Sayt test holatida ishlamoqda!
15 Yanvar, 2025   |   15 Rajab, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:23
Quyosh
07:47
Peshin
12:37
Asr
15:37
Shom
17:22
Xufton
18:40
Bismillah
15 Yanvar, 2025, 15 Rajab, 1446

E’tiqod durdonalari: ALLOH TAOLONING SIFATLARI BAYONI. ZOTIY VA FЕ’LIY SIFATLAR BAYONI

30.05.2020   8425   21 min.
E’tiqod  durdonalari: ALLOH TAOLONING SIFATLARI BAYONI.  ZOTIY VA FЕ’LIY SIFATLAR BAYONI

ALLOH TAOLONING SIFATLARI BAYONI.
ZOTIY VA FЕ’LIY SIFATLAR BAYONI

 

ALLOH TAOLONING SIFATLARI BAYONI

5 - صِفَاتُ اللَّهِ لَيْسَتْ عَيْنَ ذَاتٍ وَلاَ غَيْرًا سِوَاهُ ذَا انْفِصَالِ

Ma’nolar tarjimasi:

Allohning sifatlari zotining ayni emas hamda undan ajraladigan boshqa ham emas.

Nazmiy bayoni:

Alloh sifatlari ayni zotimas,

Undan ajraluvchi boshqa ham emas.

Lug‘atlar izohi:

 صِفَاتُ – bu kalima صِفَة ning ko‘plik shakli. Sifat deganda sifatlanmishda bor bo‘lgan va o‘sha bilan uni boshqalardan ajratib olish mumkin bo‘lgan belgi tushuniladi.

اللَّهِ – Alloh lafzi haqida ikki xil qarash bor:

  1. Alloh ismi alam murtajaldir[1]. Ya’ni boshqa biror kalimadan ism qilib ko‘chirilmagan.
  2. Alloh ismi alam manquldir. Ya’ni boshqa biror kalimadan ism qilib ko‘chirilgan. Alam manqul degan ulamolar quyidagicha tushuntirganlar: “الله ismining asli إله bo‘lgan, so‘ngra esa unga اَلْ kiritilgan va أَلْإِلَهُ ga aylangan. So‘ngra talaffuzda yengil bo‘lishi uchun ikkinchi hamza tushirilib, اَلْ - لَهُ bo‘lgan. Idg‘om shartiga binoan اَلْ ning birinchi ل si ikkinchi ل ga idg‘om qilinib الله bo‘lgan. Fatha va zammadan keyin tafxim o‘qilgan. Kasra tarqiqqa munosib bo‘lgani uchun undan keyin tarqiq o‘qilgan”[2].

Ko‘pchilik ulamolar nazdida birinchi qarash mo‘tabar hisoblanadi.

لَيْسَتْ – moziy, noqis, jomid fe’li. كَانَning sheriklaridan biri. Fe’llar sarflanishi va sarflanmasligi jihatidan ikkiga bo‘linadi:

  1. Jomid fe’llar;
  2. Mutasarrif fe’llar.

Jomid fe’llar deganda faqat bitta ko‘rinishda, moziy yoki amr ko‘rinishida bo‘ladigan tuslanmaydigan fe’llar tushuniladi. Masalan,

لَيْسَ – moziy ko‘rinishidagi ushbu fe’lning muzori’ va amri yo‘q.

هَبْ – amr ko‘rinishidagi ushbu fe’lning moziy va muzori’si yo‘q.

Mutasarrif fe’llar deganda esa tuslanadigan fe’llar tushuniladi. Tuslanadigan fe’llar ham ikki qismga bo‘linadi:

  1. To‘liq tuslanadigan. Masalan, قَامَ يَقُومُ قُمْ
  2. To‘liq tuslanmaydigan. Bunday fe’llarda faqat moziy va muzori’ bo‘ladi, amr bo‘lmaydi. Masalan, كَادَ يَكَادُ

عَيْنَ – noqis fe’lning xabari bo‘lgani uchun nasb bo‘lib turibdi. Lug‘atda “aynan o‘zi” ma’nosini anglatadi.

ذَاتٍ – bu kalima ذُو ning muannasi bo‘lib, undan mustaqil tasavvur qilinadigan narsa tushuniladi. Nahv olimlari jomid ismni ikki qismga ajratganlar:

  1. Ismi zot. Zotga taalluqli bo‘lgan ismlar ismi zot deyiladi. Masalan, inson;
  2. Ismi ma’no. Undan zot tushunilmaydigan ismlar ismi ma’no deyiladi. Masalan, shijoat.

ذَاتٌ va شَخْصٌ kalimalari o‘rtasidagi farq:

– Zot – jismga ham, jism bo‘lmaganga ham ishlatiladi;

– Shaxs – faqat jismi bor narsalarga nisbatan ishlatiladi.

Shunga ko‘ra Alloh taologa nisbatan "shaxs" kalimasi ishlatilmaydi.

وَ – mutlaq jamlash uchun keltirilgan atf harfi.

لا – nafiy harfi.

غَيْرًا – bu kalimaعَيْنَ ga atf qilingan

سِوَاهُ – bu kalima غَيْرًاni ta’kidlash uchun kelgan badaldir. Undagi zamir ذَاتٍ ga qaytadi. Aslida ذَاتٍ kalimasi muannas bo‘lsa-da, unga qaytayotgan zamir odob yuzasidan muzakkar shaklida keltirilgan.

