Sayt test holatida ishlamoqda!
25 Iyun, 2025   |   29 Zulhijja, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:06
Quyosh
04:51
Peshin
12:31
Asr
17:41
Shom
20:03
Xufton
21:42
Bismillah
25 Iyun, 2025, 29 Zulhijja, 1446

Buxoroda tasavvuf tariqatlarining paydo bo‘lishi va rivojlanishi

02.06.2020   4232   12 min.
Buxoroda tasavvuf tariqatlarining paydo bo‘lishi va rivojlanishi

Bismillahir rohmanir rohim. IX-XII asrlarda Markaziy Osiyoda tafsir, hadis, fiqh, aqida kabi ilmlarga chuqur e’tibor qaratilishi bilan bir qatorda tasavvuf maktablariga ham asos solindi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. O‘z navbatida tasavvuf ta’limoti ushbu hudud aholisining ijtimoiy va ma’naviy hayotiga chuqur kirib borishi natijasida fan, madaniyat va adabiyot sohalarida o‘ziga xos burulish yasadi. XI asrdan boshlab Sharqning deyarli barcha nufuzli shoir va yozuvchilari, mutafakkir va olimlari tasavvufdan ta’sirlanib ijod qilganlarini ko‘rishimiz mukin. Shuning uchun: “Tasavvuf adabiyotini o‘rganmasdan turib, o‘rta asrlar musulmon Sharqi madaniy hayoti haqida tasavvurga ega bo‘lish mumkin emas, bu adabiyotdan xabardor bo‘lmasdan Sharqning o‘zini ham anglash qiyin”- degan edi atoqli olim Ye. E. Bertels.

X–XI asrlarda gurkirab rivojlanayotgan tasavvufning Hallojiya, Junaydiya, Suhravardiya, Uvaysiya, Qodiriya tariqatlari bilan bir qatorda Markaziy Osiyoda ham XI–XII asrlarga kelib Yassaviya, Kubraviya, Xojagon tariqatlari paydo bo‘ldi va shiddat bilan rivojlandi. Garchi tasavvuf maktablarining tashkil topishi dastlab Ko‘fa, Bag‘dod, Basra, Misr kabi islom dini keng tarqalgan hududlar bilan bog‘liq bo‘lsa-da, keyinchalik Markaziy Osiyoda butun islom olami miqyosida umume’tirof etilgan Yassaviya, Xojagon-Naqshbandiya va Kubraviya kabi yirik tasavvuf tariqatlari vujudga keldi.

Albatta, Markaziy Osiyodan yetishib chiqqan va butun islom olamida katta obro‘ qozongan ilk tasavvuf namoyondalarini ko‘plab uchratish mumkin. Ular orasida Buxoroda tug‘ilib o‘sgan Abu Bakr Ahmad ibn Is'hoq al-Kalobodiyni (vaf. 990 yoki 995 y.) alohida zikr etib o‘tish o‘rinli. U zot, shuningdek, hanafiy mazhabi faqihi sifatida ham mashhur bo‘lgan. Demak, bundan ko‘rinadiki, Buxoro tasavvuf maktabi hanafiy fiqhiy mazhabini o‘ziga asos qilib olgan. Abu Bakr Ahmad ibn Is'hoq al-Kalobodiyning islom olamidagi eng birinchi tasavvufiy adabiyotlardan hisoblangan “at-Taarruf li-mazhabi ahli-t-tasavvuf” nomli asari hozirga qadar ham tasavvuf sohasidagi ensiklopedik manba hisoblanadi. Asarda tasavvuf nazariyasi va amaliyotlari to‘liq bayon etilgan. Shu bois ushbu kitobni qadim tasavvuf ulamolari: لولا التعرف لما عرف التصوف (agar At-Taarruf kitobi bo‘lmaganda tasavvuf haqida tushunchaga ega bo‘linmasdi), deya e’tirof etganlar.

Buxoroda tasavvuf ta’limotining tarqalishi o‘z davrining yetuk so‘fiy allomasi Xoja Yusuf Hamadoniy (1048–1141) nomi bilan bog‘liq. Yusuf Hamadoniy maktabida ilmu irfon sabog‘ini olgan Ahmad Yassaviy va Abduxoliq G‘ijduvoniylar mintaqada tasavvuf taraqqiyotining keyingi bosqichlarida muhim o‘rin tutdilar va ikki mustaqil tariqat: Yassaviyya va Xojagon-Naqshbandiya tariqatlariga poydevor qo‘ydilar.

Xojagon tariqati XIV asrga kelib, Bahouddin Naqshband tomonidan yanada takomillashtirildi. Xoja Muhammad Porso, Xoja Ahror, Abdurahmon Jomiy, Alisher Navoiy kabi yirik shaxslarning faoliyati esa Xojagon-Naqshbandiya tariqatining keyingi vakillariga ijobiy ta’sir qildi va ijtimoiy-siyosiy hayotda faol ishtirok etishlari uchun turtki bo‘ldi.

