Sayt test holatida ishlamoqda!
11 Yanvar, 2025   |   11 Rajab, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:24
Quyosh
07:48
Peshin
12:36
Asr
15:33
Shom
17:17
Xufton
18:36
Bismillah
11 Yanvar, 2025, 11 Rajab, 1446

“Sabr qil, sening sabring faqat Alloh ila bo‘lur”

27.05.2020   3234   4 min.
“Sabr qil, sening sabring faqat Alloh ila bo‘lur”

Yetmish besh kun. Bu kunlar davomida zamin ahli qatori bizning yurtimizda ham musibat – pandemiya “bulut”lari xalqimiz salomatligiga xavf solib turibdi va afsuski bu davom etmoqda.

Bir muddat mutaxassislar va shifokorlar talabiga binoan uyda qoldik, tozalikka jiddiy e’tibor qaratdik, o‘zimizni turli nafsimiz buyurgan istaklardan tiygan edik Alloh taolo mushkulotimizni biroz yengillatib, vaboni yiroqlatgandek bo‘ldi. Ammo, yengilliklarni noto‘g‘ri tushungandek, go‘yo kasallik tugadi degandek beparvo bo‘ldikmi...

So‘ngi xafta davomida kasallikka chalinganlar soni yana orta boshladi. Sergak torttiradigan tomoni shundaki kasallik mahalliy aholi orasida ham aniqlanmoqda.

Karantin. Bu so‘z ayni damda hayotimizning bir qismiga aylanib ulgurdi. Kichik yoshdagi farzandingiz ko‘chaga chiqaib o‘ynaylik desa, karantin deb javob berasiz. Ayolingiz bozorga boriaylik desa karantin deysiz. O‘g‘lingiz o‘rtoqlarining yoniga chiqayin desa yana karantin deysiz. Xullas, oilangiz va o‘zingiz uchun karantin anchagina cheklov bo‘lmoqda. Bunday hol dilingizni xira qilishi  aniq. Lekin, bir o‘ylab ko‘rsak karantin bizning salomatligimiz, hayotimiz uchun suv bilan havodek o‘ta zarur narsa ekanligini his etamiz.

Sabr. Shu damda biz uchun faqatgina sabr yordamchi va najot yo‘li bo‘la oladi. Chunki, musulmon uchun sabr Alloh taolo maqtagan va Payg‘ambar alayhissalom tavsiya etgan xislatlarning eng a’losidir.

Ulamolar aytadi:

  • Sabr nafsni qayg‘u va achchiqlanishdan, tilni shikoyatdan va a’zolarni tashvishdan tutib turishdir.
  • Sabr nafsning go‘zal axloqlaridan biri bo‘lib qilinishi insonga zarar yetkazadigan ishlardan tiyilishdir.
  • Sabr Qur’on va Sunnat ahkomlariga qat’iy amal qilishdir.
  • Sabr balo yetganda chiroyli odob ila turishdir.
  • Sabr musibat yetganda, iztirob paytida qalbning sobit turishidir.
  • Sabr bizning mutlaq Allohga taslim bo‘lishimizdir.

Demak, biz yaxshi kunlarimizda bo‘lgani kabi musibat chog‘larida xam sokinlik ila, tafakkur va tadabbur bilan sabr qilmog‘imiz lozim.

Sabrning o‘zi yetarlimi? Yo‘q albatta. Asosiy qiladigan ishimiz Allohdan balolarni tezroq aritishi uchun yordam so‘rashimiz kerak. Zero, Alloh taolo O‘z Kalomi Qur’oni karimning Baqara surasi 45 oyatida mushkul vaziyatda nima qilishimiz haqida ta’kidlagan:

Sabr va namoz ila yordam so‘rang. Va, albatta, u nafsi siniqlardan boshqalarga juda katta ishdir”.

