Olamning paydo bo‘lishi borasida bir qancha falsafiy qarashlar mavjud bo‘lib shu qarashlarning biri “Olam dastlab, gaz holatda bo‘lib, keyin harorat pasayishi natijasida birlashib, bir butun yaxlit holatga kelgan” degan falsafiy qarashdir. Xo‘sh sizningcha olam gaz holatida bo‘lganmi?
Bu haqda astronom olim Ser Jeyms Jins qarashlari quyidagicha: «Borliq yaralishidan avval undagi moddalar gazdan iborat bo‘lgan va shu gazlarning o‘zaro birikishi natijasida sayyoralar kelib chiqqan» .
Doktor Jamu ham bu borada o‘z fikrini shunday bildiradi: «Dunyo vujudga kelayotgan vaqtda, u tartibli tarqoq gazdan iborat bo‘lgan. Uning qalinligini va haroratini tasavvur qilib bo‘lmaydi va shu gazda turli moddalarning aralashuvi natijasida atom parchalanishi vujudga keldi. Mana shu haddan tashqari issiq gazga qattiq bosimning ta’siri natijasida borliq vujudga kela boshladi».
Endi ayrim mufassir allomalarimizning fikrlarini bayon etsak.
Abul Barokat Nasafiy o‘zining «Madorik at tanzil» nomli tafsirlarida ibn Abbos (r.a.) dan quyidagi rivoyatni keltiradi. «Alloh Taolo avval bir javharni yaratdi. Uning uzunligi ming yillik, kengligi 10 ming yillik masofaga teng bo‘lgan. So‘ngra Alloh Taolo unga haybat bilan nazar tashladi. Javhar titrab, eriy boshladi. So‘ngra u alanga olib, undan tutun qo‘zg‘aldi. Tutun yuqoriga ko‘tarilib, uning o‘rniga ko‘pik yig‘ilib qoldi. Shunda Alloh Taolo ko‘pikni Yer, tutunni osmon qildi».
Shayx Aziziddin Nasafiy (1226 – 1306) hazratlari «Zubdatul haqoyiq» nomli kitoblarida yozishlaricha Alloh taolo mulk va malakut olamini yaratishni iroda etdi va ilk daf’a bir javharni yaratdi. Unga nigoh tashlashi bilan u qaynab ko‘pirib, gaz holatga kelgan. Shaffof qismidan malakut olamini, quyqasidan mulk, jism olamini yaratdi.
Demak borliq avvalda yaxlit bir javhar ko‘rinishda bo‘lib, so‘ngra gaz holatda bo‘lgan ekan.
Alloh taolo bu yorug‘ dunyoni qanday yaratganligi haqida muborak kitobining “Fussilat”surasida shunday bayon qiladi:
Kofirlar Allohga iymon keltirmayotganlari bilan qanday zotga kufr keltirayotganlarini, Allohni inkor etish bilan qanday zotga isyon qilayotganlarini idrok etarmikanlar? Ushbu ikki oyatda va ulardan keyingi oyatlarda kofirlar kufr keltirayotgan Alloh qanday zot ekanligi bayon qilinadi. Oyatda Payg‘ambarimiz sollalohu alayhi vasallamga quyidagi savol va bayonlarni xitob qilish topshiriladi:
«Sizlar haqiqatan ham yerni ikki kunda yaratgan zotga kufr keltiryapsizmi...»
Shunday ulkan sayyora-yerni ikki kunda yaratgan Allohga kufr keltirib bo‘ladimi?! Uning qudratidan, har ishga qodirligidan qo‘rqmaysizlarmi?! Yerdek buyuk jismni atigi ikki kunda yaratgan zot sizlarni halok qila olmasmidi?!
«...va Unga tengdoshlar qo‘shyapsizmi?!»
Ey kofirlar, siz Allohga shirk keltiryapsizlarmi?! Shirk keltirishingiz tufayli Uning g‘azabiga qolishdan qo‘rqmadingizmi?!
