O‘zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi oliy va o‘rta maxsus islom ta’lim muassasalariga 2020-2021 o‘quv yili uchun abituriyentlar hujjatlari masofaviy tarzda qabul.muslim.uz sayti orqali qabul qilinadi.
O‘rta maxsus islom ta’lim muassasalariga:
– 2020 yilning 15 iyunidan 5 iyuligacha (shu kuni ham).
Talab qilinadigan hujjatlar:
– pasport (elektron shaklda);
– attestat yoki diplom (akademik litsey, o‘rta maxsus kasb-hunar kollejini tamomlaganlik to‘g‘risida) elektron shaklda;
– til bilishi to‘g‘risidagi sertifikat (attestat yoki diplomida yozilgan chet tilidan boshqa xorijiy tilda topshirmoqchi bo‘lganlar uchun) elektron shaklda.
Oliy diniy ta’lim muassasalariga:
– Toshkent islom instituti va Mir Arab Oliy madrasasiga
2020 yilning 15 iyunidan 15 iyuligacha (shu kuni ham);
– Hadis ilmi maktabiga 2020 yilning 15 iyunidan 5 iyuligacha (shu kuni ham).
Talab qilinadigan hujjatlar:
– pasport (elektron shaklda);
– o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasini tamomlaganlik to‘g‘risidagi hujjat (diplom) elektron shaklda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Ta’lim va ilmiy-tadqiqot bo‘limi
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Hamdu sano olamlar Parvardigori, biz yashirayotgan va oshkora qilgan narsalarimizni biluvchi Alloh taologa bo‘lsin. Undan hech narsa maxfiy emas — yerda ham, osmonda ham. Uni shukr va hamdlar bilan yod etamiz. Kimki o‘z ayblari bilan mashg‘ul bo‘lsa, boshqalarning ayblariga qaramaydi. Muhammad sollallohu alayhi vasallamga, U zotning oila a’zolari va sahobalariga Allohning salomu duolari bo‘lsin.
Ey musulmonlar! Allohdan qo‘rqinglar va o‘zingizni g‘iybat va chaqimchilik halokatiga tashlamanglar. Chunki bu ikki illat birodarlik aloqalari va islomiy bag‘rikenglik uchun katta xavf soluvchi, jirkanch sifatlardandir. Ular qaysi jamiyatda keng tarqalsa, o‘sha jamiyatning birligi parchalanadi, dillar orasida muhabbat o‘rniga adovat paydo bo‘ladi, dushmanga qarshi madadsiz qolingan bo‘ladi.
Chaqimchilik — bir odamning gapini boshqasiga yetkazib, ular o‘rtasini buzishga harakat qilishdir. Bu illat qancha falokatlar keltirib chiqargan, qancha do‘stlikni parchalagan, muhabbatni nafratga aylantirgan! Shundan kelib chiqib ulamolar buni sehr deb ataganlar.
Chaqimchilikdan saqlanaylik! U pastkash insonlarning odatidir. U yomonliklarni tarqatadi, sirlarni fosh qiladi, katta isyonlarga sabab bo‘ladi. Kimki sizga chaqimchilik qilsa, bilingki, u siz haqingizda ham boshqalarga chaqimchilik qiladi.
G‘iybat — birodaringizni uni yo‘qligida o‘zining yoqtirmaydigan narsalari bilan tilga olishdir — uning xulqi yoki qiyofasi haqida bo‘lsa ham. Hatto o‘sha narsa unda haqiqat bo‘lsa ham, bu — g‘iybat. Agar unda bo‘lmasa, bu tuhmat bo‘ladi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan g‘iybat haqida so‘ralganda: G‘iybat — birodaringizni u yoqtirmaydigan holatda tilga olishingdir, dedilar. — Agar men aytganim u kishida bo‘lsa-chi? — deb so‘raldi. — Agar aytganing unda bo‘lsa, g‘iybat qilgansan. Agar bo‘lmasa, unga tuhmat qilgansan, — dedilar.
G‘iybatdan saqlanaylik! Bu gunohni kichik deb bilmaylik. Oisha roziyallohu anho Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga Safiya onamiz haqida bir so‘z aytganlar, ya’ni — “U pakana”, deganlar. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Sen hozir shunday so‘z aytdingki, agar uni dengiz suviga aralashtirsang, uni bulg‘ashga yetar edi!”, deganlar.
G‘iybat va chaqimchilik — qabr azobining sabablaridandir. Rasululloh alayhissalom aytdilar: «Meni me’rojga olib chiqishganida, tirnoqlari misdan bo‘lgan insonlarni ko‘rdim, o‘z yuzlari va ko‘kraklarini tirnar edilar. Jabroildan so‘radim: “Bular kimlar?” Jabroil: “Bular insonlarning go‘shtini yeganlar va ularning sharaflariga tajovuz qilganlardir”, dedilar».
Boshqa musulmonlarning obro‘larini hurmat qilaylik! Rasululloh alayhissalom Xajjatul Vado’da: “Albatta, sizlarning qonlaringiz, mollaringiz va obro‘laringiz — bir-biringizga harom, bu kun, bu oy, va bu shaharingizning hurmati kabi” deb aytdilar.
Alloh bunday deydi: “Albatta, mo‘minlar orasida fahsh ishlar tarqalishini xohlaydiganlarga dunyo va oxiratda alamli azob bo‘ladi. Alloh biladi, sizlar bilmaysizlar”.
Alloh taolo bizlarni Qur’oni karim va Rasulining sunnatlariga muvofiq hayot kechirishimizni nasib etsin.
Homidjon domla ISHMATBЕKOV