Hadisi qudsiyda shunday deyiladi:
أوحى الله إلى داوود «عليه السلام» إن العبد ليأتي بالحسنة يوم القيامة، فأحكمه بها في الجنة، قال داوود: يا رب ومن هذا العبد؟ قال: مؤمن يسعى لأخيه المؤمن في حاجته، يحب قضاءها، قضيت على يديه أو لم تقض»
(رواه الخطيب وابن عساكر).
ya’ni: “Alloh taolo Dovud alayhissalomga “Bir banda qiyomat kunida bitta yaxshilik bilan keladi va Men uni o‘sha yaxshilik sababli jannatga hukm qilaman”, - deb vahiy qildi. Dovud alayhissalom: “Robbim! U banda kim bo‘ldi?” dedi. Alloh taolo: “U mo‘min birodarining hojatini chiqarish uchun say-harakat qiladigan, o‘sha birodarining hojatini chiqara oladimi yo‘qmi, bundan qat’iy nazar uning hojati ravo bo‘lishini xohlaydigan banda, - dedi” (Xatib, Ibn Asokir rivoyat qilishgan).
Mazkur hadisi sharif musulmonlarni o‘z birodarlarining hojatlarini chiqarish, g‘am-g‘ussalarini yengillatish, orzu-umidlarini amalga oshirishda hamisha harakat qilishga targ‘ib qilib, mana shunday xayrli ishlarni qilishda himmatli bo‘lishga undaydi.
Bir oz tin olib, ushbu hadisdagi Alloh taoloning “Men uni o‘sha yaxshilik sababli jannatga hukm qilaman”, degan so‘zini taammul qilib ko‘rsak, Alloh taolo o‘zgalarga yaxshilik qilish uchun say-harakat qiluvchi mo‘min bandaga jannatda o‘zi xohlagan ne’matlarini berishi, o‘sha ne’matlardan u istaganicha foydalanish imtiyoziga ega bo‘lishini, anglab yetamiz.
Alloh subhanahu va taolo ushbu hadisi qudsiyda Dovud alayhissalomga vahiy qilib, “mo‘min banda bu dunyoda faqat Alloh taoloning roziligi uchun, xolis, evaziga biror kishidan rahmat umid qilmay solih amal qilsa, Alloh taolo bandaning qilgan yaxshiligi uchun mukofot o‘laroq O‘z huzurida jannatning oliy ne’matlari ila huzurlanish imkoniyatini unga tortiq qiladi”, deb xabar qilmoqda. Vo ajab, Alloh taolo bunday bandaga tayyorlab qo‘ygan martaba naqadar ulug‘!
Alloh taolo ushbu hadisi qudsiyda musulmon birodarlariga yaxshilik qilishni sevadiganlar va ularning ehtiyojlarini qondirish yo‘lida say-harakat qiladiganlar uchun shu dunyoning o‘zida ularga jannat bashoratini bermoqda. Alloh taolo musulmon birodarlarining ehtiyojlarini qondiradigan yoki ehtiyojini qondirolmasa ham shu yo‘lda say-harakat qiladigan kishilarga ko‘plab mukofotlar tayyorlab qo‘ygandir.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bizlarni ushbu fazilatli ishni qilishimizga undab shunday deganlar:
ان لله خلقا خلقهم لحوائج الناس، يفزع الناس اليهم في حوائجهم اولئك الآمنون من عذاب الله (رواه الطبراني).
ya’ni: “Alloh taolo ba’zi insonlarni odamlarning hojatlari uchun yaratdi va insonlar o‘z ehtiyojlarini qondirishda ularga murojaat qiladi. Ana o‘sha kishilar qiyomatda Alloh taoloning azobidan omonda bo‘ladilar” (Tabaroniy rivoyat qilgan).
عن ابن عمر رضي الله عنهما وعن ابن عباس ر ضي الله عنهما قال عن النبي صلى الله عليه وسلم «من مشى في حاجة أخيه كان خيراً له من اعتكاف عشر سنين، ومن اعتكف يوماً (أي مكث في المسجد يوماً) ابتغاء وجه الله جعل الله بينه وبين النار ثلاثة خنادق، كل خندق أبعد مما بين الخافقين
ya’ni: Ibn Umar va Ibn Abbos roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollalohu alayhi vasallam: “Kim birodarining hojatida say-harakat qilsa, uning bu harakati o‘n yil davomida e’tikofda o‘tirishdan yaxshiroqdir. Kimki Allohning roziligini ko‘zlab bir kun (masjidda) e’tikof o‘tirsa, Alloh taolo u bilan jahannam o‘rtasida uchta xandaq (chuqur) qiladi, har bir xandaqning kengligi mashriq bilan mag‘ribning oralig‘idan ham kengdir”, dedilar.
