Turli yo‘llar bilan rivoyat qilingan sahih hadislarda Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning Qur’oni Karim yetti harfda nozil bo‘lganini ochiq-oydin aytganlarini ko‘ramiz.
Qur’oni Karimning yetti harfda nozil bo‘lgani haqida kelgan hadisi shariflarni o‘rganib, keyin xulosa chiqarsak, yaxshi bo‘ladi.
Ibn Abbos roziyallohu anhumodan rivoyat silinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam:
«Jabroil menga bir harfda qiroat qildirdi. Unga murojaat qilib, ziyoda etishini so‘rayverdim, nihoyat yetti harfga yetdi», dedilar».
Buxoriy va Muslim rivoyat qilishgan.
Avvalo «harf» so‘zining ma’nosini tushunib olaylik. Arab tilida «harf» so‘zi bir narsaning old – yuz tarafi, bir narsaning burilishi, ya’ni buzilishi va bir narsaning o‘lchovi ma’nolarini bildiradi.
Ibn Jazariyning so‘ziga ko‘ra, «harf» so‘zi «qiroat» ma’nosida ham kelgan:
«Shomliklar Ibn Omirning harfida (ya’ni qiroatida) qiroat qiladilar»[1].
Gohida «harf» so‘zi «ma’no» va «jihat» degan ma’nolarda ham ishlatiladi.
Biz so‘z yuritayotgan mavzuda esa bu so‘z o‘zining birinchi, ya’ni «old – yuz taraf» degan ma’nosida ishlatiladi. «Qur’oni Karimning yetti harfda nozil bo‘lishi» deganda, yetti vajh, ya’ni ko‘rinish degan ma’no tushuniladi.
Bu hadisi sharifda Jabroil alayhissalomning avval Muhammad sollallohu alayhi vasallamga Qur’oni Karimni bir harfda yetkazganlari, ammo Payg‘ambarimiz alayhissalom bir harf kamlik qilishini anglab, uni ziyoda qilishni so‘raganlari haqida so‘z ketmoqda. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam qayta-qayta iltimos qilganlari sababli, bir harf yetti harfga yetgan.
Uior ibn Xattob roziyallohu anhudan rivoyat silinadi:
«Hishom ibn Hakim Furqon surasini mening qiroatimdan boshqacha o‘qayotganini eshitib qoldim. Uni menga Rasululloh sollallohu alayhi vasallam o‘qitgan edilar. Shoshilib, uni bir narsa qilib qo‘yishimga sal qoldi (u namozda edi). Keyin (namozdan) chiqqunicha qo‘yib turdim.
So‘ngra uni ridosidan changallab, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga olib bordim va:
«Ey Allohning Rasuli! Albatta, men manavining Furqon surasini siz menga o‘qitganingizdan boshqacha o‘qayotganini eshitib qoldim», dedim.
«Uni qo‘yib yubor. O‘qi, ey Hishom, dedilar. U men eshitgandek o‘qidi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Mana shunday nozil qilingan», dedilar va menga: «O‘qi», dedilar. Men ham o‘qidim. Shunda u zot: «Mana shunday nozil qilingan. Albatta, bu Qur’on yetti harfda nozil qilingandir. Undan muyassar bo‘lganini o‘qinglar», dedilar».
Buxoriy, Muslim, Abu Dovud va Termiziy rivoyat qilishgan.
Bu hadisi sharifdan quyidagi mulohazalarni qilishimiz mumkin:
Ubay ibn Ka’b roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi va sallam Banu G‘iforning ko‘li oldida ekanlar, huzurlariga Jabroil alayhissalom kelib:
«Alloh senga ummating Qur’onni bir harfda o‘qishini amr qilmoqda», dedi.
«Allohdan Uning ofiyati va mag‘firatini so‘rayman. Albatta, ummatimning bunga kuchi yetmaydi», dedilar u zot. So‘ngra ikkinchi marta kelib:
«Albatta, Alloh ummating Qur’onni ikki harfda o‘qishini senga amr qilmoqda», dedi.
«Allohdan Uning ofiyati va mag‘firatini so‘rayman. Albatta, ummatimning bunga kuchi yetmaydi», dedilar u zot. Keyin uchinchi marta kelib:
«Albatta, Alloh ummating Qur’onni uch harfda o‘qishini senga amr qilmoqda», dedi.
«Alloxdan Uning ofiyati va mag‘firatini so‘rayman. Albatta, ummatimning bunga kuchi yetmaydi», dedilar u zot. Keyin to‘rtinchi marta kelib:
«Albatta, Alloh ummating Qur’onni yetti harfda o‘qishini senga amr qilmoqda. Qaysi harfda o‘qisalar ham to‘g‘ri qilgan bo‘ladilar», dedi».
Muslim, Abu Dovud va Termiziy rivoyat qilganlar.
Termiziyning lafzida:
«Ey Jabroil! Men bir ummiy ummatga yuborilganman. Ularning ichida kampirlar, qari keksalar, yosh bolalar, kichik qizchalar va mutlaqo yozuv o‘qimagan kishilar bor», dedilar. U:
«Ey Muhammad! Albatta, Qur’on yetti harfda nozil qilingandir», dedi», deyilgan.
Bu hadisi sharifda Qur’oni Karimning yetti harfda nozil bo‘lishidan ko‘zlangan maqsad ochiq-oydin kelmoqda.
Nabiy sollallohu alayhi vasallam Jabroil alayhissalomga qayta-qayta: «Allohdan Uning ofiyati va mag‘firatini so‘rayman. Albatta, ummatimning bunga kuchi yetmaydi», demoqdalar. Buni uch marta takrorlaganlaridan keyin bir harf yetti harfga yetkazildi.
Nabiy sollallohu alayhi vasallam Qur’on oyatlarini olib keladigan va bir harfda o‘qishga amr bo‘lganini yetkazayotgan farishtaga ummatlarining bunga kuchlari yetmasligini «Ey Jabroil! Men bir ummiy ummatga yuborilganman. Ularning ichida kampirlar, qari keksalar, yosh bolalar, kichik qizchalar va mutlaqo yozuv o‘qimagan kishilar bor», degan xitoblarida bayon qilmoqdalar. Bundan Qur’oni Karimning yetti harfda nozil bo‘lishi aholining turli tabaqalariga Kalomullohni o‘qishni oson qilish maqsadida bo‘lganligi kelib chiqadi.
Yana o‘sha kishidan rivoyat qilinadi:
«Masjidda edim. Bir odam kirib, namoz o‘qiy boshladi. U bir qiroat qildi. Uning qiroatini inkor qildim. Keyin boshqasi kirib, haligining qiroatidan ham boshqacha qiroat qildi. Ikkovlari namozlarini tugatib bo‘lganlaridan keyin, hammamiz Nabiy sollallohu alayxi vasallamning huzurlariga kirdik va men:
«Manavi bir qiroat qildi. Men uning qiroatini inkor qildim. Keyin bunisi kirib, unisining qiroatidan ham boshqacha qiroat qildi», dedim. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ikkovlariga buyurdilar, ikkisi ham qiroat qildi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam ikkisini ham ma’qulladilar. Ko‘nglimga shunday gumon tushdiki, bunaqasi johiliyat paytida ham bo‘lmagan.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam meni o‘rab olgan narsani bilib, ko‘ksimga urdilar. Ter bo‘lib oqib ketdim. Qo‘rqqanimdan xuddi Alloh azza va jallaga nazar solib turganday bo‘ldim. Shunda u zot menga:
«Ey Ubay! Menga: «Qur’onni bir harfda qiroat qil», deb elchi yuborildi. Men U Zotga «Ummatimga oson qil», deb qaytardim. Menga ikkinchi marta «Uni ikki harfda qiroat qil», deb qaytardi. Men U Zotga: «Ummatimga oson qil», deb qaytardim. Menga uchinchi marta: «Uni yetti harfda qiroat qil. Seni har bir qaytarganimda sen uchun bir narsani Mendan so‘rab olishingga imkon bor», deb qaytardi. Shunda men: «Allohim! Ummatimni mag‘firat qilgin! Allohim! Ummatimni mag‘firat qilgin!» dedim. Uchinchisini xaloyiqning barchasi, hatto Ibrohim alayhissalom ham menga rag‘bat qiladigan kunga qoldirdim», dedilar».
