Sayt test holatida ishlamoqda!
27 Dekabr, 2024   |   26 Jumadul soni, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:22
Quyosh
07:48
Peshin
12:29
Asr
15:20
Shom
17:04
Xufton
18:24
Bismillah
27 Dekabr, 2024, 26 Jumadul soni, 1446

E’tiqod durdonalari: ALLOH TAOLONI “SHAY” DЕYISH MUMKINLIGI BAYONI

13.06.2020   3729   34 min.
E’tiqod  durdonalari: ALLOH TAOLONI “SHAY” DЕYISH  MUMKINLIGI BAYONI

 

7 - نُسَمِّي اللَّهَ شَيْئًا لاَ كَالأَشْيَاءِ        وَذَاتًا عَنْ جِهَاتِ السِّتِّ خَالِي

Ma’nolar tarjimasi:

Allohni boshqa “shay”lar kabi bo‘lmagan “shay” deb ataymiz va olti tarafdan xoli bo‘lgan Zot deymiz.

Nazmiy bayoni:

Allohni betimsol “shay” deb atash bor,

Ham zot deymiz, ammo emas tarafdor.

Lug‘atlar izohi:

نُسَمِّي– mutakallim ma’lum siyg‘asidagi ikki maf’ulli fe’l.

اللَّهَ– Ushbu lafz نُسَمِّي fe’lining birinchi maf’uli.

شَيْئًا – Ikkinchi maf’ul. Ahli sunna val-jamoa e’tiqodiga ko‘ra “shay” ismi barcha bor narsalarga nisbatan ishlatiladi. Sibavayh bu ismni shunday ta’riflagan: “Shay” – uni bilish va u haqida xabar berish mumkin bo‘lgan barcha narsadir”. 

لاَ– nafiy harfi.

كَالاَشْيَاءِ – jor majrur شَيْئًا ga sifat bo‘lgani uchun nasb o‘rnida turibdi.

وَذَاتًا – شَيْئًا ga atf qilingan. Zotning ma’nosi yuqorida o‘tdi. 

عَنْ – jor harfi.

السِّتِّ جِهَاتِ – olti taraf: tepa, past, o‘ng, chap, old, orqa.

خَالِ – (olti tarafdan) xoli ma’nosida ishlatilgan. Mahzuf mubtadoning xabari.

Matn sharhi:

Biz – Ahli sunna val-jamoa Alloh taoloni zot e’tiboridan  ham, sifat e’tiboridan ham boshqa "shay"larga mutlaqo o‘xshamaydi, deb e’tiqod qilamiz. Alloh taologa nisbatan “shay” so‘zini qo‘llash to‘g‘risida esa bu so‘zni boshqalarga qaraganda U zotga qo‘llash a’loroqdir, deymiz. Chunki bor narsalarnigina “shay” deb nomlash mumkinligi e’tiborga olinganda, Alloh taoloning bor ekani boshqa narsalar kabi  o‘zidan o‘zgaga muhtoj emas, balki borligi boshqaning ta’sir qilishiga bog‘liq bo‘lmagan zotdir. Shuning uchun boshqa mavjud narsalarga qaraganda U zotga “shay” so‘zini qo‘llash a’loroqdir. Ushbu so‘zning ta’kidlab keltirilishi e’tiqod masalalarida qattiq adashgan  jahmiya[1]  firqasining noto‘g‘ri aqidasidan ogohlantirish uchun bo‘lgan. 

O‘shiy rahmatullohi alayhning she’riy uslubda qisqa va lo‘nda qilib turli e’tiqod masalalarini birma-bir bayon qilishlari ham o‘sha paytdagi eng dolzarb bo‘lib turgan masalalar haqida Ahli sunna val-jamoa qarashlarini ommaga taqdim etish bo‘lgan. Bu zotdan ikki yuz yilcha vaqt oldin Imom Moturidiy rahmatullohi alayh ham mashhur “Tavhid” asarida Alloh taoloni “shay” deb atash mumkinligi haqida shunday yozgan:     

“Alloh taoloni “shay” deb atash mumkinligiga ikki asos bor. Birinchisi, naqliy asos bo‘lib, Alloh taolo Qur’oni karimda shunday xabar bergan:

﴿ لَيۡسَ كَمِثۡلِهِۦ شَيۡءٞۖ وَهُوَ ٱلسَّمِيعُ ٱلۡبَصِيرُ١١

“Uning mislidek biror “shay” yo‘qdir va U o‘ta eshituvchi, o‘ta ko‘rguvchi zotdir”[2].  

Agar U zotni “shay” deb atash mumkin bo‘lmaganida, O‘zidan o‘xshashni “Uning mislidek biror “shay” yo‘qdir”, deya “shay” ismi bilan rad etmagan bo‘lar edi.  Zero, mavjud bo‘lmagan, balki borliqda yo‘q bo‘lganga “shay” so‘zi ishlatilmaydi. Alloh taoloning so‘zida esa “shay” ishlatilgan:

﴿قُلۡ أَيُّ شَيۡءٍ أَكۡبَرُ شَهَٰدَةٗۖ

 “Ayting: “Guvohlik bo‘yicha qaysi narsa (shay) kattaroq?” (Yana o‘zingiz) ayting: Alloh”[3].

Ikkinchisi aqliy asos bo‘lib, aslida “shay” deyish urfda bir narsaning bor ekanini tasdiqlash uchungina ishlatiladigan ismdir. Agar بِلَا شَيْئٍ (hech narsa) degan so‘zdan “arzimas narsa” ma’nosi iroda qilinmagan bo‘lsa, bir narsaning borligini inkor qilish bo‘ladi. Shunga ko‘ra Alloh taoloni “shay” deyish, Uning borligini tasdiqlash va sifatlarini e’tirof etish bo‘ladi”[4].        

Alloh taologa nisbatan biror ism qo‘llanganda o‘sha ism boshqa mavjudotlarga nisbatan ham ishlatilsa, masalan, “shay”, “zot” kabi, bu ismni Alloh taologa qo‘llashda boshqalarga o‘xshash emasligini ta’kidlab qo‘yish vojib bo‘ladi. O‘shiy rahmatullohi alayhning so‘zlarida ushbu tushuncha o‘z ifodasini topgan. Ya’ni Alloh taoloni boshqa  bor narsalar kabi bo‘lmagan “shay” deymiz, olti tarafdan: tepa, past, o‘ng, chap, old va orqalardan xoli bo‘lgan zot deymiz, degan. Chunki boshqa bor narsalar mazkur taraflarning birida bo‘ladi.

Mana shu o‘rinda Alloh taoloning makon va tarafdan xoli ekani haqidagi e’tiqodimizni dalillari bilan o‘rganib chiqish  ko‘plab tushunmovchiliklarga barham beradi.   

 

Alloh taolo makon va tarafdan xolidir

Agar tarixga nazar tashlaydigan bo‘lsak, sahobai kiromlar davrida Alloh taoloning sifatlari Qur’on va sunnatda kelganidan ortiqcha bahs qilinmaganiga guvoh bo‘lamiz.

 Ammo keyinchalik paydo bo‘lgan karromiya, mushabbiha va najjoriya kabi firqalar Alloh taoloning sifatlari haqida turli noto‘g‘ri da’volarni ko‘tarib chiqishgan. Ularning shunday da’volaridan biri Alloh taologa makon nisbatini berish bo‘lgan. Ana shundan keyin Alloh taoloning makonlardan xoli ekani haqida chuqur bahs qilishga ehtiyoj tug‘ilgan. Mazkur firqalarning da’voyu fitnalariga Ahli sunna val-jamoa ulamolari Qur’on va sunnat asosida keskin raddiyalar berganlar. Ushbu masala bo‘yicha Ahli sunna val-jamoa va adashgan firqalar orasidagi  farqlar quyidagicha bo‘lgan:

Karromiya va Mushabbiha firqalari: “Alloh taolo maxsus makonda, ya’ni Arshda”, – deyishgan.

