Alloh taolo O‘z Kalomi Qur’oni karimda shunday marhamat qiladi:
“Taqvo egalari uchun va’da qilingan jannatning misoli-sifati (bu): Unda aynimagan suvdan bo‘lgan daryolar ham, ta’mi o‘zgarmagan sutdan bo‘lgan daryolar ham, ichuvchilar uchun lazzatli, musaffo asaldan bo‘lgan daryolar ham bordir” (Muhammad, 15).
Rivoyat qilinishicha, u daryolar o‘zansiz oqadi. Bu ish ham Alloh taoloning qudratidandir.
Nabiy sollallohu alayhi va salam aytadilar: “Jannatdagi anhorlar mushkdan bo‘lgan tepaliklar (yoki tog‘lar) ostidan oqib chiqadi” (Uqayliy rivoyati).
Hakim ibn Muoviya otasidan rivoyat qiladi: Nabiy sollallohu alayhi va sallam aytdilar: “Jannatda suv dengizi, sut dengizi, asal dengizi va sharob dengizi bor. So‘ng undan keyin daryolar oqadi” (Termiziy rivoyati).
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi va sallam dedilar: “Sayhon, Jayhon, Nil, Furot, barchasi jannat daryolaridandir” (Muslim rivoyati).
Ka’b aytadi: “Dajla — jannat bog‘ daryosi, Furot — sut daryosi, Misr (ya’ni, Nil) — sharob daryosi, Sayhon — asal daryosi. Bu to‘rtala daryo Kavsardan oqib chiqadi”.
Imom Buxoriy Isro va Me’roj haqidagi Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisda shunday zikr etadi: “U zot dunyo osmoniga yetganilarida, oqib turgan ikki daryoni ko‘rdilar va: “Ey Jabroil, bu ikkisi nima?” deb so‘radilar. Jabroil alayhissalom: “Nil bilan Furotning unsuri”, dedi. So‘ngra keyingi osmonga chiqdilar. Unda boshqa bir daryoni ko‘rdilar. Unda dur va zabarjaddan bo‘lgan qasr bor edi. Qo‘llari bilan urgan edilar, u xushbo‘y mushk ekan. “Bu nima, Jabroil?” deb so‘radilar. “Alloh sizga berkitib qo‘ygan Kavsar”, dedi Jabroil”.
Yuqoridagi rivoyatlarda Rasululloh sollallohu alayhi va sallam zikr qilgan Sayhon va Jayhon daryolari bugungi kunda jonajon yurtimizdan oqib o‘tuvchi Sirdaryo va Amudaryo ekanligini ulamolar va tarixchilar ta’kidlab o‘tishgan.
Imom Qurtubiyning “Tazkira”si asosida Sayyid Abror tayyorladi
Doktor Muhammad Rotib Nobulsiy aytadilar: “Damashqlik ustozim 97 yoshda bo‘lsalarda, tetik, hatto tishlari ham soppa-sog‘, ko‘zlari ravshan edi. Qiziqib buning sababini so‘raganimizda: “Yoshligimizda a’zolarimizni gunohlardan asragandik, qariganimizda Alloh taolo ularning xizmatidan bizni mahrum etmadi”, deb javob berdilar”.
Alloma Tabariy rahimahulloh 70 yoshida ham kemadan quruqlikka sakrab tushardilar. Yoshlar taajjublanib: “Buncha kuch-quvvat qayerdan?” deb so‘rashganda, u zot: “Biz a’zolarimzni yoshligimizda gunohlardan saqlagan edik, qariganimizda esa Alloh taolo ularni biz uchun saqlab qoldi”, dedilar.
Tobe’in Hasan Basriy rahmatullohi alayh yoshlari 90 dan oshgan bo‘lsada dalada ishlardilar. Buni ko‘rgan odamlar: “Yoshligingni qanday saqlab qolding?” deb so‘rashdi. Hasan Basriy rahimahulloh: “Men yoshligimni saqlab qoldim, Alloh esa keksaligimni saqlab qoldi”, dedilar.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Ko‘zning zinosi – (nomahramga) qarashdir”, deganlar. Boshqa bir rivoyatda “Ko‘z ham zino qiladi. Ko‘zning zinosi (nomahramga) qarashdir”, deyilgan (Imom Buxoriy rivoyati).
Davron NURMUHAMMAD