Sayt test holatida ishlamoqda!
09 May, 2025   |   11 Zulqa`da, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:38
Quyosh
05:11
Peshin
12:24
Asr
17:21
Shom
19:32
Xufton
20:58
Bismillah
09 May, 2025, 11 Zulqa`da, 1446

Jaholatga qarshi ma’rifat bilan kurashmoq zamon talabi

15.06.2020   4274   5 min.
Jaholatga qarshi ma’rifat bilan kurashmoq zamon talabi

Ma’lumki, yigirma birinchi asr axborot asri bo‘lib, hozirgi davr avlodi globallashuv jarayoni shiddatli tus olgan zamonda yashamoqda. Aynan yosh avlod turli ko‘rinishdagi g‘oyaviy xurujlar nishoniga aylangani ham hech kimga sir emas. Bir tomondan ekstremistik ruhdagi oqimlar faoliyati, boshqa tomondan missionerlar harakati, uchinchi tomondan esa “ommaviy madaniyat” targ‘ibotchilari yosh avlod ongiga sof Islom dini ta’limotiga zid aqidalarni singdirish, muqaddas e’tiqodimizdan ayirish va o‘zbekona milliy va diniy qadriyatlarimizdan voz kechishga targ‘ib etish bilan o‘z faoliyatlarini muttasil olib bormoqdalar. Natijada, sof Islom ta’limotidan yetarli darajada ilmga ega bo‘lmagan ba’zi yoshlar ekstremistik g‘oyalarga chalg‘ib turli xil jinoyalarga qo‘l urmoqdalar, ba’zilari ana shunday jinoyatlarning qurboniga aylanmoqdalar. Yana ba’zilari Islom dinidek ma’rifatparvar, tinchlikparvar, butun insoniyatga faqat yaxshilikni ta’lim berguvchi dinni qandaydir arzimagan dunyo matohiga almashib o‘zga dinni din deb qabul qilmoqda. Boshqalari esa, g‘arb davlatlarining moddiy taraqqiyoti go‘yoki ularning madaniyatiga asoslangandek hayol qilib, kiyinishda, o‘zini tutishda, hatto fikrlashda milliylik va diniylikka yot usullarni o‘ziga ma’qul ko‘rmoqda. Bularning barchasi oxir oqibat porloq kelajagimizga turli-tuman ofat va balolarning rahna solishiga sabab bo‘ladi.
Islom dinimiz ta’limotida musulmon kishi uning e’tiqodiga, hur va ozod yashashiga, bir so‘z bilan aytganda sokin hayot kechirishiga rahna soluvchi har qanday kuchga qarshi kurashishi lozim ekanligi ta’kidlanadi. Qur’oni karimning “Anfol” surasi 60-oyatida shunday deyilgan: “Ular uchun imkoningiz boricha kuch va otliq bo‘linmalarni tayyorlab qo‘yingiz! Bu bilan Allohning va o‘zingizning dushmaningizni va ulardan o‘zga siz bilmaydigan, lekin Alloh biladigan (dushman)larni ham qo‘rquvga solgan bo‘lursiz. Allohning yo‘lida nimani sarf qilsangiz, sizlarga (uning savobi) zulm qilinmagan holingizda to‘la to‘kis berilur”.
Ushbu oyati karima nozil bo‘lgan davrda uning ma’nosini Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam o‘z davrining sharoitidan kelib chiqib bayon qilib berganlar. Masalan, “kuch” degan so‘zni “kamon otish” deb tafsir qilganliklari haqidagi rivoyatni Imom Muslim o‘z “Sahih”larida zikr qilib o‘tganlar.
Darhaqiqat, Alloh taoloning kalomiga har bir davrning shart-sharoitidan kelib chiqib yondoshilganda, uning naqadar zamon bilan hamnafas, har bir davrga mos tarzda javob bera olishligiga yana bir karra amin bo‘lamiz.
Mazkur oyatning mazmuniga bugunning ko‘zi bilan qaraydigan bo‘lsak, bizning tinchligimiz, xalqimizning birdamligi, kelajagimiz umidlari bo‘lmish yoshlarimizning kamolotiga rahna solib turgan g‘oyaviy tahdidlarning oldini olishimiz Alloh taolo bizlarni yuqorida zikr etib o‘tgan yigirma birinchi asr g‘oyaviy kurashlariga qarshi, uning boshida turgan millatimiz va dinimiz dushmanlariga qarshi zamonaviy “kuch”ni tayyorlab qo‘yishga buyurmoqda. Demak, yosh avlodning ongida hozirgi zamon mafkuraviy xurujlariga qarshi g‘oyaviy kuchni, ma’naviy immunitetni hozirlamoqlik zamon talabidir.