Najjoriya firqasi: “Alloh taolo barcha makonda”, – deyishgan.

Ahli sunna val-jamoa: “Alloh taolo biror makonda o‘rin olishdan xolidir”, – deyishgan.

Mashhur vatandoshimiz Umar Nasafiy rahmatullohi alayh “Aqoidun Nasafiy” da bu haqida quyidagicha yozgan:

وَلَا يَتَمَكَّنُ فِي مَكَانٍ

“U zot biror bir makonda o‘rin olmaydi”.

Ya’ni biror makondan o‘rin olish boshqa makonga nisbatan uzoqda bo‘lish hisoblanadi. Bir-biridan uzoq yoki yaqin masofada bo‘lish esa jismlarning xususiyatlaridir. O‘ng, chap, tepa, past, oldi, orqa tomonlarning birortasi Alloh taoloni o‘z ichiga qamrab ololmaydi. Chunki borliqdagi barcha narsalarni, olti taraflarni ham, Alloh taolo yo‘qdan bor qilgan. Yo‘qdan bor qilingan narsalar esa ularni yaratgan Zotni o‘z ichlariga ololmaydi. Alloh taolo bunday nuqsonli xususiyatlardan xolidir.

Demak, Ahli sunna val-jamoa va mazkur adashgan firqalar orasidagi asosiy farq “Alloh taolo makondan xoli”, deb e’tiqod qilish lozimligida bo‘lgan.

 Shunga ko‘ra, agar mazkur firqalarning gaplari ta’vil qilish imkoni bo‘lmaydigan darajada ochiq-oydin aytilsa, masalan, “Alloh osmonda joylashgan”, yo “Arsh ustiga o‘rnashgan” deyilsa, Alloh taologa nuqsonni nisbat berish deb qaralgan. Nuqsonni nisbat berishni esa barcha ulamolar kufr sanashgan.

Ammo keyinchalik Ahli sunna val-jamoaga nisbat berilganlar ichidan ham “Alloh taolo makon olmasdan osmonda”, deydiganlar paydo bo‘lgan.

Endi ushbu toifa bilan oldindan “Alloh taolo biror tarafda bo‘lishdan xoli”, deb e’tiqod qilib kelgan Ahli sunna jumhuri orasidagi farq yanada noziklashgan. Ya’ni oldingi firqalar  makondan joy olish nisbatini bergan bo‘lsalar, bu toifa makon olmasdan osmonda degan.  Ahli sunna jumhuri va mazkur toifa o‘rtasida "Alloh taoloni makon olmasdan osmonda" deb e’tiqod qilish mumkin yo mumkin emasligi to‘g‘risidagi bahs-munozaralarning natijalari quyidagichadir:

Ahli sunna jumhuri: “Zohiran yuqoriga dalolat qiladigan oyat va hadislar mutashobihdir, mutashobih xabarlarni Alloh taoloning osmonda ekaniga dalil qilinmaydi, balki ulardan nima iroda qilinganini Alloh va Rasuliga havola qilinadi”, – deyishgan.

“Alloh makon olmasdan osmonda” deydiganlar: “Qur’on, sunnat va sahobalarning so‘zlari Alloh taoloning buyukligiga mos ravishda osmonda ekaniga hujjatdir”, – deyishgan.

Ahli sunna jumhuri: “Alloh taoloni biror tarafda deyish U zotga nuqsonli sifatni nisbat berish bo‘ladi”, – deyishgan.

“Alloh makon olmasdan osmonda” deydiganlar: “Alloh taoloni makon olmasdan osmonda deyish, nuqsonli sifatni nisbat berish hisoblanmaydi”, – deyishgan.

Bu toifaning keltirgan dalil va hujjatlariga Ahli sunna jumhuri birma-bir batafsil  javoblarini berganlar. Ularning ayrimlari quyidagilardir:

  1. “Alloh taolo makon olmasdan osmonda” deydiganlarning dalili:

﴿ إِلَيۡهِ يَصۡعَدُ ٱلۡكَلِمُ ٱلطَّيِّبُ

“Unga xush kalomlar yuksalur”[5].

Ya’ni xush kalomlarning Unga ko‘tarilishi, U zotning yuqorida ekaniga dalolat qiladi.

Ahli sunna jumhurining javobi: Ushbu oyatda Alloh taoloning samoda, yo yuqorida ekaniga dalil yo‘q, balki xush kalomlarning qabul qilinishiga dalil bor. Chunki yuksalish kalomlar to‘g‘risida haqiqiy ma’noda ishlatilmaydi, balki jismlarda haqiqiy ma’noda ishlatiladi. 

  1. “Alloh taolo makon olmasdan osmonda” deydiganlarning dalili:

﴿ إِنِّي مُتَوَفِّيكَ وَرَافِعُكَ إِلَيَّ

“Men seni vafot ettiruvchi va O‘zimga ko‘taruvchiman”[6].

Ya’ni Alloh taolo Iso alayhissalomni O‘ziga ko‘taruvchi ekanini aytgan. Bu ham U zotning yuqorida ekaniga dalildir.

Ahli sunna jumhurining javobi: Bu oyat ham aslo Alloh taoloning yuqorida ekaniga dalil bo‘la olmaydi. Chunki biror narsaning yuqorisida bo‘lish jismi va chegarasi bor narsalarda bo‘ladi. Alloh taolo jism ham emas, biror narsa Uni chegaralay ham olmaydi. Alloh taoloning Iso alayhissalomni O‘ziga ko‘targaniga keladigan bo‘lsak, bu oyat mutashobih bo‘lib, qanday qilib O‘ziga ko‘targanini U zotning O‘zidan boshqa hech kim bilmaydi va bilishga buyurilgan ham emas. Shuning uchun bunday oyatlarning ta’viliga kirishmasligimiz balki, unga iymon keltirdik, barchasi Robbimiz huzuridandir, deyishimiz lozim bo‘ladi.   

  1. “Alloh taolo makon olmasdan osmonda” deydiganlarning dalili:

﴿ءَأَمِنتُم مَّن فِي ٱلسَّمَآءِ أَن يَخۡسِفَ بِكُمُ ٱلۡأَرۡضَ فَإِذَا هِيَ تَمُورُ١٦

“Osmondagi Zot sizlarni iztirobda harakatlanib turgan yerga yuttirib yuborishdan omonda bo‘ldingizmi?”[7].

Ushbu oyatda kelgan  “Osmondagi zot”dan Alloh taolo iroda qilingan. Bu esa Alloh taoloning osmonda ekaniga ochiq-oydin dalildir.

Ahli sunna jumhurining javobi: Ushbu oyat quyidagi ma’nolarda tafsir qilingan: 

a) saltanati, buyrug‘i, qaytarig‘i, va tadbiri samoda bo‘lgan zotning sizlarni yerga yuttirib yuborishidan omonda bo‘ldingizmi? Samoda deyilishi esa, samo farishtalarning maskani, Arsh, Kursi, va Lavhul mahfuz kabi ulug‘ narsalarning o‘rni bo‘lgani uchundir;

b) ushbu oyatda kofirlarning e’tiqodlariga ko‘ra xitob qilingan. Ya’ni Alloh taoloni boshqa maxluqlarga o‘xshash deb e’tiqod qilgan kofirlarga, e’tiqodlariga muvofiq xitob qilingan.

  1. “Alloh taolo makon olmasdan osmonda” deydiganlarning dalili:

﴿يَخَافُونَ رَبَّهُم مِّن فَوۡقِهِمۡ

“Ular ustilaridagi Robbilaridan qo‘rqurlar”[8].

