Sayt test holatida ishlamoqda!
20 Yanvar, 2025   |   20 Rajab, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:21
Quyosh
07:44
Peshin
12:39
Asr
15:43
Shom
17:28
Xufton
18:45
Bismillah
20 Yanvar, 2025, 20 Rajab, 1446

Ramazondan so‘ng nima qilaman? (birinchi maqola)

27.05.2020   2713   6 min.
Ramazondan so‘ng nima qilaman? (birinchi maqola)

Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.

Ramazon oyida o‘zining vaqtini va molini Allohning toatiga sarflagan aqlli musulmon o‘ziga eng muhim savolni berishi kerak, bu ham bo‘lsa «Ramazon oyidan so‘ng nima qilaman?» degan savoldir.

Ey birodar bilingki, Alloh taolo yaxshilik eshiklarini yil davomida oson va yengil holda ochib qo‘yadi. Baxtli inson bu yaxshiliklardan o‘z nasibasini olishga shoshilgan insondir. Shuning uchun Allohdan muvaffaqiyat so‘ragan holda quyida o‘zimga va birodarlarimga Ramazondan keyingi ba’zi yaxshilik eshiklarini eslatib o‘tishni xush ko‘rdim:

Kechalari qoim bo‘lishni davom ettirish

Namoz bu banda va uning Robbisi o‘rtasidagi rishtadir. Agar musulmon taroveh namozi va Ramazonning oxirgi o‘n kunligidagi ibodatlarga odatlangan bo‘lsa Ramazondan keyin ham kechalari namoz o‘qish unga oson bo‘ladi. Kechasi banda o‘z Robbisi bilan yolg‘iz qoladi. Bundan foydalanib unga istig‘for aytadi va Allohdan dunyo va oxirat hojatlarini so‘raydi. Ey birodar, agar kechasi tura olmasangiz uyqudan avval bir necha rakat namoz o‘qing va bilingki kechasi ibodat qilish solihlar va Allohga muxlis bo‘lgan zotlar odatidur. Bu haqda Alloh taolo Qur’oni karimda shunday marhamat qiladi: “Ularning yonboshlari o‘rin-joylaridan yiroq bo‘lur (ya’ni, tunlarni ibodat bilan o‘tkazishib, oz uxlaydilar). Ular Parvardigorlariga qo‘rquv va umidvorlik bilan duo-iltijo qilurlar va Biz ularga rizq qilib bergan narsalardan infoq-ehson qilurlar”. (Sajda surasi, 16-oyat).

Va yana bir oyatda: “Albatta taqvodor zotlar (u Kunda) Parvardigor o‘zlariga ato etgan narsalarni (ajr-mukofotlarni) qabul qilgan hollarida jannatlar va chashmalar ustida (bo‘lurlar). Zero, ular bundan ilgari (ya’ni, hayoti dunyodalik chog‘larida) chiroyli amallar qilguvchi edilar. Ular kechadan ozgina (fursatgina) ko‘z yumar edilar. Va saharlarda ular (qilgan sahvu-xatolari uchun Parvardigordan) mag‘firat so‘rar edilar. (Vaz-Zoriyot surasi 15-19 oyatlar).

Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi:

Albatta Rasululloh sollallohu alayhi vasallam oyoqlari qavarguncha kechasi qoim bo‘lardilar. Shunda Oisha roziyallohu anho: Ey Rasululloh nega unday qilasiz axir Alloh sizning oldingiyu keyingi gunohlaringizni mag‘firat qilganku – dedi. u zot, shukr qiluvchi banda bo‘lmishni yaxshi ko‘rmaymanmi» derdilar. Yoshlari ulg‘ayganda o‘tirib o‘qirdilar, ruku’ qilishni holasalar o‘rnilaridan turib ruku’ qilardilar.

Buxoriy va Muslim rivoyat qilgan.

Yana bir hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shunday dedilar: “Salomni tarating, taomni tarqating, insonlar uxlab yotganda kechasi namoz o‘qing, salomatlik-la jannatga kirursiz”.

Termiziy rivoyat qilgan.

Yaxshi-yomon kunlarda ko‘p duo qilish.

Ramazon oyida iftor vaqtida duo qilishga o‘rgangan musulmon Ramazondan keyin ham yil davomida duoni kanda qilmasligi kerak. Shuningdek har-bir musulmon banda Alloh taologa xolisona yaxshi-yomon kunlarda qilingan duolarni qaytarmasligini bilishi kerak. Bu narsani Alloh taolo quyidagi suralarda bayon qildi: “(Ey Muhammad alayhissalom), bandalarim sendan men haqimda so‘rasalar, men (ularga) yaqinman. Menga duo qilgan paytlarida duogo‘ylarning duosini ijobat qilaman. Bas, ular ham mening da’vatimga javob qilsinlar va menga iymon keltirsinlar. (Shunda) shoyad to‘g‘ri yo‘lni topsalar”. (Baqara surasi 186 – oyat). “Yoki muztar-nochor odam duo-iltijo qilgan vaqtida (duosini) ijobat qiladigan va (uning) mushkulini oson qiladigan hamda sizlarni yerning xalifa-egalari qiladigan Zotmi?! Alloh bilan birga yana biron iloh bormi?! Kamdan-kam eslatma-ibrat olursizlar!” (Naml surasi 62 – oyat). “(Ey insonlar), Parvardigorlaringiz: "Menga duo-iltijo qilinglar! Men sizlarga (qilgan duolaringizni) mustajob qilurman. Albatta Menga ibodat qilishdan kibr-xavo qilgan kimsalar yaqinda bo‘yinlarini eggan hollarida jahannamga kirurlar", dedi.” (G‘ofir surasi 62 – oyat).

Nu’mon ibn Bashiyr roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam “Duo bu ibodatdur”- dedilar. sahih Abu Dovud.

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam “Banda Allohga sajda holatida eng yaqin bo‘ladi, (shu holatda) duoni ko‘paytiringlar”- dedilar.

Muslim rivoyat qilgan.

Qur’on tilovati va uni yod olish.

Ramazonda Qur’onni tilovat qilib uning ba’zi qismlarini yod olishni odat qilgan birodarim, bu ishingizga yilning boshqa davrida ham amal qiling. O‘zingizga Qur’onni ma’lum qismini tilovat qilib uning ba’zi qismini imkoningiz qadar yod olishni belgilab oling. Alloh taolo bu amalning fazilati haqida Qur’oni karimda shunday deydi:

“Albatta Allohning Kitobini (Qur’onni) tilovat qiladigan, namozni to‘kis ado etadigan va Biz ularga rizq qilib bergan narsalardan maxfiy va oshkora infoq-ehson qiladigan zotlar hargiz kasod bo‘lmaydigan oldi-sotdidan (ya’ni, ulardan yaxshi amal va infoq-ehson, Allohdan ijru-mukofot bo‘lishidan) umidvordirlar, zero, (Alloh) ularning ajrlarini komil qilib berur va O‘z fazlu-karamidan ularga yana ziyoda (mukofotlar) ham berur. Albatta U Mag‘firatli va o‘ta Shukr qilguvchidir (ya’ni, ozgina yaxshi amal uchun ko‘p mukofot ato qilguvchidir)”. (Fotir surasi, 29-30 oyatlar).

Abu Umoma Al-Bohiliydan rivoyat qilinadi:

Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni - “Qur’onni o‘qinglar, chunki u qiyomat kuni egasiga shafoatchi bo‘lib keladi” deganlarini eshitdim. Muslim rivoyat qilgan.

Abdulloh ibn Mas’ud roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam “Kimda kim Alloh taolo kitobidan bir harf o‘qisa bitta yaxshilik yoziladi va bu yaxshilik o‘n misliga ko‘paytiriladi, Alif Lom Miym xarf demayman, lekin Alif xarf, Lom xarf, Miym xarf” dedilar.

Termiziy rivoyat qilgan.

(Davomi bor)

Manba: islamtoday.net

Muhammadali tarjimasi

Manba: https://islom.uz

Maqolalar
Boshqa maqolalar

Destruktiv axborot tarqatishning xatarlari

13.01.2025   3919   3 min.
Destruktiv axborot tarqatishning xatarlari

Bugungi globallashuv davrida axborot tarqatish tezligi beqiyos darajada oshdi. Internet, ijtimoiy tarmoqlar va ommaviy axborot vositalari orqali tarqatiladigan ma’lumotlar jamiyatning turli qatlamlariga kuchli ta’sir ko‘rsatmoqda. Afsuski, bu imkoniyatlar ba’zan milliy nizo va diniy bo‘linishga sabab bo‘ladigan axborot tarqatish uchun ham ishlatiladi. Bunday xatti-harakatlar jamiyat birdamligi va barqarorligiga jiddiy tahdid soladi.


Destruktiv, ya’ni buzg‘unchi, nizoli axborot tarqatishning asosiy xatarlari quyidagilar:

1. Jamiyatda adovat va nafrat uyg‘otish. Millatlar va diniy konfessiyalar o‘rtasida adovatli axborot tarqatish jamiyatda nafrat uyg‘otadi. Bunday ma’lumotlar odamlar o‘rtasida ishonchsizlikni kuchaytiradi, o‘z navbatida, ijtimoiy birdamlikka putur yetkazadi;

2. Jamoat xavfsizligini buzish. Milliy va diniy bo‘linishga sabab bo‘ladigan axborot jamoat tartibining buzilishiga olib keladi. Natijada tartibsizliklar yoki hatto mojarolar kelib chiqishi mumkin;

3. Beqarorlikni kuchaytirish. Destruktiv axborotlar boshqaruv va hokimiyat tizimlarini zaiflashtirishi mumkin. Milliy va diniy bo‘linish davlat barqarorligiga tahdid soladi, chunki aholi o‘rtasidagi ziddiyatlar boshqaruvga salbiy ta’sir ko‘rsatadi;

4. Yosh avlodga salbiy ta’siri. Bunday axborotlar yoshlar o‘rtasida millatchilik yoki diniy radikalizmga moyillikni kuchaytirishi mumkin. Bu esa kelajak avlodni ham buzilishga olib keladi.

Sabab va oqibatlar

Milliy nizo va diniy bo‘linishga sabab bo‘ladigan axborotlar aksar hollarda uydirmalar, yolg‘on yangiliklar yoki atrofdagi voqealarning bo‘rttirilishi orqali tarqatiladi. Bu axborotlar quyidagi oqibatlarga olib kelishi mumkin:

  • Tinch aholi orasida yomon munosabatlar shakllanadi;
  • Jamiyatda iqtisodiy va ijtimoiy taraqqiyot sekinlashadi;
  • Xorijiy yoki manfaatdor guruhlar tomonidan beqarorlik, nizolar uchquni alangalatishi mumkin.

Qanday choralar ko‘rish kerak?

1. Axborot iste’moli madaniyatini shakllantirish. Har bir shaxs tarqatilayotgan ma’lumotning haqiqiyligini tekshirish madaniyatini o‘zida shakllantirishi zarur;

2. Qonunchilikka rioya qilish va javobgarlik. Milliy nizo va diniy bo‘linishga sabab bo‘ladigan axborot tarqatgan shaxslarga nisbatan qonuniy choralar ko‘rilishi muhim;

3. Ta’lim va tarbiya orqali ongni oshirish. Maktab va oliy ta’lim muassasalarida axborot xavfsizligi va jamiyatga salbiy ta’sir ko‘rsatadigan ma’lumotlarni tanqidiy baholash bo‘yicha bilim berish kerak;

4. Ijtimoiy tarmoqlar tahlili. Ijtimoiy tarmoqlarda yoyilayotgan axborotlarni tahlil qilib, zararli kontentlarni tezkorlik bilan aniqlash mexanizmlarini ishga tushirish zarur.

Xulosa

Milliy va diniy bo‘linishga sabab bo‘luvchi axborot tarqatish nafaqat jamiyat, balki mamlakatlar barqarorligiga katta tahdid soladi. Har bir fuqaro va jamoat tashkilotlari bunday xatti-harakatlarning oldini olishda o‘z hissasini qo‘shishi zarur. Axborot tarqatish madaniyatini shakllantirish orqali, jamiyatda tinchlik va barqarorlik ta’minlanadi.

Shermuhammad Boltayev,
Xorazm viloyati, Hazorasp tumani, "Shayx Qosim bobo" jome masjidi imom-xatibi.