Imom Muslim rivoyat qilgan.
Qur’oni Karimni bir harfda va ikki harfda o‘qish haqidagi amr kelganidan keyin Nabiy sollallohu alayhi vasallam Alloh taolodan yengillashtirishini so‘rab, iltimosni qaytarganlar. Alloh taolo asta-sekin osonlashtirish bilan birga, u zotga mukofot ham taqdim qilgan.
«Seni har bir qaytarganimda sen uchun bir narsani Mendan so‘rab olishingga imkon bor».
Muhammad sollallohu alayhi vasallam ummatlariga ikki marta mag‘firat so‘rab, duo qilganlar va uchinchi imkoniyatdan foydalanishni qiyomat kuniga qo‘yganlar. O‘sha Kunda hamma, hatto Ibrohim alayhissalom ham u zotning duolaridan umidvor bo‘lib turgan bo‘ladilar.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning «Men U Zotga: «Ummatimga oson qil», deb qaytardim», deganlaridan Qur’oni Karimning yetti harfda nozil bo‘lishi ummatga osonlik tug‘dirish uchun ekani ochiq-oydin ko‘rinib turibdi.
Ayon bo‘ladiki, Qur’oni Karimning yetti harfda nozil bo‘lgani to‘g‘risidagi hadislar ulug‘ sahobalarning ulkan jamoatidan rivoyat qilingan bo‘lib, ularni sanab chiqish qiyin. Hofiz ibn Ya’loning «Musnad»ida quyidagilar keltiriladi:
«Usmon roziyallohu anhu bir kuni minbarda turib: «Nabiy sollallohu alayhi vasallamning «Albatta, Qur’on yetti harfda nozil qilingan, barchasi shofiy va kofiydir», deganlarini eshitgan kishiga Allohni eslataman!» dedi. Usmon roziyallohu anhu bu so‘zni aytgach, o‘rnidan turdi. Shunda son-sanoqsiz kishilar o‘rinlaridan turib, ana shu hadisni eshitganlariga guvohlik berdilar. Usmon roziyallohu anhu: «Va men ham ular bilan birga guvohlik beraman», dedi».
Ushbu son-sanoqsiz jamoatning yuqoridagi mavzuga muvofiq kelishlari ba’zi imomlarning bu hadisni mutavotir deyishlariga olib keldi. Bularning oldingi safida turuvchilardan biri Abu Ubayd Qosim ibn Sallomdir. Garchi hadis silsilasining oxirgi tabaqalarida mutavotirlik bo‘lmasa-da, uning sahih ekani kifoyadir. Bu Rasululloh sollallohu alayhi vasallam nutq qilgan diniy haqiqatlardan biridir.
Ulamolar jumhuri usmoniy mus'hafning rasmi yetti harfni ko‘taradigan shaklda yozilgan, degan fikrga moyil bo‘ladilar. Qozi Abu Bakr ibn Tayyib Boqilloniy ushbu fikrni ixtiyor qilib, shunday deydi:
«Sahih gap shuki, darhaqiqat, ushbu «yetti harf» Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan tarqalgan va zohir bo‘lgan, imomlar u zotdan zabt qilishgan. Usmon va sahobalar «yetti harf»ni mus'hafda sobit qilganlar va uning sahihligi xabarini berganlar. Mutavotir darajada sobit bo‘lmaganlarini esa tushirib qoldirganlar».
Qur’oni Karimning yetti harfda nozil bo‘lgani haqidagi mavzu eng nozik mavzulardan biri hisoblanadi. Bu mavzuning nozikligi bir necha omilga bog‘liq.
Avvalo, Qur’oni Karimning yetti harfda nozil bo‘lgani sahih va mutavotir hadisi shariflar bilan sobit bo‘lgan. Qolaversa, Qur’oni Karimning yetti harfda nozil bo‘lishi nima ekanini o‘sha hadisi shariflardan ochiq-oydin tushunib olishimiz qiyin. Buning ustiga, «yetti harf»dan aynan nima ko‘zda tutilganini ham mazkur hadisi shariflardan bilib olish mushkul. Tabiiyki, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam va u zotning davrlarida yashagan sahobai kiromlar bu narsalarni yaxshi bilganlar. Ular o‘sha o‘zlari yaxshi bilishlariga e’timod qilib, o‘zaro muomala qilganlar.
Shu o‘rinda «O‘zlari tushungan bo‘lsalar yaxshi, ammo kelajak avlodlar uchun bu masalani bayon qilib qo‘ysalar bo‘lmasmidi?» degan savol tug‘iladi. O‘zlari uchun oddiy bo‘lgan masalani kelajakda boshqalar tushunmay qolishlari mumkinligini kim o‘ylabdi, deysiz. Bundan ham muhimi, ular bunga o‘xshash oddiy narsalarga vaqt ham topmaganlar. U azizlar butun dunyoni Islom hidoyatiga boshlashdek ulkan ishtiyoq bilan yashaganlar. Ular o‘zlari yetishgan ulkan baxtga o‘zgalar ham tezroq erishishi haqida bosh qotirar edilar. Bunaqangi bahslarga vaqtlari ham, xohishlari ham yo‘q edi.
Hofiz Abu Hotim ibn Hibbon Bustiy: «Odamlar bu masalada o‘ttiz besh xil fikr aytishgan», deydi.
Imom Jaloliddin Suyutiy rahmatullohi alayhi «Al-Itqon fi ulumi Qur’an» nomli kitoblarida bu masalada qirq xil fikr borligini keltirganlar. Lekin bu fikrlarning aksarini sahih naql hamda sog‘lom mantiq qo‘llab-quvvatlamaydi. Bu xususdagi xato «yetti harf»ning ma’nosini uzil-kesil tayin qilishni xohlash oqibatida kelib chiqqan. Biroq Ibn Arabiy aytganidek, «yetti harf»ning ma’nosi xususida matn ham, asar ham kelmagan. Kishilarning ixtilofi uni tayin qilishdadir.
Shu yerda Qur’oni Karimning yetti harfda nozil bo‘lishi nima ekanini tushunish uchun harakat qilib aytilgan fikrlardan ba’zilarini keltirib o‘tsak, foydadan xoli bo‘lmasa kerak. Chunki bizda ham ba’zi bir kishilar xuddi shu gaplarni gapirishga va yozishga o‘tmoqdalar.
«Yetti harf»dan murod nima ekanini bayon qilmoqchi bo‘lganlar o‘zlaricha turli fikrlarni aytganlar. Ana shu fikrlardan ba’zilarini ko‘rib chiqamiz.