Ushbu oyatda Alloh taoloning yuqorida ekani aytilgan. Bu ham U zotning osmonda ekaniga dalolat qiladi.

Ahli sunna jumhurining javobi: Ushbu oyatda ham Alloh taoloning samoda yo arshda ekaniga biror dalolat yo‘q. Oyatda kelgan ust ma’nosiga dalolat qiladigan فَوْقَ   kalimasi ikki xil ma’noda ishlatiladi:

a) biror jism boshqa jismning boshi tarafida turishi ma’nosida, ya’ni biri ikkinchisining boshi tarafida tursa, uning ustida deyiladi. Aslida biror narsaning usti deganda bosh tarafi, pasti deganda oyoq tarafi tushuniladi. Shunga ko‘ra ba’zi jismlarning ust tarafi boshqa jismlarning past tarafi bo‘lishi ham mumkin. Masalan, uyning ichidagi insonga shift ust taraf bo‘lsa, shiftda o‘rmalayotgan chumoli uchun past taraf hisoblanadi.

b) martaba ma’nosida, ya’ni xodim ustidagi rahbariga itoat qiladi, deyilgani kabi. Bu ma’no oyatlarda ham kelgan.  Masalan,

﴿ وَإِنَّا فَوۡقَهُمۡ قَٰهِرُونَ١٢٧

“Biz ular ustidan qahr o‘tkazuvchimiz”[9]

Ya’ni ushbu “ular ustidan” ma’nosidagi oyatdan hech kim Fir’avn tepalikkami yo minoragami nima bo‘lganda ham biror baland joyga chiqib olib Bani Isroil qavmining bosh taraflarida turib qahr o‘tkazgan, degan ma’noni tushunmaydi. Balki “egalik va g‘oliblik tarafidan qahr o‘tkazuvchimiz” degan ma’noni tushunadi. Qolaversa, yuqori tarafda turish maqtovga ham dalolat qilmaydi. Chunki qo‘riqchi ham podshohdan yuqori tarafda turishi mumkin, bundan uning matrabasi podshohdan ham yuqori, degan tushuncha kelib chiqmaydi.  

  1. “Alloh taolo makon olmasdan osmonda” deydiganlarning dalili:

﴿ٱلرَّحۡمَٰنُ عَلَى ٱلۡعَرۡشِ ٱسۡتَوَىٰ٥

“Ar-Rohman Arshga “istivo” qildi”[10].

Ushbu oyatda Alloh taoloning Arshga “istivo”[11] qilgani aytilgan, Arsh esa barcha maxluqotlardan yuqorida hisoblanadi. Shuning uchun bu oyat ham U zotning barcha maxluqotlaridan yuqorida ekaniga dalil bo‘ladi.

Ahli sunna jumhurining javobi: Qur’oni karimda ko‘plab o‘rinlarda kelgan “Ar-Rohman Arshga “istivo” qildi” ma’nosidagi oyatni ham Alloh taoloning yuqori tomonda ekaniga dalil qilib bo‘lmaydi. Biror tarafda bo‘lish Alloh taoloning komil sifatlariga loyiq emas. Chunki U zotni qaysidir tarafda deyilsa, U zotning o‘sha taraf bilan nihoyalanishi lozim bo‘lib qoladi. Qaysi narsaning biror jihatdan nihoyalanishi joiz bo‘lsa, uning boshqa jihatdan ham nihoyalanishi joiz bo‘lib qoladi. Nihoyalanish esa maxluqotlarning sifatlari bo‘lib, Alloh taolo bunday sifatdan oliy va buyukdir. Shuning uchun Alloh taolo biror tarafda bo‘lmasdan O‘zining buyukligiga loyiq ravishda “istivo” qilgan, deb e’tiqod qilish lozim. Qur’on arab tilida nozib bo‘lgan. Arab tilida “istivo” kalimasi mulkni egallashga kinoya qilib ham ishlatiladi. Masalan,  الْمَمْلَكَةِ كُرْسِىِّ عَلَى اِسْتَوَى فُلاَنٌ (Falonchi mamlakat kursisisiga "istivo qildi" ya’ni uni egalladi) deyiladi. Bu gapdan arablar o‘sha podshohning mamlakat kursisining usti tarafidan joy olganini emas, balki unga ega bo‘lganini tushunadilar.

Arsh barcha mavjudotlarni o‘z ichiga qamrab olganiga ko‘ra uni egallash boshqa barcha mavjudotlarni ham egallash hisoblanadi. Boshqalari haqida esa bunday deb bo‘lmaydi. Shuning uchun ham ba’zi ulamolar اِسْتَوَى kalimasini اِسْتَوْلَى ma’nosiga haml qilish (o‘tkazish) joiz bo‘ladi, – deyishgan.

 Aslida oldin o‘tgan ulamolarimiz bu oyatni Alloh taolo osmonda ekaniga dalil qilish u yoqda tursin, u haqida so‘rashni ham bid’at deganlar. Imom Molik rahmatullohi alayhning mashhur so‘zlariga e’tibor bering. U zotdan istivo haqida so‘rashganida: “Istivo ma’lum (ya’ni lug‘aviy ma’nosi), qandayligi noma’lum, u haqida so‘rash bid’atdir”, deb javob bergan.  

  1. “Alloh taolo makon olmasdan osmonda” deydiganlarning dalili:

عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ أَنَّ رَجُلاً أَتَى النَّبِيَّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ بِجَارِيَةٍ سَوْدَاءَ فَقَالَ يَا رَسُولَ اللهِ إِنَّ عَلَيَّ رَقَبَةٌ مُؤْمِنَةٌ فَقَالَ لَهَا  أَيْنَ اللهُ فَأَشَارَتْ إِلَى السَّمَاءِ بِإِصْبَعِهَا فَقَالَ لَهاَ فَمَنْ أَنَا فَأَشَارَتْ إِلَى النَّبِي صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ وَإِلَى السَّمَاءِ يَعْنِي أَنْتَ رَسُولُ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ فَقَالَ  أَعْتِقْهَا فَإِنَّهَا مُؤْمِنَةٌ.    رَوَاهُ اَبُو دَاوُدَ

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Bir kishi Nabiy sollallohu alayhi vasallamning oldilariga qora tanli cho‘rini olib kelib: “Ey Allohning Rasuli, mening zimmamda mo‘mina cho‘rini ozod qilish majburiyati bor”, – dedi. Shunda u zot sollallohu alayhi vasallam cho‘riga: “Alloh qayerda”, – dedilar. U barmog‘i bilan samoga ishora qildi. “Men kimman”, – dedilar. U Nabiy sollallohu alayhi vasallamga va samoga ishora qildi, ya’ni siz Allohning elchisisiz ma’nosiga ishora qildi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Uni ozod qil, u mo‘minadir”, – dedilar”. Imom Abu Dovud rivoyat qilgan.

Ushbu hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning o‘zlari “Alloh qayerda” deb so‘raganlar. Bu so‘rovga javoban osmonga ishora qilgan cho‘rini mo‘mina ekaniga hukm qilganlar. Alloh taoloni osmonda deyish mumkinligiga bundan ortiq qanday dalil kerak? 

Ahli sunna jumhurining javobi: Osmonga ishora qilgan cho‘ri haqidagi hadisdan ham Alloh taoloning osmonda ekani ma’nosi chiqmaydi. Chunki ushbu hadisning ba’zi rivoyatlarida mazkur cho‘rining soqov bo‘lgani aytilgan. Soqov o‘zining e’tiqodini ishora bilan tushuntirgan. Ya’ni u o‘zining ma’budi sanamlar uyida emas, balki samoning ilohi ekanini tushuntirgan. Chunki ularning urfida sanamlar yerning ilohlari, Alloh samoning ilohi degan tushuncha bo‘lgan. 

  1. “Alloh taolo makon olmasdan osmonda” deydiganlarning dalili:

عَنْ أَبِى هُرَيْرَةَ أَنَّ رَسُولَ اللَّهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ يَنْزِلُ رَبُّنَا تَبَارَكَ وَتَعَالَى كُلَّ لَيْلَةٍ إِلَى السَّمَاءِ الدُّنْيَا حِينَ يَبْقَى ثُلُثُ اللَّيْلِ الآخِرُ فَيَقُولُ مَنْ يَدْعُونِى فَأَسْتَجِيبَ لَهُ وَمَنْ يَسْأَلُنِى فَأُعْطِيَهُ وَمَنْ يَسْتَغْفِرُنِى فَأَغْفِرَ لَهُ. رَوَاهُ مُسْلِمُ

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: Bandalarning sifatlaridan xoli[12] va oliy Robbimiz har tun kechaning oxirgi uchdan biri qolgan paytda dunyo osmoniga tushadi va: Kim menga duo qiladi uni ijobat qilaman, kim mendan so‘raydi unga ato qilaman, kim mendan mag‘firat so‘raydi uni mag‘firat qilaman, deydi,  – dedilar”. Muslim rivoyat qilgan.

Ushbu hadisda ham har tun kechaning oxirgi uchdan biri qolgan vaqtda Alloh taoloning dunyo osmoniga tushishi xabar berilgan. Bu ham U zotning yuqorida ekaniga dalildir.                                            

Ahli sunna jumhurining javobi: Imom Navaviy ushbu hadisni sharhlab quyidagilarni aytgan: bu hadis sifatlarni bayon qiluvchi hadis bo‘lib, mazkur xabar to‘g‘risida ulamolarning ikki xil qarashlari mashhurdir:

a) Oldingi jumhur ulamolarning va ba’zi mutakallimlarning qarashlari: “Bu hadisda bayon qilingan narsaning Alloh taologa loyiq ravishda sodir bo‘lishiga iymon keltiriladi, bu yerda bizning tasavvurimizdagi zohiriy ma’nosi iroda qilinmagan.  Alloh taoloning bir joydan boshqa joyga ko‘chish, harakat  va bundan boshqa xaloyiqqa xos sifatlardan xoli ekaniga e’tiqod qilish bilan birga buning ta’vili to‘g‘risida gapirilmaydi”;

b)  aksar mutakallimlar va ba’zi oldingi ulamolarning qarashlari: “Bu hadis bayon qilish e’tiboriga ko‘ra shunga loyiq qilib ta’vil qilinadi.

Ushbu qarash sohiblari bu hadisni ikki xil ta’vil qiladilar:

  1. “Molik ibn Anas roziyallohu anhuning ta’vili: bu Uning rahmati, amri yoki farishtalari tushadi ma’nosini anglatadi. Xuddi sultonning xizmatchilari uning buyrug‘ini bajarganda sulton falon ishni qildi, deyilganidek.
  2. Bu istioradir. Ya’ni “dunyo osmoniga tushadi” so‘zi ko‘chma ma’noda ishlatilgan bo‘lib, “kechaning uchdan biri qolgan vaqtda, duo qiluvchilarning duolari qabul qilinadi”, ma’nosi iroda qilingan[13].
  3. “Alloh taolo makon olmasdan osmonda” deydiganlarning dalili:

فَكَانَتْ زَيْنَبُ تَفْخَرُ عَلَى أَزْوَاجِ النَّبِيِّ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ تَقُولُ زَوَّجَكُنَّ أَهَالِيكُنَّ وَزَوَّجَنِي اللَّهُ تَعَالَى مِنْ فَوْقِ سَبْعِ سَمَوَاتٍ.  رَوَاهُ الْبُخَارِيُّ

“Zaynab Nabiy sollallohu alayhi vasallamning ayollariga faxrlanib: “Sizlarni qarindoshlaring nikohlab berishgan, meni esa Alloh taolo yetti osmon ustidan nikohlab bergan”,  – derdi”. Buxoriy rivoyat qilgan.

Zaynab roziyallohu anhoning ushbu so‘zlarida ham Alloh taoloning osmonda ekaniga dalil bor.

Ahli sunna jumhurining javobi: Zaynab roziyallohu anho aslo Alloh taolo yetti osmon ustida, demagan, balki Alloh taoloning u zotni nikohlab berishi yetti osmon ustidan bo‘lganini aytgan.

“Alloh taolo makon olmasdan osmonda” deydiganlarning bulardan boshqa dalillariga ham shu tarzda javoblar berilgan. Xulosa qilib aytadigan bo‘lsak, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ham, u zotning sahobalaridan birortasi ham: “Ey insonlar, men Alloh taoloni osmonda deb e’tiqod qilaman”, – demaganlar. Balki Allohga qanday bandalik qilishni ta’lim berganlar.

E’tibor beriladigan bo‘lsa, yuqoridagi bahslarda faqat “Alloh taolo makon olmasdan osmonda” deydiganlarning dalillari va ularga raddiyalar bayon qilindi. Shu o‘rinda nega faqat ular dalil keltirishadi-yu biz “himoya”da turamiz, bizning ularga qarshi keltiradigan dalillarimiz yo‘qmi, degan haqli savol paydo bo‘ladi. Quyidagilar ushbu taqdiriy savolga javob o‘laroq ko‘plab dalillarimizning ayrimlari hisoblanadi:   

 

Ahli sunna jumhurining dalillari

  1. Alloh taolo Sho‘ro surasida shunday xabar bergan:

﴿ لَيۡسَ كَمِثۡلِهِۦ شَيۡءٞۖ وَهُوَ ٱلسَّمِيعُ ٱلۡبَصِيرُ١١

“Uning mislidek biror “shay” yo‘qdir va U o‘ta eshituvchi, o‘ta ko‘rguvchi zotdir”[14].

Ushbu oyat Alloh taoloning a’zo va qismlardan tarkib topgan jism emasligiga hamda biror makon yo tarafdan joy olishdan xoli ekaniga yorqin dalildir. Zero, Alloh taolo biror tarafda bo‘lsa, boshqa “shay”larga o‘xshash bo‘lib qoladi. Bu esa U zotning bergan xabariga ziddir.

  1. Baqara surasida shunday xabar bergan:

﴿ٱللَّهُ لَآ إِلَٰهَ إِلَّا هُوَ ٱلۡحَيُّ ٱلۡقَيُّومُۚ

“Alloh, Undan o‘zga iloh yo‘q. U tirikdir va qayyumdir”[15].

Ushbu oyatda Alloh taolo O‘zining qayyum ekanini aytgan. Qayyum sifati U zotning borligi osmon yoki boshqa biror maxluqotning bor bo‘lishiga bog‘liq emasligini, barcha maxluqotlarning bor bo‘lishi esa Unga bog‘liq ekanini ifodalaydi. Mana shunga ko‘ra agar Alloh taoloni biror tarafda deyilsa, Uning borligini o‘sha tarafga bog‘liq qilish bo‘lib qoladi. Bu esa U zotning qayyum sifatiga zid narsani isbot qilishdir. Shuning uchun Alloh taolo biror tomonda bo‘lishdan xoli, tomonlarni ham, makonlarni ham bor qilgan va ularni tutib turuvchidir, deb e’tiqod qilish lozim.   

  1. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam quyidagicha duo o‘qishni ta’lim berganlar:

وَأَنْتَ الظَّاهِرُ فَلَيْسَ فَوْقَكَ شَىْءٌ وَأَنْتَ الْبَاطِنُ فَلَيْسَ دُونَكَ شَىْءٌ. رَوَاهُ مُسْلِمُ

“Sen Zohirsan, sendan yuqorida hech narsa yo‘q, sen Botinsan, sendan pastda hech narsa yo‘q”. Muslim rivoyat qilgan. 

