4 – QOSIM IBN MUHAMMAD ROZIYALLOHU ANHU
U kishi Madinai Munavvarada hijriy 30 sana, milodiy 650 sanada tavallud topganlar. Hijriy 102 sana, milodiy 720 sanada Qudaydda vafot etganlar.
Qosim ibn Muhammad roziyallohu anhu uzun bo‘yli, qoramtir rangli, soqolining ikki tarafi siyrak zot edilar. U kishining ko‘zlaridan doimo yosh oqib turardi. Alloh taolodan qo‘rqqanlaridan doimo qadlari bukik yurardilar.
Qosim ibn Muhammad roziyallohu anhu Abu Bakr roziyallohu anhuning farzandi Muhammad roziyallohu anhuning o‘g‘illari edilar. U kishining kunyalari Abu Muhammad edi. Qosim ibn Muhammad roziyallohu anhuning onalari asli fors ayoli edi.
Qosim ibn Muhammad roziyallohu anhu dastlab Oisha roziyallohu anhodan, so‘ng Abu Hurayra va Ibn Abbos roziyallohu anhumodan hadis va fiqh darslarini oldilar. U kishi Madinaning yetti buyuk faqihlaridan biridirlar. Qosim ibn Muhammad roziyallohu anhu fiqh va tasavvufda ustoz edilar.
Umar ibn Abdulaziz: «Agar qo‘limdan kelsa, xalifalikni Qosim ibn Muhammadga qoldirgan bo‘lardim», der edi.
Imom Molik: «Qosim bu ummatning fuqaholaridandir», der edilar.
Qosim ibn Muhammad roziyallohu anhudan bilmagan narsalari so‘ralsa, «Bilmayman», deb aytishdan tortinmas edilar. Bilgan narsalari haqida esa «O‘zim bilgan narsalarni berkitishim men uchun haromdir», der edilar.
Vafotlaridan oldin Qosim ibn Muhammad roziyallohu anhuning ko‘zlari ojiz bo‘lib qolgan edi. U kishi o‘zlarining vafotlari yaqinlashganini sezganlarida o‘g‘illariga:
«Meni o‘zim kiyib turgan liboslar – ko‘ylak, izor va ridoga kafanlanglar», dedilar.
«Otajon, buni ikki qavat qilsak bo‘lmaydimi?» dedi.
«Bobom Abu Bakr ham shu kabi uch narsaga kafanlangan edilar. Biz ulardan o‘rnak olishimiz lozim. Shunisi yetadi. Yangi liboslarga o‘liklardan ko‘ra tiriklar muhtojdir», dedilar.
U kishi yetmish yoshlarida vafot etdilar.
Qosim ibn Muhammad roziyallohu anhu silsila omonatini Salmon Forsiy roziyallohu anhudan olganlar.
5 – JA’FAR SODIQ ROZIYALLOHU ANHU
Ja’far Sodiq roziyallohu anhu hijriy 83 sanada Madinai Munavvarada tavallud topganlar va hijriy 148 sanada o‘sha yerning o‘zida vafot etganlar.
Ja’far Sodiq roziyallohu anhu go‘zal yuzli, katta boshli, oq tanali va qirmizi yonoqli zot edilar. U kishi katta bobolari hazrati Ali karramallohu vajhahuga juda ham o‘xshar edilar.
Ja’far Sodiq roziyallohu anhu o‘zlarining «sodiq» degan laqablariga juda ham mos edilar. U kishi hayotlarida hech yolg‘on gapirmaganlari uchun shu laqabni olgan edilar. Ja’far Sodiq roziyallohu anhu kulcha yuzli va shirin so‘zli zot edilar.
Ja’far Sodiq roziyallohu anhuning nasablari bir tarafdan Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga borsa, ikkinchi tarafdan hazrati Abu Bakr Siddiq roziyallohu anhuga yetib boradi. U kishining otalari Muhammad Boqir roziyallohu anhu imom Husaynning nabiralari bo‘lsa, onalari Abu Bakr Siddiq roziyallohu anhuning nabiralari Qosim ibn Muhammad ibn Abu Bakrning qizlari edi.
Ja’far Sodiq roziyallohu anhu imom Abu Hanifa rahmatullohi alayhining zamondoshlaridir.
U kishi roziyallohu anhu o‘zlari taba’a tobe’inlardan bo‘lib, juda ko‘p tobe’inlardan turli ilmlarni, xususan, hadis ilmini o‘rgandilar. U kishi o‘z zamonalarida mavjud bo‘lgan ko‘pgina ilmlarda peshqadam edilar. Ja’far Sodiq roziyallohu anhu kimyo, fizika va al-Jabr (Algebra) ilmlarida tengi yo‘q zot edilar. Al-Jabr (Algebra) ilmining asoschisi, buyuk olim Jobir ibn Hayyon Ja’far Sodiq roziyallohu anhuning talabasidir. U kishi o‘z zamonalarining ulkan olimi sifatida hamma tarafga dong taratgan edilar.