Bu fikrni olg‘a surganlar o‘sha arab lahjalarini sanab ham o‘tadilar. Ba’zilar ularni quyidagi lahjalardan iborat, deyishadi:
Boshqalari esa avvalgilarga xilof ravishda quyidagi lahjalarni sanab o‘tadilar:
1.Huzayl;
Ammo Qur’oni Karimda ushbu zikr qilib o‘tilgan qabilalardan boshqalarning ham lahjalari bordir. Ularning barchasi Quraysh lug‘atida o‘z aksini topgan. Abu Bakr Vositiy o‘zining «Al-Irshad fil-qiroatil-ashr» kitobida bu lahjalarni qirqtagacha yetkazgan,
Ko‘plab ulamolar «Yetti harf»dan murod arablarning yetti lahjasidir, degan gap mutlaqo to‘g‘ri kelmasligini ta’kidlaganlar. Avvalo, qaysi lahjalar ko‘zda tutilgani ma’lum emas. Qolaversa, Qur’oni Karimning yetti harfda nozil bo‘lganligi haqidagi hadisi shariflarning birida Umar ibn Xattob Hishom ibn Hakim roziyallohu anhu bilan ixtilof qilib, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga boradilar va u zot Qur’oni Karimning yetti harfda nozil bo‘lganini aytadilar. Holbuki, Umar ibn Xattob roziyallohu anhu ham, Hishom ibn Hakim roziyallohu anhu ham arab tilining quraysh lahjasida so‘zlashadigan odam edilar. Agar gap lahjada bo‘lganida, ular ixtilof qilmas edilar.
Xalil ibn Ahmaddan hikoya qilinganidek, «Yetti harf»dan murod qiroatlardir», degan fikr, xususan bu gapni aytuvchi mashhur yetti qiroatni nazarda tutayotgan bo‘lsa, shubhasiz, bu eng zaif fikrdir.
Bu nihoyatda kulgili gap. Chunki yetti qiroat degan gap ancha keyin chiqqan. Buning ustiga, avval qiroatlar ko‘p bo‘lgan. Faqat ulardan eng mashhurlarini tanlab olishga harakat qilingan paytda ulamolar yetti qiroatni ixtiyor qilganlar, xolos.
Bu ran ham to‘g‘ri emas. Chunki Qur’oni Karimning yetti harfda nozil bo‘lishi haqidagi hadisi shariflarda ran aynan olti bilan sakkizning orasidagi yetti adadi xususida ketadi.
Ba’zilar «Yettidan murod haqiqiy adad emas, balki osonlashtirish, yengillashtirish hamda kenglikdir. Yetti so‘zi birliklarda «yetti», o‘nliklarda «yetmish», yuzliklarda «yetti yuz» shaklida mutlaq ko‘plikni ifoda qilish uchun ishlatiladi», deydilar. Bu kabi fikrlarning Qozi Iyozga ham nisbat berilishi nihoyatda g‘aribdir. Vaholanki, u kishi sahih rivoyatlarga ortiqcha so‘z qo‘shmas edi. Lekin Suyutiy matnlarga suyanib, bu so‘zni kuchli tarzda rad qilgan.
Demak, «yetti» lafzidan ko‘plik emas, balki aksar ulamolar tushunganlaridek, aniq son maqsad qilingan. Ushbu muayyan adad xususida bahs yuritish natijasida qiyinchilikka duchor bo‘lishadi.
Ibn Hibbon aytganidek, «Yetti – ko‘pchilikning nazdida aniq adaddagi sondir».
Ba’zilar «Qur’oni Karim yetti harfda nozil qilingan, degani unda yetti katta ilm bayon qilinganidir», deyishadi. Ular o‘zlaricha mazkur yetti ilm quyidagilardan iborat ekanini aytganlar:
ilm);
Bu albatta, hadisi sharifni o‘zlaricha chuqur, botiniy tarzda tafsir qilishlaridir. Alloh taolo bu ma’noda hech qanday dalil nozil qilmagan.
Albatta, bu gap ham hech qanday dalil va hujjatga asoslanmay, xayoldan aytilgan gapdan boshqa narsa emas. Mazkur istilohlar usuli fiqh atamalari bo‘lib, tafsiloti usuli fiqh kitoblarida keladi.
Bu fikr egalarining jur’ati «yetti harf»ni sharhlashda zaif hadisni dalil qilishgacha yetib boradi. Ular quyidagi hadisni Ibn Mas’ud roziyallohu anhudan rivoyat qiladilar va Nabiy sollallohu alayhi vasallamga ko‘taradilar. Go‘yoki u zot shunday degan emishlar:
«Avvalgi Kitob bir eshikdan bir vajhda nozil qilingan edi. Qur’on esa yetti eshikdan yetti harfda nozil qilindi: zojir, omir, halol, xarom, muhkam, mutashobiq, amsol. Halolni halol deng, xaromni xarom deng, masallardan ibrat oling, mutashobihlariga iymon keltiring va: «Unga iymon keltirdik, barchasi Robbimiz huzuridandir», deng!»
Bu gapga qaraganda, Qur’oni Karimning «yetti harf»da nozil bo‘lishi uning ichida quyidagi yetti narsaning borligidir:
Ibn Abdulbarr: «Ahli ilmlar nazdida ushbu hadis sobit emasdir, bu hadisning zaifligiga ijmo’ qilingan», degan.
Misol uchun:
«أَقْتبِلْ، هَلُمَّ، تَعَالَ » – «oldinla», «bu yoqqa», «kel»;
«عَجِّلْ، أَسْزرْعْ » – «shoshil», «tezla»;
«أَنْظْرْ ، أَخِّرْ، أَمْهِلْ» – «shoshma», «kechik», «vaqt ber».
Bu yerda bir so‘zning ma’nosini anglatish uchun boshqa so‘zlar ishlatilmoqda.
Chuqur o‘ylamasdan aytilgan yuqoridagi gap keyinchalik Qur’oni Karimning dushmani bo‘lgan ba’zi sharqshunoslarning fitnasi uchun shubha eshiklarini ochib bergan. Ushbu tushunchani mahkam ushlab olgan sharqshunoslar «Ma’noni qiroat qilish nazariyasi bor» degan shubhani qo‘zg‘aganlar. Shubhasiz, bu narsa islomiy hayotdagi eng xatarli nazariyalardandir. Chunki bundan qur’oniy matnlarni har kimning havoyi nafsiga topshirib qo‘yish, ular esa o‘zlari xohlagan narsani isbot qilishga urinishlari kelib chiqadi.
Ushbu va boshqa ma’lumotlarni sinchiklab o‘rgangan mutaxassis ulamolarimiz, Qur’oni Karimning «yetti harf»da nozil bo‘lishi Qur’oni Karimning ba’zi so‘z va harfla-rini talaffuz qilishda ijozat berilgan yetti tur xilma-xillikdir,deydilar.
Misol uchun, Mu’minun surasining 8-oyatida:
وَٱلَّذِينَ هُمۡ لِأَمَٰنَٰتِهِمۡ وَعَهۡدِهِمۡ رَٰعُونَ
«Ular omonatlariga va ahdlariga rioya qilguvchilardir», deyilgan.