ذَا – “sohib” ma’nosida kelgan “asmai sitta”[3]dan biri. غَيْرًا ga sifat bo‘lgani uchun nasb bo‘lib turibdi. Bu ism harakatlar bilan emas, harflar bilan e’roblanadi.

انْفِصَالِ – muzofun ilayh. Lug‘atda “ajralish” ma’nosini bildiradi.

 

Matn sharhi:

Ahli sunna val-jamoa e’tiqodi bo‘yicha Alloh taoloning sifatlari Uning ayni O‘zi ham, O‘zidan boshqa ham emas. Sifatlari Uning O‘zi emas degan gapning ma’nosi shuki sifat deganda zotdan boshqa narsa tushuniladi. Shu ma’noda Alloh taoloning sifatlari Uning ayni O‘zi emas, deyiladi.

Alloh taoloning sifatlari Uning o‘zidan boshqa ham emasligi esa, Uning biror sifati azalda bo‘lmasdan keyin paydo bo‘lgan emas va abadiy hech qachon Uning zotidan ajralmaydi ham. Shu ma’noda Alloh taoloning sifatlari zotidan boshqa emas, deyiladi.

Aslida, ushbu masalaga bunchalik urg‘u berilishining asosiy sababi Alloh taoloning sifatlari hodis[4] emasligini isbotlashdir. Chunki Alloh taoloning sifatlari Undan mutlaqo boshqa deyiladigan bo‘lsa, Alloh taolodan boshqa barcha narsalar hodis bo‘lgani uchun U zotning sifatlari ham hodis, degan ma’no chiqib qoladi. Shuning uchun Alloh taoloning sifatlari zotining ayni o‘zi bo‘lmagani bilan, zotidan boshqa ham emas, deyilgan. Ya’ni Alloh deganda mazkur sifatlar bilan birga tushuniladi.

So‘fi Ollohyor bobomiz ushbu masala haqida quyidagilarni yozgan:

Subutiydur oning sakkiz sifoti,

Sifoti zoti ermas na g‘oyri zoti

Ya’ni sakkizta sifat subutiy sifatlar deyiladi va ular Alloh taoloning zotining ayni o‘zi ham emas, zotidan bo‘lak ham emas, deb e’tiqod qilinadi. Sakkizta subutiy sifat qaysi sifatlar ekanini shunday bayon qilgan:

Hayotu, ilmu, qudrat ham basar, sam’,

Irodayu, kalom, takvindur, ey sham’.

Ya’ni hayot, ilm, qudrat, basor (ko‘rish), sam’(eshitish), iroda, kalom va takviyn (vujudga keltirish) sifatlari subutiy sifatlardir. Bayt oxirida kelgan “ey sham’” so‘zi “ey chirog‘im” ya’ni “ey bolaginam” ma’nosida ishlatilgan.

Mazkur sifatlar aqoid kitoblarida quyidagi nomlar bilan atalgan:

Ma’oniy sifatlar. Bu sifatlar Alloh taoloning zotidan boshqa ma’nolarga ham dalolat qilgani e’tiboridan “ma’oniy” (zotdan boshqa ma’noni ifodalovchi) sifatlar deb nomlangan;

Zotiy sifatlar. Bu sifatlar Alloh taoloning zotidan hech qachon ajralmagani e’tiboridan “zotiy” (zotdan ajralmaydigan) sifatlar deb nomlangan;

Subutiy sifatlar. Bu sifatlar Alloh taoloning zotida keyinchalik paydo bo‘lmagani e’tiboridan “subutiy” (borligi azaliy ekani isbotlangan) sifatlar deb nomlangan.

Faqatgina zotiy va fe’liy sifatlar to‘g‘risidagi bahslar e’tiboridan zotiy sifatlar deganda, asosan, quyidagi yettita sifat tushuniladi:

1.Qudrat, 2. Iroda, 3. Ilm, 4. Hayot, 5. Sam’ (eshitish), 6. Basor (ko‘rish), 7. Kalom (gapirish).

Fe’liy sifatlar deganda esa “tiriltirish”, “o‘ldirish” va “rizq berish” kabi ko‘plab sifatlar bo‘lib, ularning umumiy nomi “takvin”dir. Moturidiylarda “takvin” ham qadim hisoblangani uchun So‘fi Ollohyor bobomiz mazkur yettita sifatga takvinni ham qo‘shib, sakkizta sifatni subutiydur, degan. Ash’ariylar esa mazkur yettita sifatni zotiy, ya’ni qadim hisoblaganlar.

Ulamolar: "Zotiy sifatlarni yettita deyish ham, mutlaq adadni bayon qilish jihatidan emas, balki ushbu yettita sifatni bilish mo‘minga kifoya qilishi e’tiboridandir", – deganlar.

