Abu Ayyub Ansoriy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kim Ramazon ro‘zasini tutib, ketidan Shavvoldan olti kun ro‘za tutsa, yil bo‘yi ro‘za tutgandek bo‘ladi”, dedilar (Imom Muslim rivoyati).
Ramazon ro‘zasi o‘ttiz kunining o‘n barobari o‘n oy (300 kun), Shavvol oyining olti kun ro‘zasi esa (60 kun) ikki oy bo‘ladi. Jami 360 kun (bir yil)ni tashkil etadi. Natijada, kishi butun yil bo‘yi ro‘za tutgandek bo‘ladi. Alloh taolo Qur’oni karimda bunday marhamat qiladi: “Kimki (bir) hasana (savobli ish) qilsa, unga o‘n barobar (ko‘paytirib yozilur)” (An’om” surasi, 160-oyat).
Ibn Umar roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kim Ramazon ro‘zasini tutib, ortidan Shavvol oyida olti kun ro‘za tutsa, huddi onadan tug‘ilgandek gunohlardan forig‘ bo‘ladi”, deganlar (Imom Tabaroniy rivoyati).
Ulamolar: "Shavvol oyi ro‘zasini oy boshida ketma-ket olti kun yoki oy davomida bo‘lib-bo‘lib tutish ham joiz", deganlar.
Imom Ahmad rahmatullohi alayh aytadi: “Shavvol oyi ro‘zasi ketma-ket olti kun tutilsa ham, bo‘lib-bo‘lib tutilsa ham fazilati tengdir”.
Allohim, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sunnatlariga ergashimizga tavfiq ato et!
Davron NURMUHAMMAD
Cavol: Otam bilan Madinai munavvarada umra uchun ehromga kirib, Makkaga yo‘lga tushdik. Lekin yo‘lda havo sovub ketib, otam do‘ppi, kurtka va paypoq kiyib olishga majbur bo‘ldilar. Bu hol Makkaga yetib borgunimizcha davom etdi va ehromda umra qilib oldik. Savolim shuki, otam kiygan kiyimlarining har biri uchun alohida kafforat berilishi lozim bo‘ladimi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Erkak kishi haj yoki umraga ehrom bog‘laganda zarurat sababli bir nechta tikilgan kiyimni bir kunduz yoki bir kecha (yoki jami 12 soat)dan kam muddat kiyib yursa bitta sadaqa – yarim so’ (2 kg atrofida) bug‘doy yoki uning qiymatini haram chegarasida faqirlarga sadaqa qilishi kifoya qiladi.
Agar bir kunduz yo kecha (12 soat)dan ko‘p muddat kiyib yurgan bo‘lsa, haram chegarasi ichida bitta jonliq so‘yishi yetarli. Kiyimlar bir nechta bo‘lishi bilan sadaqa yoki so‘yiladigan jonliqlar soni ko‘paymaydi.
Shu o‘rinda eslatib o‘tish lozimki, erkak kishi ehromdalik holida sovqotib qolsa, tikilgan kiyim kiyib olmasdan, adyolga o‘xshash biror yopinchiq o‘ranib olish yoki keng kiyimni yengiga qo‘llarini kiritmasdan, yelkasidan tashlab olish ham mumkin. Buni kiyim kiyish deb hisoblanmagani uchun jinoyat sanalmaydi va kafforot ham lozim bo‘lmaydi (“Kamolud diroya” kitobi). Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.