Qalblarni poklash sari: “Yaxshilik bo‘lsin! Kimning aqli amir bo‘lib, havoi nafsi unga asir bo‘lsa.
17. Ulamolar aytadilarki: “Yaxshilik bo‘lsin! Kimning aqli amir bo‘lib, havoi nafsi unga asir bo‘lsa. Voy bo‘lsin! Kimning havoi nafsi amir bo‘lib, aqli unga asir bo‘lsa”.
Ulamolar, havoi nafs jamiki yomonliklarning boshlanishidir. Chunki shahvatlar nafsga joylashtirilgan, deydilar. “Havo” esa yengil yel bo‘lib, u azob-uqubatlar, iztiroblar to‘la “joy”dan chiqadi. So‘ngra shahvat to‘la nafsni qo‘zg‘atib unga kuch beradi. Natijada, inson ko‘z ko‘rib quloq eshitmagan jirkanchliklarga, jinoyat va razilliklarga qo‘l uradi. Holiga esa voy bo‘ladi. Aql esa tanadagi bu g‘alayonni tarqatib, shahvat olovini o‘chirib turadi. Shu sabab aql va tafakkur egalari doimo yaxshiliklar ichra baxtiyor yashaydilar.
18. “Kim gunohlarni tark etsa, uning qalbi yumshoq bo‘ladi. Yana kimki haromni tark qilib, halolni yesa, uning fikri musaffo bo‘ladi”.
Qalb oppoq matoga o‘xshaydi. Agar inson gunoh ish qilsa o‘sha oq matoda bitta qora dog‘ paydo bo‘ladi va gunoh ishlarda bardavom bo‘lsa, oppoq mato qop-qora dag‘al buyumga aylanib, dag‘allashib qotib qoladi. Natijada, yaxshilik, amri ma’ruf va tarbiya unga kor qilmay qoladi.
Endi bu qotgan va kirlangan qalbni faqatgina gunohlarni tark etish orqali yumshatish mumkin.
Halol luqma yegan inson esa, o‘zgalarga nisbatan samimiy, xolis va musaffo fikrlaydigan bo‘ladi.
Manbalar asosida Saidabror Umarov tayyorladi
Cavol: Kollejda o‘qib yurgan vaqtlarimda ba’zan avtobusdan yo‘lkirani bermasdan tushib ketardim. Bu ishning og‘ir gunoh ekanini anglab yetdim. Buni qanday to‘g‘rilasam bo‘ladi? Taxminiy hisoblab, sadaqa qilsam bo‘ladimi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Siz bu ishingiz uchun avvalo istig‘for aytib, tavba qilasiz. To‘lamagan yo‘lkiralaringizni taxminiy hisoblaysiz hamda o‘zingiz foydalangan avtobuslar boshqarmasidan yo‘lkiralar to‘lanadigan hisob raqamlari bo‘lsa, qarzlaringizni shunga o‘tkazib qo‘yasiz va shu bilan zimmangizdagi yukdan qutilasiz, inshaalloh. Agar ularda bunday imkoniyat bo‘lmasa, sadaqa qilib yuborasiz.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.