«Axir U zot olamlarning Robbi-ku!»
Axir o‘sha siz kufr va shirk keltirayotgan Alloh barcha olamlarning Robbi–Xoliqi, Roziqi, tadabburini qiluvchisi, tarbiyakunandasi-ku! Qanday qilib shunday ulug‘ zotga kufr keltirasiz?! Qanday qilib shunday buyuk zotga shirk keltirasiz?!
«U zot o‘sha(yer)ning ustida tog‘larni qildi...»
Inson ko‘ziga tog‘lar yer yuzida eng salobatli, sobit, ulkan va qudratli bo‘lib ko‘rinadi. Sobit, ulug‘vorlik, viqor kabi vasflarga tog‘lar misol qilib keltiriladi. Yerning ustida o‘sha tog‘larni yaratgan zot Allohdir. Shunday zotga qanday ham kufr keltirib bo‘ladi?! Shunday zotga qanday ham shirk keltirib bo‘ladi?
«...uni barakotli qildi...»
Ya’ni, Alloh taolo yerni barakotli qildi. Hamma tomonda barakot ko‘rindi. Yerning usti ham baraka, ichi ham baraka. Yerdagi baraka inson uchundir. Bu barakani Allohdan boshqa hech kim qila olmadi. Shunday zotga kufr keltirib bo‘ladimi?! Shunday zotga shirk keltirib bo‘ladimi?!
«...va uning (ahli) rizqini to‘rt kunda o‘lchovli etib taqdir qildi».
Yerning rizqi, ya’ni yer, ahlining rizqi o‘lchovli, belgili qilib qo‘yilgan. Kattayu kichik, kuchligu kuchsiz hamma-hammasi rizqini topib yeyaveradi. Filga ham o‘ziga yarasha rizq bor, chumoliga ham. Hammasi o‘lchovli, hammasi taqdir qilingan. Bu ishni faqat Alloh taologina qila oladi. Boshqa hech bir zotning qo‘lidan kelmaydi. Birorta chumoliga rizq beradigan zot haligacha chiqqani yo‘q. Chiqmaydi ham. Ana shunday ulug‘ zotga kufr keltirib bo‘ladimi?! Ana shunday buyuk zotga shirk keltirib bo‘ladimi?!
Yuqoridagi ishlardan so‘ng, Alloh taolo osmonni qasd qildi, unga irodasi ketdi. O‘sha vaqtda osmon tutun-gaz holida edi. (Dunyoning yaratilishi yuzasidan ilmiy izlanish olib borgan olimlar ham shu natijani takrorlamoqdalar).
Alloh taolo osmonga va yerga qarab:
«Ikkovingiz ixtiyor qilgan holingizda yoki majbur bo‘lgan holingizda keling!» dedi».
Ya’ni, xohlasangiz, itoat qilgan holingizda keling, xohlasangiz, majbur bo‘lib keling, dedi.
«Ikkovlari: «Ixtiyor qilgan holimizda keldik», dedilar».
Shunchalar ulkan, mustahkam, kuchli bo‘lishlariga qaramay, Allohning irodasi ketishi bilan itoatkorliklarini darhol izhor etdilar. Ha, Alloh taologa hamma narsa chun-charosiz butunlay, o‘z ixtiyori bilan itoat etadi. Faqat ojiz insongina, o‘zidagi kibru havo tufayli itoatsizlik qiladi. Aqlli odam osmonu yer o‘z ixtiyori ila bo‘ysunib turgan Allohga buysunmay qolmaydi. Ana shunday Allohga kufr keltirib bo‘larmidi?! Ana shunday Allohga shirk keltirib bo‘larmidi?!
Keyin Alloh taolo o‘sha tutun-gazdan:
«Bas, ikki kunda yetti osmonni barpo etdi...»
