Ma’lumki, yigirma birinchi asr axborot asri bo‘lib, hozirgi davr avlodi globallashuv jarayoni shiddatli tus olgan zamonda yashamoqda. Aynan yosh avlod turli ko‘rinishdagi g‘oyaviy xurujlar nishoniga aylangani ham hech kimga sir emas. Bir tomondan ekstremistik ruhdagi oqimlar faoliyati, boshqa tomondan missionerlar harakati, uchinchi tomondan esa “ommaviy madaniyat” targ‘ibotchilari yosh avlod ongiga sof Islom dini ta’limotiga zid aqidalarni singdirish, muqaddas e’tiqodimizdan ayirish va o‘zbekona milliy va diniy qadriyatlarimizdan voz kechishga targ‘ib etish bilan o‘z faoliyatlarini muttasil olib bormoqdalar. Natijada, sof Islom ta’limotidan yetarli darajada ilmga ega bo‘lmagan ba’zi yoshlar ekstremistik g‘oyalarga chalg‘ib turli xil jinoyalarga qo‘l urmoqdalar, ba’zilari ana shunday jinoyatlarning qurboniga aylanmoqdalar. Yana ba’zilari Islom dinidek ma’rifatparvar, tinchlikparvar, butun insoniyatga faqat yaxshilikni ta’lim berguvchi dinni qandaydir arzimagan dunyo matohiga almashib o‘zga dinni din deb qabul qilmoqda. Boshqalari esa, g‘arb davlatlarining moddiy taraqqiyoti go‘yoki ularning madaniyatiga asoslangandek hayol qilib, kiyinishda, o‘zini tutishda, hatto fikrlashda milliylik va diniylikka yot usullarni o‘ziga ma’qul ko‘rmoqda. Bularning barchasi oxir oqibat porloq kelajagimizga turli-tuman ofat va balolarning rahna solishiga sabab bo‘ladi.
Islom dinimiz ta’limotida musulmon kishi uning e’tiqodiga, hur va ozod yashashiga, bir so‘z bilan aytganda sokin hayot kechirishiga rahna soluvchi har qanday kuchga qarshi kurashishi lozim ekanligi ta’kidlanadi. Qur’oni karimning “Anfol” surasi 60-oyatida shunday deyilgan: “Ular uchun imkoningiz boricha kuch va otliq bo‘linmalarni tayyorlab qo‘yingiz! Bu bilan Allohning va o‘zingizning dushmaningizni va ulardan o‘zga siz bilmaydigan, lekin Alloh biladigan (dushman)larni ham qo‘rquvga solgan bo‘lursiz. Allohning yo‘lida nimani sarf qilsangiz, sizlarga (uning savobi) zulm qilinmagan holingizda to‘la to‘kis berilur”.
Ushbu oyati karima nozil bo‘lgan davrda uning ma’nosini Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam o‘z davrining sharoitidan kelib chiqib bayon qilib berganlar. Masalan, “kuch” degan so‘zni “kamon otish” deb tafsir qilganliklari haqidagi rivoyatni Imom Muslim o‘z “Sahih”larida zikr qilib o‘tganlar.
Darhaqiqat, Alloh taoloning kalomiga har bir davrning shart-sharoitidan kelib chiqib yondoshilganda, uning naqadar zamon bilan hamnafas, har bir davrga mos tarzda javob bera olishligiga yana bir karra amin bo‘lamiz.
Mazkur oyatning mazmuniga bugunning ko‘zi bilan qaraydigan bo‘lsak, bizning tinchligimiz, xalqimizning birdamligi, kelajagimiz umidlari bo‘lmish yoshlarimizning kamolotiga rahna solib turgan g‘oyaviy tahdidlarning oldini olishimiz Alloh taolo bizlarni yuqorida zikr etib o‘tgan yigirma birinchi asr g‘oyaviy kurashlariga qarshi, uning boshida turgan millatimiz va dinimiz dushmanlariga qarshi zamonaviy “kuch”ni tayyorlab qo‘yishga buyurmoqda. Demak, yosh avlodning ongida hozirgi zamon mafkuraviy xurujlariga qarshi g‘oyaviy kuchni, ma’naviy immunitetni hozirlamoqlik zamon talabidir.
Ma’naviyati yuksak, har qanday yot g‘oyalarga chap bera oladigan, o‘zining mustahkam e’tiqodi va milliy qadriyatlarini mahkam tutib, undan og‘ishmay yashaydigan xalqni hech qanday kuch yenga olmaydi. Balki, uning metin irodasi oldida g‘animlar bosh egib ta’zim qiladi. Ta’rixdan bunga ko‘plab misollarni keltirish mumkin. Masalan, Abdulvahhob As-Subkiyning “Tabaqotush shofiiyatul kubro” asarida shunday voqea zikr qilingan: Bog‘dodda amirul mo‘miniyn Mutiullohning huzuriga Rum qiroli Taqfurning nomidan maktub keladi. Nomada butun musulmon ahliga tahdid, do‘q-po‘pisa hamda turli xil bo‘htonu tahqirli mazmundagi qasida bitilgan bo‘ladi. O‘sha vaqtda ilm o‘chog‘iga aylanib ulgurgan Bog‘dodda ko‘plab adiblar, shoirlar-u fusaholar jamlangan bo‘lishiga qaramay, hech birlari g‘animning bu maktubiga yarasha raddiya yozishga qurbilari yetmadi. Faqatgina, tasodif tufayli Bog‘dodda musofir bo‘lib turgan buyuk vatandoshimiz Imom Abu Bakr Qaffol Shoshiy hazratlarigina Taqfurning surbetlarcha yozgan qasidasiga munosib javob nomani yoza oldi. Javob xati Taqfurning qo‘liga yetib borganda uni o‘qib, qo‘rquvdan dag‘-dag‘ titrab peshob tutilish dardiga chalinib qoladi va musulmonlarning ma’naviy quvvatiga tan beradi. Buyuk bobomizning ma’naviy jasoratlari tillarda doston bo‘lgani bois xaligacha xalqimiz u zotni “poshshomot ota” deb, yod etadi.
Bugungi kunda ham turli ko‘rinishdagi g‘oyaviy xurujlar davom etayotgan bir davrda, ayniqsa internet ushbu xurujlarning vositasiga aylanib ulgurgan bir sharoitda yoshlarimizni internetdan foydalanish madaniyatiga jiddiy e’tibor qaratish bilan, internet orqali tarqatilayotgan yot g‘oyalarni farqlay oladigan, unga qarshi tura oladigan ma’naviy saviyani ham tarbiyalashni izchil amalga oshirish lozim bo‘ladi.
Homidjon ISHMATBЕKOV
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
raisining birinchi o‘rinbosari
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Hamdu sano olamlar Parvardigori, biz yashirayotgan va oshkora qilgan narsalarimizni biluvchi Alloh taologa bo‘lsin. Undan hech narsa maxfiy emas — yerda ham, osmonda ham. Uni shukr va hamdlar bilan yod etamiz. Kimki o‘z ayblari bilan mashg‘ul bo‘lsa, boshqalarning ayblariga qaramaydi. Muhammad sollallohu alayhi vasallamga, U zotning oila a’zolari va sahobalariga Allohning salomu duolari bo‘lsin.
Ey musulmonlar! Allohdan qo‘rqinglar va o‘zingizni g‘iybat va chaqimchilik halokatiga tashlamanglar. Chunki bu ikki illat birodarlik aloqalari va islomiy bag‘rikenglik uchun katta xavf soluvchi, jirkanch sifatlardandir. Ular qaysi jamiyatda keng tarqalsa, o‘sha jamiyatning birligi parchalanadi, dillar orasida muhabbat o‘rniga adovat paydo bo‘ladi, dushmanga qarshi madadsiz qolingan bo‘ladi.
Chaqimchilik — bir odamning gapini boshqasiga yetkazib, ular o‘rtasini buzishga harakat qilishdir. Bu illat qancha falokatlar keltirib chiqargan, qancha do‘stlikni parchalagan, muhabbatni nafratga aylantirgan! Shundan kelib chiqib ulamolar buni sehr deb ataganlar.
Chaqimchilikdan saqlanaylik! U pastkash insonlarning odatidir. U yomonliklarni tarqatadi, sirlarni fosh qiladi, katta isyonlarga sabab bo‘ladi. Kimki sizga chaqimchilik qilsa, bilingki, u siz haqingizda ham boshqalarga chaqimchilik qiladi.
G‘iybat — birodaringizni uni yo‘qligida o‘zining yoqtirmaydigan narsalari bilan tilga olishdir — uning xulqi yoki qiyofasi haqida bo‘lsa ham. Hatto o‘sha narsa unda haqiqat bo‘lsa ham, bu — g‘iybat. Agar unda bo‘lmasa, bu tuhmat bo‘ladi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan g‘iybat haqida so‘ralganda: G‘iybat — birodaringizni u yoqtirmaydigan holatda tilga olishingdir, dedilar. — Agar men aytganim u kishida bo‘lsa-chi? — deb so‘raldi. — Agar aytganing unda bo‘lsa, g‘iybat qilgansan. Agar bo‘lmasa, unga tuhmat qilgansan, — dedilar.
G‘iybatdan saqlanaylik! Bu gunohni kichik deb bilmaylik. Oisha roziyallohu anho Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga Safiya onamiz haqida bir so‘z aytganlar, ya’ni — “U pakana”, deganlar. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Sen hozir shunday so‘z aytdingki, agar uni dengiz suviga aralashtirsang, uni bulg‘ashga yetar edi!”, deganlar.
G‘iybat va chaqimchilik — qabr azobining sabablaridandir. Rasululloh alayhissalom aytdilar: «Meni me’rojga olib chiqishganida, tirnoqlari misdan bo‘lgan insonlarni ko‘rdim, o‘z yuzlari va ko‘kraklarini tirnar edilar. Jabroildan so‘radim: “Bular kimlar?” Jabroil: “Bular insonlarning go‘shtini yeganlar va ularning sharaflariga tajovuz qilganlardir”, dedilar».
Boshqa musulmonlarning obro‘larini hurmat qilaylik! Rasululloh alayhissalom Xajjatul Vado’da: “Albatta, sizlarning qonlaringiz, mollaringiz va obro‘laringiz — bir-biringizga harom, bu kun, bu oy, va bu shaharingizning hurmati kabi” deb aytdilar.
Alloh bunday deydi: “Albatta, mo‘minlar orasida fahsh ishlar tarqalishini xohlaydiganlarga dunyo va oxiratda alamli azob bo‘ladi. Alloh biladi, sizlar bilmaysizlar”.
Alloh taolo bizlarni Qur’oni karim va Rasulining sunnatlariga muvofiq hayot kechirishimizni nasib etsin.
Homidjon domla ISHMATBЕKOV