«لِأَمَانَاتِهِم» kalimasi ko‘plik siyg‘asida bo‘lib, u «لِأَمَانَتِهِمۡ» kabi birliqda ham qiroat qilinadi. Ma’lumki, usmoniy mus'haflarda «لأمنتهم» tarzida, sukunli alifdan xoli shaklda yozilgan. Ushbu bir ko‘rinishdagi so‘zni ikki xil qiroat qilish mumkin. Chunki birlikda jinsni qasd qilinadi, jinsda esa ko‘plik ma’nosi bor. Jamda birlikni chuqurlashtirish bor, chuqurlashtirishda esa jinsning ma’nosi bor. Shunday ekan, «لِأَمَانَتِهِمۡ» rioya qilish xuddi «لِأَمَانَاتِهِم» rioya qilishdekdir. Bu esa butun narsani ham, uning juzlarini ham o‘z ichiga oladi. Ushbu ikki qiroatda ham «عَهْد» kalimasi birlikda kelgan.
Jins yoki jamoatni qasd qilish uchun moziy va muzori’ fe’llar ham turli qiroatda turli bo‘lib keladi. Misol uchun, Baqara surasida kelgan
«إِنَّ ٱلۡبَقَرَ تَشَٰبَهَ عَلَيۡنَا» jumlasidagi « تَشَابَهَ » moziy-muzakkar fe’l boshqa qiroatda «تَتَشَابَهَ » bo‘lib, muzori’ va muannas o‘qilgan.
Bunda ma’noning o‘zgarishi yoki o‘zgarmasligi barobardir. Ma’no o‘zgarishiga Baqara surasining 37-oyatini misol qilish mumkin:
» فَتَلَقَّىٰٓ ءَادَمُ مِن رَّبِّهِۦ كَلِمَٰتٖ«
«Bas, Odam Robbidan so‘zlarni qabul qilib oldi...»
Ushbu oyatdagi «Adam» kalimasi nasb (fathali) holatida, «kalimat» lafzi esa raf’ (zammali) holatida ham o‘qiladi.
«فَتَلَقَّى آدَمُ مِن رَّبِّهِ كَلِمَاتٌ» - «Bas, so‘zlar Odamni Robbidan qabul kilib oldi».
Baqara suraskring 282-oyati ma’noning o‘zgarmasligiga misol bo‘ladi: « وَ لا يُضَآرَّ كَاتِبٌ وَ شَهِيدٌ »...yozuvchi ham, guvoh ham zarar tortmasin».
Ushbu oyatdagi "وَ لاَ يُضَآرَّ" kalimaon raf’ holda «لاَ يُضَارُّ» deb ham o‘qiladi. Unda ma’no «...yozuvchi ham, guvoh ham zarar tortmaydi» bo‘ladi, ya’ni ma’no o‘zgarmaydi.
Bularda ba’zan surat o‘zgarmay, farq nuqtalarning o‘zi-da bo‘lib, kalimaning ma’nosi o‘zgaradi. Misol: «يَعْلَمُونَ» va «تَعْلُمُونَ» kabi. Ba’zan esa surat o‘zgarib, ma’nolar o‘zgarmay-di. Misol: «الصِّرَاطِ» va «السِرَاطِ» hamda «المُصَيْطِرُونَ» va «المسَيْطرُونَ» kabi. Darhaqiqat, mus'haflarda asli «sin» harfidan badal qilib, «sod» harfi yozilgan. Mus'hafning rasmida «sod»ning qiroati tahqiqiy, «sin»ning qiroati esa taqdiriy holda keltirilgan.
Bunda ko‘pincha ushbu kalimalar o‘zaro murodif – ma’nodosh (sinonim) bo‘ladi. Ushbu murodif kalimalarni turli qabilalar turli xil ishlatgani uchun qiroatda ham ular o‘zlariga tanish kalimani ishlatadilar. Qori’a surasining 5-oyatidagi «كَالْعِهْنِ الْمَنفُوشِ»ni boshqa qiroatda «كَالصُّوفِ المَنْفُوشِ» kabi o‘qiladi.
Yoki o‘zgargan kalimalarning maxrajlari bir-birig‘a yaqyn bo‘ladi va ular ham o‘zaro bir-birining o‘rnini bosa oladi. Bunda maxrajning yaqinligi ma’noning ham yaqinligini sezdirib turadi. Misol uchun, Voqi’a surasining 29-oyatidagi «وَطَلْحِ مَّنْضُورِ» lafzi boshqa qiroatda «وَطَلْع مَنْضُودِ» kabi o‘qiladi. Ushbu «’ayn» tovushi bilan «ha» tovushining maxraji bir bo‘lib, ikkisi opa-singil kabidir. «Tolhin» deb o‘qilsa, «bananzor», «tol’in» deb o‘qilsa, «tuguncha» (meva tugunchasi) degan ma’no tushuniladi.
Ammo Ibn Mas’ud roziyallohu anhuning Moida surasidagi «فَاقْطَعُو~اأيْدِيَهُمَا»ni «فَاقْطَعُوا أَيْمَانَهُمَا» kabi qiroat qilishi shozdir, ya’ni mutavotirning aksidir. Chunki ushbu qiroat ohod yo‘l bilan vorid bo‘lgan. Yana shunisi aniqki, sahobiyning ushbu qiroati oyatni tafsir qilish yo‘li asosida bo‘lgan.
Umumiy arab tilidagi yoki xos ta’birga moslashtirishdagi ta’xir yoki taqdimning ma’lum ko‘rinishi. Misol uchun, Alloh taolo mollari va jonlarini jannat evaziga sotib olgan, Uzining yo‘lida jang qiladigan mo‘minlar haqida Tavba surasining 111-oyatida: «فَيَقْتُلُونَ وَ يُقْتَلُونَ» degan, ya’ni «o‘ldirurlar va o‘ldirilurlar».
Boshqa qiroatda: «فَيُقْتَلُونَ وَ يَقْتُلُونَ» deb o‘qiladi, ya’ni «o‘ldirilurlar va o‘ldirurlar».
Birinchi qiroatga qo‘ra, mo‘minlar dushmanlarni qatl qilishga shoshiladilar. Ikkinchi qiroatga ko‘ra esa ular jang maydoniga shunday sho‘ng‘iydilarki, shoyad, Alloh taolo ularni shahid qilsa. Garchi taqdim va ta’xir bilan ta’birning siyg‘asi o‘zgargan bo‘lsa-da, ikki ko‘rinishda ham maqsadga hech qanday futur yetmaydi.
Qo‘shimchalarni ba’zan ishlatib, ba’zan tushirib qoldirish arablardagi joriy odatdir. Qo‘shilish-kamayishga oid misollar nihoyatda oz kelgan.
Tavba surasining 100-oyati qo‘shimchaning ishlatilmasligiga misol bo‘ladi:
«وَأَعَدَّ لَهُمْ جَنَّتٍ تَجْرِى تَحْتَهَا الْأَنْهَرُ»
Ushbu oyati karimaning boshqa qiroatida « وَأَعُدَّ لَهُمْ جَنَّاتِ تَجرِى تَحْتَهَا الأَنْهَارُ » deb o‘qiladi. Bu ikki qiroat ham mutavotir bo‘lib, Imom Mus'hafning rasmiga muvofiqdir. «Min»ning qo‘shilib qolishi makkiy Mus'haf rasmiga, uning hazf bo‘lgani esa boshqa mus'haf rasmiga to‘g‘ri keladi. Bunda ma’noga hech qanday o‘zgarish kirmaydi.
Kamayishiga esa Alloh taoloning Baqara surasidagi 116-oyati misol bo‘ladi:
« وَ قَالُوا اتَّخَذَ الله ُ وَلَدًا سًبْحَنَهُ »
Shomiy mus'haf rasmida ushbu oyati karimaning avvalidagi «vov» harfi yozilmagan.