Abbosiy xalifalardan Abu Ja’far Mansur u kishini tez-tez ziyorat qilib, bilmagan narsalarini so‘rab turar edi. Bir kuni xalifa Abu Ja’far Mansurning yuziga pashsha kelib qo‘nibdi. U har qancha urinmasin, pashshani hayday olmabdi. Shu payt Ja’far Sodiq roziyallohu anhu xalifaning oldiga kirib qolibdilar. Xalifa u kishidan:
«Allohning pashshani yaratishidan hikmat nedir?» deb so‘rabdi.
«Zolimlar va o‘ziga ishonganlarga birgina pashshaga ham kuchlari yetmasligini ko‘rsatib turish uchundir», debdilar Ja’far Sodiq roziyallohu anhu.
Bir kuni Ja’far Sodiq roziyallohu anhuga nihoyatda ixlosli bo‘lgan bir odam u kishi bilan anhorning bo‘yida ketayotib, suvga yiqilib tushib, oqib keta boshlabdi. Shunda haligi kishi «Ja’far! Ja’far»! deb baqira turib, suvga botib ketibdi. Birozdan so‘ng birdan najot topibdi. Shunda Ja’far Sodiq roziyallohu anhu undan:
«Nima bo‘ldi?» deb so‘rabdilar.
«Ja’far», dedim, botdim, «Alloh», dedim, qutuldim», debdi. Shunda Ja’far Sodiq roziyallohu anhu:
«Doimo ushbu holni o‘zingga lozim tut. Allohdan o‘zgadan yordam so‘rab bo‘lmas», debdilar.
Ja’far Sodiq roziyallohu anhu o‘limlaridan oldin o‘g‘illari Muso Kozimga quyidagi vasiyatni qilganlar:
«O‘g‘lim, vasiyatlarimni yaxshi tingla. Agar bularga diqqat bilan munosabatda bo‘lsang, baxtli yashab, baxtli o‘lursan.
O‘g‘lim! Alloh O‘zining taqsimiga rozi bo‘lganni o‘zgalarga muhtoj holda tashlab qo‘ymas. Boshqalarning qo‘lidagiga ko‘z tikkan esa faqir holida o‘lur. Ilohiy taqsimga rozi bo‘lmagan kimsa Allohga U Zotning hukmi to‘g‘risida e’tiroz qilgan bo‘lur.
O‘z gunohini kichik ko‘rgan kimsa boshqaning kichik gunohini katta ko‘rgay. Boshqaning gunohini kichik ko‘rgan o‘zining gunohini katta ko‘rgay. Boshqalarga isyon ila qilich ko‘targan odam o‘sha qilich ila o‘ldirilgay. O‘zgaga o‘ra qazigan o‘sha o‘raga o‘zi tushgay».
Ja’far Sodiq roziyallohu anhu hijriy 148 sana – milodiy 765 sanada vafot etib, Jannatul Baqiy’ qabristoniga, otalari Muhammad Boqir, bobolari Ali ibn Xusayn Zaynul Obidin hamda katta amakilari imom Hasanning qabrlari yoniga dafn etildilar.
Ja’far Sodiq roziyallohu anhu silsila omonatini ona taraf bobolari hazrati Qosim ibn Muhammad ibn Abu Bakr Siddiq roziyallohu anhudan olganlar.
6 – BOYAZID BISTOMIY QUDDISA SIRRuHU
Bu zotning tug‘ilgan yillari noma’lum. Milodiy 875 sanada Bistom shahrida vafot etganlar.
Boyazid Bistomiy quddisa sirruhu uzun bo‘yli, zaif badanli, oq va siyrak soqolli va ko‘zlari chuqur odam edilar. U kishi hazrati Abu Bakr Siddiq roziyallohu anhuga o‘xshab ketar edilar. Boyazid Bistomiy quddisa sirruhuni «oriflarning sultoni» va «muhaqqiqlarning sardori» deb atashardi.
Boyazid Bistomiy quddisa sirruhu yoshliklaridan ilm-ma’rifatga qattiq qiziqdilar. U kishi 113 ta shayx bilan uchrashib, ulardan ilm olganlar. Ja’far Sodiq rahmatullohi alayhining vafotlari chog‘ida 12 yoshda bo‘lgan Boyazid Bistomiy quddisa sirruhu u kishining o‘zlaridan, talaba va muxlislaridan bo‘lgan ulamo hamda mashoyixlardan juda ko‘p foydalar olganlar.