 

     Naqshbandiya ta’limotining mohiyati: “Dil – ba yor-u, dast – ba kor” (“Ko‘ngil Allohda, qo‘l ishda bo‘lsin”), – shiorida o‘z ifodasini topishi bilan birga, yana o‘n bir qoidaga asoslanadi. Bu qoidalar “rashhalar”, ya’ni “tomchilar” deb yuritilgan. Rashhalar Yusuf Hamadoniy, Abdulxoliq G‘ijduvoniy va Bahouddin Naqshband taraflaridan ta’yin etilgan.

Yusuf Hamadoniy ta’yin etgan rashhalar:

1.Hush dar dam – kirayotgan va chiqayotgan har bir nafasda Allohning yodidan g‘ofil bo‘lmaslik.

2.Nazar bar qadam - yurganda qadamiga razm solib, ogoh bo‘lib yurmog‘lik. 3.Safar dar vatan – vatanida turib atrofni mulohaza qilmoqlik.

4.Xilvat dar anjuman - zohirda xalq bilan birga va botinda Alloh taoloning yodi bilan band bo‘lmog‘lik.

Abdulxoliq G‘ijduvoniy ta’yin etgan  rashhalar:

5.Yodkard - til bilan yo qalb bilan zikr qilmoq.

6.Bozgasht - kalimai tayyibani dilidan o‘tkazmoq.

7.Nigohdosht - kalimai tayyibani dilidan o‘tkazayotganda xotirani jam qilib turmoq.

8.Yoddosht Alloh taoloni doimo yodda tutmoq.

Bahouddin Naqshband ta’yin etgan  rashhalar:

9.Vuqufi zamoniy - o‘tkazilayotgan vaqtni doimo mulohaza qilib borish.

10.Vuqufi adadiy zikr qilishda adadga alohida e’tibor qaratish.

11.Vuqufi qalbiy - Alloh nomini doim qalbda tutish.                               

Naqshbandiya tariqatining nufuzi yana shunisi bilan alohida ahamiyat kasb etadiki, bevosita Payg‘ambar sallallohu alayhi vasallamga Abu Bakr Siddiq raziyallohu anhu orqali bog‘langan yagona tariqat silsilasidir. Shu nuqtayi nazardan ham ushbu tariqatning silsilasi manbalarda “oltin silsila”  deb, tilga olinadi. Bu silsila quyidagilardan iborat:

1.Sarvari olam Muhammad (sollallohu alyhi vasallam) (570–632).

2.Hazrat Abu Bakr Siddiq (roziyallohu anhu) (573–634).

3.Hazrat Salmon Forsiy (roziyallohu anhu) (578–657).

4.Hazrat Qosim ibn Muhammad (rahmatullohi alayh) (vaf. 605 y.).

5.Hazrat Imom Ja’far Sodiq (rahmatullohi alayh) (702–765).

6.Hazrat Boyazid Bistomiy (quddisa sirruhu) (vaf. 875 y.).

7.Shayx Abul Hasan Xaraqoniy (quddisa sirruhu) (963–1033).

8.Shayx Abu Ali Farmadiy (quddisa sirruhu) (962–1055).

9.Hazrat Xoja Yusuf Hamadoniy (quddisa sirruhu) (1049–1141).

10.Hazrat Xoja Abdulxoliq G‘ijduvoniy – Xojai jahon (1103–1179).

  1. Hazrat Xoja Orif Revgariy – Mohitobon (quddisa sirruhu) (vaf. 1317 y.).
  2. Hazrat Xoja Mahmud Anjir Fag‘naviy (quddisa sirruhu) (vaf. 1317 y.).
  3. Hazrat Xoja Ali Romitaniy (quddisa sirruhu) (vaf. 1326 y.).
  4. Hazrat Xoja Muhammad Boboyi Samosiy (quddisa sirruhu) (vaf. 1354 y.).
  5. Hazrat Xoja Sayyid Amir Kulol (quddisa sirruhu) (vaf. 1370 y.).
  6. Hazrat Xoja Bahouddin Naqshband Buxoriy (quddisa sirruhu) (1318–1389
  7. Hazrat Xoja Alouddin Attor (quddisa sirruhu) (vafotlari. 1400)

18.Hazrat Mavlono Ya’qub Charxiy (quddisa sirruhu) (vafotlari 1447)

19.Hazrat Xoja Ubaydulloh Ahror (quddisa sirruhu) (1404–1490)

20.Hazrat Xoja Muhammad Zohid (quddisa sirruhu).

21.Hazrat Xoja Darvesh Muhammad (quddisa sirruhu).

22.Hazrat Xoja Muhammad Imkanagiy (quddisa sirruhu).

