Farzandning sog‘lom, ilmli, imonli va irodali bo‘lib ulg‘ayishi nafaqat ota-ona, balki davlatimizning ham ezgu maqsadlaridan biridir. Shu bois mamlakatimizda istiqlolning ilk kunlaridanoq barkamol avlodga yuksak e’tibor va beqiyos g‘amxo‘rlik ko‘rsatilmoqda. Aziz farzandlarimizning jismonan sog‘lom, aqlan barkamol va har tomonlama salohiyatli etib voyaga yetkazish barchaning birdek ulug‘ maqsadidir.
Darhaqiqat, farzandlarimizning yaxshi, odobli, mehnatsevar, sog‘lom va har tomonlama salohiyatli, barkamol bo‘lib o‘sishi ko‘p jihatdan ularning onalariga bog‘liq bo‘ladi. Shuning uchun dinimiz ko‘rsatmalarida bo‘lg‘usi onani tanlashga alohida e’tibor qaratiladi. Kelajakda dunyoga keladigan farzandlarga munosib ona tanlash haqida farzand hali tug‘ilmasidan avval qayg‘uriladi. Onamiz Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilingan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Farzandlaringizga munosib onani ixtiyor qilinglar”, deganlar.
Biroq ota-onaning vazifasi farzandini dunyoga keltirishdangina iborat degan fikrga borish ham to‘g‘ri emas. Ular o‘z farzandlarini aqlli, es-hushli, jismonan sog‘lom, diyonatli, e’tiqodli, jamiyat va millatga foydasi tegadigan insonlar qilib tarbiyalash haqida qayg‘urishlari kerak. Odatda, otalar oilani boqishi va moddiy jihatdan ta’minlash maqsadida ko‘pincha uydan tashqarida bo‘lib, uy ishlari va farzand tarbiyasi bilan asosan onalar shug‘ullanadilar. Shuning uchun farzand tarbiyasi faqat onaning vazifasidek tuyulib qolgan. Lekin aslida shariat ko‘rsatmasiga ko‘ra, farzandlar tarbiyasida ota-ona birdek mas’uldir.
Balki ota bu borada onadan ham mas’uliyatliroq hisoblanadi. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam otaning farzandiga qiladigan moddiy ta’minotidan ma’naviy ta’minoti ustun turishini ta’kidlab shunday marhamat qilganlar:
“Hech bir ota o‘z farzandiga go‘zal odobdan ham ortiqroq hadya bera olmaydi” (Termiziy rivoyati).
Ota-onalar bolaning tabiati, xulq-atvori shu oiladagi muhitga qarab shakllanishini esdan chiqarmasliklari zarur. Ularning vazifasi xuddi tajribali tabibning bemorga nisbatan munosabatiga o‘xshash bo‘lishi kerak.
Ma’lumki, solih farzandlar ota-ona nazoratida oilada tarbiyalanib, voyaga yetishadi. Bolalar tarbiyasiga ular yosh vaqtlarida beparvo bo‘lish, yomon xulqli kishilarga aralashib yurishlariga yo‘l qo‘yish zararli oqibatlarga olib keladi. Sodda qilib aytsak, bola qalbi har turli yozuv yozish mumkin bo‘lgan bir oq qog‘ozga o‘xshaydi. Unga mumkin qadar yaxshi yozuvlar yozish kerak. Ular tarbiyasiga astoydil kirishish, yaxshi kishilar bo‘lib yetishishlari uchun butun imkoniyatlarni ishga solish zarur.
Shubhasiz, ota-ona, oila, mahalla, maktablar bolalar tarbiyasida muhim ahamiyat kasb etadi. Ularni chiroyli odob-axloq, yaxshi ta’lim-tarbiya asoslarida voyaga yetkazish davlat miqyosidagi dolzarb masala ekani har birimizga yaxshi ma’lumdir.
Muqaddas dinimizda yoshlarning odob-axloqi, ta’lim-tarbiyasiga e’tibor berish eng muhim masalalardan sanaladi. Payg‘ambarimiz solallohu alayhi va sallam marhamat qiladilar:
“Bolalaringizga odob beringlar va odoblarini chiroyli qilinglar”.
Farzandlarimiz tarbiyasiga alohida ahamiyat berib, ularni pokiza kiyinib, halol luqma yeyishga odatlantirishimiz, ularni turli zararli oqimlar ta’siridan saqlashimiz, yoshlarimizni ularning girdobiga tushib qolishidan himoyalashimiz, ota-onasi, oila, el-yurt oldidagi burchi va mas’uliyatini doimo his qiladigan, o‘ylaydigan qilib tarbiyalashimiz lozim. Ayniqsa, ota-onalar bir lahza bo‘lsa ham hushyorlikni yo‘qotmasliklari, yoshlar tarbiyasida aslo beparvo bo‘lmasliklari kerak.
