Sayt test holatida ishlamoqda!
02 Avgust, 2025   |   8 Safar, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:46
Quyosh
05:19
Peshin
12:34
Asr
17:31
Shom
19:43
Xufton
21:09
Bismillah
02 Avgust, 2025, 8 Safar, 1447

Farzand – oila quvonchi, Vatan va jamiyat tayanchi

01.06.2020   6406   5 min.
Farzand – oila quvonchi, Vatan va jamiyat tayanchi

Farzandning sog‘lom, ilmli, imonli va irodali bo‘lib ulg‘ayishi nafaqat ota-ona, balki  davlatimizning ham ezgu maqsadlaridan biridir. Shu bois mamlakatimizda istiqlolning ilk kunlaridanoq barkamol avlodga yuksak e’tibor va beqiyos g‘amxo‘rlik ko‘rsatilmoqda.  Aziz farzandlarimizning jismonan sog‘lom, aqlan barkamol va har tomonlama salohiyatli etib voyaga yetkazish barchaning birdek ulug‘ maqsadidir.

Darhaqiqat, farzandlarimizning yaxshi, odobli, mehnatsevar, sog‘lom va har tomonlama salohiyatli, barkamol bo‘lib o‘sishi ko‘p jihatdan ularning onalariga bog‘liq bo‘ladi. Shuning uchun dinimiz ko‘rsatmalarida bo‘lg‘usi onani tanlashga alohida e’tibor qaratiladi. Kelajakda dunyoga keladigan farzandlarga munosib ona tanlash haqida farzand hali tug‘ilmasidan avval qayg‘uriladi. Onamiz Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilingan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Farzandlaringizga munosib onani ixtiyor qilinglar”, deganlar.

Biroq ota-onaning vazifasi farzandini dunyoga keltirishdangina iborat degan fikrga borish ham to‘g‘ri emas. Ular o‘z farzandlarini aqlli, es-hushli, jismonan sog‘lom, diyonatli, e’tiqodli, jamiyat va millatga foydasi tegadigan insonlar qilib tarbiyalash haqida qayg‘urishlari kerak. Odatda, otalar oilani boqishi va moddiy jihatdan ta’minlash maqsadida ko‘pincha uydan tashqarida bo‘lib, uy ishlari va farzand tarbiyasi bilan asosan onalar shug‘ullanadilar. Shuning uchun farzand tarbiyasi faqat onaning vazifasidek tuyulib qolgan. Lekin aslida shariat ko‘rsatmasiga ko‘ra, farzandlar tarbiyasida ota-ona birdek mas’uldir.

Balki ota bu borada onadan  ham mas’uliyatliroq hisoblanadi. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam otaning farzandiga qiladigan moddiy ta’minotidan ma’naviy ta’minoti ustun turishini ta’kidlab shunday marhamat qilganlar:

 Hech bir ota o‘z farzandiga go‘zal odobdan ham ortiqroq hadya bera olmaydi” (Termiziy rivoyati).

Ota-onalar bolaning tabiati, xulq-atvori shu oiladagi muhitga qarab shakllanishini esdan chiqarmasliklari zarur. Ularning vazifasi xuddi tajribali tabibning bemorga nisbatan munosabatiga o‘xshash bo‘lishi kerak.

Ma’lumki, solih farzandlar ota-ona nazoratida oilada tarbiyalanib, voyaga yetishadi. Bolalar tarbiyasiga ular yosh vaqtlarida beparvo bo‘lish, yomon xulqli kishilarga aralashib yurishlariga yo‘l qo‘yish zararli oqibatlarga olib keladi. Sodda qilib aytsak, bola qalbi har turli yozuv yozish mumkin bo‘lgan bir oq qog‘ozga o‘xshaydi. Unga mumkin qadar yaxshi yozuvlar yozish kerak. Ular tarbiyasiga astoydil kirishish, yaxshi kishilar bo‘lib yetishishlari uchun butun imkoniyatlarni ishga solish zarur.

Shubhasiz, ota-ona, oila, mahalla, maktablar bolalar tarbiyasida muhim ahamiyat kasb etadi. Ularni chiroyli odob-axloq, yaxshi ta’lim-tarbiya asoslarida voyaga yetkazish davlat miqyosidagi dolzarb masala ekani har birimizga yaxshi ma’lumdir.

Muqaddas dinimizda yoshlarning odob-axloqi, ta’lim-tarbiyasiga e’tibor berish eng muhim masalalardan sanaladi. Payg‘ambarimiz solallohu alayhi va sallam marhamat qiladilar:

“Bolalaringizga odob beringlar va odoblarini chiroyli qilinglar”.

Farzandlarimiz tarbiyasiga alohida ahamiyat berib, ularni pokiza kiyinib, halol luqma yeyishga odatlantirishimiz, ularni turli zararli oqimlar ta’siridan saqlashimiz, yoshlarimizni ularning girdobiga tushib qolishidan himoyalashimiz, ota-onasi, oila, el-yurt oldidagi burchi va mas’uliyatini doimo his qiladigan, o‘ylaydigan qilib tarbiyalashimiz lozim. Ayniqsa, ota-onalar bir lahza bo‘lsa ham hushyorlikni yo‘qotmasliklari, yoshlar tarbiyasida aslo beparvo bo‘lmasliklari kerak.