23.Hazrat Xoja Boqiy Billo (quddisa sirruhu).

24.Hazrat Imom Rabboniy Ahmad Faruq Sarhindiy (quddisa sirruhu).

      E’tibor berilsa, Yetti pir nomi bilan ataluvchi Naqshbandiya tariqatining buyuk namoyandalari ushbu oltin silsilaning 10-16- silsilasidan o‘rin olganlar.

      Tasavvuf ta’limotiga tahliliy nazar qaratish orqali uning bosh maqsadi bandani Alloh taoloning yo‘liga yo‘llash, axloqiy jihatdan nafs tarbiyasiga e’tibor qaratishdan boshlanib, maqomlar va holatlar deb nomlanmish bir nechta darajalarni bosib o‘tib, oxir oqibat Alloh taoloni tanishga (ma’rifatulloh) erishtirish ekanligini anglash mumkin. Tasavvufda maqom deb, bandaning Alloh taoloning nazdidagi qulchilik darajasi anglaniladi. Jumladan, tavba, zuhd, vara’, faqr, sabr, rizo, tavakkul va hokazolarni keltirish mumkin. Holat esa, zikr tufayli qalbda hosil bo‘ladigan o‘zgarishlardir. Masalan, muroqaba, qurb, muhabbat, xavf, rajo, shavq, uns, mushohada, yaqiyn va hokazolar.

      Albatta, tasavvuf ta’limotining asosi Qur’oni karim va hadisi nabaviyga tayanishi bilan quvvatlidir. Yuqorida zikr etilgan maqomot va holatlarning barchasi ham Alloh taoloning kalomida o‘z isbotini topgan.  Masalan, Alloh taologa olib boruvchi yo‘lning eng boshi bo‘lmish nafs tarbiyasi borasida tasavvuf ta’limoti quyidagi oyati karimalarga tayanadi:

{وَالَّذِينَ جَاهَدُوا فِينَا لَنَهْدِيَنَّهُمْ سُبُلَنَا وَإِنَّ اللهَ لَمَعَ المُحْسِنِينَ}[العنكبوت:69] {وَأَمَّا مَنْ خَافَ مَقَامَ رَبِّهِ وَنَهَى النَّفْسَ عَنِ الهَوَى فَإِنَّ الجَنَّةَ هِيَ المَأْوَى}[النَّازعات:40-41] {إِنَّ النَّفْسَ لَأَمَّارَةٌ بِالسُّوءِ}[يوسف:53].

ya’ni: Biz uchun nafsiga qarshi jiddu jahd qilganlarni, albatta, O‘z yo‘llarimizga hidoyat eturmiz. Albatta, Alloh ezgu ish qiluvchilar bilan birgadir!”, “Ammo, kimki Parvardigorining (huzurida) turishi (va hisobot berishi)dan qo‘rqqan va nafsini havolanishdan qaytargan bo‘lsa, bas, faqat jannatgina (unga) makon bo‘lur”, “Zero, nafs yomonlikka undovchidir.

         Zuhd maqomida:

{قُلْ مَتَاعُ الدُّنْيَا قَلِيلٌ وَالآَخِرَةُ خَيْرٌ لِمَنِ اتَّقَى}[النساء:77] {وَيُؤْثِرُونَ عَلَى أَنْفُسِهِمْ وَلَوْ كَانَ بِهِمْ خَصَاصَةٌ}[الحشر:9].

ya’ni: Ayting: Dunyo lazzati qisqadir. Taqvoli kishiga esa, oxirat yaxshidir. Xurmo danagining ipicha ham (Alloh tarafidan) zulm qilinmaysiz”, “O‘zlarida ehtiyoj bo‘la turib, (ehson qilishda boshqa muhtojlarni) ixtiyor qilurlar” oyatlariga tayanadi.

         Sabr maqomida:

{وَاصْبِرْ وَمَا صَبْرُكَ إِلَّا بِاللهِ}[النحل:127] {وَبَشِّرِ الصَّابِرِينَ}[البقرة:155].

ya’ni: “Sabr qiling. Sabr qilishingiz esa faqat Alloh (yordami) bilangina mumkindir”, “Sabr qiluvchilarga xushxabar bering” oyatlariga tayanadi.

         Huddi shuningdek, tasavvufiy holatlar ham muayyan oyatlarda o‘z ifodasini topadi. Masalan, xavf xolatida:

{يَدْعُونَ رَبَّهُمْ خَوْفًا وَطَمَعًا}[السجدة:16].

ya’ni: “Parvardigorlariga qo‘rquv va umid bilan duo qilishadi”, oyatiga tayanadi. Rajo holatida:

{مَنْ كَانَ يَرْجُو لِقَاءَ اللهِ فَإِنَّ أَجَلَ اللهِ لَآَتٍ}[العنكبوت:5].

ya’ni: “Kimki Allohga yuzma-yuz bo‘lishdan umidvor bo‘lsa, bas, Allohning (belgilagan) fursati, albatta, keluvchidir” oyatiga tayanadi.