Insonlarning ehtiyojini qondirish kishini qiyomatda Alloh taloning azobidan omonda qiladi. Hech kimga sir emaski, e’tikof bandani Rabbisiga yaqinlashtiradigan eng afzal ibodatlardan biri bo‘lib, e’tikof o‘tiruvchi bilan shaytonning vasvasasi o‘rtasida to‘siq bo‘ladi. Biroq, musulmon birodarining ehtiyojlarini qondirish yo‘lida say-harakat qilish undanda afzaldir.
Qarangki, Alloh taolo ba’zi insonlarni boshqa kishilarning hojatini chiqarish uchun vazifador qilib qo‘ygan. Modomiki, ular o‘zlarining zimmalarida o‘zgalarning haqlari bor deb bilar ekanlar, ularga jannat va’da qilinmoqda. Shunday ekan, muhtoj kimsalar ularning oldiga takror-takror borishlaridan malollanmasinlar. Zero, Alloh azza va jalla boshqa musulmonlarning hojatlari bilan mashg‘ul bo‘lishlari uchun ularga ne’matlar ato qilgandir. Agar ular bu ne’matning haqqini ado qilib, o‘z egalariga topshirsalar, Alloh ularni ne’mat ichra bardavom qiladi va barokatli qiladi. Agar malollansalar, Alloh taolo ulardan bu ne’matini olib qo‘yadi, boshqa bandasiga beradi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam marhamat qildilar:
ان لله عند قوم نعماً أقرها عندهم ما كانوا في حوائج المسلمين، ما لم يملوهم فإذا ملوهم نقلها إلى غيرهم
ya’ni: “Ba’zi kishilarga Alloh taolo ne’mat ato qilganki, modomiki ular musulmonlarning hojatini chiqarishda malollanmasalar, Alloh taolo ulardagi bu ne’matni bardavom qilib beradi. Bordiyu, malollanadigan bo‘lsalar,ne’matlarini ulardan olib, o‘zgalarga topshiradi”.
Darhaqiqat, kishi o‘z hojatini qondirishga kuchi yetmay turgan bir paytda uning ko‘ngliga xursandchilik sig‘adimi? Ana shunday pallada biror hojatbaror ro‘paradan chiqib, hojatini ravo qilsa, qanday holga tushadi. Shubhasiz, qalbini kuchli hayajon va xursandchilik qamrab oladi.
Agar Alloh taolo sizni musulmonlarning hojatlarini chiqarishga muyassar qilgan bo‘lsa, bu siz uchun katta baxt va ulkan sharafdir. Chunki, musulmon birodarining qalbiga xursanchilik kirgizish Allohning nazdidagi eng afzal va suyukli amaldir. Payg‘ambarimiz Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:
أحب الناس إلى الله أنفعهم للناس، وأحب الأعمال إلى الله عز وجل سرور تدخله على مسلم، تكشف عنه كربه، أو تقضي عنه ديناً، أو تطرد عنه جوعاً، ولأن أمشي مع أخ في حاجة أحب إلي من اعتكف في هذا المسجد شهراً ـ يعني مسجد المدينة ـ ومن كظم غيظه ولو شاء أن يمضيه أمضاه ملأ الله قلبه يوم القيامة رضى ومن مشى مع أخيه في حاجة حتى يقضيها له، ثبت الله قدميه يوم تزول الأقدام
ya’ni: “Allohga eng sevimli banda odamlarga ko‘proq manfaati tegadiganidir. Alloh taologa eng mahbub amal musulmonning qalbiga xursandchilik kirgizishing, undan g‘am tashvishlarini aritishing, zimmasidagi qarzini uzib berishing, ochligini ketkazishingdir. Musulmon birodarimning hojatini chiqarish yo‘lida yurishim masjidun nabaviyda bir oy e’tikof o‘tirishimdan yaxshiroqdir. Kim o‘ch olishga qodir bo‘la turib g‘azabini yutsa, Alloh uning qalbini qiyomat kunida o‘zining roziligi bilan to‘ldiradi. Kim birodarining hojati bilan yurib, uni ravo qilsa, Alloh qadamlar toyadigan kunda uning qadamlarini sobit qilib qo‘yadi”,- dedilar.