 

Alloh taoloning sifatlari haqidagi farqli qarashlar

Johil faylasuflar. Ba’zi johil faylasuflar Alloh taoloning barcha sifatlarini inkor qilganlar. Maxluqotlarga nisbatan ishlatish mumkin bo‘ladigan sifatlarni Alloh taologa nisbatan ishlatib bo‘lmaydi, deb hisoblaganlar. Bu firqa o‘zlarining qarashlariga quyidagicha aqliy dalil keltirishgan: “Yaratuvchi yaratilgan narsalarga o‘xshash bo‘lishini aql inkor qiladi. Yaratilgan narsalarning “olim”, “qodir”, “eshituvchi” va “ko‘ruvchi” kabi sifatlari bor. Shuning uchun bunday sifatlar bilan Yaratuvchining sifatlanishi joiz bo‘lmaydi. Agar bu sifatlar bilan sifatlanadigan bo‘lsa, yaratilganlarga o‘xshash bo‘lib qoladi. Shu ma’noda ba’zi faylasuflar Alloh taologa nisbatan “zot” va “shay” kabi ismlarni ham ishlatib bo‘lmaydi, deb hisoblashgan.

Mo‘taziliylar. Alloh taoloning sifatlari zotidan boshqa ma’noni ifodalashini inkor qilganlar. Shunga ko‘ra Alloh taoloni Olim deyiladi lekin ilmi bor deyilmaydi, Qodir deyiladi lekin qudrati bor deyilmaydi, deyishib “kalom” va “iroda”dan boshqa sifatlarini inkor qilganlar. Bu ikki sifatni esa zotdan boshqa ma’noni ifodalaydi, ikkalasi ham Alloh taoloning zotidan boshqa joyda paydo bo‘ladigan sifatlardir, deyishgan. Mo‘taziliylarning e’tiqodiga ko‘ra Yaratuvchi sheriksiz yagona zotdir. Agar Uni ilm sifati bilan “olim”dir, “qudrat” sifati bilan qodirdir deyilsa, bu sifatlar Uning zotidan boshqa bo‘lgani uchun azalda Yaratuvchidan boshqa narsalar ham bo‘lgan deyish bo‘lib qoladi. Bunday deyish esa tavhidni inkor qilishdan boshqa narsa emasdir.

Karromiya va mushabbiha firqalari. Alloh taoloda oldin yo‘q bo‘lgan sifatlar keyin paydo bo‘lishi mumkin va ular yo‘q bo‘lib ketishi ham mumkin deb hisoblashgan. Bu firqalar Alloh taoloning sifatlari maxluqotlarning sifatlariga o‘xshaydi, degan e’tiqodda bo‘lishgan. Bu e’tiqodlariga oyat va hadislarning zohiriy ma’nolarini dalil qilishgan. Aqlning ilm vositasi ekanini inkor qilishgan.

Ahli sunna val-jamoa: Naqliy va aqliy dalillar bilan Yaratuvchining bir ekani va maxluqotlardan birortasiga o‘xshamasligi sobit bo‘lgach, U zotning komil sifatlar bilan sifatlangani ham sobit bo‘lgan bo‘ladi. Agar Alloh taoloda mazkur sifatlar azalda bo‘lmaganida, ular keyinchalik paydo bo‘lgan degan ma’no bo‘lib qoladi. Oldin bo‘lmasdan keyinchalik paydo bo‘lish esa maxluqlarning sifatlaridir. Shunga ko‘ra Alloh taoloning barcha sifatlari ibtidosi yo‘q azaliy va intihosi yo‘q abadiy deb e’tiqod qilinadi.

 

Alloh taoloning ismlari va sifatlari
orasidagi farqlar

Alloh taoloning ismlari va sifatlari o‘rtasidagi farqlar haqida juda ko‘plab ma’lumotlar kelgan. Tahqiq qilinganda asosiy farq shu bo‘ladiki, Alloh taoloning ismlari Uning zotiga va Undagi komil sifatlarga dalolat qiladi. Masalan, “Al-Qodir”, “Al-Aliym”, “Al-Hakiym”, “As-Samiy’”, “Al-Basiyr” kabi. Sifatlar esa zot orqali tasavvur qilinadigan “ilm”, “hikmat”, “sam’”, “basor” kabi komil sifatlardir. Chunki bu ismlar Alloh taoloning zotiga ham, Undagi “ilm”, “hikmat”, “sam’”, “basor” kabi sifatlariga ham dalolat qiladi. Shu ma’noda aytish mumkinki, ism ikki narsaga, sifat esa faqat bir narsaga dalolat qiladi.

Alloh taoloning ismlari va sifatlari bir-birlaridan quyidagicha farqlanadi:

“1. Ismlardan sifatlar kelib chiqadi. Sifatlardan esa ismlar kelib chiqmaydi. Alloh taoloning “Ar-Rohiym”, “Al-Qodir” va “Al-Aziym” ismlaridan “rahmat”, “qudrat” va “azamat” sifatlari chiqadi, lekin “iroda” va “makr” sifatlaridan “Muriyd” va “Maakir” ismlari chiqmaydi.