U kishi Ja’far Sodiq rahmatullohi alayhiga oid har bir so‘zdan va irshod uslubidan foyda olishga intilganlar. Bu narsalar u kishiga katta ta’sir qilgan. Boyazid Bistomiy quddisa sirruhu Ja’far Sodiq rahmatullohi alayhining ruhoniyatlaridan fayz olib hamda shariat, tariqat, ma’rifat va haqiqat martabalarida tamoman u kishiga tobe bo‘lib, yo‘llarini davom ettirishga harakat qilganlar.
Boyazid Bistomiy quddisa sirruhu yoshliklarida Tayfur deb atalgan ekanlar. U kishi onalarining duolarini olgan zot edilar.
Oxir-oqibat u kishi haqiqat sirlarini va ishlarning hikmatlarini bilishda yagona zotlardan biriga aylandilar. Ulamolar Boyazid Bistomiy quddisa sirruhuni «shariatda imom, tariqatda qahramon, sunnatga tobe va himmatda nodir», deb vasf qiladilar. U kishi hanafiy mazhabida edilar.
Boyazid Bistomiy quddisa sirruhu silsilani Ja’far Sodiq rahmatullohi alayhidan ma’naviy yo‘l bilan olganlar.
7 – ABUL HASAN HARAKONIY QUDDISA SIRRUHU
Bu zot Eronning Harakon degan joyida hijriy 352 sana, milodiy 963 sanada tavallud topdilar va o‘sha yerda hijriy 425 sana, milodiy 1034 sanada vafot etdilar.
U kishi uzun bo‘yli, kulcha yuzli, keng peshonali, yirik ko‘zli va qizg‘ish rangli zot edilar.
Abul Hasan Harakoniy tasavvufda tanila boshlashlari bilan hazrati Boyazid Bistomiyni tushda ko‘rib, u zotdan irshod va fayz olganlarini so‘zladilar. Abul Hasan Harakoniy quddisa sirruhu u kishining mozorlarida o‘n ikki yil xizmat qildilar. Mazkur xizmatdan so‘ng irshodga ma’zun va tariqatni nashr qilishga ma’mur bo‘ldilar. Ana shu muddatda Qur’oni Karimni Fotiha surasidan boshlab oxirigacha tafsir qilib chiqdilar. Shu bilan u kishiga barcha zohir va botin ilmlarning eshigi keng ochildi.
Kishilar Abul Hasan Harakoniy quddisa sirruhudan:
«Axloq nedir?» deb so‘rashdi.
«Ishni Alloh uchun qilmoqdir», dedilar.
U kishining hikmatli so‘zlaridan namunalar:
– Rosa qirq yildan beri Alloh mening qalbimga boqadi va u yerda O‘zidan boshqani ko‘rmaydi.
– Ko‘ngillarning oydinligi haqqa maylli bo‘lmoq bilan, amallarning go‘zalligi riyodan uzoq bo‘lmoq bilandir.
– Ne’matlarning eng haloli o‘z mehnating ila qo‘lga kiritganingdir.
Abul Hasan Harakoniy quddisa sirruhu silsila omonatini Boyazid Bistomiy quddisa sirruhudan ma’naviy yo‘l bilan olganlar.
8 – ABU ALI FARMADIY QUDDISA SIRRUHU
Bu zot hijriy 407 sana, milodiy 1016 sanada Farmadda tug‘ilib, hijriy 477 sana, milodiy 1084 sanada Tusda vafot etganlar.
Abu Ali Farmadiy quddisa sirruhu o‘rta bo‘yli, qoramtir rangli, peshonasi keng, ko‘zlari va kipriklari qop-qora zot edilar. U kishi muridlariga otadan ham mehribon, barchaga muhabbatli edilar.
Abu Ali Farmadiy quddisa sirruhu zohir ilmlarni avvalo Naysoburda shayx Abu Sa’id Abul Xayr hazratlaridan, so‘ngra Abul Qosim Qushayriy hazratlaridan oldilar. Botiniy ilmlarni esa avvalo shayx Abul Qosim Gurgoniy Tusiy hazratlaridan, keyinroq Abul Hasan Harakoniy hazratlaridan oldilar. U kishi bu ikki ulug‘ zotga astoydil xizmat ham qilganlar.
Abu Ali Farmadiy quddisa sirruhu xizmat ahli bo‘lib tanilgan kishilardan edilar. U kishi ustozlarining izni ila boshqa ustozlarga ham ixlos bilan xizmat qilar edilar. Ba’zi vaqtlarda kerakli xizmatlarni buyruq bo‘lmasdan oldin bajarar va ulug‘ tavajjuhlarga sazovor bo‘lar edilar.
