Sayt test holatida ishlamoqda!
11 Yanvar, 2025   |   11 Rajab, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:24
Quyosh
07:48
Peshin
12:36
Asr
15:33
Shom
17:17
Xufton
18:36
Bismillah
11 Yanvar, 2025, 11 Rajab, 1446

Olam gaz holatda bo‘lganmi?

4.06.2020   2953   12 min.
Olam gaz holatda bo‘lganmi?

Olamning paydo bo‘lishi borasida bir qancha falsafiy qarashlar mavjud bo‘lib shu qarashlarning biri “Olam dastlab, gaz holatda bo‘lib, keyin harorat pasayishi natijasida birlashib, bir butun yaxlit holatga kelgan” degan falsafiy qarashdir. Xo‘sh sizningcha olam gaz holatida bo‘lganmi?

Bu haqda astronom olim Ser Jeyms Jins qarashlari quyidagicha: «Borliq yaralishidan avval undagi moddalar gazdan iborat bo‘lgan va shu gazlarning o‘zaro birikishi natijasida sayyoralar kelib chiqqan» .

Doktor Jamu ham bu borada o‘z fikrini shunday bildiradi: «Dunyo vujudga kelayotgan vaqtda, u tartibli tarqoq gazdan iborat bo‘lgan. Uning qalinligini va haroratini tasavvur qilib bo‘lmaydi va shu gazda turli moddalarning aralashuvi natijasida atom parchalanishi vujudga keldi. Mana shu haddan tashqari issiq gazga qattiq bosimning ta’siri natijasida borliq vujudga kela boshladi».

Endi ayrim mufassir allomalarimizning fikrlarini bayon etsak.

Abul Barokat Nasafiy o‘zining «Madorik at tanzil» nomli tafsirlarida ibn Abbos (r.a.) dan quyidagi rivoyatni keltiradi. «Alloh Taolo avval bir javharni yaratdi. Uning uzunligi ming yillik, kengligi 10 ming yillik masofaga teng bo‘lgan. So‘ngra Alloh Taolo unga haybat bilan nazar tashladi. Javhar titrab, eriy boshladi. So‘ngra u alanga olib, undan tutun qo‘zg‘aldi. Tutun yuqoriga ko‘tarilib, uning o‘rniga ko‘pik yig‘ilib qoldi. Shunda Alloh Taolo ko‘pikni Yer, tutunni osmon qildi».

Shayx Aziziddin Nasafiy (1226 – 1306) hazratlari «Zubdatul haqoyiq» nomli kitoblarida yozishlaricha Alloh taolo mulk va malakut olamini yaratishni iroda etdi va ilk daf’a bir javharni yaratdi. Unga nigoh tashlashi bilan u qaynab ko‘pirib, gaz holatga kelgan. Shaffof qismidan malakut olamini, quyqasidan mulk, jism olamini yaratdi.

Demak borliq avvalda yaxlit bir javhar ko‘rinishda bo‘lib, so‘ngra gaz holatda bo‘lgan ekan.

Alloh taolo bu yorug‘ dunyoni qanday yaratganligi haqida muborak kitobining “Fussilat”surasida shunday bayon qiladi:

  1. Sen: «Sizlar haqiqatan ham yerni ikki kunda yaratgan zotga kufr keltiryapsizmi va Unga tengdoshlar qo‘shyapsizmi?! Axir U zot olamlarning Robbi-ku!
  2. U zot o‘sha(yer)ning ustida tog‘larni qildi, uni barakotli qildi va uning (ahli) rizqini to‘rt kunda o‘lchovli etib taqdir qildi. Bu so‘rovchilar uchundir», deb ayt.

Kofirlar Allohga iymon keltirmayotganlari bilan qanday zotga kufr keltirayotganlarini, Allohni inkor etish bilan qanday zotga isyon qilayotganlarini idrok etarmikanlar? Ushbu ikki oyatda va ulardan keyingi oyatlarda kofirlar kufr keltirayotgan Alloh qanday zot ekanligi bayon qilinadi. Oyatda Payg‘ambarimiz sollalohu alayhi vasallamga quyidagi savol va bayonlarni xitob qilish topshiriladi:

«Sizlar haqiqatan ham yerni ikki kunda yaratgan zotga kufr keltiryapsizmi...»

