Muhtaram Prezidentimiz tomonidan barcha sohalar qatori diniy-ma’rifiy sohada olib borilayotgan islohotlar, ayniqsa diniy ta’lim tizimini takomillashtirish borasida amalga oshirilayotgan xayrli ishlar yurtimiz mo‘min-musulmonlari uchun katta tuhfa bo‘lmoqdi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.
Davlatimiz Rahbarining 2019 yil 17-18 oktyabr kunlari Surxondaryo viloyatiga tashriflari davomida bergan topshiriqlari ijrosi yuzasidan Surxondaryo viloyati Termiz shahrida “Imom Termiziy” o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi tashkil etildi.
Ta’lim muassasasi O‘zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi diniy ta’lim maskani bo‘lib, o‘rta maxsus diniy ma’lumotli islom shariati va hadis ilmlari mutaxassisi, imom-xatiblar tayyorlanadi.
Mazkur ta’lim muassasasiga 2020-2021 o‘quv yili uchun abituriyentlar qabul imtihonlari asosida o‘qishga qabul qilinadi. Abituriyentlardan hujjat qabul qilish 2020 yilning 15 iyundan boshlab onlayn shaklda amalga oshirilishi rejalashtirilmoqda.
Ta’lim muassasasiga umumiy o‘rta ta’lim (11-sinf negizida) yoki o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’lim muassasasini tugatganligi haqida hujjat (diplom)ga ega bo‘lgan fuqarolar qabul qilinadi.
Kirish imtihonlari o‘tkazishning tasdiqlangan tartibi va qabul jarayonlariga oid ma’lumotlar O‘zbekiston musulmonlari idorasining muslim.uz sayti va boshqa ijtimoiy tarmoqlar sahifalari orqali berib boriladi.
Yurtimizda yana bir diniy ta’lim muassasasi tashkil etilishi xalqimizga, ayniqsa, vohaliklarga juda katta Ramazon tuhfasi bo‘ldi, Alloh taolo ushbu madrasani muborak aylasin!
Salohiddin Sherxonov
Ta’lim va ilmiy-tadqiqot
bo‘limi mudiri
Saudiya Arabistonining turizm va sayohatlarga ixtisoslashgan “Arab Tourist” elektron nashrida “Markaziy Osiyoning qoq markazida joylashgan va Buyuk ipak yo‘li bilan bog‘langan mamlakat” sarlavhali tahliliy maqola e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.
Maqolada Buyuk ipak yo‘li tarixida o‘zbek shaharlarining tutgan o‘rni alohida e’tirof etiladi. Xususan, Samarqand, Buxoro va Xiva kabi tarixiy shaharlar asrlar davomida Sharq va G‘arb o‘rtasidagi savdo, fan va madaniyat markazlari sifatida xizmat qilgani ta’kidlanadi. Registon maydoni, Ichan-qal’a va Buxorodagi me’moriy obidalar islom sivilizatsiyasi hamda jahon madaniy merosining bebaho durdonalari sifatida tilga olinadi.
Bundan tashqari, nashr O‘zbekistonning rang-barang tabiati va geografik relefiga to‘xtalib o‘tgan. Qizilqum cho‘li, serhosil Farg‘ona vodiysi, Tyan-Shan va Pomir-Oloy tog‘ tizmalari aholi joylashuvi va qishloq xo‘jaligi rivojida muhim o‘rin tutishi qayd etiladi.
Nashr, shuningdek, Buyuk Mirzo Ulug‘bek kabi donishmandlarning astronomiya va matematika sohasidagi buyuk kashfiyotlarini alohida e’tirof etgan.
Xulosada ta’kidlanganidek, Toshkent, Samarqand, Buxoro, Namangan va Andijon kabi shaharlar bugungi kunda nafaqat ma’muriy va iqtisodiy, balki jadal rivojlanayotgan yirik madaniy-turistik markazlar sifatida dunyo sayyohlari e’tiborini o‘ziga jalb etmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati