Sayt test holatida ishlamoqda!
05 Yanvar, 2025   |   5 Rajab, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:24
Quyosh
07:49
Peshin
12:33
Asr
15:27
Shom
17:11
Xufton
18:30
Bismillah
05 Yanvar, 2025, 5 Rajab, 1446

Oilada farzand tarbiyasi: AQLIY TARBIYA MAS’ULIYATI

3.06.2020   4597   27 min.
Oilada farzand tarbiyasi: AQLIY  TARBIYA MAS’ULIYATI

Aqliy tarbiyadan maqsad bola ongida shariat ilmlarini ham, zamonaviy ilmlarni ham shakllantirishdir. Shundagina u teran fikrli, o‘tkir fahmli bo‘lib yetishadi. Imon-e’tiqod sabog‘i bola tarbiyasida eng asosiy o‘rinda turadi. Imonli bola hayoli bo‘ladi, birovga zulm qilmaydi. Haromdan, nopok narsalardan tiyiladi. Mehru oqibatli, sabrli bo‘ladi.

Bu borada murabbiylar zimmasida bir qancha mas’uliyatli ishlar bor. Albatta, bolalarimiz birdaniga imonli bo‘lib qolishmaydi. Buning uchun ma’lum darajada aqliy rivojlanish jarayonini bosib o‘tishlari kerak. Bu sohadagi vazifalarni uchta bosqichda o‘rganamiz:

– Majburuy ta’lim.

– Fikrni rivojlantirish.

– Sog‘lom aql.

 

Majburiy ta’lim mas’uliyati

Xalqimizda beshikdan qabrgacha ilm izla, degan purma’no naql bor. Imon tarbiyasi ta’lim, savod bilan ham bog‘liq. Ma’lumki, Rasulullohga (sollallohu alayhi va sallam) nozil bo‘lgan birinchi oyatlar ham ilm haqida edi. Unda shunday keladi: «O‘qing (ey Muhammad! Butun borliqni) yaratgan zot bo‘lmish Rabbingiz ismi bilan. (U) insonni laxta qondan yaratdi. O‘qing! Rabbingiz esa Karamlidir. U insonga qalam bilan (yozishni ham) o‘rgatdi. U insonga bilmagan narsalarini bildirdi» (Alaq, 1–5).

Ilmga undovchi oyat-hadislar juda ko‘pdir. Jumladan:

«Ayting: Biladiganlar bilan bilmaydiganlar teng bo‘lurmi?» (Zumar, 9).

«Ayting: Ey Rabbim! Menga ilmni ziyoda et!» (Toho, 114).

«Alloh sizlardan imon keltirgan va ilm ato etilgan zotlarni (baland) daraja (martaba)larga ko‘tarur» (Mujodala, 11).

«Nun, Qalam va (u bilan) yozadigan narsalar (bitiklar) bilan qasam etaman...» (Qalam, 1).

Imom Muslim “Sahih” kitoblarida Abu Hurayradan (roziyallohu anhu) rivoyat qiladi: Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Ilm istab yo‘lga chiqqan kishiga  Alloh jannat yo‘lini oson qilib qo‘yadi”, dedilar.

Imom Termiziy Abu Umomadan (roziyallohu anhu) rivoyat qiladi. U zot (sollallohu alayhi va sallam): “Olimning obiddan afzalligi mening eng omi odamdan afzalligim kabidir. Allohning farishtalari, osmonlaru yer ahli, hatto inidagi chumoli ham insonlarga yaxshilikni ta’lim beruvchi kishiga salavot (yaxshi duo va istig‘for) aytib turadi”, dedilar.

Imom Muslim Abu Hurayradan (roziyallohu anhu) rivoyat qiladi: U zot (sollallohu alayhi va sallam) bunday dedilar: “Agar odam bolasi vafot etadigan bo‘lsa, uning uch tur amalidan boshqa barcha amallari to‘xtaydi. Ular sadaqai joriya, foydali ilm va uning haqiga duo qilib turadigan farzanddir”.

Musulmonlar Qur’oni karim oyatlariga va Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) ko‘rsatmalariga amal qilib, risolat asrida va undan keyin ham barcha ilmlarni egallashga kirishdilar. Barcha foydali ilmlarni egallashni farz va vojib deb bildilar. Natijada, butun olam ulug‘ olimlar qoldirgan merosdan bahramand bo‘lib kelmoqda.

Bugungi G‘arb va Sharq tamadduni yuksak darajaga ko‘tarilishida Islom madaniyati va ilmining ta’siri kattadir.

Buni g‘arblik olimlarning o‘zlari ham qayta-qayta ta’kidlashadi: Sharistiy Islom ilm-fani haqida bunday deydi: “Ovrupa ming yillardan beri islomiy fanlarga nazar solib keladi. Ular juda ham ajoyibdir”. Sharqshunos Duziy deydi: “Ovrupada o‘qish-yozishni ruhoniylarning yuqori tabaqasigina bilar edi. Islom kelgach, Andalusning biror yerida savodsiz kishi qolmadi”.