Shunday ulkan sayyora-yerni ikki kunda yaratgan  Allohga kufr keltirib bo‘ladimi?! Uning qudratidan, har ishga qodirligidan qo‘rqmaysizlarmi?! Yerdek buyuk jismni atigi ikki kunda yaratgan zot sizlarni halok qila olmasmidi?!

«...va Unga tengdoshlar qo‘shyapsizmi?!»

Ey kofirlar, siz Allohga shirk keltiryapsizlarmi?! Shirk keltirishingiz tufayli Uning g‘azabiga qolishdan qo‘rqmadingizmi?!

«Axir U zot olamlarning Robbi-ku!»

Axir o‘sha siz kufr va shirk keltirayotgan  Alloh barcha olamlarning Robbi–Xoliqi, Roziqi, tadabburini qiluvchisi, tarbiyakunandasi-ku! Qanday qilib shunday ulug‘ zotga kufr keltirasiz?! Qanday qilib shunday buyuk zotga shirk keltirasiz?!

«U zot o‘sha(yer)ning ustida tog‘larni qildi...»

Inson ko‘ziga tog‘lar yer yuzida eng salobatli, sobit, ulkan va qudratli bo‘lib ko‘rinadi. Sobit, ulug‘vorlik, viqor kabi vasflarga tog‘lar misol qilib keltiriladi. Yerning ustida o‘sha tog‘larni yaratgan zot Allohdir. Shunday zotga qanday ham kufr keltirib bo‘ladi?! Shunday zotga qanday ham shirk keltirib bo‘ladi?

«...uni barakotli qildi...»

Ya’ni, Alloh taolo yerni barakotli qildi. Hamma tomonda barakot ko‘rindi. Yerning usti ham baraka, ichi ham baraka. Yerdagi baraka inson uchundir. Bu barakani Allohdan boshqa hech kim qila olmadi. Shunday zotga kufr keltirib bo‘ladimi?! Shunday zotga shirk keltirib bo‘ladimi?!

«...va uning (ahli) rizqini to‘rt kunda o‘lchovli etib taqdir qildi».

Yerning rizqi, ya’ni yer, ahlining rizqi o‘lchovli, belgili qilib qo‘yilgan. Kattayu kichik, kuchligu kuchsiz hamma-hammasi  rizqini topib yeyaveradi. Filga ham o‘ziga yarasha rizq bor, chumoliga ham. Hammasi o‘lchovli, hammasi taqdir qilingan. Bu ishni faqat Alloh taologina qila oladi. Boshqa hech bir zotning qo‘lidan kelmaydi. Birorta chumoliga rizq beradigan zot haligacha chiqqani yo‘q. Chiqmaydi ham. Ana shunday ulug‘ zotga kufr keltirib bo‘ladimi?! Ana shunday buyuk zotga shirk keltirib bo‘ladimi?!

  1. So‘ngra tutun holidagi osmonga yuzlanib, unga va yerga: «Ikkovingiz ixtiyor qilgan holingizda yoki majbur bo‘lgan holingizda keling!» dedi. Ikkovlari: «Ixtiyor qilgan holimizda keldik», dedilar.

Yuqoridagi ishlardan so‘ng, Alloh taolo osmonni qasd qildi, unga irodasi ketdi. O‘sha vaqtda osmon tutun-gaz holida edi. (Dunyoning yaratilishi yuzasidan ilmiy izlanish olib borgan olimlar ham shu natijani takrorlamoqdalar).

Alloh taolo osmonga va yerga qarab:

«Ikkovingiz ixtiyor qilgan holingizda yoki majbur bo‘lgan holingizda keling!» dedi».