  1. Alloh taoloning ismlari fe’llaridan chiqarilmaydi. Alloh taoloning yaxshi ko‘rishi, yomon ko‘rishi va g‘azablanishidan “Yaxshi ko‘ruvchi”, “Yomon ko‘ruvchi” va “G‘azab qiluvchi” ma’nosidagi “Muhib”, “Karih” va “G‘ozib” ismlari chiqmaydi. Sifatlari esa Uning fe’llaridan chiqariladi. Mazkur fe’llaridan “yaxshi ko‘rish”, “yomon ko‘rish” va “g‘azablanish” sifatlari chiqadi. Shuning uchun ham sifatlarning turi ismlarning turidan kengroqdir, deyilgan.
  2. Alloh taoloning ism va sifatlari panoh so‘ralish va qasam ichilishda teng qo‘llanadi, lekin Unga qullikni ifodalash va duo qilishda farqlanadi. Alloh taoloning ismlarini aytib Unga qullik ma’nosi ifoda qilinaveradi. Masalan, Abdulkarim (Al-Karimning quli), Abdurrohman (Ar-Rohmanning quli), Abdulaziz (Al-Azizning quli), kabi. Lekin Uning sifatlari aytilib qullik izhor qilinmaydi, masalan: Abdulkaram (Lutfu karamning quli), Abdurrohmat (Rahmatning quli), Abdulizzat (Izzatning quli), deyilmaydi. Shuningdek, Alloh taologa Uning ismlarini aytib duo qilinadi. “Ey Rahim, bizlarga rahim qilgin, ey Kariym, bizlarni ikrom qilgin, ey Latiyf, bizlarga lutf qilgin”, kabi. Lekin Uning sifatlarini aytib duo qilinmaydi. Masalan, “Ey Rahmatulloh, bizlarga rahm qilgin, ey Karamulloh, bizlarni ikrom qilgin, ey Lutfulloh, bizlarga lutf qilgin”, deyilmaydi. Chunki sifat mavsufning, ya’ni sifatlanmishning ayni o‘zi bo‘lmaydi. Shu ma’noda rahmat, karam va lutflar Alloh taoloning ayni O‘zi emas, balki Uning sifatlaridir. Bandalikni izhor qilish va duo qilish esa faqatgina Uning O‘ziga bo‘ladi, undan boshqaga joiz emas”[5].

 

 

ZOTIY VA FЕ’LIY SIFATLAR BAYONI

6 - صِفَاتُ الذَّاتِ وَالأَفْعَالِ طُرًّا    قَدِيمَاتٌ مَصُونَاتُ الزَّوَالِ

 

Ma’nolar tarjimasi:

Zotiy va fe’liy sifatlarning barchasi qadimdir va zavoldan saqlangandir.

Nazmiy bayoni:

Zotiy fe’liy sifatlar bari barkamol,

Ibtidosiz, intihosiz doim bezavol.

Lug‘atlar izohi:

صِفَاتُ – mubtado. Sifat deganda mustaqil tasavvvur qilinmaydigan, faqat biror zot orqali tasavvur qilinadigan narsalar tushuniladi.

الذَّاتِ – muzofun ilayh. Zotiy sifatlar ta’rifi yuqorida o‘tdi.

وَالأَفْعَالِ – Alloh taolo bir sifat bilan sifatlanib, uning ziddi bilan ham sifatlanishi joiz bo‘lsa, fe’liy sifat deyiladi.

طُرًّا – bu kalima lug‘atda “barchasi”, “hammasi” ma’nolarini anglatadi. Hollikka ko‘ra nasb bo‘lib turibdi.

قَدِيمَاتٌ – qadimning ma’nosi ikkinchi baytning izohida bayon qilindi. Birinchi xabar.

مَصُونَاتُ – “himoya qilingan”, “saqlangan” ma’nolarini anglatadi. Ikkinchi xabar.

الزَّوَالِ – zavol kalimasi ikki xil ma’noda ishlatiladi:

  1. Bir narsaning komil holatidan nuqsonga uchrashi;
  2. Bir narsaning yo‘q bo‘lib ketishi.

 

Matn sharhi:

Alloh taoloning zotiy va fe’liy sifatlarining barchasi ibtidosiz azaliy va intihosiz abadiy sifatlar bo‘lib, ular hech qachon zavolga yuz tutmaydi. Ya’ni Alloh taoloning sifatlari U zot tomonidan yaratilgan ham emas, maxluqotlarni yaratish vaqtida vujudga kelgan ham emasdir.

Qur’on va sunnatda bayon qilingan Alloh taoloning sifatlari ikkiga bo‘linadi:

  1. Zotiy sifatlar;
  2. Fe’liy sifatlar.

Hayot, ilm, kalom, qudrat, eshitish, ko‘rish va iroda kabi sifatlar zotiy sifatlar bo‘ladi. Ushbu sifatlar Alloh taoloning zotiga taalluqli bo‘lganidan zotiy sifatlar deb atalgan.

Alloh taoloning xohishiga taalluqli bo‘lgan yaratish, rizq berish, istivo qilish, yaxshi ko‘rish, yomon ko‘rish, g‘azablanish va xursand bo‘lish kabi sifatlar fe’liy sifatlar hisoblanadi.

Alloh taolo azalda “iroda” (xohlash) va “kalom” (gapirish) sifatlari bilan sifatlanganmi? Mana shu savolga mo‘taziliylar: “Azalda sifatlanmagan”, – deyishgan. Ash’ariylar: “Azalda sifatlangan”, – deganlar. Ana shu javobdan zotiy va fe’liy sifatlarning ta’rifidagi ixtilof kelib chiqqan.

