Sayt test holatida ishlamoqda!
08 Yanvar, 2025   |   8 Rajab, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:24
Quyosh
07:49
Peshin
12:35
Asr
15:30
Shom
17:14
Xufton
18:33
Bismillah
08 Yanvar, 2025, 8 Rajab, 1446

Islomiy ijtimoiy moliya va uning kambag‘allik darajasini pasaytirishdagi foydalari

4.06.2020   2927   15 min.
Islomiy ijtimoiy moliya va uning kambag‘allik darajasini pasaytirishdagi foydalari

Xalqaro Bank Guruhining tadqiqotlariga ko‘ra 2015 yilda dunyo aholisining 10 foiz qismi kuniga 1.90 dollardan kamroq mablag‘ga kun kechiradi[1]. Bu ulushni sonlarda ifodalaydigan bo‘lsak, u tahminan 736 million kishiga to‘g‘ri kelyapti. Afsuski, bu ko‘rsatkich barcha davlatlar bo‘yicha teng taqsimlanmagan. Masalan, dunyo bo‘yicha o‘ta kambag‘al aholining yarmidan ko‘pi Afrikaning Sahroi Kabir ostidagi qismida jamlangan bo‘lib, agar u yerdagi iqtisodiy muhit shu tahlitda davom etsa, 2030 yilga kelib bu mintaqadagi 10 kishidan 9 tasi o‘ta kambag‘allar guruhiga kirish ehtimoli bor. Bu ko‘rsatkichlar odamlarning iqtisodiy tomondan kambag‘al ekanligini ko‘rsatish bilan cheklanadi, lekin moliyaviy imkoniyati yo‘qligi ketidan keluvchi boshqa ta’sirlar - sog‘liqni saqlash, ta’lim va ichimlik suvini yetkazib berishdagi muammolar holatning yanada jiddiy ekanini bildiradi. Yuqoridagi manbada yana aytilishicha kambag‘allikdan qutula olgan aholi iqtisodiy qaltis o‘zgarishlar tufayli avvalgi holatiga qaytib qolishi xavfi ham ko‘p uchrab turadi.

Dunyodagi shu kabi holatlarni to‘g‘rilash uchun har bir shaxsning manfaatini ustun qo‘yuvchi iqtisodiy tizim kerak bo‘ladi. Islomiy moliya aynan shunday narsani birinchi o‘ringa qo‘yuvchi shariat asosiga qurilgan.

Islomiy moliya

Islomiy moliya deganda islomdagi shariat hukmlariga asoslangan ko‘rinishdagi moliyaviy amallar tushuniladi. Islomiy ijtimoiy moliyaga shariat asosida amalga oshiriladigan mikrokreditlar, zakot, sadaqa va vaqf kiradi. Bularning har biri bilan batafsil tanishib, kambag‘allik darajasini kamaytirishdagi yordamini o‘rganib chiqamiz.

Islomiy mikrokredit

Mikrokredit qisqa muddatga kam ta’minlangan yoki iqtisodiy tomondan barqaror bo‘lmaganlar uchun beriluvchi kichik miqdordagi qarzdir. Bu turdagi qarz kichik va o‘rta darajadagi bizneslar uchun ham mos keladi. Odatiy moliya tizimidagi mikrokreditlar foizli qarz asosiga qurilgan bo‘lib, unda qarz oluvchining o‘zigina tavakkal qiladi. Qarz beruvchi tashkilot - banklarning yagona maqsadi boshqalarga qarz berish ketidan foyda olish bo‘ladi. Islomda foizli qarz ribo deyiladi. Ribo islomda harom qilingan bo‘lib, u nafsiy, ijtimoiy va iqtisodiy jihatlardan zararli, deb bilinadi. Sudxo‘r odam faqatgina o‘zining manfaatini ko‘zlovchi va muhtoj odamlarga past nazar bilan qaraydigan holga kelib qoladi. Jamiyatda faqat o‘zining manfaatini ustun deb biluvchilar bo‘lishi, ular odamlarning muhtojligidan foyda olishi odamlar orasidagi adovat va hasad tuyg‘ularini orttiradi. Iqtisodiy jihatdan jamiyat bir-biridan katta farq qiluvchi ikki tabaqaga bo‘linib qoladi.