Hofiz Ahmad ibn Husayn Bayhaqiy[16] rahmatullohi alayh ushbu hadis haqida shunday degan: “Ba’zi do‘stlarimiz Alloh taolodan makonni rad etishga Nabiy sollallohu alayhi vasallamning “Sen Zohirsan, sendan yuqorida hech narsa yo‘q, sen Botinsan, sendan pastda hech narsa yo‘q” so‘zlarini dalil qilishgan. Chunki yuqorisida biror narsa bo‘lmasa, pastida biror narsa bo‘lmasa, biror makonda bo‘lmagan bo‘ladi”.

Ana endi Rasulloh sollallohu alayhi vasallam davrlaridan  to hozirgi asrimizgacha yashab o‘tgan mo‘tabar ulamolarning ushbu masala haqidagi so‘zlariga e’tibor beraylik:

  1. Xulafoi roshidinlarning biri, ulug‘ sahoba Ali roziyallohu anhu shunday degan:

كَانَ اللهُ وَلَا مَكَانَ وَهُوَ الْآنَ عَلَى مَا كَانَ.

“Alloh taolo bo‘lgan biror makon bo‘lmagan, U hozir oldin qanday bo‘lsa o‘shandaydir”. Abu Mansur Bag‘dodiy “Al-farqu baynal firaq” kitobida keltirgan.

  1. Ulug‘ tobeinlardan biri Zaynulobidin Ali ibn Husayn[17] rahmatullohi alayh shunday degan:

اَنْتَ اللهُ الَّذِي لَا يَحْوِيكَ مَكَانٌ.

“Sen – biror makon o‘z ichiga ololmaydigan Allohsan”. (Sohiyfatus sajjadiya) kitobida keltirilgan.

  1. Imom Ja’far Sodiq[18] rahmatullohi alayh shunday degan:

مَنْ زَعَمَ أَنَّ اللهَ فِي شَيْءٍ أَوْ مِنْ شَيْءٍ أَوْ عَلَى شَيْءٍ فَقَدْ أَشْرَكَ إِذْ لَوْ كَانَ عَلَى شَيْءٍ لَكَانَ مَحْمُولًا وَلَوْ كَانَ فِي شَيْءٍ لَكَانَ مَحْصُورًا وَلَوْ كَانَ مِنْ شَيْءٍ لَكَانَ مُحْدَثًا.

“Kimki Alloh taoloni biror narsa ichida, yo biror narsadan tarkib topgan, yo biror narsa ustida deb hisoblagan bo‘lsa, shirk keltiribdi. Chunki U zot agar biror narsaning ichida bo‘lsa chegaralangan bo‘lib qoladi, agar ustida bo‘lsa, ko‘tarib turilgan bo‘lib qoladi, agar biror narsadan tarkib topgan bo‘lsa yangidan paydo bo‘lgan bo‘lib qoladi”. Qushayriy “Risalatul Qushayriya”da keltirgan.

  1. Imom Shofi’iy[19] rahmatullohi alayh shunday degan:

إِنَّهُ تَعَالَى كَانَ وَلَا مَكَانَ فَخَلَقَ الْمَكَانَ وَهُوَ عَلَى صِفَةِ الْاَزَلِيَّةِ كَمَا كَانَ قَبْلَ خَلْقِهِ الْمَكَانَ لَا يَجُوزُ عَلَيْهِ التَّغْيِيرَ فِى ذَاتِهِ وِلَا التَّبْدِيلَ فِى صِفَاتِهِ.

“U zot bo‘lgan, biror makon bo‘lmagan, bas makonlarni yaratgan, makonlarni yaratishidan oldingidek azaliy sifatlarida bo‘lgan. Uning zotida o‘zgarish bo‘lishi, sifatlarida yangilanish bo‘lishi joiz emas”. Zubaydiy “Ithafu sadatil muttaqin” kitobida keltirgan. 

  1. Imom Tahoviy[20] rahmatullohi alayh “Aqida” risolasida shunday yozgan:

لَا تَحْوِيهِ الْجِهَاتُ السِّتُّ كَسَائِرِ الْمُبْتَدَعَاتِ.

“U zotni olti taraf boshqa maxluqotlarni (o‘z ichiga olgani) singari o‘z ichiga ololmaydi”.

  1. Ahli sunna val-jamoa imomi Abu Mansur Moturidiy[21] rahmatullohi alayh “Tavhid” kitobining “Alloh taoloni makon bilan vasf qilish joiz emasligi” bobida shunday yozgan:

إِذْ قَدْ ثَبَتَ اَنَّ قَدْ كَانَ وَلَا مَكَانَ... أَنَّ الْقَوْلَ بِالْمَكَانِ لَيْسَ مِنْ نَوْعِ التَّعْظِيمِ وَالتَّبْجِيلِ.

 “Zero, U zot bo‘lgani, va biror makonning bo‘lmagani sobitdir... Albatta (U zotga nisbatan) makonni aytish ulug‘lash va maqtash navidan emas”.

  1. Hofiz Muhammad ibn Hibbon[22] rahmatullohi alayh “Sahihu Ibn Hibbon” kitobida shunday degan:

كَانَ اللهُ وَلَا زَمَانَ وَلَا مَكَانَ.

“Alloh bo‘lgan, biror zamon ham, biror makon ham bo‘lmagan”.

  1. Hujjatul islom imom G‘azzoliy[23] rahmatullohi alayh “Qovaidul aqoid” asarida shunday yozgan:

وَاَنَّهُ لَا يَحُدُّهُ الْمِقْدَارُ وَلَا تَحْوِيهِ الْاَقْطَارُ وَلَا تُحِيطُ بِهِ الْجِهَاتُ وَلَا تَكْتَنِفُهُ الْاَرْضُونَ وَلَا السَّمَوَاتُ.

“Miqdorlar Uni chegaralay olmaydi, chegaralar Uni o‘z ichiga ololmaydi, taraflar Uni ihota qila olmaydi, yerlar ham, osmonlar ham Uni qamrab ololmaydi”.

  1. Imom Faxriddin Roziy[24] rahmatullohi alayh “Tafsirul kabir” kitobida quyidagi oyatni shunday tafsir qilgan:

﴿ وَهُوَ ٱلۡعَلِيُّ ٱلۡعَظِيمُ٢٥٥

“Va U Aliy va Aziym zotdir”[25].

U zotning Aliy ekanidan, taraf va makon jihatidan balandda ekani tushunilmaydi. Chunki buning (Alloh taoloni makon jihatidan balandda deyishning) noto‘g‘ri ekaniga dalolat qiluvchi xabarlar bor. Shunga ko‘ra oyatdagi Aliydan U zotning yo‘qdan bor bo‘lgan narsalarga o‘xshash bo‘lishdan oliy ekani iroda qilingan. 

  1. Shayx Shihobiddin Ahmad ibn Muhammad Qastaloniy[26] rahmatullohi alayh “Irshadus soriy sharhu sahihil Buxoriy” asarida shunday yozgan:

ذَاتُ اللهِ مُنَزَّهٌ عَنِ الْمَكَانِ وَالْجِهَاةِ.

“Alloh taoloning zoti barcha makondan va barcha tarafdan xolidir”.