Misol uchun, Toha surasining 9-oyati:
«وَ هَلْ أَتَكَ حَدِيثُ مُوسَى»
va Qiyomat surasining 4-oyati:
»بَلَى قَدِرِينَ عَلَى أَن نُّسَوِّىَ بَنَانَهُ«
Ushbu oyatlardagi "أَتَى", «مُوسَى» hamda «بَلَى» kalimalarini boshqa qiroatda imola qilib, ya’ni «a» tovushini «i» tovushiga moyil qilib o‘qiladi.
Yana: «خَبِيرًا بَصِيرًا»dagi «ro»ni tarqiq qilib o‘qish, "الصَّلَوةَ" va «الطَّلَقُ» lafzlarida «lom»ni tafxim (yo‘g‘on) qilib o‘qish ham bor.
«قَدْ أَفْلَحَ»dagi qatiy hamzani tas'hil qilib o‘qish, «لِقَوْمٍ يَعْلَمُونَ», «إِنَّا نَعْلَمُ», «وَ تَسْوَدُّ وُجُوهٌ», "أَلَمْ أَعْهَدْ إلَيْكُمْ" kabi muzori’ harflarni kasra qilib, "أَلَمْ إِعْهَدْ إليْكُمْ"، "وَتِسْوَدُّ وُجُوهٌ"، "إِنَّا نِعْلَمُ"، "لقَوْمٍ يِعْلَمُونَ" tarzida o‘qish kabilar mutavotir qiroatlarda uchraydi. Huzaliylar « حَتَّى حِينٍ»ni «عَنَّ عِينٍ» deb, ya’ni «ha»ni «a’yn»ga almashtirib o‘qiydilar.
"صِرَطَ الَّذِينَ أَنْعَمْتَ عَلَيْهِمْ" va «عَلَيْهِمْ دَآئِرَةُ السَّوْءِ» kabi muzakkar ko‘plikning «mim»ini ishbo’ qilib, «عَلَيْهِمُو» va «مِنْهُمُو» tarzida o‘qish ham bor.
"وَغِيضَ الْمَآءُ" jumlasidagi «g‘oyn»ning zammasini kasraga ishmom qilib o‘qish kabilar lahjalardagi ixtiloflarga misol bo‘ladi.
Darhaqiqat, ushbu oxirgi yettinchi vajh eng muhimi hisoblanadi. Chunki Qur’oni Karimning yetti harfda nozil bo‘lishidan ko‘zlangan buyuk hikmat ushbu oxirgi vajxda yuzaga chiqadi. Bunda lahjalari va qabilalari turlicha bo‘lgan ushbu ummat uchun osonlashtirish va yengillatish bor. Ular ayrim lafzlarni turlicha talaffuz qiladilar. Shunday ekan, ularning nutq yo‘nalishlari va lahjalarini e’tiborga olish lozimdir. Lekin lug‘atlarning o‘zinigina rioya qilish vojib emas. Chunki Qur’oni Karim arab lug‘atlarining barchasini o‘zida aks ettirgan Quraysh lug‘atida nozil bo‘lgan ekan, boshqa lug‘atlardan o‘zi xohlaganini tanlab oldi. Ba’zi ulamolarning mutaassiblik bilan aytgan «Qur’oni Karim muayyan qabilalar tilida nozil bo‘lgan» degan gaplarini aqliy dalil ham, naqliy dalil ham qo‘llab-quvvatlamaydi.
Arablar Quraysh lahjasini tanlab olib, uni o‘zlarining adabiy tillariga aylantirishdi. Ayni paytda, o‘zlari bu lahjadan ta’sirlanganlaridek, Quraysh lahjasiga ham o‘z ta’sirlarini o‘tkazishdi. Boshqa tillardagi kabi ta’sirlanish va ta’sir o‘tkazish Quraysh tilida ham sodir bo‘ldi. Tilshunoslik ilmini o‘rganadigan bo‘lsak, ushbu qonuniyat barcha tillarga ham taalluqli ekanini ko‘ramiz. Zero, bu hamma insonlarga xos xususiyat hisoblanady. Lekin barcha qabilalar o‘z xohishlari bilan turli lahjalar ichidan Quraysh lahjasini tanlab olishlarining sababi bu lahjaning asosi boy, uslubi go‘zal, lug‘at boyligi ko‘p, turli so‘zlarni turli boblarda daqiq, go‘zal, ajoyib ta’bir qilishga eng imkoniyatli bo‘lganidan edi.
Shunday qilib, kitobatlar, ta’lifotlar, she’rlar va xutbalar yolg‘iz shu lahjada joriy bo‘la boshladi. Hatto qurayshlik bo‘lmagan shoirlar ham o‘z ona tillarini chetlab o‘tib, jumlalar tuzish va nutqlar qilishda quraysh lahjasi xususiyatlaridan foydalanishga oshiqar edilar. Quraysh lahjasi sayqal topgach, arab qabilalarining Lug‘atlari ma’lum ma’noda uning ta’siri ostiga tushib qolgan edi. Darhaqiqat, Islom zohir bo‘lgach, xos arablar nazdida ta’bir asbobi bo‘lgan, kuchli, tanlangan va o‘xshashi yo‘q tilga to‘qnash keldi. Bu tilning shomilligi va ta’sir kuchi ochiq-oydin arab tilida Qur’on nozil bo‘lishi bilan yanada kuchaydi. Ushbu til o‘xshashi yo‘q, tanlangan til bo‘ldi. Quraysh lahjasi Qur’on sababli kuchaygan bo‘lsa-da, Islom o‘zidan oldingi lahjalarning saqlanib qolishiga ham to‘sqinlik qilmadi. Turli arab qabilalari o‘z iqlimlariga qaytishgach, faqat quraysh lahjasida emas, o‘zlarining lahjalarida so‘zlashar, o‘ziga xos ohang va lahjalarining sifatlarini namoyon qilishardi.
Ibn Hishom shunday deydi:
«Arablarning ba’zilari boshqalariga she’r aytishar, barchalari o‘zlariga xos tabiat taqozosida gaplashishar, shu sababli ayrim baytlarning rivoyatlari ko‘payib ketgan edi».
To‘xtatishning imkoni bo‘lmagan ushbu holatning qarshisida Qur’oni Karim arablarning xoslarini va fasohatlilarini Qur’onga o‘xshash yoki uning bir oyatiga o‘xshash narsani keltirishga chaqirdi. Bunda lug‘aviy birlikni qaror toptirish maqsadi ham bor edi. Shu bilan birga, ommaga yengil bo‘lgan yetti qur’oniy vajhda o‘qish joizligini e’lon qilib, qiroatlarda kengchilikka, lahjalarni e’tiborga olishga imkon berdi. Ommani o‘zlari uchun oson va yengil bo‘lgan joriy tildan boshqa lahjada nutq qilishga majburlamadi.
Ibn Jazariy quyidagi jumlalarni aytganda mana shularni mulohaza qilgan ko‘rinadi:
«Qur’oni Karimning yetti xarfda vorid bo‘lishi ushbu ummatga yengillik uchun hamda ularga osonlikni xohlab, sharaflarini ulug‘lab, kenglik, rahmat qilib, fazllarini xoslab, Haqning habibi, xaloyiqning afzali, ummatning Nabiysi sollallohu alayhi vasallamning maqsadlariga ijobat o‘laroq bo‘lgandir».