2008 yildagi tadqiqotga ko‘ra asosiy aholisi musulmon bo‘lgan davlatlarning 72 foiz aholisi odatdagi banking tizimidan foydalanmasligini aytgan va ularning 40 foizi bu qarorga sabab odatdagi banking moliya tizimining shariat qoidalariga to‘g‘ri kelmasligi bo‘lgan[2] [3].

Islomiy shariat asosidagi mikrokreditlarda holat bundan farq qiladi. Bu mikrokreditlarda sudxo‘rlikka o‘rin bo‘lmaydi. Islomiy mikrokreditda quyidagi shartlarga amal qilish lozim bo‘ladi[4]:

  1. Qarz beruvchi va qarz oluvchining ham zararga sherik bo‘lishi. Odatdagi mikrokredit tizimida faqatgina qarz oluvchi zararga kiradi, qarz beruvchi tashkilot doim foydada qoladi.
  2. Foydaga qarz beruvchi va qarz oluvchi ham sherik bo‘lishi. Islomiy mikrokreditda ikki tomon hamkor, sherik sifatida ishlashi foydani ham ikki tomonga bo‘linishini talab qiladi.
  3. Sudxo‘rlik aralashmagan holda qarzni qaytarishning o‘zgarmas stavkasi.
  4. Shaffoflik. Ikki tomon huquq va majburiyatlari qarz shartnomasida ochiqligicha yozilishi, ikkinchi tomonga ochiqlanmagan qarz shartlarining bo‘lmasligi.
  5. Ijtimoiy farovonlik va adolat.

Zakot va sadaqa

Islomda insonlarga nafaqat jismoniy, balki moliyaviy ibodatlarni bajarish ham buyurilgan. Shulardan biri islomning asosiy ruknlaridan biri bo‘lgan zakotdir. Zakot yordamida jamiyatdagi mol-mulk faqat boylarning qo‘lida to‘planib qolmaydi, muhtojlarga zakot ko‘rinishida yordam beriladi. Zakot har bir balog‘atga yetgan, aqli joyida bo‘lgan va boyligi belgilangan miqdorga (nisob) yetgan erkak va ayolga farz qilingan. Kishining boyligi belgilangan miqdorga yetmagani uni moliyaviy ibodatlardan cheklab qo‘ymaydi. Zakot berish farz bo‘lmagan odam ham sadaqa berish orqali savobga ega bo‘la oladi. Masalan, boyligi zakot berishi kerak bo‘lgan darajaga yetmagan, lekin o‘ziga to‘q bo‘lgan kishilar ixtiyoriy ko‘rinishda sadaqa berib savob olishlari mumkin.

Zakot va sadaqa ijtimoiy-iqtisodiy tomondan ham jamiyatga foyda keltiradi. Birinchi o‘rinda zakot va sadaqa qilinishi ortidan jamiyatdagi mol-mulkning bir tabaqa qo‘lida qolib ketishining oldi olinadi, ya’ni o‘ta boy va o‘ta kambag‘al tabaqalar yuzaga kelishiga qarshi vosita bo‘la oladi. Bundan tashqari, zakot olishga haqli bo‘lgan toifadagi odamlar ayni kam ta’minlanganlar, kambag‘allarga to‘g‘ri keladi. Tavba surasining 60-oyatida aynan kimlar zakot olishga haqli ekanlari aytib o‘tilgan. “Albatta, sadaqalar faqirlarga, miskinlarga, sadaqa ishida ishlovchilarga, ko‘ngillarini ulfat qilinadiganlarga, qul ozod qilishga, qarzdorlarga, Allohning yo‘liga va yo‘l o‘g‘illariga (safarda qiynalib qolganlarga) berilishi Alloh tomonidan farz qilingandir. Alloh biluvguvchi va  hikmatli zotdir”. Maqola avvalida keltirilgan, kuniga 1.90 dollarga kun kechiruvchilarni oyatda aytilgan faqir va miskin toifalariga kiritish mumkin, albatta. Yuqoriroqda aytib o‘tilgan kam ta’minlanganlarning ta’lim bilan bog‘liq muammolariga ham zakot ko‘rinishida yordam berish, o‘qish to‘lovlarini to‘lab berish mumkin. Natijada kishilar biron mutaxassislikni o‘rganib chiqib, mustaqil ishlay oladigan bo‘ladi va bu jamiyatdagi ishsizlik darajasining tushishiga olib keladi. Hammaning ham taqdirida boy bo‘lish yozilmaganini hisobga olsak, islomiy moliyaviy ibodatlar yordamida aholi ichidagi boylargina emas, balki kam ta’minlanganlar, muhtojlar ham o‘z hayotini yaxshilab olishi imkoniyati tug‘iladi.