Abu Ali Farmadiy quddisa sirruhu o‘z asrlarida salaf mazhabi bo‘yicha so‘z sohibi edilar. Hujjatul Islom imom G‘azzoliy rahmatullohi alayhi u kishining talabalaridan bo‘lib, aynan shu ustozning qo‘llarida ijtihod darajasiga yetganlar.
Abu Ali Farmadiy quddisa sirruhu, shuningdek, Fostiy va Yusuf Hamadoniy kabi ulug‘ zotlarni ham tarbiyalab yetishtirganlar.
Abu Ali Farmadiy quddisa sirruhu silsila omonatini Abul Hasan Harakoniy hazratlaridan olganlar.
9 – YUSUF HAMADONIY QUDDISA SIRRUHU
Bu zot hijriy 440 sana, milodiy 1048 sanada Hamadon shahrida tug‘ilib, hijriy 535 sana, milodiy 1141 sanada Hirot yoki Marvda vafot topganlar.
Yusuf Hamadoniy rahmatullohi alayhi zaif badanli, kalta bo‘yli, bug‘doyrang yuzli zot edilar. U kishining soqollarida faqat bita oq tuk bor edi. Zohidliklari va taqvolari xuddi Imomi A’zamniki kabi edi. U kishining to‘liq ismlari Abu Ya’qub Yusuf ibn Ayyub Hamadoniydir.
Yusuf Hamadoniy rahmatullohi alayhi o‘n sakkiz yoshlarida Hamadondan Bag‘dodga keladilar va Mavlono Abu Is'hoq hazratlaridan fiqh, hadis, tafsir kabi ilmlardan dars oladilar. O‘sha yerda Abdulqodir Jiyloniy rahmatullohi alayhining suhbatlarini topadilar va o‘zlari ham va’zu irshod ishlarini boshlaydilar. Keyin Bag‘doddan Isfahonga kelib, irshod ishlarini ko‘paytiradilar. Yana Abu Ali Farmadiy rahmatullohi alayhining xizmatlariga yetishadilar.
Yusuf Hamadoniy rahmatullohi alayhi o‘z suhbatlarida mashoyixlarning hikmatli so‘zlarini ham ko‘p ishlatar edilar. U kishining himmatlari oliy edi. Yusuf Hamadoniy rahmatullohi alayhi Hirot bilan Marvning orasida borib-kelib turar va va’zu nasihatda davom etar edilar.
U kishidan istifoda etganlardan besh odam buyuk shayx va tariqat namoyandalari bo‘lib yetishdilar. Ularning nomlarini eslab o‘taylik:
Xoja Ubaydulloh Barkiy, xoja Hasan Antokiy, xoja Ahmad Yassaviy, xoja Abdulxoliq G‘ijduvoniy va xoja Hakim Sano’iy.
Hazrati xoja Bahouddin Naqshbandning bosh xalifalari Muhammad Porso hazratlari o‘zlarining «Faslul xitob» nomli kitoblarida Yusuf Hamadoniy rahmatullohi alayhining har biri bir kitobga teng keladigan hikmatli so‘zlaridan bir qismini to‘plaganlar.
Yusuf Hamadoniy rahmatullohi alayhi silsila omonatini Abu Ali Farmadiy rahmatullohi alayhidan olganlar.
10 – XOJA ABDULXOLIQ G‘IJDUVONIY
QUDDISA SIRRUHU
Bu zot hijriy 515 sana, milodiy 1121 sanada Buxoroi sharifning G‘ijduvonida tug‘ilganlar va hijriy 595 sana, milodiy 1199 sanada o‘sha yerda vafot etganlar.
Xoja Abdulxoliq G‘ijduvoniy quddisa sirruhu uzun bo‘yli, katta boshli, oq rangli, go‘zal yuzli zot edilar. U kishining qoshlari qalin, ko‘krak va yelkalari keng edi. U kishining ota-onalari Buxoroga Malatiyadan hijrat qilib kelgan edilar. Xoja Abdulxoliq G‘ijduvoniy quddisa sirruhuning otalarining ismi Abduljalil bo‘lgan.
Xoja Abdulxoliq G‘ijduvoniy quddisa sirruhuning otalari Abduljalil solih va orif bir kishi edilar. Xoja Abdulxoliq G‘ijduvoniy quddisa sirruhu onalarining qornida bo‘lgan kezlarda otalari Abduljalil o‘z yaqinlari bilan Malatiyadan Buxoroga hijrat qiladilar.