Xususan, yurtimizda sog‘lom oila muhitini yaratish, ona va bola salomatligini muhofaza qilish, sog‘lom bola tug‘ilishi, jismoniy va ma’naviy barkamol avlodni voyaga yetkazish borasida juda ko‘plab xayrli ishlar amalga oshirilayapti. Barcha ezgu niyatlarimiz zamirida farzandlarimizni ham jismoniy, ham ma’naviy jihatdan sog‘lom ulg‘aytirish, ularning baxtu saodati, farovon kelajagini ko‘rish orzusi yotibdi.
Shuning uchun ham barcha yoshlarimiz hamma orzulari ushaladigan, intilishlari qo‘llab-quvvatlanadigan mamlakatda yashayotganidan baxtiyor bo‘lishlari kerak. Chunki, ana shu g‘amxo‘rlik va e’tibor natijasida jigarbandlarimiz hammaning havasini keltiradigan, iste’dodli bo‘lib voyaga yetishadi. Hozirda sport, san’at, musiqa, fan-texnika sohasida yurtimiz dovrug‘ini jahonga yoyayotgan yoshlar soni kundan-kunga ziyoda bo‘lib bormoqda.
Aziz farzandlarimiz dunyoviy bilimlar bilan barcha yuksak ma’naviyatimiz, milliy urf-odatlarimiz va qadriyatlarimiz asoslarini ham puxta egallashlari kerak. Xalqimizda bir maqol bor: “Olim bo‘lish oson, lekin odam bo‘lish qiyin”. Demak, ilmu fan yutuqlarini qo‘lga kiritib borishlik bilan birga dilbandlarimizni insonparvar, mehru oqibatli va axloqiy barkamol etib tarbiyalashga intilib borishimiz lozim ishlardandir.
Komil farzand tarbiyasi o‘zida quyidagilarni mujassamlashtiradi:
E’tiqodiy tarbiya-imonli bo‘lishlikni, halol va haromni ajrata bilishni o‘rgatish.
Axloqiy tarbiya-chiroyli odob, kamtarlik, rostgo‘ylik, mehr-shavqatlilik, omonatdorlik kabi go‘zal axloq va fazilatlarni shakillantirish.
Jismoniy tarbiya-to‘g‘ri ovqatlanish, sport bilan shug‘ullanishni o‘rgatish, spirtli ichimlik iste’mol qilish, sigareta chekish kabi zararli odatlardan qaytarish.
Aqliy tarbiya-zamonaviy ilmlar va jamiyatga foydali kasb-hunarlarni o‘rgatish.
Mana shunday yoshlar mustaqil O‘zbekistonimizning kelajagi, ishonchi va davomchisi bo‘la oladi.
Abdulaziz Bobamirzayev,
“Hidoya” o‘rta maxsus islom
bilim yurti mudiri
Bir qishloqda jahli tez chiqadigan, o‘zini boshqa olmaydigan o‘spirin yigit bor ekan. Kunlardan birida otasi unga har gal jahli chiqqanida bir mix olib, uyning oldidagi daraxtga qoqishini aytdi.
O‘g‘il shunday qila boshladi. Bir necha mix qoqilgan daraxtni ko‘rib, yigitning unga rahmi keldi. O‘zini boshqarishni, sabrli bo‘lishni o‘rgandi. Daraxtga mix qoqmay qo‘ydi. Buni ko‘rgan ota endi o‘g‘liga qoqilgan mixlarni sug‘urib tashlashni buyurdi. O‘g‘il otasining aytganini bajardi.
Daraxtning yaralari bitib, o‘rnida chandiqlar paydo bo‘ldi. Ota o‘g‘liga:
– Qara, o‘g‘lim! Qoqilgan har bir mix bu daraxtni yaralagan edi. Ularni sug‘urib tashlagan taqdiringda ham, o‘rni, chandiqlari qoldi. Endi daraxtning ana shu joylari mo‘rtlashib, qurt tushadi va uni yemiradi.
O‘g‘il boshini egib qoldi. Ota so‘zida davom etdi:
– Bu-ku bir daraxt ekan, Alloh taolo azizu mukarram qilib yaratgan inson zotining qalb atalmish daraxtiga ham ba’zan til atalmish bolg‘a bilan so‘z atalmish mixlar qoqiladi. Garchi keyin xatolar tan olinib, uzr so‘ralib, u “mix”lar sug‘urib olinsa-da, o‘rnida chandig‘i, dog‘i qoladi... Sen o‘shanday mixlarni qoqishdan saqlan. O‘zingni idora qilishni, jahlingni jilovlashni o‘rgan!..
Darhaqiqat, inson qalbi go‘yo nafis bir oynaga o‘xshaydi. U darz ketsa, keyin hech qachon aslidagidek tiklanmaydi. Shunday ekan, har doim Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamga o‘xshab muomila qilishni o‘rganaylik hech bo‘lmasa harakat qilaylik. Alloh hammamizni to‘g‘ri yo‘ldan adashtirmasin! Zero, ko‘ngil – Yaratganning nazargohidir.
Qudsiy hadislardan birida Alloh taolo: “Men sizlarning na suratingizga va na chiroylaringizga qarayman. Balki qalblaringizga qarayman va sizlardagi yaxshi xislatlardan rozi bo‘laman”, degan.
Akbarshoh Rasulov