Ibn Jazariy bularni o‘z so‘zi bilan kengaytirib, shunday deydi:
«Darhaqiqat, anbiyo alayhimussalom o‘zlarining xos ummatlariga yuborilgan edilar. Nabiy sollallohu alayhi vasallam esa xaloyiqning barchasiga – qizil tanliyu qora tanlisiga, arabu ajamiga mutlaq yuborildilar. Tillarida Qur’on nozil bo‘lgan arablarning lug‘atlari tarqoq holda edi. Ularga bir lahjadan boshqasiga yoki bir harfdan boshqa harfga o‘tish qiyin kechar, balki gohida ba’zilari ta’lim va muolaja orqali ham bunga qodir bo‘lmas edilar».
Ushbu lahjalar ixtilofi bo‘lmish oxirgi vajhning ahamiyati ba’zi ulamolarni «yetti harf»ni lahjalar turida chyogaralab qo‘yishga olib bordi. Ayrim ulamolar esa aksincha, ushbu vajhni mutlaq unutdilar. Ibn Qutaybaning gapiga ko‘ra, «Bular (lahjalardagi ixtiloflar) lafz va ma’noda turlanadigan ixtiloflardan emas. Chunki talaffuzdagi turlilik lafzni o‘zlikdan chiqarib yubormaydi».
Yuqoridagi ikki fikr ham g‘uluvdir. Yuqorida o‘tgan olti vajhning ahamiyati yettinchi vajhning o‘zi bylan kifoyalanishga yo‘l bermaydi. Shuningdek, ba’zi tovushlarni talaffuz qilishdagi lahjalar ixtilofi sahobalar orasida voqe’ bo‘lgan ishdir. Balki, bu tilga olingan ixtilof turlarining eng kuchlisi bo‘lsa, ajab emas. Shuning uchun ham boshqa vajhlar bilan kifoyalanish joiz bo‘lmaganidek, lahjalar ixtilofini eslamay qo‘yish ham to‘g‘ri emas.
Oldingilarning «yetti vajh» masalasidagi kamchiliklari bizni alohida yo‘l tutishga, ularning barchasiga xilof qilishgaundaydi. Biz bu masalada Abu Fazl Roziyning mazhabini ixtiyor qilmadik. Muhammad Abdulazim Zarqoniy o‘zining «Manahilul-irfan fi ulumil-Qur’an» kitobida ushbu mazhabni Ibn Qutayba, Abulxoyr ibn Jazariy, Qozi Abu Bakr ibn Tayyib Boqilloniyning mazhablaridan ustun qo‘ygan. Biz ushbu zikr qilib o‘tganlarimizning mazhablarini ham ixtiyor qilmadik. Abu Fazl Roziyning mazhabini olmaganimizning sababi shuki, u kishi «Al-Lavoih» nomli kitobida harflardagi ixtilof vajhini mutlaqo zikr qilmagan (misol uchun, «يَعْلَمُونَ» va "تَعْلَمُونَ" kabilarni). Vaholanki, harflarning ixtilofi u zikr qilib o‘tgan boshqa olti vajhning birortasiga doxil bo‘lmaydi. So‘ngra u fe’llarning moziy, muzori’, amr kabi tuslanishini alohida vajh deb hisoblagan. Vaholanki, bu vajh e’robdagi ixtiloflar vajhiga doxil bo‘ladi.
Qolgan uch mazhabni ham olmaganimizning sababi sifatida ularning barchasi amaliy tarzda lahjalardagi ixtilof vajhini eslamaganlarini ko‘rsatish kifoya. Ularning ba’zilari lahjalar ixtilofini nazariy jihatdan mudofaa qilgan bo‘lsalar-da, lekin amaliy jihatdan bu mavzuga to‘xtalmaganlar.
Biz ushbu yetti vajhni tanlab olar ekanmiz, Qur’onni ado qilishda bu ixtiloflarning barchasi topiladi, demoqchimiz. Lekin bu bilan bitta kalimaning o‘zida ushbu yetti vajh topilishi lozim, demaymiz. Goho har bir kalimada bir, ikki yoki undan ko‘p vajh topilishi mumkin. Ushbu ixtiloflardan birining yuzaga chiqishi yetti vajhdan birining yuzaga chiqishi demakdir.
Biz oldingi ulamolarning fikrlarini jamlab, ularning orasini muvofiqlashtirib, ixtiloflar vajhini yettitaga yetkazar ekanmiz, bu yettilik ko‘pchilik aytgan narsadir. Qur’on Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga yetti harfda nozil bo‘lganda, u zot sahobai kiromlarning orasida edilar. Sahobalarga u zotning o‘zlari ta’lim berar va o‘rgatardilar. Ularning ko‘pchiligi o‘qish-yozishni bilmaydigan ummiy zotlar bo‘lib, «yetti harf»dan ko‘zlangan maqsadni belgilashga ehtiyojlari yo‘q edi. Eng muhimi, Qur’on jumlalarining barchasi yetti vajhdan oshib ketmasligini bilishardi. Ular Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ko‘rsatgan turli qiroatlarni amaliy suratda ado qilar edilar. Ana shu ilm bizgacha yetib keldi. Biz esa Qur’onning yetti harfda nozil bo‘lganini matnlar orqali aniq bilamiz. Biroq ushbu «yetti harf» aynan nima ekanini faqat istinbot va umumiy dalillardan xulosa chiqarish orqaligina bila olamiz.
KЕYINGI MAVZU:
Rasmi Usmoniyning takomillashuvi
[1] Ibn Jazariyning «Tabaqotul-qurro’» kitobidan. 1/292.
[2] Fath – imola qilmay, oddiy «alif» tarzida o‘qish;
Imola – «alif»ni «ya»ga moyil qilib, «e»ga o‘xshatib o‘qtssh;
Tarqiq – biror nutq tovushini ingichka, ya’ni til orqasini ko‘tarmay aytish;
Tafxim – tarqiqning ziddi, tovushni yo‘g‘on shaklda, til orqasini ko‘ta-rib talaffuz etish;
Hamz – hamza undoshini to‘liq talaffuz etish;
Tas'hil – hamza undoshini chala talaffuz etish;
Muzori’at – hozirgi-kelasi zamon fe’lini yasovchi qo‘shimcha harflar. Ular fe’lning o‘zak harflari oldidan keladi.
Qalb qilish – biror nutq tovushini boshqasiga alishtirib aytish;
Tazkir-tanis – ism va fe’llarning ikki jinsda turlanishi;
Ishbo’ – tugal cho‘zish; «mim»ni ishbo’ qilish - olmoshlarda ko‘gashkni ifodalab kelgan «mim»ning zammasini cho‘zib cho‘ziq «u» shaklida o‘qish;
Ravm – harf harakatini chala va past aytish. U kasra va zamma harakatla-ridabo‘ladi;
Ishmom – harf harakatini ovozsiz, faqat labning harakati bilan bildirish. U faqat zamma harakatida bo‘ladi.
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Bugungi kunda ko‘plab musulmon yurtlarida jamiyat ichida tafriqa va fitnalar kelib chiqishiga sabab bo‘layotgan jiddiy muammolardan biri – takfir, ya’ni musulmonlarni “kofir” deb fatvo chiqarishning ko‘payganligidir. Bu masala keyin paydo bo‘lgan masalalardan hisoblanadi. Zero, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning zamonlarida biror kishini kofir deb hukm chiqarilgani hech kimga ma’lum emas. Bu mavzu juda nozik va o‘ta xatarli masala bo‘lib, mavzuni yaxshi anglash uchun avvalo kufrning ma’nosi va ta’rifini tushunib olish lozim.