Ya’ni, xohlasangiz, itoat qilgan holingizda keling, xohlasangiz, majbur bo‘lib keling, dedi.

«Ikkovlari: «Ixtiyor qilgan holimizda keldik», dedilar».

Shunchalar ulkan, mustahkam, kuchli bo‘lishlariga qaramay, Allohning irodasi ketishi bilan  itoatkorliklarini darhol izhor etdilar. Ha, Alloh taologa hamma narsa chun-charosiz butunlay, o‘z ixtiyori bilan itoat etadi. Faqat ojiz insongina, o‘zidagi kibru havo tufayli itoatsizlik qiladi. Aqlli odam osmonu yer o‘z ixtiyori ila bo‘ysunib turgan Allohga buysunmay qolmaydi. Ana shunday Allohga kufr keltirib bo‘larmidi?! Ana shunday Allohga shirk keltirib bo‘larmidi?!

  1. Bas, ikki kunda yetti osmonni barpo etdi va har bir osmonga ishini vahiy qildi. Biz, dunyo osmonni chiroqlar-la ziynatladik va qo‘ridik. Bu azizu o‘ta ilmli zotning o‘lchovidir.

Keyin Alloh taolo o‘sha tutun-gazdan:

«Bas, ikki kunda yetti osmonni barpo etdi...»

Bu ishlarni Allohning O‘zi biladi. Insonga esa yerga yaqin turgan osmondan ba’zi narsalarni bildirib qo‘ygan, xolos. Shunday qilib, osmonlaru yer olti kunda barpo qilindi. U kunlar qanday kunlar ekanini Allohning O‘zigina biladi. Ulamolarimiz, agar Alloh taolo xohlasa, bularni ko‘z ochib yumguncha yaratar edi, lekin bandalariga puxtalikni o‘rgatish uchun shoshilgani yo‘q, derlar

Ikki kunda yetti osmonni yaratgan zotga kufr yoki shirk keltirib bo‘ladimi?!

«...va har bir osmonga ishini vahiy qildi».

Har bir osmonda barcha ish Bizning vahiyimiz asosida, o‘sha vahiyga binoan bo‘ladi.

Yo Alloh! Bu naqadar ajoyib! Naqadar ibratli! Inson umuman tasavvur ham qila olmaydigan yetti osmonning barchasida hamma ishlar Allohning vahiyi bo‘yicha bo‘lsa-yu, hech narsaga arzimaydigan inson, Alloh tomonidan o‘ziga maxsus yuborilgan vahiyni inkor etsa! Yetti osmondagi butun mavjudot Allohning vahiyi bilan ish ko‘rsa-yu, yaqin osmondagi yer deb atalmish bir zarrada yashovchi inson atalmish hech narsaga arzimagan narsa Allohning vahiyini inkor etib, o‘zicha turli yo‘llar bilan ish ko‘rib yursa! Inson degani naqadar jinoyatchi maxluq! Inson degani naqadar noshukr maxluq! Inson degani naqadar o‘zidan ketgan, kibru havoga berilgan maxluq!

Axir hajmini, ichlaridagi narsalarni tasavvur ham qilib bo‘lmaydigan darajada ko‘p va katta bo‘lgan yetti osmonning har birida Allohning vahiysi asosida ish ko‘rilsada inson Allohga kufr keltirib o‘tirsa, shu to‘g‘ri bo‘ladimi?!  Allohga shirk keltirsa, joizmi? O‘ziga kelgan vahiyni afsona, yolg‘on, sehr, to‘qilgan uydirma deyishi aqldanmi?! Bu vahiyni eskirib qoldi, zamonga to‘g‘ri kelmaydi, deyishi to‘g‘rimi?! Alloh vahiy qilgan dasturni qo‘yib, o‘zi to‘qib chiqargan dastur asosida yashashi joizmi?!

«Biz, dunyo osmonni chiroqlar-la ziynatladik va qo‘ridik».

