Eng yirik halol go'sht import qiluvchi davlat Braziliya musulmon sayyohlarni jalb qilishga intilmoqda. Hozircha Janubiy Amerika davlatiga musulmonlar ko'p bo'lgan mamlakatlardan kelganlar soni ancha past. Masalan, Braziliyaning yirik iqtisodiy markazi San-Paulu 2023 yilda arab davlatlaridan bor-yo'g'i 21 ming sayyohni qabul qilgan.
Halqaro Halol Akademiyasi bosh kotibi Ali Zag'biy “Arab News” nashriga bergan inter'vyusida San-Paulu shtati, poytaxt joylashgan Federal okrugni musulmonlar uchun sayyohlik maskaniga aylantirish uchun harakat qilinmoqda.
San-Paulu aholisi juda xilma-xil bo'lib, ko'p asrlik musulmon jamoasi va bir nechta masjidlarni o'z ichiga oladi. U Braziliyaning asosiy darvozasi va Islom olamidan kelgan ishbilarmonlar uchun eng muhim manzildir.
“Biz musulmonlar uchun sayohat bo'yicha qo'llanmani ishlab chiqdik. Unda mintaqadagi masjidlar, musulmonlar ko'p bo'lgan mamlakatlar konsulligi va turistlarni jalb qiluvchi diqqatga sazovor joylar haqida ma'lumotlar bor”, – dedi turizm bo'yicha davlat koordinatori Ana Klemente.
Dastur boshlanganidan buyon San-Paulu shahridagi etakchi mehmonxona musulmonlarni qabul qilish sertifikatiga ega bo'ldi. Bu borada yana ikki mehmonxona faoliyat olib bormoqda.
“Mehmonxonalarda qibla yo'nalishi bo'yicha belgilarni joylashtirish, musulmon mehmonlar uchun xonalardan spirtli ichimliklarni olib tashlash, shuningdek, taomlar menyusidan cho'chqa go'shtini olib tashlash kabi ba'zi o'zgarishlar talab etiladi”, dedi Zag'biy.
Hayekning qo'shimcha qilishicha, halol tamaddixonalar etishmasligi Braziliyaning katta qismida baliq va dengiz mahsulotlarining keng tarqalishi bilan qoplanishi mumkin.
O'zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
Imom Buxoriy majmuasi nafaqat O‘zbekiston, balki butun islom olami uchun ulug‘ va muqaddas qadamjolardan biri hisoblanadi.
Hazrat Imom Buxoriydek buyuk muhaddis nomi bilan bog‘liq ushbu majmua bugun yurtimizning eng yirik ma’naviy va madaniy markazlaridan biriga aylangan. Har kuni minglab ziyoratchilar bu yerga kelib, ajdodlar merosi, ma’rifat va muqaddas tarix bilan yuzlashmoqda.
Majmua nafaqat ziyoratgoh, balki xalqimizning boy ma’naviy merosi, milliy me’morchiligi va islom sivilizatsiyasidagi o‘rnini namoyon etuvchi noyob madaniy ob’yektdir. Uni barpo etish uchun katta mehnat, yuksak mahorat va qimmatbaho qurilish materiallari sarf etilgan. Shu bois bu qutlug‘ maskanni asrab-avaylash har birimiz uchun muhim vazifadir.
Yaqinda Madaniy meros agentligi tomonidan ayrim ziyoratchilarning majmua hududida beparvo munosabatda bo‘layotgani haqida ma’lumot berildi. Ayrim holatlarda ustunlar, ayvonlar va muzey eksponatlariga ehtiyotsiz munosabatda bo‘lish, chiqindilarni duch kelgan joyga tashlash kabi holatlar kuzatilmoqda. Bu esa nafaqat ziyoratgoh ko‘rkiga, balki uning ma’naviy muhitiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatadi.
Bu holat barchamizni sergaklikka chaqirishi kerak. Zero, muqaddas qadamjoga kelgan inson avvalo o‘zini munosib tutishi, tozalik va tartib-qoidalarga amal qilishi lozim. Chunki ziyoratgoh — oddiy sayrgoh emas. Bu yerda asrlar nafasi, buyuk ajdodlar ruhi va ma’rifat ziyosi mujassam.
Tozalik esa inson madaniyatining eng muhim ko‘rsatkichlaridan biri. Islom ta’limotida ham poklikka alohida ahamiyat berilgan. Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalom “Tozalik — iymonning yarmidir”, deya ta’kidlaganlar. Demak, ziyoratgoh hududida ozodalikni saqlash nafaqat fuqarolik burch, balki ma’naviy mas’uliyat hamdir.
Ayniqsa, chet ellik mehmonlar O‘zbekiston haqidagi ilk taassurotni aynan shunday muqaddas maskanlar orqali oladi. Agar ziyoratgoh ozoda, tartibli va fayzli bo‘lsa, bu xalqimizning yuksak madaniyati va ma’naviyatini namoyon etadi. Aksincha, beparvolik va tartibsizlik mamlakatimiz nufuziga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
Yosh avlodni ziyoratgoh madaniyati ruhida tarbiyalash ham muhim ahamiyatga ega. Bolalar kattalardan ibrat oladi. Agar ota-ona muqaddas joyda tartibga amal qilsa, ehtiyotkor bo‘lsa, farzand ham shu ruhda tarbiya topadi. Shu bois har bir inson o‘z harakati bilan boshqalarga namuna bo‘lishi kerak.
Imom Buxoriy majmuasi — millatimiz g‘ururi va ma’naviy boyligi. Uni asrash, tozaligini saqlash va ehtirom bilan munosabatda bo‘lish har bir insonning vijdoniy burchidir. Ziyoratgohlarga bo‘lgan munosabatimiz orqali biz o‘z madaniyatimiz, ma’naviyatimiz va ajdodlar merosiga bo‘lgan hurmatimizni namoyon etamiz.
Asliddin Mustafoyev, majmua axborot xizmati rahbari.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati