Sayt test holatida ishlamoqda!
27 Dekabr, 2024   |   26 Jumadul soni, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:22
Quyosh
07:48
Peshin
12:29
Asr
15:20
Shom
17:04
Xufton
18:24
Bismillah
27 Dekabr, 2024, 26 Jumadul soni, 1446

Karantin davrida bemorlarni masofadan turib yo‘qlaylik!

8.06.2020   2657   5 min.
Karantin davrida bemorlarni masofadan turib yo‘qlaylik!
Islom dinida kasalni ziyorat qilish eng ulug‘ savobli amallardan biri hisoblanadi. Barcha ezgu amallar kabi bu ishni ham astoydil, ixlos bilan ado etish lozim. Karantin davrida bemorlarni borib ziyorat qilgandan ko‘ra, telefon orqali hol-ahvol so‘rab turgan ma’qul. Agar juda yaqin tanishi: ota-onasi, aka-uka, opa singlisi bo‘lsa, ularni ziyorat qilgani borganda, karantin qoidalariga qat’iy rioya qilish zarur.
 
Kishi bemor bo‘lganida sog‘ paytidan ko‘ra yaxshiroq amal yoziladi. Uning har bir holati ibodat qilgan bilan teng. Janobi Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam: “Kasalning ingrashi – tasbeh, ohi – tahlil, nafasi – sadaqa, uyqusi – ibodatdir, bir tomondan ikkinchi tomonga ag‘darilishi – Alloh yo‘lida jiddu jahddir. Unga sog‘lik vaqtidagi amaldan yaxshiroq amal yoziladi”, – dedilar.
 
Kasallik tufayli musulmon kishi ulkan ajru savobni qo‘lga kiritadi, gunohlari kechiriladi. Janobi Rasululloh sallallohu alayhi vasallam aytadilar: “Mo‘min kishiga yetgan har bir musibat uchun – kasallik, qiyinchilik, alam, notinchlik, g‘am-tashvish, hattoki kirgan bir tikan uchun ham ulkan savoblarga sazovor bo‘lishi bilan birga, o‘sha yetgan musibatlar evaziga bandachilik bilan qilgan saxvu xatolari kechirib yuboriladi".
 
Alloh taolo har kimga ham dard beravermaydi, balki dardni O‘zining suygan bandasiga uning amal daftariga yaxshiroq amal yozilishi uchun, uning gunohlarini kechirib darajasini ko‘tarish uchun berar ekan.
 
Shu bilan birga, bemorni ziyorat qilishning fazli ham ulug‘. Bemorni ko‘rgani, hol-ahvolini so‘ragani borgan kishi ham ulkan ajru savobni qo‘lga kiritadi.
 
Ibn Umar rivoyat qiladi. Hazrati Payg‘ambar alayhissalom: “Kim kasalni ziyorat qilsa, go‘yoki Alloh yo‘lida bir kun ro‘za tutgandekdir. Bir kuni yetti yuz kunga teng”, dedilar. Yana bir hadisi sharifda Janobi Rasululloh sallallohu alayhi vasallam marhamat qiladilar: “Kimki kasal yotgan odamni ko‘rgani borsa, osmondan bir nido keladiki: “Yaxshi ish qilding, qadaming qutlug‘ bo‘ldi, sen o‘zing uchun jannatdan joy tayyorlading”, dedilar (Imom Termiziy rivoyatlari).
 
Shu bois bemor odamni ziyorat qilgani borganda undan duo so‘rashni ham unutmaslik kerak. Zero, Allohning bergan dardiga sabr qilib yotgan bemorning duosi, albatta, ijobat bo‘ladi. Bu haqda Janobi Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam: “Agar hasta-bemor kimsani oldiga borsangiz, sizni haqqingizga duoi xayr qilishini so‘rang, chunki uning duosi farishtalarni duosi kabi ijobat bo‘ladi”, deb marhamat qildilar.
 
Demak, biror-bir orzu niyatingiz bo‘lsa ijobat bo‘lishini xohlasak, ulkan savob istasak, bemor yaqinimizni yo‘qlashimiz kerak ekan. Shunda nafaqat ajrga ega bo‘lamiz, balki undan duo olib hojatimiz ravo bo‘ladi.
 
Janobi Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam “Musulmon kishi qachon kasal do‘sti ziyoratiga borsa, to u qaytib kelgunicha jannat bog‘lari ichra sayr qilib yurgan bo‘ladi”, deb marhamat qildilar (Imom Muslim rivoyatlari).
 
Oisha raziyallohu anho rivoyat qiladilar. Hazrati Payg‘ambar alayhissalom kasallarni borib ko‘rardilar va: «Yo Alloh, insonlarning Parvardigori, kasallikni ketkazgin, shifo bergin, O‘zing shifo beruvchisan, O‘zingning shifoingdan o‘zga shifo yo‘q, kasalni tashlab qo‘ymaydigan shifo berishni so‘rayman», desa, Alloh uning bu kasalligiga shifo beradi, dedilar» (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyatlari).
 
Uzoq umr ko‘rishi va sog‘ayib ketishini aytib kasalni xushnud etish tavsiya etilgan amallardandir. Abu Said Xudriy raziyallohu anhu rivoyat qiladilar, Hazrati Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam: “Agar kasalning oldiga kirsangizlar, unga umri haqida tasalli beringizlar. Chunki u biron narsani qaytarmaydi va kasalni xushnud etadi”, dedilar (Imom Termiziy va Imom Ibn Moja rivoyatlari).
 
Ma’lumki, xasta odam, ayniqsa, ancha muddat yotgan bo‘lsa, injiq tabiat, ko‘ngli juda nozik bo‘lib qoladi. Bunday holga tushgan kishi muloyimlik va shirin so‘zga ehtiyojmand bo‘lib qolishi tabiiy. Inchunin, kasal ziyoratiga borgan kishi mazkur holatlarni, albatta inobatga olib shirin so‘zlarni aytishi kerak.
 
Albatta, yuqorida zikr qilingan hadisi shariflar va shu asosdagi fikr-mulohazalar odatiy turmush tarzimizga xos bo‘lgan ishlardir. Ayni paytdagi karantin holatida bemor yaqinimiz yo do‘stimizni telefon orqali hol-ahvol so‘rashimiz, dardmand birodarimizning yonidagi kishilar orqali dori-darmon yo zarur oziq-ovqat uchun elektron shaklda pul o‘tkazib, duosini olishimiz bugungi kunda juda ham zarur va beqiyos savobli ishlardandir!
 
Alloh taolo barchalarimizni xayrli ishlarga xaris qilsin, bemorlarimizga komil shifo bersin, bir-birimizga mehr-oqibatli bo‘lishimizni nasib etsin!
 
Ibrohimjon INOMOV,
O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari
 
Maqolalar
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Otangizning ismi Rasululloh ﷺga ko‘rsatilishini istaysizmi?

26.12.2024   2854   1 min.
Otangizning ismi Rasululloh ﷺga ko‘rsatilishini istaysizmi?

Videolavhalar