Mo‘taziliylar: “Qaysi bir sifatda inkor qilish ham, isbot qilish ham joriy bo‘lgan bo‘lsa u fe’liy sifatdir, masalan, “falonchiga farzand berdi”, “falonchiga farzand bermadi”. “Ilm” va “qudrat” singari qaysi bir sifatda inkor qilish joriy bo‘lmagan bo‘lsa u zotiy sifatdir. Masalan, “Alloh falon narsani bilmadi” yoki falon narsaga qodir emas” deyilmaydi-ku. Shunga ko‘ra “iroda” va “kalom”da inkor qilish ham, isbot qilish ham joriy bo‘lgani uchun ikkalasi fe’liy sifatlardandir, fe’liy sifatlar esa hodisdir”, – deyishgan.

Ash’ariylar: “Fe’liy sifatlar deganda uni inkor qilish tufayli ziddi lozim bo‘lib qolmaydigan sifatlar tushuniladi. Masalan, “Alloh falonchiga farzand bermagan” degan gapdan Alloh taoloda farzand bermaslik sifati lozim bo‘lib qolmaydi. Shunga ko‘ra agar “iroda” sifati inkor qilinadigan bo‘lsa uning ziddi bo‘lgan “majburiylik” lozim bo‘lib qoladi. Agar “kalom” inkor qilinsa, uning ziddi bo‘lgan “gapirishdan ojizlik” lozim bo‘lib qoladi. Shuning uchun “iroda” ham, “kalom” ham zotiy sifatlardandir, zotiy sifatlarning barchasi esa qadimdir”, – deganlar.

Moturidiylarda esa zotiy sifatlar ham, fe’liy sifatlar ham barchasi qadim hisoblangani sababli qadimligini isbotlash uchun ularning o‘rtalarini ajratishga ehtiyoj ham yo‘qdir. Faqatgina zotiy sifatlar deganda Alloh taolo bir sifat bilan sifatlanib, uning ziddi bilan sifatlanishi joiz bo‘lmagan “qudrat”, “kalom” va “iroda” singari sifatlar tushuniladi. Fe’liy sifatlar deganda esa Alloh taolo bir sifat bilan sifatlanib, uning ziddi bilan ham sifatlanishi joiz bo‘lgan “rahmat” va “g‘azab” singari sifatlar tushuniladi.

Zotiy sifatlarning qadim ekanida ixtilof yo‘q. Ammo fe’liy sifatlarning qadim yoki hodisligi to‘g‘risida Ahli sunna val-jamoaning ichida ham ikki xil qarash bor. Imom Moturidiy fe’liy sifatlarni qadim hisoblagan. Imom Ash’ariy esa fe’liy sifatlarni hodis deb tushuntirgan[6]. Ushbu xilma-xillik sababi haqida “Sharhu Fiqhil akbar”, “Bidayatu fi usulid-din” va bulardan boshqa ko‘plab kitoblarda keng bahs yuritilgan. Jumladan, Hasan ibn Abdul Muhsin Abu Azbaning “Ravzatul bahiya fiyma baynal Ashairoti val Moturidiya” (Ash’ariylar va Moturidiylar o‘rtasidagi go‘zal chamanzor” asarida shunday yozilgan:

“Hanafiylar fe’liy sifatlarning barchasi zotiy sifatlar kabi Alloh taoloning O‘zi ham bo‘lmagan, Undan boshqa ham bo‘lmagan qadim sifatlardir, deganlar. Ash’ariylar esa fe’liy sifatlar qadim bo‘lmagan sifatlardir, deganlar. Ash’ariylarning so‘zlaridan “yaratishidan oldin yaratuvchi deyilmaydi, rizq berishidan oldin rizq beruvchi deyilmaydi”, degan ma’no chiqadi. Hanafiylarning so‘zlaridan esa, “to‘qishni bilgan va to‘qishga qodir bo‘lgan zot hali to‘qimagan bo‘lsa ham, to‘quvchi deyilgani kabi yaratishga qodir zotni yaratuvchi, rizq berishga qodir zotni rizq beruvchi deyilaveradi”, degan ma’no chiqadi”[7].

Bu masalani keng tahqiq qilib o‘rgangan ulamolar o‘rtalaridagi farq faqatgina lafzda bo‘lib, aslida, ikkala tarafda ham bir xil qadimdir, deganlar. Ya’ni fe’liy sifat vujudga keltirilgan narsalar tarafidan qaralganda ikkala tarafda ham qadim emas, vujudga keltiruvchiga nisbatan esa ikkala tarafda ham qadimdir.

Xulosa qilib aytganda, ushbu bayt Alloh taoloning zotiy sifatlari ham, fe’liy sifatlari ham – barcha-barchasi azaliydir va abadiydir ma’nosini anglatadi.

 

KЕYINGI MAVZULAR:

ALLOH TAOLONI “SHAY” DЕYISH MUMKINLIGI BAYONI:

Alloh taolo makon va tarafdan xolidir;

Ahli sunna jumhurining dalillari.

 

[1] Alam ism (atoqli ot) ikki qismga bo‘linadi: 1. Alam murtajal; 2. Alam manqul.

Avvaldanoq iste’mol qilishda bir narsaga maxsus ism qilib tayin qilingan alamlarga alami murtajal deyiladi. Masalan, فَقْعَسٌ (qabila nomi) va عِمْرَان (o‘g‘il bolaning ismi) kabilar. 

Avvalda alamlikdan boshqa ma’nosi bo‘lib, keyin bir narsaga ism qilib ko‘chirilgan alamlarga alami manqul deyiladi. Masalan, مُقِيمٌ (avvalda "doimiy yashovchi" keyinchalik o‘g‘il bolaning ismi)va طَاهِرٌ (avvalda "toza, pokiza" keyinchalik o‘g‘il bolaning ismi) kabilar. Qarang: Ahmad Hodiy Maqsudiy. Istikmal. – Qozon: “Lito-Tipografiya I. N. Xaritonova”, 1909.  – B. 2.  

[2] Atiyatu Qobil Nasr. G‘oyatul murid fi ilmit tajvid. – Riyoz: “Maktabatul Haramayni”,  ikkinchi nashr 1410 h. – B. 86.

[3] “Asmai sitta” deb ataladigan bu ismlarni ba’zi nahv olimlari ular, aslida, quyidagi beshta ismlardir, deyishgan:أبأخحَمفوذو  Bu ismlarning boshqa ismlardan farqi, ular  و bilan raf,  اbilan nasb va ي bilan jor bo‘ladi. Bunday e’roblanish uchun ularda ikkita shart topilishi kerak:

  1. Bu ismlar mutakallim ي dan boshqasiga izofa qilingan bo‘lish kerak. (Izofa qilinmagan bo‘lsa harakat bilan e’roblanadi).
  2. Mufrad bo‘lish kerak. (Tasniya va jam bo‘ladigan bo‘lsa, ularning e’robi bilan e’roblanadi).

[4] Hodis lug‘atda “oldin yo‘q bo‘lib, keyin bor bo‘lgan narsa” ma’nosini anglatadi. Aqoid kitoblarida bu kalima ko‘p ishlatilgani sababli uni tarjima qilmasdan  termin ma’nosida ishlatish ma’qul ko‘rildi.

[5] Alaviy ibn Abdulqodir Saqqof. Sifatullohi azza va jalla al-varidatu fil kitabi va sunna. “Maktabatush shomila”. 1-juz,  – B. 10.

[6] Moturidiya va Ash’ariya ta’limotlari orasidagi ixtilofli masalalar nechta ekani haqida turli qarashlar aytilgan:

  1. Hodimiy 73 ta;
  2. Bayoziy 50 ta;
  3. Shayxzoda 40 ta;
  4. Abu Azba 13 ta: 7 lafziy, 6 ma’naviy farq bor, – deganlar.

[7] Hasan ibn Abdul Muhsin. Ravzatul bahiya fiyma baynal Asha’iroti val Moturidiya. – Bayrut: “Doru sabiylir roshad”, 1996. – B. 101.

Kutubxona
Boshqa maqolalar

Jannat va do‘zaxning yaratib qo‘yilgani bayoni

10.01.2025   6657   10 min.
Jannat va do‘zaxning yaratib qo‘yilgani bayoni

 - 60وَلِلْجَنَّاتِ وَالنِّيرَانِ كَوْنٌ عَلَيْهَا مَرَّ أَحْوَالٌ خَوَالِي

.Ma’nolar tarjimasi: Jannatlar va do‘zaxlar (hozirda) bordir, ularga (yaratib qo‘yilganlariga) o‘tmish yillar o‘tib ketgandir


Nazmiy bayoni:

Jannatlar, do‘zaxlar mavjud erurlar,
Ular uzra o‘tgan ko‘p o‘tmish yillar.


Lug‘atlar izohi:

لِ – “shibhi mulk” (mulk ko‘rinishidagi) ma’nosini ifodalovchi jor harfi bo‘lib, ismi ma’no bo‘lgan كَوْنٌ va ismi zot bo‘lgan جَنَّاتِ larning orasida kelgan.

الْجَنَّاتِ – jor va majrur xabari muqaddam.

النِّيرَانِ – lug‘atda “alangalar” ma’nosini anglatadi.

كَوْنٌ – xabaridan keyin keltirilgan mubtado. كَانَ fe’lining masdari bo‘lib, lug‘atda “voqelikda bor bo‘lish” ma’nosiga to‘g‘ri keladi.

عَلَيْهَا – “isti’lo” (ustun bo‘lish) ma’nosidagi jor harfi.

مَرَّ – ko‘plab sharhlarda مَرَّ ni masdar qilib ma’no berilgan. Ammo tahqiqlarga ko‘ra uning fe’l ekani mo‘tabar hisoblanadi.

اَحْوَالٌ – foil. Lug‘atda “to‘liq bir yil” ma’nosini anglatuvchi حَوْل ning ko‘plik shaklidir.

خَوَالِي – bu kalima خَالِيةٌ ning ko‘plik shakli bo‘lib “o‘tmishlar” ma’nosini anglatadi. اَحْوَالٌ ning sifati.


Matn sharhi:

Ahli sunna val-jamoa e’tiqodiga ko‘ra jannatlar va do‘zaxlar hozirda yaratib qo‘yilgan, ular hech qachon yo‘q bo‘lib ketmaydi.

Qadariylar va mo‘taziliylar jannat va do‘zaxning hozirda yaratib qo‘yilganini inkor qilishgan. Ular: “Agar jannat va do‘zax mavjud bo‘lsa, oyati karimalarda xabar berilganidek, yo‘q bo‘lib ketishlari lozim bo‘lib qoladi, shuning uchun ular qiyomat kunida yaratiladi”, – degan e’tiqodda bo‘lishgan. O‘zlarining bu qarashlariga quyidagicha dalillar keltirishgan:

“Uning “yuzi”dan boshqa barcha narsa halok bo‘luvchidir”[1].

Ya’ni Alloh taolodan boshqa har bir narsa halok bo‘lguvchidir. Boshqa bir oyatda ham barcha jonzotning foniy bo‘lib, faqat Alloh taoloning O‘zi boqiy qolishi xabar berilgan:

(Yer) yuzidagi barcha mavjudot foniydir. Ulug‘lik va Ikrom egasi bo‘lmish Robbingning O‘zi boqiydir”[2].

Ushbu oyatlardagi كُلٌ kalimasi عَامٌّ va جَمِيِعٌ kabi umumiylikni ifodalovchi kalimalarning eng kuchlisi bo‘lib, u chegaralanmagan ko‘plikka dalolat qiladi. Modomiki, bu kalimani mazkur ma’nosidan boshqa ma’noga o‘zgartiruvchi dalil bo‘lmasa, u asl holida turadi. Shunga ko‘ra jannatu do‘zaxlar hozirda yaratib qo‘yilgan bo‘lganida ular ham, ichidagilar ham qiyomat kunidan oldin boshqa maxluqotlar qatori yo‘q bo‘lib ketishi lozim bo‘lib qolardi. Ularning esa halok bo‘lmasliklari xabar berilgan. Shuning uchun ham ular qiyomat kunida abadiy yo‘qolmaydigan qilib yaratiladi, – deyishgan.

Jannat va do‘zaxning yaratib qo‘yilganiga dalillar

Mazkur toifalarning keltirgan dalillariga batafsil javoblar berilgan:

Avvalo, jannat va do‘zaxning hozirda yaratib qo‘yilganiga juda ko‘plab dalillar bor:

1. Qur’onda jannat va do‘zax haqida kelgan oyatlarda o‘tgan zamonni ifodalovchi so‘zlar bilan xabar berilgan:

“Robbingizning mag‘firatiga va Allohga hamda Uning payg‘ambarlariga iymon keltirganlar uchun tayyorlab qo‘yilgan, kengligi osmon va yerning kengligicha bo‘lgan jannatga musobaqalashing”[3].

Ushbu oyatda jannatning tayyor qilib qo‘yilgani xabar berilgan. Quyidagi oyatda esa do‘zaxning tayorlab qo‘yilgani xabar berilgan:

“Kofirlar uchun tayyorlab qo‘yilgan do‘zaxdan saqlaningiz!”[4].

Mazkur oyati karimalarda jannat va do‘zax haqida “tayyorlab qo‘yilgan” deya o‘tgan zamonni ifodalovchi so‘z bilan keltirilishi ularning hozirda mavjud ekaniga dalolat qiladi.

2. Qur’onda Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning Jabroil alayhissalomni ikkinchi marta asl holatda “Sidratul muntaho”ning oldida ko‘rganlari va uning oldida Ma’vo jannati borligi xabar berilgan. Bu esa jannatning yaratib qo‘yilganiga yorqin dalildir:

“Qasamki, (Muhammad Jabroilni ilk bor Yerda ko‘rgach, yana) ikkinchi bor ko‘rdi. “Sidratul-muntaho” (daraxti) oldida. “Ma’vo jannati” ham o‘sha (daraxt)ning oldidadir”[5].

3. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam “Sidratul muntaho”ga borganlaridan so‘ng jannatga kirganlarini aytib, uning qanday ekanini tasvirlab berganlar:

ثُمَّ دَخَلْتُ الْجَنَّةَ فَإِذَا فِيهَا جَنَابِذُ اللُّؤْلُؤِ وَإِذَا تُرَابُهَا الْمِسْكُ.

“... So‘ngra jannatga kirdim, u yerda marvarid gumbazlar bor ekan, uning tuprog‘i mushk ekan” (Imom Buxoriy rivoyat qilgan).

4. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam quyosh tutilgan vaqtda namoz o‘qiganlari haqidagi rivoyatda u zotning jannatni ham, do‘zaxni ham ko‘rganlari, hatto jannatdan bir shingil meva olaymi, deb o‘ylaganlari ham ochiq- oydin kelgan:

عَنْ عُرْوَةَ قَالَ قَالَتْ عَائِشَةُ خَسَفَتْ الشَّمْسُ فَقَامَ النَّبِيُّ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ فَقَرَأَ سُورَةً طَوِيلَةً ثُمَّ رَكَعَ فَأَطَالَ ثُمَّ رَفَعَ رَأْسَهُ ثُمَّ اسْتَفْتَحَ بِسُورَةٍ أُخْرَى ثُمَّ رَكَعَ حَتَّى قَضَاهَا وَسَجَدَ ثُمَّ فَعَلَ ذَلِكَ فِي الثَّانِيَةِ ثُمَّ قَالَ إِنَّهُمَا آيَتَانِ مِنْ آيَاتِ اللَّهِ فَإِذَا رَأَيْتُمْ ذَلِكَ فَصَلُّوا حَتَّى يُفْرَجَ عَنْكُمْ لَقَدْ رَأَيْتُ فِي مَقَامِي هَذَا كُلَّ شَيْءٍ وُعِدْتُهُ حَتَّى لَقَدْ رَأَيْتُ أُرِيدُ أَنْ آخُذَ قِطْفًا مِنْ الْجَنَّةِ حِينَ رَأَيْتُمُونِي جَعَلْتُ أَتَقَدَّمُ وَلَقَدْ رَأَيْتُ جَهَنَّمَ يَحْطِمُ بَعْضُهَا بَعْضًا حِينَ رَأَيْتُمُونِي تَأَخَّرْتُ وَرَأَيْتُ فِيهَا عَمْرَو بْنَ لُحَيٍّ وَهُوَ الَّذِي سَيَّبَ السَّوَائِبَ. رَوَاهُ البُخَارِيُّ

Urva roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Oisha roziyallohu anho dedilar: “Quyosh tutilgan edi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam turdilar-da uzun sura o‘qidilar, so‘ngra ruku’ qilib, uzoq vaqt ruku’da qoldilar, boshlarini ko‘targanlaridan keyin boshqa bir surani o‘qiy boshladilar, so‘ngra ruku’ qildilar, ushbu rakatni ado etib sajda qildilar, keyin ikkinchi rakatda ham shunday qildilar. So‘ngra: “Ikkalasi Allohning belgilaridan ikki belgidir, agar o‘shani ko‘rsalaringiz, to sizlardan ochilib ketgunicha namoz o‘qinglar. Men ushbu turgan joyimda menga va’da qilingan barcha narsalarni ko‘rdim. Hatto mening oldinga yurganimni ko‘rgan paytlaringizda, jannatdan bir shingil meva olaymi ham degan edim. Mening orqaga chekinganimni ko‘rgan paytlaringizda, ba’zisi ba’zisini buzib vayron qilayotgan do‘zaxni ko‘rdim. Uning ichida Amr ibn Luhayni ko‘rdim. U ibodat ma’nosida tuyani qarovsiz tashlab qo‘yishni birinchi bo‘lib boshlagan edi”, – dedilar”. Buxoriy rivoyat qilgan.

Adashgan toifalarning كُلٌ kalimasini ma’nosidan buruvchi dalil bo‘lmasa, u asl holida turaveradi, degan so‘zlariga esa quyidagicha javob berilgan:

 Yuqoridagi dalillardan jannat va do‘zaxning hozirda mavjud ekanligi sobit bo‘ldi. Mavjudligi aniq bo‘lgan jannatning tugashi yo‘q ekani ham xabar berilgan:

“Albatta, bu Bizning (jannat ahliga beradigan) rizqimizdirki, unda tugash bo‘lmas”[6].

Jannatdagi ne’matlarning doimiyligi ham bayon qilib qo‘yilgan:

“Taqvolilar uchun va’da qilingan jannatning misoli, uning ostida anhorlar (doimo) joriy, mevalari va soyalari boqiydir”[7].

Hadisi sharifda jannat ne’matlarining doimiyligi haqida shunday xabar berilgan:

عَنْ أَبِي سَعِيدٍ وَأَبِي هُرَيْرَةَ رَضِيَ اللهُ عَنْهُمَا أَنَّ رَسُولَ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ إذَا دَخَلَ أهْلُ الجَنَّةِ الجَنَّةَ يُنَادِي مُنَادٍ إِنَّ لَكُمْ أنْ تَحْيَوْا فَلا تَمُوتُوا أَبَداً إنَّ لَكُمْ أنْ تَصِحُّوا فلا تَسْقَمُوا أبداً وإنَّ لَكمْ أنْ تَشِبُّوا فلا تَهْرَمُوا أبداً وإنَّ لَكُمْ أَنْ تَنْعَمُوا فَلا تَبْأسُوا أَبَداً. رَوَاهُ مُسْلِمٌ

Abu Said va Abu Hurayra roziyallohu anhumolardan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Qachon jannat ahli jannatga kirsalar, bir nido qilguvchi: “Albatta, yashashlaringiz sizlar uchun, hech qachon o‘lmaysizlar. Albatta, sog‘lom bo‘lishlaringiz sizlar uchun, hech qachon kasal bo‘lmaysizlar. Albatta, yosh bo‘lishlaringiz sizlar uchun, hech qachon qarimaysizlar. Albatta, huzur-halovatda yashashlaringiz sizlar uchun, hech qachon baxtsiz bo‘lmaysizlar”, – deya nido qiladi”, – dedilar”. Imom Muslim rivoyat qilgan.

Jannatdagi ne’matlar abadiy bo‘lganidek, do‘zaxdagi azoblar ham abadiyligi haqida shunday xabar berilgan:

“Albatta, ahli kitob va mushriklardan iborat kofirlar jahannam o‘tida bo‘lib, o‘sha joyda mangu qolurlar” .

Xulosa qilib aytganda, jannat ham, do‘zax ham hozirda mavjud, hech qachon yo‘q bo‘lib ketmaydi. Ular Alloh taoloning yo‘qdan bor qilishi bilan vujudga kelgani kabi, U zotning yo‘q qilib yubormasligi bilan doimiy bor bo‘lib turadi.


Keyingi mavzu:
Mo‘min bandaning do‘zaxda abadiy qolmasligi bayoni

 


[1] Qasos surasi, 88-oyat.
[2] Ar-Rohman surasi, 26, 27-oyatlar.
[3] Hadid surasi, 21-oyat.
[4] Oli Imron surasi, 131-oyat.
[5] Najm surasi, 13–15-oyatlar.
[6] Sod surasi, 54-oyat.
[7] Ra’d surasi, 35-oyat.