Xususan, yurtimizda sog‘lom oila muhitini yaratish, ona va bola salomatligini muhofaza qilish, sog‘lom bola tug‘ilishi, jismoniy va ma’naviy barkamol avlodni voyaga yetkazish borasida juda ko‘plab xayrli ishlar amalga oshirilayapti. Barcha ezgu niyatlarimiz zamirida farzandlarimizni ham jismoniy, ham ma’naviy jihatdan sog‘lom ulg‘aytirish, ularning baxtu saodati, farovon kelajagini ko‘rish orzusi yotibdi.

Shuning uchun ham barcha yoshlarimiz hamma orzulari ushaladigan, intilishlari qo‘llab-quvvatlanadigan mamlakatda yashayotganidan baxtiyor bo‘lishlari kerak. Chunki, ana shu g‘amxo‘rlik va e’tibor natijasida jigarbandlarimiz hammaning havasini keltiradigan, iste’dodli bo‘lib voyaga yetishadi. Hozirda sport, san’at, musiqa, fan-texnika sohasida yurtimiz dovrug‘ini jahonga yoyayotgan yoshlar soni kundan-kunga ziyoda bo‘lib bormoqda.

Aziz farzandlarimiz dunyoviy bilimlar bilan  barcha yuksak ma’naviyatimiz, milliy urf-odatlarimiz va qadriyatlarimiz asoslarini ham puxta egallashlari kerak. Xalqimizda bir maqol bor: “Olim bo‘lish oson, lekin odam bo‘lish qiyin”. Demak, ilmu fan yutuqlarini qo‘lga kiritib borishlik bilan birga dilbandlarimizni insonparvar, mehru oqibatli va axloqiy barkamol etib tarbiyalashga intilib borishimiz lozim ishlardandir.

Komil farzand tarbiyasi o‘zida quyidagilarni mujassamlashtiradi:

E’tiqodiy tarbiya-imonli bo‘lishlikni, halol va haromni ajrata bilishni o‘rgatish.

Axloqiy tarbiya-chiroyli odob, kamtarlik, rostgo‘ylik, mehr-shavqatlilik, omonatdorlik kabi go‘zal axloq va fazilatlarni shakillantirish.

Jismoniy tarbiya-to‘g‘ri ovqatlanish, sport bilan shug‘ullanishni o‘rgatish, spirtli ichimlik iste’mol qilish, sigareta chekish kabi zararli odatlardan qaytarish.

Aqliy tarbiya-zamonaviy ilmlar va jamiyatga foydali kasb-hunarlarni o‘rgatish.

Mana shunday yoshlar mustaqil O‘zbekistonimizning kelajagi, ishonchi va davomchisi bo‘la oladi.

 

 

Abdulaziz Bobamirzayev,

“Hidoya” o‘rta maxsus islom

bilim yurti mudiri

Maqolalar
Boshqa maqolalar

Bular Alloh uchun, men uchunchi?

01.08.2025   10626   1 min.
Bular Alloh uchun, men uchunchi?

حدثنا العباس الدوري نا يعلى بن عبيد نا موسى هو الجهني عن مصعب بن سعد عن أبيه قال: جاء أعرابي النبي صلى الله عليه وعلى آله وسلم فقال: يا رسول الله: علمني كلاما أقوله قال :”قل لا إله إلا الله وحده لا شريك له الله أكبر كبيرا والحمد لله كثيرا وسبحان الله رب العالمين لا حول ولا قوة إلا بالله العزيز الحكيم“. قال: هؤلاء لربي فما لي قال: قل:  اللهم اغفر لي وارحمني واهدني وارزقني.

 

Mus’ab ibn Sa’d otasidan rivoyat qiladi: “Bir a’robiy Nabiy sollallohu alayhi va ’alaa olihi vasallamning oldilariga kelib: “Ey, Allohning Rasuli, menga bir kalimani o‘rgating, men uni aytib yuray”, dedi.

Laa ilaaha illallohu vahdahu laa shariyka lahu, Allohu akbar kabiyro, valhamdulillaahi kasiyro, subhaanallohi Robbil ’aalamiyn, laa havla va laa quvvata illaa billaahil ’aziyzil hakiym”, deb ayt! dedilar.

U: “Bular Alloh uchun, men uchunchi?” dedi. “Allohummag‘firliy, varhamniy, vahdiniy, varzuqniy”, degin”, deb aytdilar”.

 

Kalima va duoning ma’nosi: Yolg‘iz Allohdan o‘zga iloh yo‘q, Uning sherigi yo‘q. Alloh buyukdir, eng buyukdir, Allohga ko‘p hamd bo‘lsin. Olamlar Robbi pok deb yod etaman. Kuch ham, quvvat ham faqat Azizu Hakim Alloh bilandir.

Allohim, meni mag‘firat qil, menga rahm qil, meni hidoyatga boshla va menga rizq bergin.

 

Abu Said Haysam ibn Kulayb Shoshiyning
“Musnadi Shoshiy” asaridan
Davron NURMUHAMMAD tarjimasi