Xoja Abdulxoliq G‘ijduvoniy quddisa sirruhu besh yoshliklaridan Buxoroning buyuk olimlaridan biri bo‘lgan shayx Sadruddin hazratlaridan Qur’oni Karimni o‘rgana boshladilar. U kishi yoshlik chog‘laridayoq Kalomullohning daqiq ma’nolarini ham anglab yetadigan darajaga erishdilar. Tez orada xoja Abdulxoliq G‘ijduvoniyning oyati karimalar haqida aytgan fikrlari ustozlarni ham hayratga soladigan bo‘ldi. Bir kuni u kishi o‘z ustozlariga A’rof surasidagi «Robbingizga tazarru’ ila va maxfiy duo qiling. Zotan, U haddan oshuvchilarni sevmas» oyati haqida: «Maxfiylikning haqiqati va xafiy zikr qandoq bo‘lur? Agar inson zikr va duoni oshkora qilsa, riyokorlik xavfi bor. Oraga riyo kirgach, haqiqiy zikr va duo bo‘lishi mumkin emas», dedilar.
Shu va shunga o‘xshash fikrlar samarasi o‘laroq, Alloh taoloning inoyati ila u kishi Naqshbandiya tariqatida zikri xafiy va vuqufi adadiyning joriy bo‘lishiga sabab bo‘ldilar.
Shuningdek, «nafiy va isbot» yo‘li ila bo‘ladigan zikr ham aynan xoja Abdulxoliq G‘ijduvoniy quddisa sirruhuning nomlari bilan bog‘liqdir. Bu zikr bosh egilgan holda nafasni tutib turib, yettidan yigirma bir martagacha «Laa ilaaha illalloh»ni qalban aytish ila boshlanadi. Bu ham zikri xafiy, ham nafiy isbot va ham haqqoniy muroqabadir.
Xoja Abdulxoliq G‘ijduvoniy quddisa sirruhu yigirma yoshlarida shayx Yusuf Hamadoniy hazratlari bilan ko‘rishdilar va u zotdan dars ola boshladilar. Keyinroq ko‘zga ko‘ringan mashoyixlarning biriga aylandilar.
Xoja Abdulxoliq G‘ijduvoniy quddisa sirruhu Naqshbandiya tariqatida o‘n bir asosga ega bo‘lgan dastur ishlab chiqdilar. Sayri sulukka kirgan har bir kishiga bu dasturni bilish juda ham zarur:
«Hush» so‘zi «aql-hush», «hushyorlik» ma’nolarini, «dam» so‘zi «nafas» ma’nosini bildiradi. Bu shiorda har bir olingan va chiqarilgan nafasda hushyor bo‘lish, Alloh taoloni esdan chiqarmaslik ma’nosi o‘z aksini topgan. Ya’ni so‘fiy har nafasida Alloh taoloni yod etib turishi lozim.
Qadamga nazar solish. Bu shiorga binoan, so‘fiyga yurganida doimo oyog‘ining uchiga nazar solib yurish tavsiya qilinadi. Ya’ni turli harom narsalarga nazari tushishining oldini olish lozim.
Vatanga safar qilish. Bu shiorda har odimda asliga va Haqqa safar qilish ma’nosi bo‘lishi kerakligi oldinga surilgan.
Anjumanda xilvat qilmoq. Bu shiorda so‘fiy o‘zi xalq ichida turgan bo‘lsa ham, Haq bilan xoli bo‘lish malakasiga ega bo‘lishi ko‘zda tutilgan.
Yod et. Bu shiorda nafasni tutib turib, til va dil bilan birdaniga tavhid zikrini qilish ko‘zda tutilgan.
So‘ngra o‘t. Bu shiorda maqsad va matlab faqatgina Alloh taoloning roziligi bo‘lishi ko‘zda tutilgan. Bunda solik zikr qilib bo‘lgach, «Ilohi anta maqsudi va rizoka matlubi», deydi va buning ma’nosini o‘ylaydi. Buning ma’nosi esa «Ilohim, Sen maqsudimsan va roziliging matlubimdir», deganidir.
Aslida bu shior har bir mo‘min-musulmonning ezgu orzusidir. Ya’ni har bir mo‘min-musulmon Alloh taologa g‘oyibona iymon keltirish bilan birga jannatda, inshaalloh, Alloh taoloni ko‘rishiga qat’iy ishonadi. Uning iymon keltirib, solih amal qilishdan maqsadi ham shu: Alloh taoloni bir marta bo‘lsa ham ko‘rish va ko‘ngli butunlay taskin topgan holda jannatda abadiy yashash. Bu dunyoda bandaning istagi, orzusi, matlabi, o‘zini Yaratgan Zotning roziligini topishdir. Chunki bu sinov dunyosining og‘ir imtihonlaridan o‘tib, Alloh taoloning roziligiga erisha olgan banda har ikki olamda ham abadulabad baxtli bo‘ladi, inshaalloh.
Nigoh sol. Bu shiorda qalbni xavotirdan saqlash ko‘zda tutilgan. Bu orqali qalbga Alloh taoloning muhabbatidan boshqa narsa kirmasligi ta’minlanadi.
Bu va bundan keyingi maqomlar, xususan, «Yod dosht», «Vuqufi zamoniy» va «Vuqufi qalbiy» har bir mo‘min-musulmonga buyurilgan tafakkur maqomidir. «Bir soatlik tafakkur bir kunlik ibodatdan afzaldir» hadisining ma’nosi ham shu. Zero, inson o‘ziga berilgan aqlu farosat bilan borliqqa, zamonga va eng avvalo o‘ziga teran nigoh solib, yaratilmish narsalarning mohiyati va Yaratuvchining qudrati, adolati, shafqati, muhabbati, in’omi haqida tafakkur qilsa, hayot, borliq faqat Alloh taolo bilangina mazmun kasb etishini anglaydi. Shu ishonch iymondir, iymonning madoridir. Binobarin, tafakkur iymonga yetaklovchi, iymonga quvvat bo‘luvchi omildir. Shuning uchun ham xolis tafakkur xolis ibodatning oliy darajasidir.
Yodga ol. Bu shiorda har lahzada Alloh taoloni yodda tutish ko‘zda tutilgan.
Zamondan voqif bo‘lmoq. Bu shiorda solik o‘zi yashayotgan zamonni bilmog‘i va undan unumli foydalanmog‘i ko‘zda tutilgan.
Adaddan voqif bo‘lmoq. Bu shiorda so‘fiyning zikr qilishda talaffuz qilinadigan lafzlarning adadiga alohida e’tibor berishi ko‘zda tutilgan.
Qalbdan voqif bo‘lmoq. Bu shiorda qalbni Allohning zikri, fikri va amri ila mashg‘ul qilmoq haqida so‘z boradi.
Xoja Muhammad Porso hazratlari o‘zlarining «Faslul xitob» nomli kitoblarida xoja Abdulxoliq G‘ijduvoniy quddisa sirruhu haqlarida quyidagilarni yozganlar:
«Xojai jahon, mutlaqi shayxi komil, muhaqqiq qutbi zamon, matla’ul anvor, manbai asror, haqoiq va ma’oniyning mukoshifi hazrati xoja Abdulxoliq G‘ijduvoniy quddisa sirruhuning usuli bu tariqatga hujjat va boshqa tariqatlarga maktabdir. U kishi har on sidqi safo yo‘lida bo‘lmishlar va hazrati Mustafo sollallohu alayhi vasallamning sunnatlaridan ayrilmaganlar».
Xoja Abdulxoliq G‘ijduvoniy quddisa sirruhu shariat, tariqat, ma’rifat va haqiqat ahli edilar.
Xoja Abdulxoliq G‘ijduvoniy quddisa sirruhu silsila omonatini hazrati Yusuf Hamadoniy rahmatullohi alayhidan olganlar.
11 – XOJA ORIF RЕVGARIY QUDDISA SIRRUHU
Bu zot hijriy 560 sana, milodiy 1165 sanada Revgarda tavallud topganlar va hijriy 660 sana, milodiy 1212 sanada o‘sha yerda vafot etganlar.
Xoja Orif Revgariy quddisa sirruhu o‘rta bo‘yli, oy yuzli, katta ko‘zli, ingichka qoshlari hilol kabi kishi edilar. U kishining ranglari gul kabi bo‘lib, vujudlaridan xushbo‘y hid taralib turgan.
Xoja Orif Revgariy quddisa sirruhu yillar davomida xoja Abdulxoliq G‘ijduvoniy quddisa sirruhuning xizmatlarida bo‘lganlar va bosh xalifa (o‘rinbosar) darajasiga yetganlar.
Xoja Orif Revgariy quddisa sirruhu Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sunnatlariga diqqat bilan amal qiladigan zot edilar. U kishi xoja Abdulxoliq G‘ijduvoniy quddisa sirruhuning vafotlaridan so‘ng bu yo‘lning davomchisi bo‘ldilar.
12 – XOJA MAHMUD FAG‘NAVIY QUDDISA SIRRUHU
Bu zot Buxoroi sharifdan uch farsax uzoqda joylashgan Fag‘na qishlog‘ida tug‘ilganlar. Ammo tavallud sanalari ma’lum emas. U kishi hijriy 717 sana, milodiy 1317 sanada o‘zlari tug‘ilgan yurtda vafot etganlar.
Xoja Mahmud Fag‘naviy quddisa sirruhu tijorat bilan ro‘zg‘or tebratganlar. U kishi xoja Orif Revgariyning xizmatlari ila yetishdilar. Xoja Mahmud Fag‘naviy quddisa sirruhu o‘z ustozlari uchun xilvatda, tariqat va haqiqatda sirdosh edilar.
Xoja Mahmud Fag‘naviy quddisa sirruhu yolg‘iz kishilar uchun zikri xafiyni, jamoat uchun zikri jahriyni xush ko‘rar edilar.
Xoja Mahmud Fag‘naviy quddisa sirruhu silsila omonatini Xoja Orif Revgariy quddisa sirruhudan olganlar.
KЕYINGI MAVZULAR:
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Bu kashfiyotlarga sabab bo‘lgan shart-sharoitlar uchta asosiy banddan iborat:
1. Yevropa mamlakatlari Sharq bilan savdo-sotiq qilishda duch kelgan qiyinchiliklar.
2. Pul metali sifatida oltin tanqisligi.
Yevropaning iqtisodiy taraqqiyoti tobora ko‘proq pul talab qilar edi. Bu taraqqiyotning asosiy yo‘nalishi tovar xo‘jaligining, savdo-sotiqning o‘sishi edi. Buyuk geografik kashfiyotlarga sabab bo‘lgan yana bir muhim omil ham shunga bog‘liq: Yevropada shakllanib borayotgan kuchli absolyutist (mutlaq) monarxiyalarga dabdabali saroylar, yollangan armiyani ta’minlash uchun ulkan mablag‘lar kerak bo‘layotgan edi. Ana shu davlatlar yirik dengiz ekspeditsiyalarini tashkil etishi mumkin edi. Bundan tashqari, yakka shaxslarning bu qadar xarajatlarga imkoni yo‘q edi. Shuning uchun bu kashfiyotlarda feodal tarqoq mamlakatlar emas, aynan markazlashgan davlatlar (Ispaniya, Portugaliya, Angliya) asosiy o‘rin tutgani tasodif emas. Biroq, bunday ekspeditsiyalar uchun savdogarlar ham mablag‘ ajratar edi. Shuningdek, katolik cherkovi ham qo‘shimcha yerlar, katta daromadlar va yangi qavmlarga ega bo‘lish istagida bunday istilolarga «oq fotiha» berar edi.
Bunday davr uchun muqarrar bo‘lgan feodal mulklarning parchalanish jarayoni Yevropa mamlakatlarida har qanday yo‘l bilan uzoq qit’alarda boylik va yerlarni qo‘lga kiritishga intiluvchi ko‘plab avantyuristlarning paydo bo‘lishiga olib keldi. Bular qaramlik va qashshoqlikdan qutulishni orzu qilib yurgan zodagonlar va dehqonlar edi.
3. Fan-texnikaning, ayniqsa kemasozlik va dengiz navigatsiyasining rivojlanishi. XV asrda yangicha tuzilishga ega bo‘lgan kemalar – karavellalar paydo bo‘ldi. Uning to‘shi (kil, pushtak) bor bo‘lib, yelkanlar bilan shunday jihozlangan ediki, yonboshdan esgan shamolda ham yura olara edi. Shuningdek, o‘sha davrga kelib kompasdan tashqari astrolyabiyalar, ya’ni kenglikni aniqlovchi asboblar hamda anchagina ishonchli xaritalar – portolanlar ham paydo bo‘lgan.
Buyuk geografik kashfiyotlar oxir-oqibatda mustamlaka tizimining vujudga kelishiga olib keldi. Agar XVI asrda Yevropada kapitalizm rivojlana boshlagan bo‘lsa, agar Yerovpa iqtisodiy jihatdan boshqa qit’alarning xalqlaridan o‘zib ketgan bo‘lsa, bunga mustamlakalarning talon-taroj qilinishi va ayovsiz ekspluatatsiya qilinishi ham sabab bo‘lgan.
Mustamlakalar darhol kapitalistik usullar bilan ekspluatatsiya qilina boshlamagan, ular darhol xom ashyo manbaiga va yangi bozorlarga aylanmagan. Avval ular obdon talon-taroj qilingan, birlamchi kapital (sarmoya) to‘plash manbai bo‘lib xizmat qilgan. Ispaniya va Portugaliya mustamlakalarni feodal usullar bilan ekspluatatsiya qilgan birinchi mustamlakachi davlatlar bo‘lishgan.
Bu yerlarda zodagonlarga odatdagi qishloq xo‘jalik mahsulotlari emas, balki oltin, kumush yoki hech bo‘lmaganda Yevropada qimmat baholarga sotish mumkin bo‘lgan anvoyi mevalar kerak edi. Ular hindularni oltin va kumush konlarda ishlashga majburlashar, bo‘ysunmaganlarni butun-butun qishloqlari bilan yo‘q qilib yuborishar edi. Guvohlarning aytishicha, konlar atrofida chirib yotgan yuzlab murdalarning badbo‘y hidi anqib yotar edi. Shakarqamish va qahva plantatsiyalarida ham yerlik aholi ana shunday usullarda ekspluatatsiya qilinar edi.
Yerlik aholi bunday og‘ir mehnatga bardosh bera olmay, yoppasiga qirilib bitar edi. Ispanlar Espanola (Gaiti) orolida ilk bor paydo bo‘lgan paytda u yerda millionga yaqin aholi yashar edi, biroq XVI asrning o‘rtalariga kelib ular bitta qo‘ymay qirib tashlandi. Ispanlarning o‘zi ham XVI asrning birinchi yarmida amerikalik hindularni qirib tashladik, deb hisoblashar edi.
Biroq, ispanlar ishchi kuchini yo‘q qilib, o‘z mustamlakasining xo‘jalik asosiga putur yetkazishdi. Yetishmayotgan ishchi kuchini to‘ldirish maqsadida Amerikaga afrikalik qoratanlilarni olib kelishga to‘g‘ri keldi. Shunday qilib, mustamlakalar paydo bo‘lishi bilan quldorlik qayta tiklandi.
Ispanlar tomonidan Amerika yerlarining mustamlaka qilinishi konlarga, shakarqamish va tamaki plantatsiyalariga haydab kelingan son-sanoqsiz yerlik aholini majburlab ishlatish yo‘li bilan, bo‘ysunmaganlarni ommaviy qirg‘in qilish yo‘li bilan amalga oshirildi (Yamayka orolida XVI asrning birinchi yarmida 50 mingdan ortiq yerlik aholi halok bo‘lgan, Peru va Chilida esa XVI asrning ikkinchi yarmida hindularning soni besh baravar kamayib ketgan), oqibatda bir necha o‘n yildan so‘ng ishchi kuchi keskin kamayib ketdi. Mustamlakachilar Afrikadan qullar olib kela boshlashdi. Jismonan chidamliroq bo‘lgan qoratanlik afrikaliklar ispan mustamlakalaridagi asosiy ishchi kuchiga aylandi.
Qul savdosi serdaromad ish chiqib qoldi: Afrikada qabila boshliqlarini ichirib, suv tekin taqinchoqlar bilan aldab, qullarni juda arzonga sotib olish va Amerikada ularni 20-30 baravar qimmatga sotish mumkin edi. Ba’zan qullar umuman sotib olinmas, balki ularni kuch ishlatib, tutib olib, kemaga yuklashar va Amerikaga olib ketishar edi. Ispan mustamlakalariga har yili 6-8 ming qoratanli qullar olib kelinar edi. (Manba: allbest.ru).
(Bu ishlarning barchasi Yevropa uyg‘onishining gumanizm – insonparvarlik shiori ostida amalga oshirilganmi?)
Yevropada dinga bo‘lgan munosabatda ham keyinroq o‘zgarish yuz berdi. Bir guruh dinsiz bo‘lib ketdi. Bir guruh dinni cherkovga qamab olib, bu har kimsaning o‘z ishi deyish bilan kifoyalandi. Ammo Darvinning asl shogirdlari dinni Karl Marks boshchiligida xalq uchun afyun deb e’lon qildilar va uni batamom yo‘q qilib yuborishga bel bog‘ladilar. Karl Marksning xayolini Lenin va uning safdoshlari Rossiyada va unga qaram bo‘lgan diyorlarda hayotga tatbiq qildilar. Lenin tuzgan davlat dunyo tarixida kufrni o‘ziga shior qilib olgan birinchi davlat bo‘ldi. Ular dunyoning o‘zlariga qaram bo‘lgan barcha yurtlarida «ilmiy ateizm» asosida dinga va dindorlarga qarshi qatag‘on o‘tkazdilar. Son-sanoqsiz ibodatxonalar yer bilan yakson qilindi. Diniy xodimlar va ulamolar qatl qilindi, qamaldi va surgun qilindi. Diniy kitoblar va dinga bog‘liq madaniyat durdonalarni olovga yoqildi. Ilmiy ateizm ta’limotlari dunyodagi yagona to‘g‘ri e’tiqod sifatida barchaga majburiy ravishda talqin qilindi.
«Olam va odam, din va ilm» kitobi asosida tayyorlandi