Libn Bul o‘zining “Arab va Ispaniya” kitobida Duziyning fikrini qo‘llab-quvvatlab, bunday yozadi: “Ispaniya (Andalus) ilmda, madaniyatda va taraqqiyotda birinchilikni qo‘lga kiritganida, Ovrupa omi va jaholatga to‘la edi”. Berfult o‘zining “Insoniyatning o‘sishi” nomli kitobida bunday e’tirof etadi: “Arab madaniyati olamga taqdim qilgan narsalarining eng kattasi – ilm bo‘ldi. Ovrupaning har qanday o‘sishida islomiy madaniyatning hissasi bor”. H.R. Job o‘zining “Islomdagi yangi yo‘nalishlar” kitobida yozadi: “O‘ylaymanki, musulmon olimlari olg‘a surgan nozik, batafsil mulohazalar ilm-ma’rifatning yuksalishiga katta yordam berdi”.

Ushbu iqrornomalardan Islom dini olib kelgan ilm va ma’rifatni musulmon bo‘lamaganlar ham tan olishgani yaqqol namoyon bo‘ladi.

Bu yuksak ilm va madaniyatning siri – Islom shariatining asoslarida. Ular quyidagilardir: Islom ruhiyatga ham, moddiyat va jamiyatga ham birdek ta’sir qiladi. Ibodatlarimizda, dinimiz hukmlarining barchasida insoniyatning gullab-yashnashiga e’tibor qaratilgani ochiq va ravshandir. Islomning shiori Alloh taoloning: «Alloh senga ato etgan narsa bilan oxiratni istagin va dunyodan bo‘lgan nasibangni ham unutmagin» (Qasas, 77) va «Bas, qachonki, namoz (juma namozi) ado qilingach, yer yuzi bo‘ylab, Allohning fazli (rizqi)dan istayveringiz» (Jum’a, 10) degan hukmlaridir.

Islom dini insoniyatning irqi, tili, rangidan qat’i nazar, ularni «Albatta, Alloh nazdida (eng azizu) mukarramrog‘ingiz taqvodorrog‘ingizdir» (Hujurot, 13) degan shior bilan yaxshilikka chaqiradi.

Islom bag‘rikenglik, tenglik dinidir. Buni biz «Ey insonlar! Darhaqiqat, biz sizlarni bir erkak (Odam) va bir ayol (Havvo) dan yaratdik hamda bir-birlaringiz bilan tanishishingiz uchun sizlarni (turli-tuman) xalqlar va qabila (elat)lar qilib qo‘ydik» (Hujurot, 13) oyatidan ham bilsak bo‘ladi.

Islom yuksak nizom, o‘zining hukm va asoslari bilan barcha zamon va makonga moslasha oladigan, qotib qolmaydigan, bardavom dindir. Uning boqiyligi va sharafi olamlar Rabbi nozil qilgan din ekanidadir. U oxiratgacha insoniyatga gullab-yashnash va xatolardan, fojialardan saqlanish yo‘llarini taqdim etadi. Mo‘min kishi: «Chindan ishonuvchan kishilar uchun Allohdan ko‘ra kim hukmda chiroyliroq ekan» (Moida, 50) oyatiga amal qiladi.

Islomning boqiy din ekani haqida ingliz faylasufi Bernard Shou bunday deydi: “Haqiqatan, nihoyatda keng qamrovlilik jihatidan Muhammad (alayhissalom) olib kelgan din buyuk dindir. Hayotning barcha bosqichlarini o‘zlashtirish mumkin bo‘lgan yagona dindir. Muhammadni (alayhissalom) baralla “insoniyat xaloskori” desa bo‘ladi. Agar uningdek odam hozir bo‘lganida, albatta, barcha mushkulotlar yechimiga yo‘l topa olgan bo‘lardi”.

Doktor Izgu Insobato aytadi: “Islom shariati Ovrupa qonunchiligi bahslarida yuqori cho‘qqilarga ko‘tarila oldi. Binobarin, olamga eng mustahkam qonunlarni taqdim etdi”.

Islom avvaldanoq ilmni diniy va dunyoviyga ajratmasdan, bepul majburiy ta’lim tizimini yo‘lga qo‘ydi. Islomda ta’lim olish majburiy ekaniga quyidagi hadisi shariflar dalildir:

Ibn Moja Anas ibn Molikdan (roziyallohu anhu) rivoyat qilgan hadisda Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) dedilar: “Ilm talab qilish har bir musulmonga farzdir”. Bu hadisdagi “musulmon” lafzi umumiy bo‘lib, ayol ham, erkak ham tushuniladi.

Imom Tabaroniy “Kabir” kitobida Alqamadan, u otasidan, u esa bobosidan rivoyat qiladi: Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) bir kuni xutba qildilar. Qabilalar ahliga yaxshi nasihatlar bilan dedilar: “Qavmlarga nima bo‘ldi, qo‘shnilariga o‘rgatmaydilar, ularga ta’lim bermaydilar, va’z qilmaydilar, yaxshilikka buyurmaydilar va yomonlikdan ham qaytarmaydilar? Yana ba’zi qavmlarga nima bo‘lgan, qo‘shnilaridan o‘rganmaydilar, ta’lim olmaydilar, va’zlarni qabul qilmaydilar? Allohga qasam, qavmlar qo‘shnilariga ta’lim bersin, ularga o‘rgatsin, va’z qilib, yaxshilikka buyursin va yomonlikdan qaytarsin. Qo‘shni qavm ham boshqalaridan ta’lim olsin, ulardan o‘rgansin, va’z-nasihat eshitsin. Yo‘qsa, Alloh tezda balo yuboradi”.

Ibn Moja Abu Sa’id Xudriydan (roziyallohu anhu) rivoyat qiladi: Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Kim dinda insonlarga manfaati tegadigan ilmni yashirsa, Alloh uni qiyomat kuni olovli yugan bilan yuganlaydi”, dedilar.

Ilm Islomda muslimu muslimaga farz, (imkon bo‘laturib) ilm olmaganga, ilm o‘rgatmaganga Yaratganning azobi tayin. Bularning bari Islomda ilmga kuchli targ‘ib borligidan darakdir. Ilm ikkiga: farzi ayn va farzi kifoyaga bo‘linadi. Ilm musulmon kishining ruhiy, aqliy, jismoniy va axloqiy kamol topishiga aloqadorligi uchun ham farzi ayndir. Bunga erkak ham, ayol ham, musulmon ummatining barcha a’zosi amal qilishi kerak. Qur’on tilovati, ibodat amallari, halol va harom masalalari, taqvo – bularning barchasi farzi ayndir. Ziroat, san’at, tijorat, tibbiyot, falakiyot, handasa, muhandislik va boshqa sohalar ilmini bilish farzi kifoyadir. Jamiyatda bir kishi bir ilm yoki kasb bilan shug‘ullansa, o‘sha ilm boshqalardan soqit bo‘ladi. Agarda hech kim shug‘ullanmay qo‘ysa, unda Islom ummati gunohkor bo‘lib qoladi.

Bolalarga esini taniy boshlaganidanoq ularni o‘rab turgan atrof-muhit haqida ma’lumot berish barobarida Qur’oni karim tilovati va Rasululloh (alayhissalom) siyratlarini, farz va sunnatlarni o‘rgatish bilan ta’lim berish boshlanadi. Bu fikrimizga Rasulullohning (sollallohu alayhi va sallam) “Bolalaringizga uch xislatni o‘rgatinglar, Payg‘ambaringizni yaxshi ko‘rishni, uning ahli baytini yaxshi ko‘rishni va Qur’on tilovatini. Chunki Qur’on hofizlari Allohning soyasidan boshqa soya yo‘q bo‘lgan kunda U zotning soyasi ostidadirlar” (Tabaroniy rivoyati), degan so‘zlari asos bo‘ladi.

Umar ibn Xattob (roziyallohu anhu) voliylarga quyidagilarni yozib jo‘natdilar. “Bolalaringizga suzishni, chavandozlikni o‘rgatinglar va ularga maqollar va chiroyli she’rlarni aytib beringlar!”

Utba ibn Abu Sufyon ham o‘g‘li Abdusomadning ustoziga: “Bolamga Allohning Kitobidan ta’lim ber, she’rlardan eng yaxshisini, so‘zlarning eng sharaflisini o‘rgat”, deb buyurdi.

Imom Shofi’iy aytadilar: “Kim Qur’onni o‘rgansa, obro‘si baland bo‘ladi. Kim fiqhga e’tibor bersa, qadri bilinadi. Kim hadis yodlasa, ya’ni o‘rgansa, hujjati kuchayadi. Kim til o‘rganishga e’tibor qaratsa, tabiati yumshaydi. Kim hisobni o‘rgansa, fikri tiniqlashadi”.

Ibn Sino “Siyosat” kitobida bolalar tarbiyasiga oid qimmatli fikrlarni bildirgan. Jumladan, bola ta’limga aqlan va jisman tayyor bo‘lganida ta’lim berishni Qur’oni karimdan boshlashni nasihat qilgan. Bola o‘sha vaqtda alifboni o‘qishni, yozishni va dinning asosiy qoidalarini o‘rganadi, so‘ngra she’r yodlaydi.

Imom G‘azzoliy “Ihyou ulumiddin” kitobida quyidagilarni vasiyat qiladi: “(Ta’lim) Qur’oni karimni, hadislarni, taqvodor kishilar va ularning holatlari haqidagi hikoyalarni o‘rgatishdan boshlanadi. Keyinroq ba’zi diniy hukmlar va ishqqa targ‘ib qilmaydigan she’rlardan o‘rgatiladi”.

Zero, Ibn Qutaybaning “Uyunul axbor” kitobida quyidagicha keladi: «Saqif qabilasidan bo‘lgan bir kishi Valid ibn Abdulmalik huzuriga kirdi. Valid undan so‘radi: “Qur’on o‘qiysanmi?” U kishi: “Yo‘q, ey mo‘minlar amiri! Meni ishlar va qizlarim band qilgan”, deb javob berdi. Valid: “Fiqhni bilasanmi?” deb so‘roq qildi. A’robiy: “Yo‘q”, dedi. Valid: “Biror bir she’r o‘qib berasanmi?” deb so‘radi. A’robiy: “Yo‘q”, dedi. Shunda Valid undan yuz burdi. Shu payt o‘tirganlardan biri (Abdulloh ibn Muoviya) “Ey mo‘minlar amiri, ana u-chi”, deb haligi kishiga ishora qildi. Valid esa: “Jim! Biz bilan birga hech kim yo‘q”, deb aytdi».

Islom belgilagan qoidalardan yana biri – ta’limni go‘dak esini taniy boshlaganidayoq boshlashdir. Bu paytda bolaning zehni sof, xotirasi kuchli, yangi ma’lumotlarni o‘rganishga qiziquvchan bo‘ladi. Bunga Bayhaqiy va Tabaroniy “Avsat” kitobida rivoyat qilgan hadis dalolat. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)  aytdilar: “Yoshlikdagi ilm toshdagi naqsh kabidir”. Ta’lim-tarbiya borasida shu kabi ko‘plab hadislar sobit bo‘lgan.

 

Ayollarning ilm o‘rganishdagi nasibasi qanday?

Ulamolar va faqihlar farzi ayn ilmlarda ayollar ham erkaklar kabi ekaniga ijmo qilishgan. Alloh taolo marhamat qiladi: «Kim u xoh erkak bo‘lsin, xoh ayol – mo‘minlik holida savobli ishlar qilsa, aynan ular jannatga kirurlar va ularga xurmo danagining ipicha ham zulm qilinmagay” (Niso, 124),

“Albatta, muslim va muslimalar, mo‘min va mo‘minalar, itoatli erkaklar va itoatli ayollar, rostgo‘y erkaklar va rostgo‘y ayollar, sabrli erkaklar va sabrli ayollar, tavozeli (kamtar) erkaklar va tavozeli ayollar, sadaqa qiluvchi erkaklar va sadaqa qiluvchi ayollar, ro‘za tutuvchi erkaklar va ro‘za tutuvchi ayollar, avratlarini (haromdan) saqlovchi erkaklar va (avratlarini haromdan) saqlovchi ayollar, Allohni ko‘p zikr etuvchi erkaklar va (Allohni ko‘p) zikr etuvchi ayollar – ular uchun Alloh mag‘firat va ulug‘ mukofotni (ya’ni jannatni) tayyorlab qo‘ygandir» (Ahzob, 35).

Ayollarning ham ta’lim olishi farzi aynligiga quyidagi sahih hadislar dalil bo‘ladi. Imom Termiziy, Abu Dovud (lafzi Abu Dovudniki) rivoyat qiladilar. Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) dedilar: “Kimning uch qizi yoki uchta, yo oltita, yo ikkita opa-singlisi bo‘lsa va ularga odob berib, ularga yaxshilik qilsa va ularni turmushga bersa, unga jannat bordir”. Boshqa bir rivoyatda: “Qaysi erkakning cho‘risi bo‘lsa, u unga ta’lim berib, ta’limini chiroyli qilsa va unga odob berib, odobini chiroyli qilsa, so‘ngra uni ozod qilib, o‘sha ayolga uylansa, u kishiga ikki ajr bordir”, deyiladi.

Bu haqda Imom Buxoriy va Imom Muslimning sahih to‘plamlarida ham hadislar kelgan. Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) Alloh u zotga o‘rgatgan narsalarni ayollarga ham o‘rgatish maqsadida alohida kunni xoslab qo‘yganlar. Bir kuni bir ayol kelib: “Yo Rasululloh! Erkaklar sizning oldingizga kelib, so‘zingizni olib ketadilar. Biz uchun ham biror kun belgilang, biz huzuringizga kelib, Alloh sizga o‘rgatgan narsalarni o‘rganamiz”, dedi. Shunda Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam): “Falon va falon kuni jamlaninglar”, deb aytdilar. Ular yig‘ildilar, Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) kelib, ularga ta’lim berdilar.

Baloziriyning “Futuhul buldon” kitobida bunday keladi: mo‘minlar onasi Hafsa binti Umar (roziyallohu anho) johiliyatda Shifo ismli bir ayoldan yozishni o‘rgangan edilar. Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) Hafsa onamizga uylanganlaridan keyin Shifoni topib, Hafsa onamizga qanday o‘rgatgan bo‘lsa, boshqalarga ham xuddi shunday chiroyli yozishni o‘rgatishini talab qiladilar.

Yuqoridagi oyatu hadislardan xulosa chiqarsak, Islom dini ayol kishini ilmli, ma’rifatli bo‘lishga buyuradi. Tarixdan ma’lum, ayollar ham Islom rahnamoligida ilm va madaniyatning eng yuqori darajasiga ko‘tarilganlar. Ayollardan mashhur tabiblar yetishib chiqqan. Misol uchun, turli ko‘z kasalliklarini aniqlab, da’vosini topgan Zaynab va Qozi Abu Ja’far Tof­joliyning qizi Ummul Husno arab dunyosining mashhur tabiblaridan hisoblangan. Yana Karima Utruziya, Sayyida Nafiysa bintu Muhammad kabi ayol muhaddislar ham bo‘lgan.

Yuqori ilmiy darajaga erishgan bu xonimlar qatorida Imom Shofi’iy, Imom Buxoriy, Ibn Xaldun va Ibn Hibbon kabi mashhur muhaddislar, faqihlar, ulamolar va adiblarning muallimalari ham bo‘lishgan. Shariat ayol kishining dini va dunyosiga foyda beradigan ta’limni o‘rganishga izn berar ekan, ularni erkaklardan ajralgan holda boshqa-boshqa o‘qitishni ta’kidlaydi.

 

Aqlan sog‘lom qilib tarbiyalash mas’uliyati

Alloh taolo barcha ota-onalar va murabbiylar zimmasiga o‘zining ulug‘ ne’mati bo‘lgan farzandlarni aqlan sog‘lom qilib tarbiyalash mas’uliyatini yuklagan. Agar ular zimmalaridagi bu mas’uliyatga beparvolik qilsalar va farzandlari tarbiyasida xatoga yo‘l qo‘ysalar, Alloh taolo buyuk kun – oxirat kunida hisob-kitob qiladi.

Bolalarni bugungi kunda insoniyatni xavotirga solayotgan terrorchilik harakatlari va din niqobidagi turli buzg‘unchi oqimlar, sionistlar, missionerlar ta’siridan asrash kerak. Buning uchun ota-onalar, bolalar tarbiyasi bilan shug‘ullanadigan mas’ul kishilar o‘sha oqim va harakatlarning tub mag‘iz, maqsad va mohiyatini bilishlari zarur. Bunda ularga gazeta va jurnal materiallari, teleko‘rsatuvlar, internet xabarlari yordam berishi mumkin. Eng katta dastur Allohning kalomi Qur’oni karim va Payg‘ambarimizning (sollallohu alayhi va sallam) sunnatlaridir. Allohga shukr, yurtimiz mustaqil bo‘lgach, Qur’oni karimning ma’no tarjimalari, tafsirlar, hadis kitoblari va ularga sharhlar bosilib chiqdi. Lekin adashib egri yo‘lga kirib qolayotgan, boshqa dinlarga o‘tib ketayotgan yoshlarimiz yo‘q emas. Bu hol bizni jiddiy tashvishga solishi va uni bartaraf qilish yo‘llarini izlashimiz kerak.

Alloh taolo: «Parvardigoro, darhaqiqat, bizlar boshliqlarimizga va kattalarimizga bo‘yinsundik, bas, ular bizlarni (to‘g‘ri) yo‘ldan ozdirdilar. Parvardigoro, ularga azobni ikki hissa qilib bergin va ularni katta la’nat bilan la’natlagin!» (Ahzob, 67–68) deb marhamat qiladi.

Ibn Hibbon rivoyat qilgan hadisi sharifda Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Alloh taolo barcha boshliqlardan qo‘l ostidagilari haqida, ularni hifzu himoya qilganmi yoki zoye qilganmi, so‘raguvchidir”, deya ogohlantiradilar.

Bularni his qilar ekanmiz, yo Alloh, biz, bandalaringni O‘zingga va rasulingga itoatgo‘ylardan, hisob-kitob kunida huzuringda yuzlari yorug‘ bo‘lguvchilardan qilgin, degimiz keladi. Ha, azizlar, bola tarbiyasi ana shunday muhim ijtimoiy, hayotiy masaladir.

Ota-onalar va murabbiylar farzandlarimizdagi tortinchoqlik, qo‘rqoqlik, o‘zini sababsiz aybdor his qilish, hasad, g‘azab kabi ko‘rinishlarga ham e’tibor qaratishlari muhimdir.

Alloh taoloning tavfiqi bilan quyida ushbu holatlarni bilganimizcha qisqa-qisqa bayon qilib, shariatimizda kelgan yechimlarni o‘rganamiz.

 

Tortinchoqlik

Bu holat barcha bolalarning tabiatida bor. U bola to‘rt oyligidayoq sezila boshlaydi. Bir yoshga to‘lganida aniq-ravshan bo‘ladi: notanish odamni ko‘rsa, yuzini buradi, ko‘zlarini yumib, qo‘llari bilan yashirinishga urinadi.

Bolaning tortinchoq, o‘ta uyatchan bo‘lishida irsiyatning ham o‘rni bor. Shuningdek, uni o‘rab turgan muhitning ta’sirini ham inkor qilib bo‘lmaydi. Ko‘pchilik orasida o‘sgan bola bilan yakka-yolg‘iz o‘sgan bola o‘rtasida katta farq bo‘ladi. Yolg‘iz bolalar odamovi, tortinchoq bo‘lib qolmasliklari uchun ko‘pchilikka qo‘shish kerak. Tengdoshlari bilan tez-tez o‘ynashi yoki bolani ko‘proq qarindosh-urug‘lar ziyoratiga olib borish ham yaxshi natijalar beradi.

Bu borada ham ibratli rivoyatlar ko‘p. Abdulloh ibn Umardan (roziyallohu anhu) Imom Buxoriy va boshqalar rivoyat qiladilar: Ibn Umar balog‘at yoshiga yetmagan edi. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) atrofidagi sahobalarga: “Bir daraxt bor, uning barglari to‘kilmaydi, u huddi musulmon kishiga o‘xshaydi. Menga aytinglarchi, u qaysi daraxt?” deb murojaat qildilar. Sahobalar bu cho‘llarda o‘sadigan daraxtlardan biri bo‘lsa kerak, deb o‘ylashdi. Abdulloh aytadi, men esa, bu xurmo daraxti bo‘lsa kerak, deb o‘yladim, biroq aytishdan hayo qildim. So‘ng sahobalar: “Yo Rasululloh, o‘zingiz aytib bering, u qaysi daraxt?” deyishdi. U zot: “Bu xurmo daraxti”, dedilar. Boshqa rivoyatda esa, Abdulloh ibn Umar (roziyallohu anhu) bunday deydi: «Abu Bakr va Umarning gapirmaganlarini ko‘rib, gapirishni o‘zimga ep ko‘rmadim. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) o‘zlari aytib bergach, o‘ylagan narsamni otamga aytdim. Otam esa: o‘shanda aytishing men uchun qizil tuyadan ham afzal edi”, dedi».

Ibn Abbosdan (roziyallohu anhumo) Imom Buxoriy rivoyat qiladi. Ibn Abbos balog‘at yoshiga yetmagan edi. U zot aytadi: «Umar (roziyallohu anhu) meni o‘zlari bilan Badr qatnashchilari oldiga olib kirar edilar. Ularning ba’zilari: “Bizning ham shu tengi bolalarimiz bor-ku, nima uchun bu bolakayni olib kirarkin,” degan ma’nodagi noroziliklari sezilib turardi. Shunda Umar: “Bu bolaning kimligini bilasizlarmi, dedi, ya’ni, Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) uning haqiga: “Uni dinda faqih qilgin va unga ta’vilni o‘rgatgin”, deb qilgan duolariga ishora etdi. So‘ng yana: Alloh taoloning “Allohning nusrati (madadi) va g‘alaba kelganida...” so‘zlari (Nasr, 1) haqida nima deysizlar? deb so‘radi. Ba’zilari: “Alloh taolo bizga nusrat berib, fathni nasib etganida Unga hamd aytish va Undan istig‘for so‘rashga buyuryapti”, deyishdi. Boshqa ba’zilari esa sukut qilishni afzal ko‘rishdi. Umar (roziyallohu anhu) menga: “Sen ham shunday deysanmi, ey Ibn Abbos”, dedilar. Men esa: “Yo‘q”, dedim. U zot: “Unda nima deysan?” dedilar. Men: “Bu Rasulullohning (sollallohu alayhi va sallam) ajallari (alomati) bo‘lib, Alloh taolo uni u zotga bildirdi”, dedim. Shunda Umar (roziyallohu anhu): “Iza jaaa nasrullohi val fath...” – bu Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) ajallarining alomatidir. Bu haqda men ham boshqa narsa bilmayman”, dedi».  

Bir kun mo‘minlar amiri Umar (roziyallohu anhu) Madinai munvvara ko‘chalaridan birida ketayotgan edilar. O‘sha ko‘chada o‘ynayotgan bolalar orasida voyaga yetmagan Abdulloh ibn Zubayr ham bor edi. Bolalar Umarning (roziyallohu anhu) haybatidan qo‘rqib, qochib ketishdi. Abdulloh esa jim turdi. Umar (roziyallohu anhu) uning oldiga kelgach: “Nima uchun bolalar bilan qochib ketmading?” dedilar. U hozirjavoblik bilan: “Jinoyat qilibmanmi, sizdan qochsam. Shuningdek, yo‘l beray desam, yo‘l ham keng-ku”, deb javob qaytardi.

Umar ibn Abdulaziz (rahmatullohi alayh) hayit kuni o‘g‘lining ustida eski, yirtiq kiyimni ko‘rib, ko‘zlari jiqqa yoshga to‘ldi. O‘g‘li otasining yig‘layotganini ko‘rib: “Ey mo‘minlar amiri, sizni nima yig‘latdi?” dedi. U zot: “Ey bolaginam, bolalar seni ushbu kiyimda ko‘rganida qalbing o‘ksimasmikan, deb qo‘rqaman”, dedi. O‘g‘il esa: “Ey mo‘minlar amiri, Alloh taolo halok qilgan yoki ota-onasiga oq bo‘lgan kimsaning qalbigina o‘ksiydi, men esa sizning roziligingiz tufayli Alloh taolo rozi bo‘lishidan umidvorman”, dedi.

Umar ibn Abdulaziz xalifa bo‘lganlaridan keyin oldilariga qutlash uchun elchilar kela boshlashdi. Hijozlik elchilar orasidan hali o‘n bir yoshga ham to‘lmagan bir yigitcha so‘zga chiqdi. Umar unga qarab: “Sen ortga qaytgin, sendan ko‘ra kattarog‘i chiqsin”, dedi. Yigit esa: “Alloh taolo amirul mo‘mininni qo‘llasin, inson ikki kichik narsasi – qalbi va tili bilan insondir. Agar Alloh taolo bir insonga so‘zlaguvchi til, yodlaguvchi qalb berib qo‘ygan bo‘lsa, gapirishga haqli bo‘ladi. Ey amirul mo‘minin, agar ish yoshda bo‘lganida, ummat ichida o‘tirgan joyingizga sizdan ko‘ra haqliroq boshqa odam topilgan bo‘lar edi”, deb javob berdi. Umar uning gapidan hayratlanib, quyidagi misralarni aytdi:

Bilgin, inson olim bo‘lib tug‘ilmas,

Ilmli esa johil kabi bo‘lmas.

Qavmning ilmsiz keksasi yoshdir,

Garchi hamma atrofida jam bo‘lsa ham.

Kitoblarda naql qilinishicha, xalifa Ma’munning oldida bir yosh bola chiroyli gapirib, savollariga go‘zal javob berdi. Shunda Ma’mun unga: “Sen kimning bolasisan?” dedi. Bola: “Odobning bolasiman, ey mo‘minlar amiri”, dedi. Ma’mun unga qarab: “Qanday ham go‘zal nasab”, deb quyidagi misralarni o‘qidi:

Kimning bolasi bo‘lsang ham o‘rgangin odobni,

Odobning maqtovi nasabdan behojat qiladi seni.

Mana shu menman, degan yigit haqiqiy yigitdir,

Otam falonchi bo‘lgan, degan yigit yigit emasdir.

Bir kuni Ma’mun devonxonaga kirib, qulog‘iga qalam qistirib olgan yosh bolakayni ko‘rdi va undan “Sen kimsan?” deb so‘radi. U “Men sizning davlatingizda o‘sgan bolaman, qilgan mehribonliklaringizdan foydalanganman, sizga xizmat qilishdan umidvorman, Hasan ibn Rajoman”, dedi. Bunday go‘zal javobdan hayratlangan Ma’mun “Aqllar oddiy narsalarga sinchkovligi bilan bir-biridan farqlanadi, oddiygina so‘z bu bolani martabalarga ko‘taribdi”, degan ma’nodagi misrani o‘qiydi.

Hishom ibn Abdulmalik davrlarida sahrolarga qahatchilik yetdi. Barcha arablar uning oldiga yig‘ilib kelishdi. Biroq hech kim u bilan gaplashishga jur’at qilolmas edi. Ularning orasida o‘n olti yoshli Darvos ibn Hubayb ismli yosh yigit bor edi. Hishomning ko‘zi unga tushib qoldi. Shuning uchun darvozaboniga: “Mening oldimga kim kirishni istasa, kirsin, hatto yosh bolalar ham kiraversin”, dedi.  Bola uning oldiga kirib: “Ey mo‘minlar amiri, bizning boshimizga uch yil musibat keldi. Birinchi yil yog‘larni eritdi, ikkinchi yil go‘shtlarni yedi, uchinchi yil iliklarni quritdi. Sizlarning qo‘lingizda ortiqcha mollar bor. Agar u mollar Alloh taoloniki bo‘lsa, bandalariga tarqatib bering, agar mollar bandalarniki bo‘lsa, yigitcha ham bandalarning biri. Agar mollar sizlarniki bo‘lsa, Alloh taoloning bandalariga sadaqa qilib yuboring. Chunki Alloh taolo sadaqa qiluvchilarni mukofotlaydi va ehsonli kimsalarning ajrlarini zoye qilmaydi”, dedi.  

Shunda Hishom: “Bu bola uchta haq borasida bizga biror narsa qoldirmadi”, dedi va sahroyilarga yuz ming dirham tarqatishni buyurdi. Uning bor-yo‘q mol-davlati ham mana shu edi. Bola: “Buni arablarning ulushiga qarab tarqating, ularning ehtiyojlarini qondirolmay qolasizmi deb qo‘rqaman”, dedi. Hishom esa: “Ey bolakay, sening ham hojating bormi?” deb so‘radi. Yigit: “Musulmonlar ommasidan ortiqcha hojatim yo‘q”, dedi va qavmning mo‘tabari, hurmatlisi bo‘lib chiqib ketdi. 