Vaqf

Vaqf so‘ziga “Vaqf” xayriya jamoat fondi saytida quyidagicha ta’rif berilgan[5]:

“Vaqf” so‘zi lug‘atda “tutib turish”, “to‘xtatish” ma’nolarida keladi. Vaqfning shar’iy ta’rifi borasida turli fikrlar bildirilgan. “Vaqf - narsani Alloh mulki hisobida saqlashdir”. Ya’ni, vaqf qilingan narsa vaqf qiluvchining mulkidan chiqadi va Alloh mulkiga aylanadi. Vaqf qilingan narsadan keladigan foyda vaqf qiluvchi uni vaqf etishda tayinlagan jihatga (masalan, talabalar, musofirlar, kambag‘allar kabi) sarf qilinadi va savobi vaqf qiluvchiga abadiy bo‘ladi. Vaqf qilingan narsa sotilmaydi, hadya qilinmaydi, meros bo‘lmaydi.

Naqd pul, ko‘chmas mulk, yer, bino, stanoklar, aksiyalar yoki boshqa mulk bo‘la oladigan narsalarni vaqf qilish mumkin[6]. Kishi o‘zi mustaqil holda o‘z mulkini vaqfga aylantirishi yoki bu ishni bir necha kishi birlashib ham qilishi mumkin. Vaqf qilingan mulkni shaffof tarzda samarador boshqarib turish talab qilinadi.

Islom tarixiga qaraydigan bo‘lsak, vaqf mulki turli sohalarga o‘z foydasini bera olgan. Vaqf mulkiga masjid-madrasalar, ta’lim maskanlari, shifoxonalar, muhtojlar uchun uylar, kutubxonalar va jamiyatga foyda keltiruvchi boshqa joylar qurilgan. Bu joylarning ijtimoiy o‘sish darajasini oshirishdagi ulushi katta bo‘lgan.

Hozirgi kunda ham dunyodagi kambag‘allik darajasini kamaytirish va ijtimoiy-iqtisodiy muammolarga yechim topishda vaqf mulklaridan foydalanish mumkin. Masalan, ta’lim maskanlari, sog‘liqni saqlash markazlari, chekka hududlardagi aholi uchun quduqlar qazish, shu hududlardagi yuqumli kasalliklar oldini olish uchun suv tozalash texnikalarini ishga tushirish va boshqalar.

Hozirda kambag‘allik va u kabi ijtimoiy-iqtisodiy muammolarni bartaraf etish va ularning ta’sirini kamaytirish uchun turli xalqaro jamiyatlar ish olib bormoqda. Raptim.org[7] saytida berilgan ma’lumotga ko‘ra bunday jamiyatlar soni 40 dan ortiq va ular dunyoning turli qismlarida faoliyat olib borishadi. Ularning ichida Birlashgan Millatlar Tashkiloti Taraqqiyot Dasturi (BMT TD) alohida e’tiborga molikdir. BMT TD tashabbusi bilan dunyo bo‘yicha hamma uchun barqaror kelajak tuzish yo‘lida loyiha ishlab chiqildi. Loyiha nomi Barqaror Rivojlanish Maqsadlari (BRM) bo‘lib, unga ko‘ra 2030 yilga qadar dunyo miqyosida 17 ta maqsadga erishishni reja qilingan. Bu maqsadlarga kambag‘allik, ishsizlik va ochlikni kamaytirish, tabiatni asrash, sifatli ta’lim va sog‘liqni saqlash tizimlarini yo‘lga qo‘yish kabilar kiradi[8]. Islom Taraqqiyot Banki bergan ma’lumotlarga ko‘ra dunyo miqyosida tahminan 230-560 milliard dollar pul zakot uchun ajratiladi va Ulrika Moderning aytishicha[9] bu mablag‘ yuqorida aytilgan maqsadlarga erishishda salmoqli yordam berishi mumkin. Masalan, BMT TDning Indoneziyadagi bo‘limi Indoneziya milliy zakot yig‘ish agentligi bilan hamkorlikda zakot pullariga qayta tiklanuvchi energiya ishlab chiqarish loyihasini amalga oshirmoqda. Bu loyiha Jambi provinsiyasidagi deyarli 5000 kishi uchun yordam bo‘lmoqda. Yana bir misol - tabiiy ofatlardan jabr ko‘rganlar uchun yordamni tashkil qilishda BMT TD Indoneziyaning milliy zakot yig‘ish agentligi bilan ham hamkorlik qilgan. Malayziyadagi kambag‘allikni kamaytirish va barqaror energiya manbalarini yo‘lga qo‘yish uchun HSBC bankining Malayziyadagi bo‘limi 120 million dollarlik foizsiz islomiy qarz ajratgan.