  1. Mulla Ali Qori[27] rahmatullohi alayh “Fiqhul akbar”ning sharhida quyidagilarni yozgan:

اَمَّا عُلُوُّهُ تَعَالَى عَلَى خَلْقِهِ الْمُسْتَفَادُ مِنْ نَحْوِ قَوْلِهِ تَعَالَى: ﴿وَهُوَ ٱلۡقَاهِرُ فَوۡقَ عِبَادِهِۦۖ ﴾ فَعُلُوٌ مَكَانَةً وَمَرْتَبَةً لَا عُلُوُّ مَكَانٍ كَمَا هُوَ مُقَرَّرٌ عِنْدَ اَهْلِ السُّنَّةِ وَالْجَمَاعَةِ

“Ammo U zot taoloning maxluqotlaridan oliy ekani Alloh taoloning “U bandalari ustidan g‘olibdir”[28] so‘zidan istifoda qilingan. Demak, U Zot mavqe va martaba jihatidan oliydir, makon jihatidan emas. Zero, bu Ahli sunna val-jamoa huzurida aniq bo‘lgan haqiqatdir”.

  1. Shayx Abdulg‘aniy Nabulusiy[29] Hanafiy rahmatullohi alayh “Kifayatul g‘ulam” manzumasida shunday yozgan:

وَلَيْسَ يَحْوِيْهِ مَكَانٌ لَا وَلَا         تُدْرِكِهُ الْعُقُولُ جَلَّ وَعَلَا

“Uni hech bir makon ihota qilolmas aslo,

Aqllar idrok etolmas, jalla va ’alo”.

  1. Muhammad ibn Ahmad Shinqitiy[30] rahmatullohi alayh “Ayatul muhkamat” kitobida quyidagilarni yozgan:

    اِتَّفَقَ عُلَمَاءُ السُّنَّةِ عَلَى اَنَّ اللهَ غَنِىٌّ عَنْ كُلِّ شَيْءٍ وَكُلُّ شَيْءٍ مُفْتَقِرٌ اِلَيْهِ قَائِمٌ بِنَفْسِهِ لاَ يَحْتَاجُ اِلَى مَحَلٍّ وَلَا اِلَى مُخَصِّصٍ فَهُوَ الَّذِى خَلَقَ الزَّمَانَ وَالْمَكَانَ وَهُوَ عَلَى مَا عَلَيْهِ كَانَ

“Sunnat ulamolari Alloh taoloning barcha narsadan behojat ekaniga, barcha narsaning Unga muhtoj ekaniga, O‘z-O‘zidan qoim ekaniga, biror o‘ringa ham, biror xoslovchiga ham muhtoj emasligiga ittifoq qilganlar. Bas U zot zamonlaru makonlarni yaratgandir, o‘zi oldin qanday bo‘lsa o‘shandaydir”.   

Yahyo ibn Muoz Roziy rahmatullohi alayhdan: “Bizga Alloh azza va jalla haqida xabar bering?” – deyishdi.  U zot: “Bir ilohdir”, – dedi. “U qanday”, – deb so‘rashdi. U zot: “Molik, Qodir”, – dedi. “U qayerda”, – deyishdi. U zot: “Kuzatuvda”, – dedi. So‘rovchi: “Men buni so‘ramadim”, – dedi. U zot: “Bundan boshqacha bo‘lsa, maxluqning sifati bo‘lib qoladi, U  zotning sifati esa senga xabar berganimdek”, – deb javob berdi.    

Abu Usmon Mag‘ribiyning xodimi Muhammad ibn Mahbub shunday degan:  “Bir kuni menga Abu Usmon Mag‘ribiy: “Ey Muhammad, agar birov: “Ma’buding qayerda, desa nima deysan?” – dedi. Men: “Azaldagi o‘rnida, deyman”, – dedim. U: “Azalda qayerda bo‘lgan”, – desa nima deysan, dedi. Men: “Hozirgi o‘rnida, deyman”, – dedim. Ya’ni U biror makon bo‘lmagan paytda ham U zot bo‘lgan, hozir ham U oldin qanday bo‘lsa, o‘shandaydir”, – dedim. U javobimdan rozi bo‘ldi”.   

Demak, ushbu dalillardan keyin xulosa qilib aytadigan bo‘lsak, biz – Ahli sunna val-jamoa Alloh taolo haqida shunday e’tiqod qilamiz: “Alloh taolo biror tarafda ham, biror makonda ham emas. Agar ko‘nglimizga “Alloh qayerda” degan savol keladigan bo‘lsa, iymon va ixlos bilan: “Biror makon bo‘lmagan paytda ham U zot bo‘lgan. Keyin makonlarni paydo qilgan, zamonlarni joriy qilgan. Zamonlaru makonlar yo‘q paytda U zot qanday bo‘lsa, hozir ham o‘shandaydir”, – deymiz.

Makonlaru taraflarni yo‘qdan bor qilgan Zotga hamdu sanolar, Uning elchisi bo‘lgan sayyidul basharga salavot va salomlar bo‘lsin.

 

KЕYINGI MAVZU:

ISM EGASIGA DALOLAT QILISHI BAYONI;

U ZOT O‘ZI VA RASULI BAYON QILGANIDЕKDIR;

BO‘LINMAYDIGAN JUZNING AQLAN MUMKINLIGI BAYONI;

 

[1] Jahmiya firqasining nomi Jahm ibn Safvonga nisbat berilgan bo‘lib, ular insonga ixtiyor berilganini va Alloh taoloning sifatlarini inkor qilib chiqishgan. Mazkur buzuq qarashlarini hijriy 118 yilda murtad sifatida qatl etilgan Ja’d ibn Dirhamdan o‘zlashtirganlar. Jahm ibn Safvon Umaviylarga qarshi Horis ibn Surayj  bilan birga bosh ko‘tarib chiqqani uchun 128 hijriy sanada qatl etilgan. Qarang: Munjid fil-lug‘ati a’lom. – Bayrut: “Dorul mashriq”, o‘ttiz sakkizinchi nashr. – B. 205.

[2] Shuro surasi, 11-oyat.

[3] An’om surasi, 19-oyat.

[4] Imom Abu Mansur Moturidiy. Tavhid. – Bayrut Lubnan: “Dorul kutubil ilmiya”, 2006. – B. 35.

[5] Fotir surasi, 10-oyat.

[6] Oli Imron surasi, 55-oyat.

[7] Mulk surasi, 16-oyat.

[8] Nahl surasi, 50-oyat.

[9] A’rof surasi, 127-oyat.

[10] Toha surasi, 5-oyat.

[11] “Istivo”ning lug‘aviy va istilohiy ma’nolari haqida 12 baytning sharhiga qarang.

[12] Matnda kelgan “tabaroka” kalimasi “maxluqlarning sifatlaridan xoli” ma’nosini ifodalaydi. 

[13] Imom Navaviy. Sharhu Sahihi Muslim. – Damashq: “Dorul Fayho”, 2010. – B. 521.

[14] Shuro surasi, 11-oyat.

[15] Baqara surasi, 255-oyat.

[16] Hofiz Ahmad ibn Husayn Bayhaqiy hijriy 458 yilda vafot etgan.

[17] Zaynulobidin Ali ibn Husayn hijriy 94 yilda vafot etgan.

[18] Imom Ja’far Sodiq hijriy 148 yilda vafot etgan.

[19] Imom Shofi’iy hijriy 204 yilda vafot etgan.

[20] Imom Tahoviy hijriy 321 yilda vafot etgan.

[21] Imom Abu Mansur Moturidiy hijriy 333 yilda vafot etgan.

[22] Hofiz Muhammad ibn Hibbon hijriy 354 yilda vafot etgan.

[23] Imom G‘azzoliy hijriy 505 yilda vafot etgan.

[24] Imom Faxriddin Roziy hijriy 606 yilda vafot etgan.

[25] Baqara surasi, 255-oyat.

[26] Shayx Shihobiddin Ahmad ibn Muhammad Qastaloniy hijriy 923 yilda vafot etgan.

[27] Mulla Ali Qori hijriy 1014 yilda vafot etgan.

[28] An’om surasi, 61-oyat.

[29] Shayx Abdulg‘aniy Nabulusiy hijriy 1143 yilda vafot etgan.