Yuqoridagilardan ko‘rinadi – solih salaflarning farzandlari noo‘rin uyalish, tortinish va xijolatpazlik illatidan holi tarbiya topishgan. Buning sababi salaflarning jur’atli bo‘lganlari, bolalari ham otalari bilan umumiy majlislarga, do‘stu birodarlarining, ulug‘larning ziyoratlariga borganlaridadir.

Bu kabi ishlar farzandlarda jur’at va fasohatni uyg‘otadi, ong va tafakkurni o‘stiradi, kamolot darajalariga ko‘taradi, fikriy yetuklikka erishtiradi. Demak, hozir murabbiylar, ayniqsa, ota-onalar tarbiyaning ushbu mezonlarini ham qat’iy, mustahkam tutishlari, unga doimo amal qilishlari, farzandlarini hech qachon e’tiborsiz qoldirmasliklari lozim. Shundagina yoshlar ruhida erkinlik, jur’at, qat’iyat va adolatparvarlik tuyg‘ulari ulg‘ayadi. Aks holda, bolaning jur’atsizligi odobsizlikka, tortinchoqligi esa  aziyatga aylanib ketishi mumkin.  

Buning uchun, avvalo, hayo bilan hijolatchilikni bir-biridan aniq ajratib olishimiz kerak. Chunki bular bir-biridan ayri tushunchalardir.

Hijolat bo‘lish, yuqorida aytilganidek, bolaning tortinchoqligi, o‘z fikrlari bilan o‘ralashib, uni birovlarga aytishga jur’atsizligi, o‘ziga ishonchsizligidir. Bu sifat odatda bolani haq gapni o‘rnida aytishdan to‘sadi.

Hayo esa islomiy fazilat va odoblardan bo‘lib, hayoli bola doim o‘z o‘rnini biladi, kattalarni hurmat qiladi.

 

KЕYINGI MAVZULAR:

Qo‘rquv;

Rasulullohning (alayhissalom) mehribonlik va muloyimlik borasidagi vasiyatlaridan;

Kambag‘allik.

Kutubxona
Boshqa maqolalar

Rajab oyining ro‘zasini tutishni unutmang!

4.01.2025   11515   2 min.
Rajab oyining ro‘zasini tutishni unutmang!

HAROM OYLARDA RO‘ZA TUT!

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: “Harom (oy)larida ro‘za tut, so‘ngra tark qil, harom (oy)larida ro‘za tut, so‘ngra tark qil, harom (oy)larida ro‘za tut, so‘ngra tark qil, deb uch barmoqlarini bukib ochib ko‘rsatdilar” (Imom Abu Dovud rivoyati).

 

HADIS SHARHI

Ulamolar hadisni bunday sharhlaydilar: “Ushbu harom oy (ashhurul hurum)larda ro‘za tutishga da’vat etadi va uch kun ro‘za tutib, uch kun qoldirishga ishora qiladi. Rajab oyi ham harom oylardan biri hisoblanadi”.

 

HAROM OYLARI TO‘RTTADIR

Alloh taolo Qur’oni karimda bunday marhamat qiladi: “Albatta, Allohning kitobida oylarning soni Allohning huzurida osmonlaru yerni yaratgan kuni o‘n ikki oy qilib belgilangan. Ulardan to‘rttasi (urush qilish) harom (oylar)dir” (Tavba surasi, 36-oyat).

 

BU OYDA RASULULLOH QANDAY RO‘ZA TUTARDILAR?

Usmon ibn Hakim roziyallohu anhu aytadi: “Said ibn Zubayrdan rajab oyida turganimizda bu oy ro‘zasi haqida so‘radim. U: “Ibn Abbosning Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ro‘za tutar edilar, hatto og‘izlarini ochmasalar kerak, der edik. Og‘izlari ochiq bo‘lardi, hatto ro‘za tutmasalar kerak, der edik, deyayotganini eshitganman” dedi.

 

RAJAB OYIDA RO‘ZA TUTUVCHILARGA QASR QURILADI

Abu Qiloba roziyallohu anhu aytadilar: “Rajab oyida ro‘za tutuvchilar uchun jannatda bir qasr bor”.

 

BIR KUNLIK RO‘ZANING MUKOFOTI

Abu Sa’id Xudriy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Bir banda Alloh yo‘lida bir kun ro‘za tutsa, o‘sha kungi ro‘zasi sababli Alloh uning yuzini do‘zaxdan yetmish yillik masofaga uzoq qiladi”, dedilar (Imom Buxoriy, Imom Termiziy rivoyati).

 

SAHARLIK-IFTORLIK VAQTI

06 yanvar – dushanba

Saharlik vaqti (og‘iz yopish): 06:24
Iftorlik vaqti: (og‘iz ochish) 17:12

 

QANDAY NIYAT QILINADI?

Niyati: Xolis Alloh uchun rajab oyining ro‘zasini tutishni niyat qildim.

 

Davron NURMUHAMMAD