Islomiy moliya tizimi mijozlari soni ortib bormoqda. Britaniyadagi eng yirik islomiy moliya muassasasi Al Rayan Bank uning musulmon bo‘lmagan mijozlari soni oshayotganini aytmoqda. 2010 yilda har 8 mijozdan bittasi nomusulmon bo‘lgan bo‘lsa, hozirga kelib bu ko‘rsatkich har 3 kishidan biriga to‘g‘ri kelyapti[10]. Islomiy moliya tizimining foydalanuvchilari soni ortishining o‘zi bu tizimning samaradorligini o‘lchashda yetarli bo‘lmasligi mumkin. Islomiy ijtimoiy moliyaning to‘liq potensialini o‘rganish uchun odatdagi tadqiqot markazlari yetarli bo‘lmaydi, deydi Nur Banki direktori Husayn al-Qezmi[11]. U islomiy ijtimoiy moliyaning qay darajada samaradorligini o‘rganish uchun tadqiqot markazlari o‘rniga laboratoriyalar tashkil qilinishi, u yerga iqtisodchi, huquqshunos va olimlar yig‘ilgani holda bu moliya turining infratuzilmalarga qay yo‘l bilan biriktirilishini tajriba asosida o‘rganilishini tavsiya qilmoqda. Bu jarayon davomida jamiyatdagi holatni yaxshilash uchun nafaqat nazariy, balki amaliy yordam berish ham mumkin bo‘ladi.

Ishonchlilik va shaffoflik

Islomiy ijtimoiy moliyaning foydali tomonlarini ko‘rib chiqqan holda yana bir muhim mavzuga e’tibor qaratishimiz lozim bo‘ladi. Muhtojlarga yordam berishni istovchilar o‘zlari ehson qilgan mablag‘ning hech qanday kamayishlarsiz to‘g‘ridan to‘g‘ri haqli odamlarga yetib borishini xohlashadi. Xayriya fondlari o‘zining emas, jamiyatdagi odamlarning puli ustiga amaliyot olib borar ekan o‘z faoliyatini to‘laqonli shaffof va ishonchli ko‘rinishda olib borishga majburdirlar.

Odamlardan yig‘ilgan mablag‘ning o‘z joyiga ishlatilishini ta’minlash va shaffoflikni oshirish uchun zamonaviy texnologiyalardan foydalanish g‘oyalari ba’zi tashkilotlar tomonidan ilgari surildi. Masalan, BMT TD boshqa tashkilotlar bilan hamkorlikda zakot mollarini yig‘ishdan muhtojlarga topshirishgacha bo‘lgan ishlar shaffofligiga erishish uchun blokcheyn (ingliz: blockchain) texnologiyasi asosidagi vaqf mollarini boshqarish platformasini tuzmoqchi. Blokcheyn texnologiyasida platformadagi barcha amaliyotlar tarixi doim o‘zgarmas holda saqlanadi, hech kim kiritilgan ma’lumotlarni tahrirlay olmaydi. Bu o‘z o‘rnida vaqf mulkidan noto‘g‘ri maqsadda foydalanishning oldini olishda yordam beradi. Lekin bu texnologiyalar naqd pul asosida bo‘layotgan amaliyotlarni kuzatish va boshqarishda to‘liq boshqaruv imkoniyatini bermasligi mumkin. Naqd pullar asosidagi amaliyotlarni to‘liq kuzatish maqsadida Misr va Kenya davlatlarida ijtimoiy aqlli kartalar ishlab chiqarilgan bo‘lib[12], bu yordam sifatida ajratilgan mablag‘dan bundan boshqa maqsadda foydalanishining oldini ola oladi.