         Tariqatning maqsadi Alloh taoloning kalomi va Payg‘ambar alayhissalomning sunnatlariga ixlos bilan amal qilishni o‘rgatish va shu orqali insonni kamolotga yetkazishdir.

         Joriy yilning 28 aprel kuni Yurtboshimizning Buxoro viloyatiga tashriflari davomida berilgan topshiriqlar qatorida Buxorodan chiqqan allomalar, xususan, yetti pir ulamolarining hayoti va ilmiy merosini o‘rganish hamda ularni keng jamoatchilikka targ‘ib qilish masalasi qo‘yilgan edi. Bugungi kunda soha mutaxassislari tomonidan bu borada bir qator ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, kuni kecha O‘zbekiston Xalqaro Islom Akademiyasi tomonidan “Ma’rifat va ibrat timsollari” mavzusida yetti pir ulamolarining ilmiy merosini o‘rganish va keng targ‘ib qilish bo‘yicha soha mutaxassislari va tadqiqotchilar ishtirokida onlayn davra suhbati bo‘lib o‘tdi. Ushbu davra suhbatida ishtirok etgan olimlarning chiqishlaridan ham ma’lum bo‘ldiki, mazkur mavzu ustida tadqiqotlar olib borish haqiqatan bugungi kunda juda muhim. 

2017 yil 15 iyunda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan Toshkent shahrida o‘tkazilgan “Ijtimoiy barqarorlikni taminlash, dinimizning sofligini asrash – davr talabi” mavzusidagi videoselektorda aholi, ayniqsa, yoshlarni buzg‘unchi g‘oyalar tasiridan har tomonlama himoya qilish, ularni vatanga muhabbat,
milliy-diniy qadriyatlarimizga hurmat ruhida tarbiyalash, buyuk ajdodlarimiz qoldirgan boy ilmiy merosni har tomonlama o‘rganish, ularni keng jamoatchilikka yetkazish, turli oqimlarning yot g‘oyalariga qarshi asosli raddiyalar tayyorlash maqsadida Samarqand viloyatida hadis va kalom ilmi maktabi, Farg‘ona viloyatida islom huquqi maktabi, Buxoro viloyatida tasavvuf maktabi, Qashqadaryo viloyatida aqida maktablarini tashkil etish bo‘yicha tavsiya va ko‘rsatmalar berildi.

Mazkur ko‘rsatmalar ijrosini taminlash maqsadida O‘zbekiston musulmonlari idorasining 2017 yil 30 noyabrdagi buyrug‘iga asosan
Mir Arab oliy madrasasi qoshida Tasavvuf maktabi tashkil etildi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasining 2018 yil 24 yanvardagi buyrug‘i bilan Tasavvuf maktabi to‘g‘risidagi Nizom tasdiqlangan bo‘lib, Maktab o‘z faoliyatini mazkur Nizom asosida olib bormoqda.

Tasavvuf maktabida tinglovchilarga asosan Naqshbandiya ta’limoti o‘rgatiladi. Shuningdek, yurtimizdan yetishib chiqqan
va aholimiz o‘rtasida keng tarqalgan, mamlakatimiz tarixida o‘ziga xos ijtimoiy-madaniy ahamiyat kasb etgan Kubroviya, Yassaviya hamda Qodiriya tariqatlari o‘rganilishiga ham alohida e’tibor qaratiladi. Ishonamizki, ushbu sohada olib borilayotgan ishlar aholimizning ma’naviy-ma’rifiy  hayotida o‘zining ijobiy samaralarini beradi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi

raisining birinchi o‘rinbosari                         Homidjon Ishmatbekov

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Buxorolik hojilarning dastlabki guruhi kutib olindi

24.06.2025   5612   1 min.
Buxorolik hojilarning dastlabki guruhi kutib olindi

Haj amallarini ado etgan buxoroliklarning dastlabki guruhi Ona Vatanimizga eson-omon yetib keldi. Hojilarni O‘zbekiston Musulmonlari Idorasi Buxoro viloyati vakillari, viloyat Din ishlari bo‘yicha qo‘mita hamda mutasaddi tashkilotlar vakillari kutib oldi.
 

Hojilar o‘zlari uchun ajratilgan maxsus avtobuslarda “Fayzobod” masjidi tomon yo‘l oldi va katta xursandchilik bilan kutib olindi. 

 

Zarif Komilov,

O‘zA muxbiri.

Buxorolik hojilarning dastlabki guruhi kutib olindi Buxorolik hojilarning dastlabki guruhi kutib olindi
O'zbekiston yangiliklari