Ma’naviyati yuksak, har qanday yot g‘oyalarga chap bera oladigan, o‘zining mustahkam e’tiqodi va milliy qadriyatlarini mahkam tutib, undan og‘ishmay yashaydigan xalqni hech qanday kuch yenga olmaydi. Balki, uning metin irodasi oldida g‘animlar bosh egib ta’zim qiladi. Ta’rixdan bunga ko‘plab misollarni keltirish mumkin. Masalan, Abdulvahhob As-Subkiyning “Tabaqotush shofiiyatul kubro” asarida shunday voqea zikr qilingan: Bog‘dodda amirul mo‘miniyn Mutiullohning huzuriga Rum qiroli Taqfurning nomidan maktub keladi. Nomada butun musulmon ahliga tahdid, do‘q-po‘pisa hamda turli xil bo‘htonu tahqirli mazmundagi qasida bitilgan bo‘ladi. O‘sha vaqtda ilm o‘chog‘iga aylanib ulgurgan Bog‘dodda ko‘plab adiblar, shoirlar-u fusaholar jamlangan bo‘lishiga qaramay, hech birlari g‘animning bu maktubiga yarasha raddiya yozishga qurbilari yetmadi. Faqatgina, tasodif tufayli Bog‘dodda musofir bo‘lib turgan buyuk vatandoshimiz Imom Abu Bakr Qaffol Shoshiy hazratlarigina Taqfurning surbetlarcha yozgan qasidasiga munosib javob nomani yoza oldi. Javob xati Taqfurning qo‘liga yetib borganda uni o‘qib, qo‘rquvdan dag‘-dag‘ titrab peshob tutilish dardiga chalinib qoladi va musulmonlarning ma’naviy quvvatiga tan beradi. Buyuk bobomizning ma’naviy jasoratlari tillarda doston bo‘lgani bois xaligacha xalqimiz u zotni “poshshomot ota” deb, yod etadi.
Bugungi kunda ham turli ko‘rinishdagi g‘oyaviy xurujlar davom etayotgan bir davrda, ayniqsa internet ushbu xurujlarning vositasiga aylanib ulgurgan bir sharoitda yoshlarimizni internetdan foydalanish madaniyatiga jiddiy e’tibor qaratish bilan, internet orqali tarqatilayotgan yot g‘oyalarni farqlay oladigan, unga qarshi tura oladigan ma’naviy saviyani ham tarbiyalashni izchil amalga oshirish lozim bo‘ladi.

Homidjon ISHMATBЕKOV
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
raisining birinchi o‘rinbosari

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

G‘olib o‘qituvchi haj yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi

07.05.2025   4210   1 min.
G‘olib o‘qituvchi haj yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi

Kecha, 6 may kuni Buxoro shahridagi Mir Arab oliy madrasasida “Yilning eng yaxshi islom tarixi o‘qituvchisi” musobaqasi bo‘lib o‘tdi.  Unda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari Muhammadolim domla Muhammadsiddiqov, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisining birinchi o‘rinbosari Davronbek Maxsudov, viloyat bosh imom-xatibi, Mir Arab oliy madrasasi rektori Jobir domla Elov, hay’at a’zolari, ta’lim muassasalari rahbarlari, pedagog-o‘qituvchilar ishtirok etdi. 

Musobaqa davomida ishtirokchilar 4 ta shart bo‘yicha bahs olib bordi. Ularning chiqishini malakali hakamlar hay’ati baholab bordi. 

Yakuniy natijalarga ko‘ra quyidagilar g‘olib deb topildi: 

1-o‘rin: “Sayyid Muhyiddin maxdum” o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi o‘qituvchisi Muhammadyahyoxon Mahmudov 1-darajali diplom, “Haj” safari yo‘llanmasi va smart televizor bilan mukofotlandi.

2-o‘rin: Toshkent islom instituti o‘qituvchisi Xalilulloh Yusupov, 2-darajali diplom, “Umra” safari yo‘llanmasi va smart televizor bilan taqdirlandi.

3-o‘rin: Hadis ilmi maktabi o‘qituvchisi Sanjar Berdiyevga 3-darajali diplom va zamonaviy muzlatgich taqdim etildi. 

Tanlovning qolgan 10 nafar ishtirokchisiga faxriy yorliq va qimmatbaho sovg‘alar topshirildi.

Aytish joizki, ushbu tanlov O‘zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi oliy va o‘rta maxsus diniy ta’lim muassasalari pedagog-o‘qituvchilari o‘rtasida har yili o‘tkazib kelinmoqda.  

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

G‘olib o‘qituvchi haj yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi G‘olib o‘qituvchi haj yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi G‘olib o‘qituvchi haj yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi G‘olib o‘qituvchi haj yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi G‘olib o‘qituvchi haj yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi G‘olib o‘qituvchi haj yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi G‘olib o‘qituvchi haj yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi G‘olib o‘qituvchi haj yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi G‘olib o‘qituvchi haj yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi
O'zbekiston yangiliklari