[30] Muhammad ibn Ahmad Shinqitiy hijriy 1404 yilda vafot etgan.

Kutubxona
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Isrofgarchilikka yo‘l qo‘ymaslik oiladan boshlanadi

26.12.2024   2441   11 min.
Isrofgarchilikka yo‘l qo‘ymaslik oiladan boshlanadi

HIDOYAT

Isrofgarchilikka yo‘l qo‘ymaslik oiladan boshlanadi

Har qanday ishda o‘rtahollik, mo‘tadillik va me’yor hamisha ma’qullanib kelingan. Haddan oshishlik, isrofgarchilik, manmanlik va riyokorlik kabi illatlar ham aqlan, ham shar’an qoralanib, ulardan hazar qilishga buyurilgan.

Taassuflar bo‘lsinki, bugun aksariyat hollarda isrofdan saqlanishga e’tibor bermaymiz, isrofgarga aylanib qolayotganimizni sezmaymiz. Deyarli ko‘p narsa, u qimmatmi yoki arzon, ahamiyatlimi yoki ahamiyatsiz, nodirmi yoki serob, oldi-ketiga qaramay, birvarakayiga isrof qilinishini kuzatish mumkin.

Xo‘sh, isrof nima? Bugun har bir inson isrofgarchilikka yo‘l qo‘ymaslik uchun tejamkorlikni nimadan boshlashi kerak? Bu borada dinimizda nima deyilgan?

Alloh taolo isrofning yomon illat ekanligi haqida Qur’oni karimda marhamat qilgan. Jumladan, “A’rof” surasi, 31-oyat mazmunida: “...Yeb-iching va isrof qilmang. Chunki U zot isrof qiluvchilarni sevmas”, deyiladi.

Isrof dinimizda qattiq qoralangan. “Isrof” deganda keraksiz narsalarga behuda pul sarf etish, foydasiz sarf-xarajatlar va harakatlar tushuniladi. Isrofning katta-kichigi yo‘q. Nom chiqarish, obro‘ qozonish, boshqalardan ustun yoki puldor ekanini ko‘rsatish, ziyofat va marosimlarni boshqalarnikidan bir necha barobar dabdabali, serchiqim qilish ham maqtanishning yuqori ko‘rinishlaridandir. Hazrati Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam hadislarida ham, jumladan, bunday deyilgan: “Allohning nozu ne’matlaridan xohlagancha yeb-ichinglar, xayru ehson qilinglar, kiyinib yasaninglar, lekin isrofgarchilik va manmanlikka yo‘l qo‘ymangizlar!” (Imom Ahmad rivoyati).

OQAR DARYO BO‘LSA HAMKI, SUVNI TЕJANG

Har bir inson isrofgarchilikka yo‘l qo‘ymaslikni o‘z oilasidan boshlashi kerak. Bu borada o‘zlari namuna bo‘lib, farzandlariga to‘g‘ri tarbiya berishi lozim. Dastlabki tejamkorlikni suvdan boshlash zarur. Alloh bandalariga bergan ne’matlaridan unumli foydalanib, isrofgarchilikka yo‘l qo‘ymaslikka buyuradi. Biroq ko‘pchilik ertalab suv jo‘mragini to‘liq ochgan holda yuz-qo‘lni yuvishadi.

Afsuski, ayrim yurtdoshlarimiz qovun-tarvuz, ichimliklarni salqinlatish yoki mashinalarni yuvish uchun ko‘p miqdorda toza ichimlik suvini ishlatadi. Bu – isrofdir. O‘sha meva yoki ichimliklarni boshqa yo‘l bilan ham sovutish, mashina yuvayotganda bir chelakka suv olib, uvol qilmasdan yuvish mumkin-ku, axir. Alloh taolo Qur’oni karimda butun insoniyatga qarata shunday marhamat qiladi: “Sizlar o‘zlaringiz ichadigan suv haqida hech o‘ylab ko‘rdingizmi? Uni bulutlardan sizlar yog‘dirdingizmi yoki Biz yog‘dirguvchimizmi? Agar Biz xohlasak, uni sho‘r qilib qo‘ygan bo‘lar edik. Bas, shukr qilmaysizlarmi?” (“Voqea”, 68-70).

Suv nafaqat iste’mol, balki poklanishimiz uchun ham muhimdir. Anas ibn Molik roziyallohu anhudan qilingan rivoyatda aytilishicha, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bir so’dan besh muddgacha bo‘lgan suv bilan g‘usl qilar va bir mudd suv bilan tahorat olar edilar (Muttafaqun alayh). Ya’ni, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam taxminan, 0,688 litr suv bilan tahorat qilardilar. Bu narsa hammamizga o‘rnak bo‘lishi lozim.

Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhu rivoyat qiladi: Bir kuni Sa’d tahorat qilayotgan chog‘ida Rasululloh sollallohu alayhi vasallam uning oldidan o‘tib qoldilar va unga qarata: “Bu qanday isrofgarchilik, ey Sa’d?!”, dedilar. Shunda Sa’d roziyallohu anhu: “Tahoratda ham isrof bo‘ladimi?” deya ajablandi. Nabiy  sollallohu alayhi vasallam: “Garchi oqar daryoda bo‘lsang ham, tahoratda suvni ortiqcha ishlatish isrofdir”, deya  unga tanbeh berdilar (Imom Ahmad va Ibn Moja rivoyati).

Avvalgi paytlarda tahorat uchun suv alohida idishga olinib, oz-ozdan quyib amalga oshirilgan. Hozirda maxsus quvur va jo‘mraklari orqali suv o‘tkazilib, suvdan foydalanishda qulaylik paydo bo‘lgan. Ammo bu, suvdan xohlaganicha foydalanish, uni isrof qilish mumkin, degani emas. Balki, bu ne’mat uchun Allohga shukr qilib, tejamkorlik yo‘liga o‘tishimiz hammamiz uchun birdek zarur.

Qolaversa, bugun aholini ichimlik suv bilan ta’minlash dunyoviy muammo darajasiga ko‘tarilgan bir pallada qo‘ni-qo‘shni, yoru do‘stlarimizni suvni tejashga chaqirsak, dunyoda yutuqlarga, oxiratda esa Allohning roziligiga sazovor bo‘lamiz.

Shunday ekan, har birimiz suvni isrof qilmasdan, tejamkorlik bilan ishlatishni o‘rganaylik!

QANCHA TAOM TANOVUL QILMOQ KЕRAK?

Kim isrofgarchilikka yo‘l qo‘yadi? Albatta, uvol-savobning farqiga bormagan odam. Shunday oilalar bor, vaqti kelsa qolipli nonga pul topolmaydi. Shunday oilalar bor, faqat biron yig‘in sabab yopgan non sotib oladi.

Taassufki, bugun ayrim chiqindixonalarda turli nonlar, shirinliklarni, hatto ovqat qoldiqlarining tashlab yuborilayotganini ko‘rib, aqlingiz shoshadi. Uni bir odam isrof qilmagani aniq. “Tanasi boshqa dard bilmas”, deganlaridek, atrofdagilarning hayoti unday odamlarni qiziqtirmasligi aniq. Agar qiziqtirganida, qo‘shnisining yashash sharoiti o‘ylantirganida edi, bugun bunday nonlar, turli taomlar chiqindixonalardan joy olmas edi.

Aytishingiz mumkin, ko‘p qavatli uylarda turadigan odamlarning moli bo‘lmagach nima qilsin, deb. Ammo me’yor degan narsa bor-ku! Nahotki bir kunlik me’yor qanchaligini anglash qiyin bo‘lsa?!

Aynan mana shu me’yorni har bir oila ertalabki nonushta oldidan bir kunda qancha non, ovqat va boshqa taomlar zarurligini bilishi kerak. Kindiy roziyallohu anhu Nabiy  sollallohu alayhi vasallamdan rivoyat qiladi: “Odam bolasi to‘ldiradigan idishlarning eng yomoni – qorindir. Kishiga harakat qilishi uchun kerak bo‘lgan miqdordagi taom kifoya qiladi, yoki  bo‘lmasa qornini uch qismga bo‘lsin, bir qismi taom uchun, bir qismi suv uchun, yana bir qismi nafasi uchundir” (Imom Ahmad rivoyati). Alloh taolo  aytadi: “Yenglar, ichinglar, ammo isrof qilmanglar. Zero, U isrof qilguvchilarni sevmas” (A’rof, 31).

Nonning uvog‘i yoki bir burda non ham aslida butun nonning kichkina bo‘lagidir. Ko‘zimizga ilmagan ushoq ham yig‘ilsa, butun non bo‘ladi. Shunday ekan, bizlar barcha ne’matlarning qadriga yetib, ularni kichik sanamasligimiz lozim. Aks holda, kishi ne’matlarga nonko‘rlik qilgan bo‘ladi. Ne’matlarni qadrlashni, ularni kichik sanamay barchasiga birdek yaxshi muomalada bo‘lishni Payg‘ambarimizdan o‘rganishimiz kerak.

MЕ’YORDAN OSHSA, ISROFGAR BO‘LADI

Muhtoj kishilarga sadaqa va ehsonlar qilish dinimiz talabi va buning uchun bandaga ulug‘ savoblar va’da qilingan. Ammo bu sohada ham me’yordan oshsa, isrofgarchilikka yo‘l qo‘yilgan bo‘ladi.

Saxovat – yaxshi fazilat. Saxovat xasislik va isrof o‘rtasidagi me’yoriy bir bosqichdir. Sadaqa va ehsonlarda isrofgarchilik qilish ko‘pincha kimo‘zarga to‘ylar qilish, o‘zini ko‘z-ko‘z qilish va shu kabi ko‘rinishda namoyon bo‘ladi. Unutmaylikki, xoh amali, xoh molu davlati bilan bo‘lsin, riyokorlik qilish bandaning oxiratdagi ahvolini yomonlashtiradi.

Shuni bilingki, kiyimda ham isrofgarchilik bo‘ladi. Inson o‘ziga kerakli, faqat hojatiga yetarli libos kiyishi kerak. Moda ortidan quvib, son-sanoqsiz kiyim-kechak va turli liboslarni sotib olish isrof va bu takabburlikka olib boradi.

NЕ’MATLARNI QADRLASHIMIZ KЕRAK

Bizda bir tushuncha bor: qaysi ne’mat arzon bo‘lsa, uni xohlagancha ishlatish mumkin, narxi qimmat narsalarni tejash kerak. Bu noto‘g‘ri. Sababi, Alloh bergan ne’matlarning qadri uning insonlar nazdidagi bahosi, qiymati bilan o‘lchanmaydi.

Gaz va shu kabi ne’matlar, odatda, tejab ishlatiladi. Sababi, ertaga uning pulini to‘lab qo‘yishni o‘ylaymiz. Yo‘q, biz ne’matlarni katta-kichikka ajratmasdan, barini qadrlashimiz kerak. Kim biladi, biz hozir qadriga yetmayotgan narsa vaqti kelib, eng qimmatbaho narsaga aylanar. Ne’matlar bardavom bo‘lsin, zavolga uchramasin, desak, vaqtida ularning qadriga yetaylik.

Biz yuqorida moddiy ne’matlar isrofi haqida gapirdik. Lekin isrofning eng yomon ko‘rinishi – ma’naviy sohadagi isrofgarchilikdir. Bularga, asosan, quyidagi ikki narsa kiradi:

birinchisi, umrni isrof qilish. Alloh taolo bandasiga bergan eng qadrli ne’matlardan biri aynan umrdir. Uning qadri shundaki, boshqa barcha ne’matlarni qayta tiklash, qo‘ldan chiqargach, yana unga erishish mumkin, ammo umr bunday emas. Shu sabab umrni isrof qilishdan uzoq bo‘laylik;

ikkinchisi, ilm va iste’dodni isrof qilish. Ilm egallash – ulug‘ fazilat. Ilm sohibi bo‘lgach, uni hayotga tatbiq etish – ilmiga amal qilish va o‘zgalarga ilm o‘rgatish har bir ziyo ahlining burchidir. Aks holda, o‘rgatilmagan yoki amal qilinmagan ilm isrofdir. Buning uchun banda oxiratda javob beradi.

***

Biz Allohga suyukli xalqlardan, mahbub ummatlardan bo‘lishni xohlasak, isrofdan saqlanaylik! Alloh bergan har bir ne’matni katta-kichik demasdan, qadriga yetaylik. Shunda rizqimiz yanada ziyoda bo‘ladi.

Homidjon domla ISHMATBЕKOV,

O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisining birinchi o‘rinbosari.

 

QO‘LLANMA

HAR BIR OILA BILISHI SHART!

Ulamolar isrofga yo‘l qo‘yadigan kishilarning holatlarini tahlil qilish orqali, isrofga yo‘l qo‘yishga sabab bo‘ladigan omillarni, isrofgarlikning zararli oqibat va asoratlaridan qutulish yo‘llarini aniqlaganlar.

ISROFGA YO‘L QO‘YISHGA SABAB BO‘LADIGAN OMILLAR:

– avvalo, tarbiya o‘chog‘i bo‘lmish oilada farzandlarni sabrli va qanoatli qilib tarbiyalash o‘rniga, ular tomonidan bo‘ladigan barcha talablarni me’yoridan oshirib ta’minlab berish;

– maishatparast, dunyoparast kishilar bilan ulfat va suhbatdosh bo‘lish, ularning holatlaridan ta’sirlanish;

– tezlikda, mashaqqat chekmay tanglikdan keyin kenglikka, faqirlikdan keyin boylikka erishish;

– nafsning xohish va istaklariga so‘zsiz itoat etish;

– bu dunyo hayoti oxirat uchun tayyorgarlik ko‘rish davri ekanligi, oxiratda esa bu dunyoda qilingan amallar uchun hisob-kitob bor ekanini unutish yoki tushunmaslik;

– umuman, inson hayotida mo‘tadillik va me’yor degan tushunchalardan yiroq bo‘lishi.

ISROFGARLIKNING ZARARLI OQIBAT VA ASORATLARI:

Allohning muhabbatidan mosuvo bo‘lib, Uning g‘azabi va qahriga mubtalo bo‘lish;

shaytonni xursand qilib, uning sherigiga aylanish;

– hayotdagi qiyinchilik va mashaqqatlarni ko‘tara olmaslik, ojizlik va notavonlikka mahkum bo‘lish;

– tanada turli kasalliklarning paydo bo‘lishi, qalb qotishi, fikrning o‘tmaslashuvi;

– jamiyatda yalqovlik, tekinxo‘rlikning avj olishi, qashshoqlik va tilanchilikning ko‘payishi.

ISROFGARLIKDAN QUTULISH YO‘LLARI:

– har ishda Alloh taolo buyurgan mo‘tadil yo‘lni tutib, haddan oshish va isrofgarlikdan o‘zni saqlash;

– Payg‘ambar alayhissalom, sahoba va tobeinlar hamda ulug‘ zotlarning hayot tarzlarini o‘rganib, ularga ergashish;

– dunyodagi faqir va miskinlar, uysiz-joysiz, och-nahor yurgan xalqlarning holatini ko‘z oldiga keltirish;

– isrofgar, dunyoparast odamlardan uzoqlashib, qalbi siniq, xokisor kishilarga yaqin yurish;

– oila va farzandlarni sabr va qanoat kabi go‘zal fazilatlar sohibi qilib tarbiyalash.

 

Maqolalar