Bu ishlarni Allohning O‘zi biladi. Insonga esa yerga yaqin turgan osmondan ba’zi narsalarni bildirib qo‘ygan, xolos. Shunday qilib, osmonlaru yer olti kunda barpo qilindi. U kunlar qanday kunlar ekanini Allohning O‘zigina biladi. Ulamolarimiz, agar Alloh taolo xohlasa, bularni ko‘z ochib yumguncha yaratar edi, lekin bandalariga puxtalikni o‘rgatish uchun shoshilgani yo‘q, derlar
Ikki kunda yetti osmonni yaratgan zotga kufr yoki shirk keltirib bo‘ladimi?!
«...va har bir osmonga ishini vahiy qildi».
Har bir osmonda barcha ish Bizning vahiyimiz asosida, o‘sha vahiyga binoan bo‘ladi.
Yo Alloh! Bu naqadar ajoyib! Naqadar ibratli! Inson umuman tasavvur ham qila olmaydigan yetti osmonning barchasida hamma ishlar Allohning vahiyi bo‘yicha bo‘lsa-yu, hech narsaga arzimaydigan inson, Alloh tomonidan o‘ziga maxsus yuborilgan vahiyni inkor etsa! Yetti osmondagi butun mavjudot Allohning vahiyi bilan ish ko‘rsa-yu, yaqin osmondagi yer deb atalmish bir zarrada yashovchi inson atalmish hech narsaga arzimagan narsa Allohning vahiyini inkor etib, o‘zicha turli yo‘llar bilan ish ko‘rib yursa! Inson degani naqadar jinoyatchi maxluq! Inson degani naqadar noshukr maxluq! Inson degani naqadar o‘zidan ketgan, kibru havoga berilgan maxluq!
Axir hajmini, ichlaridagi narsalarni tasavvur ham qilib bo‘lmaydigan darajada ko‘p va katta bo‘lgan yetti osmonning har birida Allohning vahiysi asosida ish ko‘rilsada inson Allohga kufr keltirib o‘tirsa, shu to‘g‘ri bo‘ladimi?! Allohga shirk keltirsa, joizmi? O‘ziga kelgan vahiyni afsona, yolg‘on, sehr, to‘qilgan uydirma deyishi aqldanmi?! Bu vahiyni eskirib qoldi, zamonga to‘g‘ri kelmaydi, deyishi to‘g‘rimi?! Alloh vahiy qilgan dasturni qo‘yib, o‘zi to‘qib chiqargan dastur asosida yashashi joizmi?!
«Biz, dunyo osmonni chiroqlar-la ziynatladik va qo‘ridik».
Ya’ni, insonga yaqin osmonga yulduzlarni ziynat qilib yaratdik. O‘sha yulduzlar ila osmonni qo‘riydigan ham qilib qo‘ydik. O‘sha yulduzlar osmonni jinu shaytonlardan qo‘rib turadilar.
Inson boshi ustidagi bepoyon osmonning bir qismidan jinday xabardor, xolos. Bu osmon, ba’zi ulamolar aytishlaricha, shunchalik kattaki, undagi quyosh sistemasining diametri yuz milyard yorug‘lik yiliga tengdir. Yorug‘lik esa, bir soniya-sekundda bir yuz sakson olti ming mil tezlik bilan harakat qiladi. U tezlikni daqiqaga, soatga, kunga, oy va yilga ko‘paytirsak va so‘ngra natijani yuz milyardga ko‘paytirsak, bizga yaqin osmondagi quyosh sistemasining diametri qancha ekanini bilib olamiz. Ana shu osmonni Alloh taolo yulduzlar ila bezab qo‘yibdi. Bu yulduz-chiroqlarning soni haligacha aniq emas. Ayrimlarining kattaligini ba’zi ulamolar taxmin qilganlari ma’lum. Bu narsalarni yaratgan zotni o‘ylab, Uning qudratiga qoil qolamiz, xolos. Shunday qudratli zotga kufr va shirk keltirayotgan, Uning vahiyi asosida yashamayotgan insonlar haqida o‘ylab esa, inson naqadar johil, naqadar insofsiz, naqadar nonko‘r ekanini tan olmasdan iloj qolmaydi.