Ya’ni, insonga yaqin osmonga yulduzlarni ziynat qilib yaratdik. O‘sha yulduzlar ila osmonni qo‘riydigan ham qilib qo‘ydik. O‘sha yulduzlar osmonni jinu shaytonlardan qo‘rib turadilar.

Inson boshi ustidagi bepoyon osmonning bir qismidan jinday xabardor, xolos. Bu osmon, ba’zi ulamolar aytishlaricha, shunchalik kattaki, undagi quyosh sistemasining diametri yuz milyard yorug‘lik yiliga tengdir. Yorug‘lik esa, bir soniya-sekundda bir yuz sakson olti ming mil tezlik bilan harakat qiladi. U tezlikni daqiqaga, soatga, kunga, oy va yilga ko‘paytirsak va so‘ngra natijani yuz milyardga ko‘paytirsak,  bizga yaqin osmondagi quyosh sistemasining diametri qancha ekanini bilib olamiz. Ana shu osmonni Alloh taolo yulduzlar ila bezab qo‘yibdi. Bu yulduz-chiroqlarning soni haligacha aniq emas. Ayrimlarining kattaligini ba’zi ulamolar taxmin qilganlari ma’lum. Bu narsalarni yaratgan zotni o‘ylab, Uning qudratiga qoil qolamiz, xolos. Shunday qudratli zotga kufr va shirk keltirayotgan, Uning vahiyi asosida yashamayotgan insonlar haqida o‘ylab esa, inson naqadar johil, naqadar insofsiz, naqadar nonko‘r ekanini tan olmasdan  iloj qolmaydi.

«Bu azizu o‘ta ilmli zotning o‘lchovidir».

Yuqoridagi narsalarning barchasi  hammadan ustun va g‘olib bo‘lgan zot  Allohning o‘lchovidir, qilgan taqdiridir. Alloh aziz  (hammadan kuchli, g‘olib va ustun) bo‘lgani uchun ham o‘sha narsalarni yaratdi, o‘lchovli qilib qo‘ydi. Ammo Alloh yaratib qo‘ygan narsalarni, Alloh bergan aql bilan hisobiga yeta olmay yurgan inson esa, kibru havo ila Allohga kufr keltiradi. Uni inkor etadi. Dinini inkor etadi. Shariatini inkor etadi. Vahiyini inkor etadi. Axir shunday Allohga kufr keltirib bo‘ladimi?! Axir shunday Allohga shirk keltirib bo‘ladimi?!

Alloh Subhanahu va Taolo ushbu oyati karimalari orqali biz yashab turgan yerni ikki kunda yaratganligini, to‘rtinchi kungacha esa barcha mavjudot, maxluqot, o‘simliklar-u parrandalarni, hashoratlar-u qurt qumusqalarni rizq ro‘zisini taqsimlab, tog‘larni ham barpo etganini, nihoyat ikki kunda esa yetti qavat osmonni yaratib, bizning dunyo osmonimizni yulduzlar bilan bezab quyganligini bayon etmoqda. Alloh shu tariqa bu olamni yo‘qdan bor etgan ekan. Mana bilib quying, mulohaza yuriting, tafakkur qiling dunyo qanday yaralgan ekan?

Shu yerda ushbu «So‘ngra tutun holidagi osmonga yuzlanib,» - deb marhamat qilinayotgan oyati karimaga e’tibor bersak.

Alloh Taolo payg‘ambarimiz zamonidagi odamlar tushunishligi oson bo‘lishligi uchun tutun demoqda. Zamonamiz olimlari esa gaz deb nomlashdi. Aslida tutun ham, gaz ham, fizik jihatdan bir holatni anglatadi.

 

Imom Buxoriy nomli Toshkent islom instituti

4-bosqich talabasi Setirzayev Shayxulmuhammad

Maqolalar
Boshqa maqolalar

Duolarning ta’sirlari bayoni

10.01.2025   2840   10 min.
Duolarning ta’sirlari bayoni

 - 58وَلِلدَّعَوَاتِ تَأْثِيرٌ بَلِيغٌ وَقَدْ يَنْفِيهِ أَصْحَابُ الضَّلاَلِ

 

Ma’nolar tarjimasi: Duolarning yetuk ta’siri bordir, gohida adashganlar uni inkor qiladilar.