Kufr tushunchasi va uning ta’rifi
“Kufr” imonning ziddi bo‘lib, u lug‘atda “berkitish” va “yopish” ma’nosini anglatadi. Ibn Foris shunday deydi: “Kufr – iymonning ziddidir. U haqiqatni yopish va berkitish ma’nosida ishlatiladi”. (Maqoyis al-lug‘a, 5/191). Ulamolar kufrni ta’riflashda turli iboralarni aytib o‘tganlar, jumladan Ibn Hazm rahimahulloh shunday deydi: “Kufr – Allohning Rob ekanligini inkor qilish, Qur’onda nubuvvati tasdiqlangan biror payg‘ambarning payg‘ambarligini inkor qilish yoki Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam keltirgan, butun ummatning ittifoqi bilan sahih ekani ma’lum bo‘lgan narsani inkor qilishdir. Shuningdek, biror amalni bajarish kufr ekani dalillar bilan tasdiqlangan bo‘lsa, shu amalni bajarish ham kufr hisoblanadi” (Al-Fasl fil-milal val-ahvo van-nihal, 3/118).
“Al-Mavsuatul-Fiqhiya”da shunday deyilgan: "Shariatda kufr – Muhammad sollallohu alayhi vasallamning dinidan ekani aniq va zaruriy ravishda ma’lum bo‘lgan narsani inkor etishdir. Masalan, Allohning borligini, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning payg‘ambarligini yoki zinoning haromligini inkor qilish shu jumladandir" (Al-Mavsuatul-Fiqhiya. 15/34)
Takfirning tarixiy ildizlari
Endi bu masalaning tarixiga nazar tashlasak, musulmonlarni kofirga chiqarishga birinchi bo‘lib jur’at qilganlar “xavorijlar” firqasi hisoblanadi. Ular “Mo‘min kishi gunoh ish qilsa, kofirga aylanadi”, “Yomon amal qilgan musulmon Islomdan chiqadi”, deb hisoblaganlar. Xo‘sh, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam tomonlaridan “jahannam itlari” deb nomlangan, musulmonlarni kofirga chiqarib, ularning qonini halol sanaydigan bu toifa qayerdan kelib chiqqan? Bu borada Hofiz Ibn Hajar Asqaloniy rahimahulloh o‘zlarining “Talxis al-Xobir” asarlarida qisqacha to‘xatalib, shunday deganlar: Aslida xavorij so‘zi “xuruj”, ya’ni “qarshi chiqish” so‘zidan olingan bo‘lib, ular Hazrati Ali ibn Abu Tolib roziyallohu anhuga qarshi chiqqanliklari uchun shu nom bilan atalgan edilar. Ular avvaliga Hazrati Ali roziyallohu anhuning tarafida edilar va Hazrati Ali roziyallohu anhu bilan birga Jamal va Siffin janglarida ishtirok etishgan edi. Siffin jangining nihoyasida shom ahli mag‘lubiyat yaqinligini sezgach mus'haflarni nayzalarga ilib, qarshi tomonni Allohning kitobini orada hakam qilishga chaqirishni maslahat berishdi. Hazrati Ali roziyallohu anhu avvaliga bu fikrni unchalik ma’qul ko‘rmadilar. Lekin U zotning safdoshlari orasida Allohning kitobini hakam qilishga rozi bo‘lganlar ko‘pchilik edi. Natijada, Hazrati Ali roziyallohu anhuning musulmonlar qonini to‘kmaslik haqidagi istaklari ustun kelib, hakamlikka rozi bo‘ldilar. Ammo xavorijlar keyinroq bu qarorni inkor qildilar va: “Hakamlikni qabul qilib, xato qilibmiz! Endi xatoni tuzatishimiz kerak! Allohning hukmidan boshqa hukm yo‘q! deb baqira boshladilar”. Ular Hazrati Ali roziyallohu anhu va hakamlikka rozi bo‘lganlarning barchasini kofir deb “fatvo” chiqardilar va faqat tavba qilib, ularga qo‘shilganlarni imonda qolgan deb hisobladilar. Hattoki bu gumrohlar, Rasululloh sollallohu alayhi va sallamdan jannat bashoratini eshitgan Hazrati Alidek zotga: “Sen o‘zingni kofir deb tan ol, so‘ngra tavba qil, ana shunda biz senga itoat qilamiz”, deyishgacha bordilar. Albatta, Ali roziyallohu anhu bunga rozi bo‘lmadilar. Shundan so‘ng xavorijlar U zotga qarshi chiqib, urush ochdilar (Talxis al-Xobir, 6/2709).
Bora-bora xavorijarning qiladigan ishi musulmonlarni kofirga chiqarishdan boshqa bo‘lmay qoldi. Ularning bu ashaddiy mavqiflari qirg‘inbarot urushlarga, musulmonlarning behisob qonlari to‘kilishiga olib keldi. Eng yomoni, aqida bobida keraksiz ixtiloflar avj oldi. Natijada aqida poydevori darz ketdi. Faqat Ahli sunna val jamoa mazhabi ulamolari jasorati va ulkan mehnati evaziga bu darz qaytadan to‘g‘rilandi.
Takfirning xatarlari
Birovni kofir deyish oson ish emas. Chunki bu ishning orqasidan kelib chiqadigan hukmlar ham o‘ta xatarlidir. Bu ishning juda nozik va o‘ta xatarli ekanini tushunish uchun quyida Qur’on va Sunnat hamda ulamolarimizning so‘zlaridan bir qancha dalillarni keltirib o‘tamiz. Alloh taolo aytadi:
يَأَيُّهَا الَّذِينَ ءَامَنُوا إِذَا ضَرَبْتُمْ فِي سَبِيلِ اللَّهِ فَتَبَيَّنُوا وَلَا تَقُولُوا لِمَنْ أَلْقَى إِلَيْكُمُ السَّلَامَ لَسْتَ مُؤْمِنًا
“Ey iymon keltirganlar! Alloh yo‘lida jihodga chiqsangiz, aniqlab olinglar va sizga salom bergan kimsaga, mo‘min emassan, demanglar” (Niso surasi, 94-oyat).
Ushbu oyati karimaning nozil bo‘lish sababi haqida Imom Ahmad rahimahulloh, hazrati Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisda quyidagilar aytiladi: “Banu Salim qabilasidan bir odam bir guruh sahobaning oldidan qo‘ylarini boqib o‘tib qoldi va ularga salom berdi. Sahobalar: “Bizdan qo‘rqqanidan salom berdi, bo‘lmasa, bermas edi”, dedilar-da, uni o‘ldirib, qo‘ylarini Nabiy sollallohu alayhi va sallam huzurlariga haydab bordilar. Shunda Alloh taolo: “Sizga salom bergan kimsaga, mo‘min emassan, demanglar”, oyatini nozil qildi. (Tafsir Ibn Kasir, 2/337). Alloh taolo ushbu oyatda musulmonlarni shoshqaloqlik bilan birovni imonsiz deb hukm qilishdan qaytarmoqda, Zero birovning qalbida imon bor yo‘qligini faqat Alloh taologina biladi. Shuning uchun har qanday shubha yoki taxmin asosida insonni mo‘minlikdan chiqarish, unga dushmanlarcha munosabatda bo‘lish mutlaqo noto‘g‘ri va haromdir.