«Bu azizu o‘ta ilmli zotning o‘lchovidir».
Yuqoridagi narsalarning barchasi hammadan ustun va g‘olib bo‘lgan zot Allohning o‘lchovidir, qilgan taqdiridir. Alloh aziz (hammadan kuchli, g‘olib va ustun) bo‘lgani uchun ham o‘sha narsalarni yaratdi, o‘lchovli qilib qo‘ydi. Ammo Alloh yaratib qo‘ygan narsalarni, Alloh bergan aql bilan hisobiga yeta olmay yurgan inson esa, kibru havo ila Allohga kufr keltiradi. Uni inkor etadi. Dinini inkor etadi. Shariatini inkor etadi. Vahiyini inkor etadi. Axir shunday Allohga kufr keltirib bo‘ladimi?! Axir shunday Allohga shirk keltirib bo‘ladimi?!
Alloh Subhanahu va Taolo ushbu oyati karimalari orqali biz yashab turgan yerni ikki kunda yaratganligini, to‘rtinchi kungacha esa barcha mavjudot, maxluqot, o‘simliklar-u parrandalarni, hashoratlar-u qurt qumusqalarni rizq ro‘zisini taqsimlab, tog‘larni ham barpo etganini, nihoyat ikki kunda esa yetti qavat osmonni yaratib, bizning dunyo osmonimizni yulduzlar bilan bezab quyganligini bayon etmoqda. Alloh shu tariqa bu olamni yo‘qdan bor etgan ekan. Mana bilib quying, mulohaza yuriting, tafakkur qiling dunyo qanday yaralgan ekan?
Shu yerda ushbu «So‘ngra tutun holidagi osmonga yuzlanib,» - deb marhamat qilinayotgan oyati karimaga e’tibor bersak.
Alloh Taolo payg‘ambarimiz zamonidagi odamlar tushunishligi oson bo‘lishligi uchun tutun demoqda. Zamonamiz olimlari esa gaz deb nomlashdi. Aslida tutun ham, gaz ham, fizik jihatdan bir holatni anglatadi.
Imom Buxoriy nomli Toshkent islom instituti
4-bosqich talabasi Setirzayev Shayxulmuhammad
Bir o‘tirib, yashab o‘tgan shuncha yillik hayotimizda boshdan kechirgan g‘am-g‘ussalarimiz haqida fikr yuritib ko‘rsak, qayg‘ular ikki xil ekanini ko‘ramiz:
Birinchisi – o‘sha paytda ko‘zimizga katta ko‘rinib, hatto yig‘lashimizga sabab bo‘lgan qayg‘ularimiz. Lekin vaqt o‘tishi bilan ular aslida oddiy narsa ekani, yig‘lashga arzimasligi ma’lum bo‘ladi. Ba’zan o‘sha kunlarni eslaganimizda kulgimiz kelib, «Shu arzimas narsa uchun ham siqilib, yig‘lab yurgan ekanmanmi? U paytlarda ancha yosh bo‘lgan ekanmiz-da», deb qo‘yamiz.
Ikkinchisi – haqiqatdan ham katta musibatlar. Ba’zilari hayotimizni zir titratgan. Bu qayg‘ular ham o‘tib ketadi, lekin o‘chmaydigan iz qoldirib ketadi. Bu izlar uzoq yillargacha qalbga og‘riq berib turaveradi. Bu qayg‘ular ba’zan to‘xtab, ba’zan harakatga kelib, yangilanib turadigan vulqonga o‘xshaydi. Bunday g‘am-qayg‘ularning yaxshi tarafi shundaki, ular hayotda ham, oxiratda ham yaxshiliklarning ko‘payishiga sabab bo‘ladi. Ular qalbimizda o‘chmas iz qoldirsa, har eslaganda ko‘zlarimizda yosh qalqisa, eng asosiysi – o‘shanda duoga qo‘l ochib, sabr bilan turib bera olsak, ko‘p-ko‘p yaxshiliklarga, ajr-savoblarga ega bo‘lamiz. G‘am-qayg‘u yangilanishi bilan yaxshiliklar ham yangilanib boraveradi.
G‘am-qayg‘usiz hayotni kutib yashayotgan qizga «Siz kutayotgan kun bu dunyoda hech qachon kelmaydi», deb aytish kerak.
Alloh taolo «Biz insonni mashaqqatda yaratdik», degan (Balad surasi, 4-oyat).
Bu hayot – g‘am-tashvishli, azob-uqubatli, mashaqqatli hayotdir. Mo‘min odam buni juda yaxshi tushunadi. Bu dunyoda qiynalsa, azob cheksa, oxiratda albatta xursand bo‘lishini biladi. Inson mukammal baxtni faqatgina oxiratda topadi. Shuning uchun ulug‘lardan biriga «Mo‘min qachon rohat topadi?» deb savol berishganda, «Ikkala oyog‘ini ham jannatga qo‘yganida», deb javob bergan ekan.
Allohning mehribonligini qarangki, oxirat haqida o‘ylab, unga tayyorgarlik ko‘rish hayotni go‘zal qiladi, qayg‘ularni kamaytirib, uning salbiy ta’sirini yengillatadi, qalbda rozilik va qanoatni ziyoda qiladi, dunyoda solih amallarni qilishga qo‘shimcha shijoat beradi, musibatga uchraganlarni bu g‘am-tashvishlar, azob-uqubatlar bir kun kelib, bu dunyoda bo‘lsin yoki oxiratda bo‘lsin, baribir yakun topishiga ishontiradi. Oxirat haqida o‘ylab, faqat solih amallar qilishga intilish insonni baxtli qiladi.
Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar: «Kimning g‘ami oxirat bo‘lsa, Alloh uning qalbiga qanoat solib qo‘yadi, uni xotirjam qilib qo‘yadi, dunyoning o‘zi unga xor bo‘lib kelaveradi. Kimning g‘ami dunyo bo‘lsa, Alloh uning dardini faqirlik qilib qo‘yadi, parishon qilib qo‘yadi, vaholanki dunyodan unga faqat taqdir qilingan narsagina keladi».
Alloh taolo faqat oxirat g‘ami bilan yashaydigan (oxirat haqida ko‘p qayg‘uradigan, har bir amalini oxirati uchun qiladigan) qizning qalbini dunyoning matohlaridan behojat qilib qo‘yadi. Qarabsizki, bu qiz har qanday holatda ham o‘zini baxtli his qiladi, hayotidan rozi bo‘lib yashaydi. Xotirjamlikda, osoyishtalikda, qanoatda yashagani uchun istamasa ham qo‘liga mol-dunyo kirib kelaveradi. Zero, Alloh taolo oxirat g‘amida yashaydigan, shu bilan birga, hayotiy sabablarni ham qilish uchun harakatdan to‘xtamagan kishining rizqini kesmaydi, uni ne’matlariga ko‘mib tashlaydi.
Ammo Alloh taolo bor g‘am-tashvishi dunyo bo‘lgan qizni faqirlar qatorida qilib qo‘yadi. Bunday qiz mol-dunyoga ko‘milib yashasa ham, o‘zini faqir, bechora his qilaveradi. Natijada dardi yangilanaveradi, dardiga dard qo‘shilaveradi, fikrlari tarqoq bo‘lib, iztirobga tushadi. Afsuski, shuncha yelib-yugurgani bilan faqat dunyoning ne’matlariga erisha oladi, oxiratda nasibasi bo‘lmaydi.
Abdulloh Abdulmu’tiy, Huda Sa’id Bahlulning
“Qulog‘im senda qizim” kitobidan G‘iyosiddin Habibulloh,
Abdulhamid Umaraliyev tarjimasi.