Demak, Allohdan yolvorib, ibodatlarimizda yurtimizga tinchlik va xalqimizga ofiyat so‘rab duo qilishimiz kerak ekan.

Shundan so‘ng ham sinov-imtihon davom etsa, buning hikmati borligini idrok qilib, hamma narsa Allohning xohishi bilan bo‘lishiga iymon keltiramiz. Allohning rahmati va ofiyati yetishini kutamiz.
Alloh taolo “Luqmon” surasining 17 oyatida shunday marhamat qiladi:

Ey o‘g‘ilcham, namozni to‘kis ado qil, yaxshilikka buyurib, yomonlikdan qaytar va o‘zingga yetgan musibatga sabr qil. Albatta, bular azm etilajak ishlardandir”.

Hadisi shariflardan birida esa Abu Sa’id roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Hech kimga sabrdan ko‘ra yaxshiroq va kengroq ato berilmagan”, dedilar. Beshovlari rivoyat qilgan.

Azizlar! Davlatimiz rahbari boshchiliklarida xalqimiz salomatligi va pandemiya sharoitidagi ijtiomiy-iqtisodiy holatlarini yaxshilash bo‘yicha tunu-kun hukumat tomonidan turli tadbirlar amalga oshirilayotgan bir paytda, bizning havoyi nafsimiz va istaklarimizga quloq solib, zerikishni bahona qilib, ko‘cha-ko‘yda zaruratsiz yurishimiz, oshna-og‘ayingarchilik, sayru-sayohat, chigal yozdi, o‘yin-kulgularga berilishimiz nechog‘lik to‘g‘ri bo‘lar ekan?

Axir kim kafolat beradi yonimizdagi sherigimizning virusga chalinmaganiga yoki ko‘cha ko‘yda virus yuqtirib olmasligimizga...

Yana bir muddat SABR qilaylik! Insha Alloh hammasi iziga tushadi. Butun dunyo shu qatorda bizning davlatimiz ham mazkur vaboga qarshi jiddiy kurashmoqda. Bizdan esa faqat uyda qolish, ortiqcha ko‘chaga chiqishdan tiyilish va nafsimizga ko‘pam quloq solmaslik talab etilyapti xolos!

Amal qilguvchilarning ajri qanday ham yaxshi! Ular sabr qilgan va Robbilarigagina tavakkul qiladigan zotlardir” (Ankabut surasi 58-59 oyatlar)

 

Manbalar asosida Saidabror Umarov tayyorladi

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Yo Rasululloh, Siz kimni yaxshi ko‘rasiz?

10.01.2025   3004   8 min.
Yo Rasululloh, Siz kimni yaxshi ko‘rasiz?

Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.

Oisha onamiz roziyallohu anhoning barcha sifatlari ham kamolot sifatlariga daxldor ekaniga shubha bo‘lishi mumkin emas. U kishining buyuk hayotlarini diqqat bilan o‘rgangan ulamolar Oisha onamiz roziyallohu anhoda boshqalarda bo‘lmagan qirqta komilalik sifatlari bor ekanini ta’kidlaydilar. Ana shuning uchun ham bu haqda bir-ikki og‘iz so‘z aytmoqni ravo ko‘rdik.

Oisha onamiz roziyallohu anhoning kamolot sifatlari haqida so‘z yuritar ekanmiz, bu sifatlar ro‘yxatining boshida Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan vorid bo‘lgan hadisi shariflar turishini aytib o‘tmog‘imiz lozim. U zot Oisha onamiz roziyallohu anho haqlarida ajoyib madhlarni aytganlar.

Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Ey Oisha! Mana bu Jabroil, u senga salom aytmoqda», dedilar.

«Va alayhissalomu va rohmatullohi va barokatuhu! Ey Allohning Rasuli, siz men ko‘rmagan narsani ko‘rasiz», dedim».

Jabroil alayhissalom bu dunyoda payg‘ambarlardan boshqa kimga salom aytganlar?

Jabroil alayhissalom bu dunyoda payg‘ambarlardan boshqa birgina insonga – Oisha onamiz roziyallohu anhoga salom aytganlar.

Mana shu ulug‘ maqomning o‘zi bir olamga tatiydi.

Abu Muso roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

Nabiy sollallohu alayhi vasallam:

«Erkaklardan ko‘pchilik barkamol bo‘ldilar. Ayollardan Maryam Imron qizi va Fir’avnning ayoli Osiyodan boshqasi barkamol bo‘lmadi. 

Oishaning boshqa ayollardan ustunligi sariydning boshqa taomlardan ustunligiga o‘xshaydir», dedilar».

Ikkisini Buxoriy, Muslim va Termiziy rivoyat qilganlar.

Ushbu hadisi sharifda aslida ayollarning, xususan, Maryam onamiz, Osiyo onamiz va Oisha onamizning boshqa ayollardan ustun bo‘lgan fazllari haqida so‘z boradi.

«Erkaklardan ko‘pchilik barkamol bo‘ldilar».

Erkaklardan barkamol bo‘lganlar ro‘yxatining avvalida Payg‘ambar alayhissalomlar turadilar. Ulardan boshqa barkamol erkaklar ham bor. Bu haqiqat hammaga ma’lum.

«Ayollardan Maryam Imron qizi va Fir’avnning ayoli Osiyodan boshqasi barkamol bo‘lmadi».

Bu ikki ulug‘ zotning barkamol bo‘lganliklari Qur’oni karimda ularning birgalikda, xos zikr qilinishlaridan ham bilib olinadi.

Alloh taolo «Tahrim» surasida:

«‎Alloh iymon keltirganlarga Fir’avnning ‎xotinini misol qilib keltirdi. O‘shanda u: ‎‎«Robbim! Menga O‘z huzuringda, jannatda bir uy ‎bino qilgin. Menga Fir’avndan va uning ishidan ‎najot bergin va menga zolim qavmdan najot ‎bergin», deb aytdi‎», degan (11-oyat).

Fir’avnning xotini o‘sha paytdagi eng katta podshohning ayoli edi. Yemak-kiymakda to‘kin edi. Nimani xohlasa, shuni qilishi mumkin edi. Qasrlarda, turli ne’matlar ichida farog‘atda yashashiga qaramasdan, u kofir va zolim eriga hamda qavmiga qarshi chiqdi. Allohga iymon keltirdi. Allohdan jannatda uy qurib berishini so‘radi. Bu hol esa dunyo hoyu havasidan ustun kelishning oliy misolidir.

Mo‘minlarning ikkinchi misoli Maryam binti Imrondir.

«Va farjini pok saqlagan Imron qizi Maryamni ‎‎(misol keltirdi). Bas, unga O‘z ruhimizdan ‎pufladik va U Robbining so‘zlarini hamda ‎kitoblarini tasdiq qildi va itoatkorlardan ‎bo‘ldi» (12-oyat).

Imronning qizi Maryam Allohga sof e’tiqodda bo‘lganlar va o‘zlarini ham sof tutganlar. Yahudiylar tuhmat qilganlaridek, nopok bo‘lmaganlar. Alloh taolo Jabroil farishta orqali ana shu pok jasadga o‘z ruhidan «puf» deyishi bilan Iyso alayhissalomni ato qilgan.

«Oishaning boshqa ayollardan ustunligi sariydning boshqa taomlardan ustunligiga o‘xshaydir».

Endi Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning zavjai mutohharalari – Oisha onamizning fazllari haqida so‘z ketmoqda. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam u kishining boshqa ayollardan fazllarini sariyd deb nomlanadigan taomning o‘sha vaqtdagi boshqa taomlardan ustunligiga o‘xshatmoqdalar.

O‘sha paytda Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam va sahobai kiromlar yashab turgan jamiyatning sharoiti va taomiliga ko‘ra, sariyd boshqa taomlardan afzal taom hisoblanar edi.

Xuddi shunga o‘xshab, Oisha onamiz ham boshqa ayollardan afzal edilar.

Bu dunyoda kim ushbu maqomga sazovor bo‘libdi?!

Ushbu maqomga bu dunyoda faqat Oisha onamiz roziyallohu anho sazovor bo‘ldilar.

Termiziy va Buxoriy Amr ibn Os roziyallohu anhudan rivoyat qiladilar:

«Nabiy sollallohu alayhi vasallam meni Zotus-Salosil askariga boshliq qildilar. Qaytib kelganda:

«Ey Allohning Rasuli, odamlarning qaysinisi siz uchun eng mahbubdir?» dedim.

«Oisha», dedilar.

«Erkaklardan-chi?» dedim.

«Uning otasi», dedilar.

«So‘ngra kim?» dedim.

«So‘ngra Umar», dedilar va bir necha odamlarni sanadilar. Bas, meni oxirlarida qilib qo‘ymasinlar, deb, sukut saqladim».

Allohning Rasuli uchun odamlarning qaysinisi eng mahbub ekan?

Allohning Rasuli uchun odamlar ichida Oisha onamiz roziyallohu anho eng mahbub ekanlar.

Bu dunyoda kim ushbu maqomga sazovor bo‘libdi?

Ushbu maqomga bu dunyoda Oisha onamiz roziyallohu anho sazovor bo‘libdilar.

Imom Abu Ya’lo «Musnad»larida Oisha onamiz roziyallohu anhodan rivoyat qiladilar:

«Menga hech bir ayolga berilmagan to‘qqiz narsa berilgan:

– Rasululloh sollallohu alayhi vasallam menga uylanishga amr qilinganlarida Jabroil alayhissalom suratimni olib tushib, u zotga ko‘rsatgan.

– U zot menga bokira holimda uylanganlar. Mendan boshqaga bokira holida uylanmaganlar.

– Rasululloh sollallohu alayhi vasallam boshlari mening quchog‘imda turgan holda vafot etdilar.

– Rasululloh sollallohu alayhi vasallam mening uyimda dafn qilindilar.

– Farishtalar mening uyimni o‘rab olgan edilar. U zotga men u kishining ko‘rpalarida turganimda vahiy nozil bo‘lar edi. U zot meni o‘zlaridan uzoqlashtirmas edilar.

– Men u zotning xalifalari va siddiqlarining qiziman.

– Mening oqlovim osmondan nozil bo‘lgan.

– Men pokning huzurida pok yaratilganman.

– Menga mag‘firat va karamli rizq va’da qilingan».

Imom Qurtubiy o‘z tafsirlarida Oisha onamiz roziyallohu anhoning kamolot sifatlari haqida so‘z yuritar ekanlar, jumladan, quyidagilarni aytganlar:

«Ba’zi ahli tahqiqlar ayturlar:

«Yusuf alayhissalom fahsh ishda tuhmat qilinganida Alloh u kishini beshikdagi go‘dakning tili bilan oqladi.

Maryam fohishalikda tuhmat qilinganida Alloh u kishini o‘g‘illari Iyso alayhissalomning tili bilan oqladi.

Oisha fahsh ishda tuhmat qilinganida Alloh u kishini Qur’on bilan oqladi. Alloh u kishi uchun go‘dakning oqlashini yoki nabiyning oqlashini ravo ko‘rmadi. Alloh u kishini tuhmatdan O‘z kalomi ila oqladi».

Alloh taolo bu dunyoda kimni tuhmatdan O‘z kalomi ila oqlabdi?

Alloh taolo bu dunyoda faqat Oisha onamiz roziyallohu anhoni tuhmatdan O‘z kalomi ila oqlagan.

"Nubuvvat xonadoni xonimlari" kitobidan.

Maqolalar