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam ham musulmonni kofirga chiqarish xatarini bir qancha hadislarida bayon qilganlar. Jumladan: Rasululloh sallallohu alayhi vasallam shunday deganlar:
عَنِ ابْنِ عُمَرَ، أَنَّ النَّبِيَّ ﷺ قَالَ: «إِذَا كَفَّرَ الرَّجُلُ أَخَاهُ فَقَدْ بَاءَ بِها أَحَدُهُمَا.
Ibn Umar roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Kishi birodarini kofirga chiqarsa, albatta, ikkisidan biri kufrga duchor bo‘ladi”, dedilar (Sahihi Muslim, 123-hadis).
Ya’ni, kim, mo‘min birodarini kofir deyish mumkin, degan e’tiqodda kofir desa, o‘zi kofir bo‘ladi. Chunki halolni harom deb bilish kufr bo‘ladi. Bu holatda kimningdir iymoniga, shahodatiga hamla qilib, uni kofirga chiqarmoqda. Natijada uning o‘zi kofir bo‘ladi. Ikkinchi fikr shuki: Birovni “Ey kofir”, deyish kishini kufrga olib boradi. Ya’ni bunday deyishda kofir bo‘lib qolish xavfi bor. Bu inson bugun kofir bo‘lmasa-da, bora-bora bir kun dindan chiqib qoladi (Sharhi Navaviy 2/50).
Shunday ekan, birovni kofir deyishdan oldin bu gap o‘ziga qaytishi mumkinligini yaxshilab o‘ylab qo‘yish kerak bo‘ladi.
Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bunday deganar:
عَنْ أَنَسِ، عَنِ النَّبِيِّ ﷺ قَالَ: «ثَلَاثٌ مِنْ أَصْل الْإِيمَانِ: الْكَفُّ عَمَّنْ قَالَ لَا إِلَهَ إِلَّا الله ، وَلَا نُكَفِّرُهُ بذَنْبٍ، َلَا تُخْرِجُهُ مِنَ الْإِسْلَامِ بِعَمَل
Uch narsa iymonning aslidir: “Laa ilaha illallohu” degan kimsaga tegmaslik; gunohi tufayli uni kofirga chiqarmaymiz; amali tufayli uni Islomdan chiqarmaymiz” (Abu Dovud rivoyati 2532-hadis). Ya’ni kalimai shahodatni aytib, o‘zining musulmonligini bildirib turgan kishiga tegmaslik, uning joniga, moliga zarar yetkazmaslik zarur. “Laa ilaha illallohu”ni aytib, zohirida musulmon bo‘lib ko‘ringan odamni qilgan gunoh ishi tufayli kofirga chiqarmaymiz. U kofir emas, nari borsa osiy mo‘min bo‘ladi. Kalimai tavhidni aytib, Islomni zohiridan ko‘rsatib turgan odamni amali tufayli Islom millatidan chiqarmaymiz. Bunday odamlarga amaliga yarasha tayin qilingan shar’iy jazo beriladi. E’tiqodi buzilmasa, Islomdan chiqqan hisoblanmaydi. Umumiy qoida mana shu!
Takfirga shoshilmaslik borasida ulamolarning so‘zlari
Ahli sunna val-jamoa ulamolari musulmonni kufrda ayblash masalasida nihoyatda ehtiyot bo‘lishga buyurganlar. Buyuk muhaddis va faqih Abu Ja’far Tahoviy rahimahulloh o‘zining Al-Aqida at-Tahoviya asarida bunday deganlar: “Qibla ahllarining birontasini gunohi sababli, modomiki uni halol sanamas ekan, kofirga chiqarmaymiz” (Al-Aqida at-Tahoviya). Bu esa shuni anglatadiki, agar bir musulmon gunohga qo‘l urgani bilan uni halol deb bilmasa, u hanuz Islom doirasida qoladi. Zero, gunoh boshqa, kufr boshqa.
Mulla Ali Qoriy rahimahulloh ham bu borada mashhur hanafiy olimi Ibn Nujaym rahimahullohning so‘zlarini keltiradilar: “Agar musulmonni kofir deyishga dalolat qiladigan to‘qson to‘qqizta dalil bo‘lsa-yu, musulmon deb bilishga dalolat qiluvchi birgina dalil bo‘lsa, muftiy va qozilar uchun o‘sha bitta dalilni olish lozim bo‘ladi” (Sharh ash-Shifa).
Bu so‘zlar musulmonni osonlikcha takfir qilish naqadar katta xatarlarga olib borishini ochiq-oydin ko‘rsatmoqda. Islom shariatida kishining imonidan chiqishi faqat aniq va qat’iy dalillarga tayanishi lozim. Gumon yoki noto‘g‘ri talqin asosida birovni kofirga chiqarish jamiyatni ulkan fitna sari yetaklaydi. Shu bois, mo‘min kishi doimo o‘z birodari haqida yaxshi gumonda bo‘lishi lozimdir.
Bugungi kunda takfir muammosi
Yuqoridagi dalillar va tarixiy misollar takfir masalasining naqadar nozik va xatarli ekanini ta’kidlaydi. Afsusuki, bugungi kunda takfir masalasi yana dolzarb muammolardan biriga aylanib, ba’zi guruhlar tomonidan noto‘g‘ri talqin qilinmoqda. Ayrim ekstremistik harakatlar va radikal oqimlar musulmonlarni osongina kofirlikda ayblab, jamiyatda bo‘linish va fitnaga sabab bo‘lyapti. Ularning targ‘iboti natijasida yoshlar orasida mutaassiblik kuchayib, o‘zini haq, boshqalarni esa botil deb biladigan kayfiyat shakllanmoqda. Bu holatning asosiy sabablaridan biri – ilmsizlik, Qur’on va Sunnatni noto‘g‘ri tushunishdir. Ko‘pchilik mutaassib kishilar islomiy ilmlarni mustahkam o‘rganmasdan, ayrim shubhali manbalar yoki noto‘g‘ri targ‘ibotlar ta’sirida qolib, noto‘g‘ri qarashlar girdobiga tushib qolishmoqda.
Xulosa
Xulosa o‘rnida shuni aytish mumkinki, Islom aqida bobida ham, ibodat bobida ham, o‘zini tutish bobida ham va boshqa boblarda ham mo‘tadillikka asoslangan. Bunday mo‘tadillikning chegarasini bilish uchun esa asosli ilmiy mezon kerak. Ana shu asosli mezonga ega bo‘lish uchun esa islomiy ilmlarning barchasini asl masdarlardan, yetuk va taqvodor ulamolardan to‘liq o‘rganish kerak. Bu narsalarga odob-axloq, hilm va bosiqlik hamda har bir narsani o‘z o‘rnida to‘g‘ri baholay bilish omillari qo‘shilgandagina, o‘ng yoki so‘lga burilib, halokat jari yoqasiga kelib qolish xavfining oldi olingan bo‘ladi.
So‘zimiz so‘ngida Robbimizdan so‘raymizki: Ey Robbimiz, bizni dunyo va oxiratda hidoyat topgan bandalaring qatoriga qo‘shgin! Bizni fitnalardan uzoq, haq yo‘lda sobit qilingan va Sening rizoyinga erishgan zotlardan qilgin. Amin!
Azimjon RIXSIBOYEV,
Toshkent Islom instituti talabasi.