Nazmiy bayoni:

Duolarning yetuk ta’sirlari bor,
Adashganlargina qilarlar inkor.


Lug‘atlar izohi:

لِ – jor harfi فِي ma’nosida kelgan.

دَعَوَاتِ – kalimasi دَعْوَةٌ ning ko‘plik shakli bo‘lib, lug‘atda “iltijolar” ma’nosini anglatadi. Jor va majrur mubtadosidan oldin keltirilgan xabardir.

تَأْثِيرٌ – xabaridan keyin keltirilgan mubtado.

بَلِيغٌ – sifat. Ushbu kalimada duoning ta’sirga sabab ekaniga ishora bor. Chunki ta’sir, aslida, Alloh taoloning yaratishi bilan vujudga keladi.

وَ – “holiya” ma’nosida kelgan.

قَدْ – “taqliliya” (cheklash) ma’nosida kelgan.

يَنْفِيهِ – fe’l va maf’ul. نَفِي kalimasi lug‘atda “bir chetga surib qo‘yish” ma’nosiga to‘g‘ri keladi.

اَصْحَابُ – foil. Bu kalima صَاحِب ning ko‘plik shakli bo‘lib, “lozim tutuvchilar” ma’nosiga to‘g‘ri keladi.

الضَّلاَلِ – muzofun ilayh. Ushbu izofada لِ jor harfi muqaddar bo‘lgan[1]. “Zalolat” kalimasi “to‘g‘ri yo‘ldan adashish” ma’nosida ishlatiladi.

 

Matn sharhi:

Duo lug‘atda “iltijo”, “o‘tinch” kabi ma’nolarni anglatadi. Istilohda esa “banda o‘zining faqirligini, hojatmandligini va muteligini hamma narsaga qodir bo‘lgan Alloh taologa izhor qilib, manfaatlarni jalb qilishni va zararlarni daf qilishni so‘rashi, duo deb ataladi”[2].

Mo‘min bandalarning qilgan duolarida o‘zlariga ham, agar marhumlar haqlariga duo qilayotgan bo‘lsalar, ularga ham manfaatlar yetadi. Duolarning ta’siri borligini adashgan kimsalargina inkor qiladilar. Matndagi “zalolatdagilar” degan so‘zdan mo‘taziliy toifasi ko‘zda tutilgan. Chunki mo‘taziliy toifasi bu masalada ham Ahli sunna val-jamoa e’tiqodiga zid da’volarni qilgan.

Duolarning ta’sirini inkor etadiganlar bir qancha dalillarni keltirishgan. Masalan, oyati karimalarda har bir insonga o‘zi qilgandan boshqa narsa yo‘qligi bayon qilingan:

“Insonga faqat o‘zi qilgan harakatigina (mansub) bo‘lur”[3].

Boshqa bir oyatda esa kishi o‘zining qilgan yaxshi ishlari tufayli mukofotga erishsa, yomon qilmishlari sababli jazolanishi bayon etilgan:

“Uning kasb etgani (yaxshiligi) – o‘ziga va orttirgani (yomonligi) ham o‘zigadir”[4].

Ushbu oyati karimalarda har bir kishining ko‘radigan manfaatlari boshqalarning qilgan duo va xayrli ishlaridan emas, faqat o‘zining qilgan ishlaridan bo‘lishi bayon qilingan, bu esa duolarning ta’siri yo‘qligiga dalolat qiladi, – deyishgan.


Duolarning ta’sirlarini inkor etuvchilarga raddiyalar

Duolarning ta’sirlarini inkor etuvchilar keltirishgan yuqoridagi va undan boshqa dalillariga batafsil javoblar berilgan. “Talxisu sharhi aqidatit-Tahoviy” kitobida quyidagicha javob kelgan: "Insonga faqat o‘zi qilgan harakatigina (mansub) bo‘lur" ma’nosidagi oyatda bayon qilinganidek, haqiqatda inson o‘z sayi-harakati va yaxshi fe’l-atvori bilan do‘stlar orttiradi, uylanib bola-chaqali bo‘ladi, insonlarga mehr-muhabbat ko‘rsatadi va ko‘plab yaxshi ishlarni amalga oshiradi. Shunga ko‘ra insonlar uni yaxshilik bilan eslab, unga Alloh taolodan rahmat so‘rab duo qilsalar, toat-ibodatlarning savoblarini unga hadya qilsalar, bularning barchasi birovning emas, aslida, o‘z sayi-harakatining natijasi bo‘ladi.

Ikkinchi dalil bo‘lgan "Uning kasb etgani (yaxshiligi) – o‘ziga va orttirgani (yomonligi) ham o‘zigadir", ma’nosidagi oyat ham yuqoridagi kabi oyat bo‘lib, har bir kishi o‘zining qilgan yaxshi ishining samarasini ko‘radi, qilgan ma’siyatiga ko‘ra jazolanadi, kabi ma’nolarni ifodalaydi. (Ya’ni “har kim ekkanini o‘radi”, deyilgani kabi)”[5].

Shuningdek, duo qilishning foydasi bo‘lmaganida mag‘firat so‘rashga buyruq ham bo‘lmasdi. Qur’oni karimda esa mag‘firat so‘rashga buyurilgan:

“Bas, (ey Muhammad!) Allohdan o‘zga iloh yo‘q ekanini biling va o‘z gunohingiz uchun hamda mo‘min va mo‘minalar(ning gunohlari) uchun mag‘firat so‘rang!”[6].

Shuningdek, vafot etib ketgan kishilar haqiga qilingan duolarda manfaat bo‘lmaganida, ularni eslab duo qilganlar Qur’oni karimda madh etilmasdi:

“Ulardan keyin (dunyoga) kelganlar: “Ey Robbimiz, bizni va bizdan avval iymon bilan o‘tgan birodarlarimizni mag‘firat qilgin, iymon keltirganlarga (nisbatan) qalbimizda nafrat (paydo) qilmagin. Ey, Robbimiz, albatta, Sen shafqatli mehribonsan”, – derlar”[7].

Shuningdek, vafot etganlarga janoza namozini o‘qish tiriklar zimmasiga vojib qilingan. Janoza namozida esa sano va salovot aytish bilan birgalikda “Ey Allohim, bizlarning tiriklarimizni ham, o‘liklarimizni ham mag‘firat qilgin”, ma’nosidagi duo o‘qiladi.

Mazkur dalillarning barchasida duolarning ta’siri borligi ko‘rinib turibdi. Shuning uchun inson vafotidan keyin ham o‘z haqiga xayrli duolar qilinishiga sabab bo‘ladigan yaxshi amallarni qilishi lozim.

Duo qilish bandaga foyda keltiradigan va undan zararlarni daf qiladigan eng kuchli sabablardan ekani Qur’oni karimda ham, hadisi shariflarda ham bayon qilingan:

“Parvardigoringiz: “Menga duo qilingiz, Men sizlar uchun (duolaringizni) ijobat qilay!” – dedi. Albatta, Menga ibodat qilishdan kibr qilgan kimsalar yaqinda tuban holatda jahannamga kirurlar”[8].

Ibn Kasir rahmatullohi alayh ushbu oyat haqida: “Alloh taolo bandalarini O‘ziga duo qilishga da’vat etgan va O‘z fazlu marhamati bilan qilgan duolarini albatta ijobat etishga kafolat bergan”, – degan. Oyati karimaning davomidagi “ibodatdan kibr qilganlar” esa Alloh taologa duo qilishdan takabburlik qilgan kimsalar deya tafsir qilingan. Hadisi shariflarda duoning qazoni qaytarishga sabab qilib qo‘yilgani bayon etilgan:

عَنْ سَلْمَانَ الْفَارْسِيِّ رَضِيَ اللهُ عَنْهُ أَنَّ رَسُولَ الله صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قال لَا يَرُدُّ القَضاءَ إلا الدُّعاءُ وَ لَا يَزِيدُ فِي الْعُمُرِ إِلاَّ الْبِرُّ. رَوَاهُ التِّرْمِذِيُّ

Salmon Forsiy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Qazoni faqatgina duo qaytaradi, umrni faqatgina yaxshilik ziyoda qiladi”, – dedilar (Termiziy rivoyat qilgan).

Sharh: Ushbu hadisda duoning bajariladigan ishlarga bog‘lab qo‘yilgan qazoni qaytarish sabablaridan ekani bayon qilingan. Zero, Alloh taolo amalga oshadigan barcha narsalarga azaliy sabablarni tayin qilib qo‘ygan. Solih amallar saodatga erishish uchun azaliy sabablar bo‘lsa, yomon amallar badbaxt bo‘lish uchun azaliy sabablardir. Shuningdek, yaxshilik, go‘zal xulqli bo‘lish, qarindoshlik aloqalarini uzmaslik kabi amallar ham azaliy sabablar qatoriga kiradi. Ana shunday azaliy sabablar yuzaga chiqarilgan paytda o‘sha sababga bog‘langan ishlar ham yuzaga chiqadi.

Imom Tahoviy[9] rahmatullohi alayh “Aqidatut Tahoviya” asarida quyidagilarni yozgan: “Tiriklarning duo va sadaqalarida o‘liklar uchun manfaatlar bordir. Alloh taolo duolarni qabul qiladi va xojatlarni ravo qiladi (deb e’tiqod qilamiz)”.


Keyingi mavzu:
Dunyoning yo‘qdan bor qilingani bayoni.

 


[1] Bu haqidagi ma’lumot 53-baytning izohida bayon qilindi.

[2] Doktor Ahmad Farid. Bahrur-Roiq. – Iskandariya: “Dorul Majd”, 2009. – B. 105.

[3] Najm surasi, 39-oyat.

[4] Baqara surasi, 286-oyat.

[5] Muhammad Anvar Badaxshoniy. Talxisu sharhi aqidatit-Tahoviy. – Karachi: “Zamzam babilsharz”, 1415h. – B. 192.

[6] Muhammad surasi, 19-oyat.

[7] Hashr surasi, 10-oyat.

[8] G‘ofir surasi, 60-oyat.

[9] Abu Ja’far Ahmad ibn Muhamad ibn Salama Tahoviy rahmatullohi alayh hijriy 239 yilda Misrning “Toha” shaharchasida tug‘ilgan.

Imom Tahoviy hanafiy mazhabidagi mo‘tabar olimlardan bo‘lib, “Sihohi sitta” mualliflari bilan bir asrda yashab faoliyat yuritgan. Bu zot haqida ulamolar ko‘plab maqtovli so‘zlarni aytganlar. Jumladan Suyutiy “Tobaqotul Huffoz” asarida: “Imom Tahoviy alloma, hofiz, go‘zal tasnifotlar sohibidir”, – degan. Zahabiy: “Kimki ushbu imomning yozgan asarlariga nazar solsa, bu zotning ilm  darajasi yuqori, ma’rifati keng ekaniga amin bo‘ladi”, – degan.

Imom Tahoviy tafsir, hadis, aqida, fiqh va siyratga oid ko‘plab asarlar yozib qoldirgan. Ularning ayrimlari quyidagilardir:

1. Ahkamul Qur’an (Qur’on hukmlari);

2. Sharhu ma’onil osor ( Asarlarning ma’nolari sharhi);

3. Aqidatut Tahoviya (Tahoviy aqidasi);

4. Bayonu mushkilil osor (Asarlarning mushkilotlari bayoni);

5. Sharhu jomeis sag‘ir (Jomeus sag‘ir sharhi);

Imom Tahoviy rahmatullohi alayh hijriy 321 yilda Misrda vafot etgan.