoshni tashlab o‘ldirmoqchi bo‘lishdi. Shunda Jabroil alayhissalom Rasulullohga bu fitnaning xabarini yetkazdi va u zot birdan o‘rinlaridan turib, Madinaga qarab jo‘nadilar. Sahobalar ham u zot bilan birga qaytishdi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam yahudiylarning jinoyatkorona bu harakatidan so‘ng ularga qarshi urush ochishga qaror qildilar. Sahobalarini urushga tayyorgarlik ko‘rishga buyurdilar.
Musulmonlar yetib kelishganda Banu Nazir o‘z qo‘rg‘onlari ichiga berkinib olgan edi. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam ulardan qo‘rg‘onlarini tashlab, o‘n kun muddat ichida Yasribdan chiqib ketishlarini talab qildilar. Yahudiylar o‘zlarining kuchsiz ekanlarini sezib, Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning hukmlariga bo‘ysunishdan o‘zga chora topa olishmadi.
Lekin Banu Avf qabilasiga mansub bir guruh munofiqlar Ibn Salul boshchiligida ularga: «Sobit turinglar, biz sizni yolg‘izlatib qo‘ymaymiz. Agar sizga qarshi urush bo‘ladigan bo‘lsa, biz sizlar bilan birgamiz. Agar sizlar Yasribdan quvib chiqariladigan bo‘lsangiz, birga chiqamiz», deb xabar yuborishdi.
Banu Nazir qabilasi joylashgan qo‘rg‘onlar juda ham mustahkam bo‘lib, uni qisqa muddatda ishg‘ol qilish amrimahol edi. Shuning uchun ham Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam ularning xurmolarini kesib, qo‘rg‘on atrofiga yig‘ishga va o‘t qo‘yishga buyurdilar. Yahudiylar olov o‘rtasida qolishdi. Endi ular uchun faqat ikki yo‘l qolgan edi: yo Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning talablariga ko‘nish yoki qo‘rg‘ondan chiqib, urishish.
Ular birinchi yo‘lni tanlashdi. Olti yoki o‘n besh kunlik qamaldan so‘ng Banu nazirliklar Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamdan gunohlarini kechishni va ko‘chib ketishga izn berishni so‘rashdi. Har bir kishi qurol-yarog‘dan tashqari, mol-mulkidan bir tuyadan yuk oladigan bo‘ldi. So‘ng Yasribni tark etib, Xaybar shahriga, ba’zilari Shom o‘lkasiga jo‘nab ketishdi.
Alloh taolo Hashr surasida Banu Nazir qabilasining xiyonatini bayon etgan. Shuning uchun Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhumo bu surani «Banu Nazir surasi» deb ham ataganlar.
VA’DALASHILGAN BADR G‘AZOTI
Uhud jangining so‘ngida Abu Sufyon musulmonlarga qarata: «Biz sizlarni kelasi yili Badrda urushga chaqiramiz!» degan, musulmonlar ham Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning amrlari bilan: «Bo‘ldi, o‘sha joy sen bilan bizning uchrashuv joyimiz!» deya va’dalashgan edilar. Sha’bon oyida Abu Sufyon kelishilgan va’daga muvofiq ikki ming jangchi bilan yo‘lga chiqdi. Yo‘lda urush qilish niyatidan qaytdi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ham bir ming besh yuz kishi bilan yo‘lga chiqtsilar. Quraysh mushriklari qo‘rqib, orqalariga qaytib ketishdi. Bu Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning kuchli matonatlarini ko‘rsatdi.
Shavvol oyining oxirlarida Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Ummu Salama onamizga uylandilar.
KЕYINGI MAVZULAR:
HIJRIY BЕSHINCHI YILDAGI MUHIM HODISALAR:
Davmatul Jandal g‘azoti;
Xandaq (Ahzob) g‘azoti;
Banu Qurayza g‘azoti.
HIJRIY OLTINCHI YILDAGI MUHIM HODISALAR:
Sahro arablarining ta’zirini berish;
Banu Mustaliq g‘azoti;
Ifk hodisasi;
Hudaybiya sulhi va Rizvon bay’ati;
Hudaybiya sulhi haqida;
HIJRIY YETTINCHI YILDAGI MUHIM HODISALAR;
Podshoh va hokimlarni Islomga da’vat qilish;
Arab amirlariga yo‘llangan maktublar;
O‘zbekiston musulmonlari idorasi rahbariyatining aholi bilan samimiy muloqoti ko‘plab muammolarni hal etishda muhim omil bo‘lmoqda. Ayniqsa, fuqarolar qabuli davomida har bir murojaat e’tiborga olinib, o‘z yechimini topayotgani quvonarli hol.
Bugun, 8 yanvar kuni Diniy idora raisi o‘rinbosari Zayniddin domla Eshonqulov fuqarolarni qabul qilib, murojaat, arz va takliflarini eshitdi. Qabul chog‘ida ular tomonidan ko‘tarilgan masjidlar holati, imom-xatiblar faoliyati, haj-umra, oilaviy masalalar va moddiy yordam olish singari masalalar ko‘rib chiqildi.
Jumladan, shar’iy masalalar yechimi yuzasidan tavsiyalar va moddiy yordam so‘raganlarga belgilangan tartibda ko‘mak berildi. Masjid va imomlar faoliyatiga oid murojaatlarni ko‘rib chiqish uchun Idora bo‘limlariga tegishli vazifalar yuklandi.
Mana shunday samimiy qabul va g‘amxo‘rlikdan mamnun bo‘lgan fuqarolar ko‘rsatilgan e’tibordan ko‘ngillari shod bo‘lishib, xayrli duolar qilishdi.
Bu kabi qabul jarayonlari O‘zbekiston musulmonlari idorasining hududlardagi vakilliklari va barcha jome masjidlarida ham haftaning har chorshanba kuni imom-domlalar tomonidan amalga oshirilmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati