O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Mehr-saxovat» ko‘krak nishonini ta’sis etish to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilindi.
«Mehr-saxovat» ko‘krak nishoni bilan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari:
- jahon miqyosida keng tarqalib, global muammoga aylangan koronavirus pandemiyasi davrida, shuningdek, turli tabiiy ofatlar, favqulodda holatlar tufayli el-yurtimiz boshiga tushgan sinovli kunlarda mavjud xavf-xatarlarga qarshi kurashda, ularning oqibatlarini bartaraf etishda mardlik va jasorat namunasini ko‘rsatgani;
- tanti va olijanob xalqimizning buyuk tarixiy va ma’naviy qadriyatlarini, milliy an’analarini munosib davom ettirib, mehr-oqibat, saxovat va himmat kabi yuksak fazilatlarni ulug‘lab kelayotgani;
- aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash borasidagi ishlarni umumxalq harakati darajasiga ko‘tarishga katta hissa qo‘shgani;
- xayriya va saxovat mablag‘larini to‘g‘ri va xolis yo‘naltirish, qiyin ahvolga tushgan aholiga o‘z vaqtida beminnat ko‘mak berishdagi tashabbuskorligi;
- bugungi murakkab va og‘ir sharoitda jamiyatda tinchlik-osoyishtalik, birlik va o‘zaro hamjihatlik muhitini mustahkamlashdagi faolligi;
- beg‘araz homiylik yordami hamda ezgu ishlari bilan ko‘pchilikka alohida o‘rnak bo‘lgani uchun mukofotlanadi.
«Mehr-saxovat» ko‘krak nishoni bilan O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi bo‘lmagan shaxslar ham taqdirlanishi mumkin.
Mehr-saxovat» ko‘krak nishoni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti yoki uning nomidan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Raisi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Spikeri, O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri, vazirlik, idora va jamoat birlashmalarining respublika organlari rahbarlari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari, shuningdek, bunga vakil qilingan boshqa shaxslar tomonidan tantanali vaziyatda topshiriladi.
Manba: yuz.uz
Islomning barcha – beshala ruknini ham bajargan odam chinakam saodatlidir. Ayniqsa, hojilik – alohida mas’uliyat talab etadigan maqom. Bu yil yurtimizdan 15 mingdan ziyodroq fuqaro ana shunday sharafga ega bo‘ldi.
Bu yil yurtimizdan hajga borgan yurtdoshlarimiz Arafot vodiysida muftiy, Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari boshchiliklarida yurtga qaytgach, «Yangi O‘zbekistonning tinchlik va ma’naviyat targ‘ibotchilari bo‘lamiz» degan ezgu tashabbusni ilgari surgan edilar.
Bugun, 14 iyul kuni poytaxtimizdagi «Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf» jome masjidi majlislar zalida poytaxtimizda faoliyat yuritayotgan imom-xatiblar, imom noiblari ishtirokida yig‘ilish o‘tkazildi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Davronbek Maxsudov, Toshkent shahar hokimining jamoat va diniy tashkilotlar bilan aloqalar bo‘yicha o‘rinbosari Abdulvosid Xomitjonov, «Nuroniy« jamg‘armasi Toshkent shahar bo‘limi raisi Rustam Kalonov, Mahallalar uyushmasi Toshkent shahar hududiy boshqarmasi boshlig‘i Furqatxo‘ja Mahmudxo‘jayev, Toshkent shahar bosh imom-xatibi Abduqahhor domla Yunusov ishtirok etdi.
– Hojilarga katta ishonch bildirib, ular ma’naviyat targ‘ibotchilaridir, – deydi DIQ raisi birinchi o‘rinbosari Davron Maxsudov. – Hadisi sharifda: “Insonlarning Alloh taologa eng seviklisi odamlarga ko‘p manfaati yetkazadiganidir” (Imom Tabaroniy rivoyati), deyilgan. Shunday ekan, har bir hojiga o‘z hududidagi imom-xatib ko‘makchi bo‘lib, mahallama-mahalla yurib, aholiga, ayniqsa, yoshlarga pandu nasihatlar qilishlari zarur. Chunki hojilarning so‘zlari ta’sirchan bo‘ladi. Farzandlarimizning turli yot g‘oyalar ta’siriga tushib qolishining oldini olishda ularning xizmatidan foydalanishimiz kerak. Hojilarimizning sa’y-harakatlari bilan xalqimizning ma’naviyati, ma’rifati yanada oshadi.
Ana shunday ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar orqali hojilarimiz jamiyatimizdagi mehr-oqibat muhitini yanada mustahkamlash, jaholatga qarshi ma’rifat bilan kurashish, yoshlar tarbiyasi va oilalar totuvligida ibrat bo‘lmoqdalar.