Mazkur hadisdan, modomiki banda birodarining yordamida bo‘lar ekan, Alloh taolo uning yordamida ekanligi ma’lum bo‘ladi.
Ey Allohim, bizlarni musulmonlarning hojatlarini chiqaruvchilardan qilgin hamda ularning qalblariga surur kirgizish bilan qiyomat kuni O‘z roziligingni topishimizni nasib et. Ey, rahimlilar rahimlisi!
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
raisining birinchi o‘rinbosari
Homidjon Ishmatbekov
Savol: Mahallamizdagi qabristonda mevali daraxtlar bor. Ularning mevalari pishgan paytda, ko‘pchilik qatori biz ham kirib yeb turamiz. Ba’zilar bu ish joiz emas deb qolishdi. Shunga dinimizda nima deyilgan?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Bu haqida Burhoniddin ibn Moza rohimahulloh shunday zikr qilganlar: "Qabristondagi daraxtlarning hukmi ikkiga bo‘linadi:
1. Ular yer qabristonga aylantirilishidan oldin ekilgan bo‘lishi mumkin;
2. Ular yer qabristonga aylantirilganidan keyin ekilgan bo‘lishi mumkin. Agar daraxtlar yer qabriston qilinishidan oldin ekilgan bo‘lsa, ekkan odamning mulki bo‘ladi. Shuning uchun, daraxtlarning egasi tirik bo‘lsa, uning roziligi bilan yoki undan sotib olib, keyin iste’mol qilish joiz bo‘ladi. Agar daraxtlarning egasi ulardan odamlar yeyishlarini muboh qilgan (ruxsat bergan) bo‘lsa, u holda so‘ramasdan yeyish ham joiz bo‘ladi. Ammo egasining niyati ma’lum bo‘lmasa yoki egasi vafot etgan bo‘lsa va nima maqsadda ekkani noma’lum bo‘lsa, u holda ulardan yeyish joiz bo‘lmaydi. Agar daraxtlar yer qabristonga aylantirilganidan keyin ekilgan bo‘lsa, ushbu holatda ham, ular egasining mulki hisoblanadi.
Shunga ko‘ra, bunda ham egasining niyatiga bog‘liq bo‘ladi. Agar egasi ma’lum bo‘lmasa yoki uning niyati ma’lum bo‘lmasa, u holda ular qabristonning mulki bo‘lgani uchun, ularni sotib, pulini qabristonning ehtiyojlari va ta’miri uchun ishlatiladi” (“Muhiyt”).
Demak, qabristondagi mevalarni yeyish yoki boshqa ekinlarni olish, ularni ekkan egasining niyatiga bog‘liq bo‘lar ekan. Agar boshqalar yeyishlari yoki foydalanishlari uchun ekkan bo‘lsa, ulardan yeyish joiz bo‘ladi. Ammo o‘zi uchun ekkan bo‘lsa, yoki niyati ma’lum bo‘lmasa, yoki kim ekkani ma’lum bo‘lmasa, u holda ularni pulga sotib olib yeyish yoki foydalanish joiz bo‘ladi xolos.
Shu o‘rinda shuni ham ta’kidlash joizki, ba’zilar qabristondagi mevali daraxtlarning tomiri mayyitning qoni va najosatidan ozuqa olgani uchun, ularni yeyish makruh degan da’volarni qilishadi. Bunga javoban ulamolar ushbu da’vo o‘rinsiz hisoblanadi. Chunki daraxtlarning ildizlari garchi najosatdan ozuqa olsa ham, istihola (bir narsani butunlay boshqa narsaga aylanishi) yo‘li bilan boshqa moddaga aylanadi va ularning mevalarini yeyish hech bir makruhliksiz joiz va halol bo‘ladi deganlar ("Ahkomul-janoiz"). Ammo shunday bo‘lsada, qabristonlarga mevali daraxtlarni ekmaslik tavsiya qilinadi. Zero, ularning tomirlari qabrlarni o‘pirilishiga olib kelishi mumkin. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.