Allohga hamdlar bo‘lsin, yurtimiz aholisining aksar qismi musulmonlar va ular islomdagi moliyaviy ibodatlar ehson, sadaqa, zakotlarga alohida e’tibor beradilar. Lekin afsuski, bu mablag‘lar har doim ham kerakli o‘rinlarga sarflanmayapti. Dabdabali ehson dasturxonlari, ketma-ket ulanadigan iftorliklar, masjidlarni me’yordan ortiqcha ziynatlash kabilarga ketayotgan millionlab pullardan to‘g‘ri foydalanilsa, xususan, ta’lim va sog‘liqni saqlash sohalari hamda yangi ish o‘rinlari yaratishga qaratilsa   jamiyat uchun foydaliroq bo‘lar edi. Toshkentda vafot etgan odam uchun to‘yxonada qilinadigan bitta o‘rtacha ehsonga 8-10 million so‘m pul sarflanadi. Agar shu mablag‘ jamiyat uchun manfaatli bo‘lgan sohada o‘qiyotgan iqtidorli talabaga sarflansa, avvalo butun boshli millat uchun foydaliroq bo‘lgan, qolaversa, marhum uchun yillar davomida savobi yetib turadigan sadaqai joriyaga aylangan bo‘lar edi.

Asrlar davomida, ajdodlarimiz ijtimoiy hayotida katta ahamiyatga ega bo‘lgan vaqf amaliyotlari sovetlar davrida butunlay unutilib ketdi. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan tashkil qilingan “Vaqf fondi” ana shu unutilgan qadriyatga qayta jon bag‘ishladi. Endilikda, diniy olimlarimiz oldida ushbu vaqf amaliyotlarini xalqimizga to‘g‘ri tushuntirib berish vazifasi dolzarb bo‘lib turibdi.

Xulosa qilib aytishimiz mumkinki, islomdagi moliyaviy ibodatlar natijasida kambag‘llar uchun juda katta mablag‘lar ajratiladi va agar islomiy ijtimoiy moliyalardan to‘g‘ri foydalanilsa, dunyo bo‘ylab kambag‘allik darajasini pasaytirishda salmoqli natijalarga erishish mumkin.

 

 

Imom Buxoriy nomli Toshkent islom instituti

4-bosqich talabasi Umarxo‘jayev Murodjon

 

[1] https://www.worldbank.or g/en/topic/poverty/overview

[2] https://www.borgenmagazine.com/how-islamic-finance-can-reduce-poverty/

[3]https://openknowledge.worldbank.org/bitstream/handle/10986/22000/on0the0sustain0e0of0islamic0finance.pdf?sequence=1

[4] Islomiy ijtimoiy moliya: kambag‘allik darajasini kamaytirish uchun barqaror yo‘l. Akim Kolavole Odeduntan

[5] http://vaqf.uz/uz/pages/view/vaqf

[6] Islomiy ijtimoiy moliya: kambag‘allik darajasini kamaytirish uchun barqaror yo‘l. Akim Kolavole Odeduntan

[7] https://www.raptim.org/45-organizations-that-battle-poverty/

[8] https://www.un.org/sustainabledevelopment/sustainable-development-goals/

[9] https://www.undp.org/content/undp/en/home/news-centre/speeches/2018/Unlocking_Islamic_Social_Finance_to_Help_Communities_Address_Vulnerability_and_Inequality.html

[10] The Economist. https://www.economist.com/britain/2018/10/20/why-non-muslims-are-converting-to-sharia-finance

[11] https://gulfnews.com/business/banking/social-impact-of-islamic-finance-1.1924865

[12] https://blogs.worldbank.or g/eastasiapacific/can-islamic-social-finance-be-key-end-poverty-and-hunger

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Uchtepa tumanida "Jaholatga qarshi ma’rifat" shiori ostida tadbir bo‘lib o‘tdi

8.01.2025   441   1 min.
Uchtepa tumanida

Bugun 2025 yil 8 yanvar kuni Toshkent shahar, Uchtepa tumani "Vatan" tantanalar majmuasida "Jaholatga qarshi ma’rifat" nomli ma’naviy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi.

Unda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisining birinchi o‘rinbosari Homidjon domla Ishmatbekov, aholi vakillari, yoshlar va xotin-qizlar ishtirok etib, islom dini ezgulik, tinchlik va insoniylik dini ekani, fazilatlar, azaliy qadriyatlar ifodasi ekanligini targ‘ib qilish, yosh avlodga milliy qadriyatlarimiz, an’analarimizni to‘g‘ri tushuntirish, yurtimiz tinchligini asrash, ularni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash borasida fikrlar bildirildi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

Uchtepa tumanida Uchtepa tumanida Uchtepa tumanida Uchtepa tumanida Uchtepa tumanida Uchtepa tumanida
MAQOLA