Misrning mashhur mufassir olimlaridan Umar Abdulkafi hafizahulloh aytadilar:
"Har yili Ramazonning oxirgi soatlarida nima sodir bo‘lishini bilasizlarmi?
Ramazonning oxirgi kuni, so‘nggi soatlarida, ya’ni asr namozidan boshlab to shom namozigacha bo‘lgan vaqtda Alloh taolo butun Ramazon oyi davomida jahannamdan qancha insonlarni ozod qilgan bo‘lsa (Sahih hadisda Ramazonning har kechasi Alloh taolo juda ko‘p sonli bandalarini jahannamdan ozod qilishi xabari kelgan), yana shunchasiga do‘zaxdan omonlik berar.
Yana u shunday fursatki, unda qilingan duo ijobatsiz qolmas.
Bu fursatni ganimat bilib, Robbiga duo qilganlar va Undan magfirat so‘raganlarga ofiyatlar bo‘lsin!
Eslatma uchun do‘stlaringizga yuboring, bizni ham suyukli duolarda yo‘qlab qo‘ying".
Subhanalloh! Demak, Robbimizning bandalariga nisbatan saxovati, marhamati yanada ziyoda bo‘lar ekan-da! Ey mehribon Alloh, o‘zimiz, ota onamiz, ustozlarimiz, ahllarimiz, farzandlarimiz, qarindoshlarimiz, bizning ustimizda fazli, yaxshiligi bor har kimki bor, orasida taqdiriga do‘zaxiy deb yozilgani bo‘lsa, ushbu kunning barokatidan jannatiy bandalaring qatoriga qo‘sh, jahannamga bardosh qila olmaymiz!
Ertaga bayram – mo‘min-musulmonlar shodiyonasi. Ramazonning har bir lahzasidan unumli foydalangan, gunohlariga tavbalar qilgan, solih amallarni qilishda jiddu jahd qilgan kishilar borki, Hayit bayramining shukuhi, tarovati, barakasini yanada yaxshiroq his qilsa kerak.
Hayit ayyomini Siz qanday o‘tkazasiz?
Bugun hayit arafasi – bayramga tayyorgarlik ko‘riladigan kun! Uyingizni bezatishga, shodiyona kayfiyatini tashkil etishga harakat qiling! Turli tansiq taomlar tayyorlash, dasturxonni chiroyli qilish uchun kerakli masalliqlar hozirlang!
Ota-onangiz, ahlingiz, ayniqsa, bolajonlarga bayram sovg‘alarini tayyorlab qo‘ying! Shunday qilingki, bayram tarovati ularning xotirasida muhrlanib qolsin. Har kim o‘z sharoitidan kelib chiqib tayyorgarlik qilaveradi. Asosiysi, xonadoningizda bayram shukuhi sezilib tursin, o‘zgacha kun ekani bilinsin! Axir Ramazonga yetganimizning o‘zi katta bir bayram bo‘lsa, Ramazon ro‘zasini oxirigacha eson-omonlikda tutib borganimiz, Alloh taolo shunga muvaffaq qilgani, Ramazonda Robbimizning cheksiz fazli, marhamatidan nasibador bo‘lganimiz qanchalar ulug‘ baxt, katta saodat emasmi?! Alloh taolo shunday marhamat qiladi:
قُلْ بِفَضْلِ اللّهِ وَبِرَحْمَتِهِ فَبِذَلِكَ فَلْيَفْرَحُواْ هُوَ خَيْرٌ مِّمَّا يَجْمَعُونَ {يونس/58}
“Ayting: “Allohning fazli va rahmati bilan, bas, (albatta), shular sababli (mo‘minlar) shodlansinlar! U to‘plagan narsa (boylik) laridan yaxshiroqdir (Yunus surasi, 58-oyat).
Demak, ertaga Hayit! Mo‘min-musulmonlar uchun haqiqiy bayram! Alloh taolo va Rasuli bayram qilishga buyurgan kun! Ushbu kunni Alloh taolo va Rasuli buyurgan deb bayram qilsak, uni munosib o‘tkazish uchun qancha sa’y-harakat qilsak, inshaalloh, barchasi nomai a’molimizga ibodat deb yoziladi.
Eslatma! Imkoniyati borlar o‘z oilasi uchun bayram tadorigini hozirdanoq boshlasin, agar ahlingizdan orttira olsangiz yaqin qarindoshlar, qo‘ni qo‘shni, do‘stu birodarlaringiz ichidan muhtojlari va ehtiyojmandlarini topib, yo‘qlab qo‘ying! Ular ham barcha ahli Islom kabi bayram tarovatini his qilishsin, farzandlarining yuzlarida ayyom sabab tabassum porlasin, qalblari quvonchga to‘lsin!
Fitr sadaqasini bermagan bo‘lsangiz, bugunoq ado qilishga harakat qiling! Fitr sadaqasinnig miqdori:
2 kilogramm bug‘doy - 8000 so‘m.
4 kilogramm arpa - 12 ming so‘m.
2 kilogramm mayiz - 70 ming so‘m.
4 kilogramm xurmo - 120 ming so‘m.
Har kim o‘z imkoniyatiga qarab ushbu 4 mahsulotning xohlagan bir turidan fitr sadaqasini bersa kifoya. Inshaalloh, bu Ramazonda yo‘l qo‘ygan ayrim kamchiliklarimizning o‘rnini qoplashiga umid qilinadi.
Hayit bayramingiz muborak bo‘lsin!
G‘iyosiddin Habibulloh
Luqmoni Hakim o‘z o‘g‘illariga qilgan nasihatlari Qur’oni karimda keltiriladi.
Nasihatning eng birinchisi – shikrdan qaytarish.
“Ey, o‘g‘ilcham! Allohga shirk keltirmagin! Chunki shirk ulkan zulmdir” (Luqmon surasi, 13-oyat).
Shirk eng og‘ir zulm, eng qabih jaholat va eng katta gunoh sanaladi.
Nasihatning ikkinchisi – ota-onaning haqqini ado etish.
“Agar ular (ya’ni ota-onang) seni o‘zing bilmagan narsalarni Menga sherik qilishga zo‘rlasalar, u holda ularga itoat etma! Ularga (garchi kofir bo‘lsalarda) dunyoda yaxshi muomalada bo‘lgin” (Luqmon surasi, 15-oyat).
Ota-ona hatto mushrik bo‘lsalar-da, ularga qo‘pol munosabatda bo‘lmaslik talab etiladi.
Nasihatning uchinchisi – Alloh oshkor maxfiy har bir narsa bilib turuvchi Zot.
“Ey, o‘g‘ilcham! Shubha yo‘qki, agar xantal (o‘simligining) urug‘idek (yaxshi yoki yomon amal qilinadigan) bo‘lsa, bas, u (amal) biror xarsang tosh ichida yo osmonlarda yoki yer ostida bo‘lsa, o‘shani ham Alloh keltirur. Zero, Alloh lutfli va ogoh zotdir” (Luqmon surasi, 16-oyat).
Nasihatning to‘rtinchisi – namoz, amri ma’ruf, nahyi munkar va sabr.
“Ey, o‘g‘ilcham! Namozni barkamol ado et, yaxshilikka buyur va yomonlikdan qaytar hamda o‘zingga yetgan (balolar)ga sabr qil!...” (Luqmon surasi, 17-oyat).
Nasihatning beshinchisi – ochiq yuzli, shirin so‘zli, tavoze’li bo‘lish, kibrlanmaslik.
“Odamlarga (kibrlanib) yuzingni burishtirmagin va yerda kerilib yurmagin! Chunki Alloh barcha kibrli, maqtanchoq kimsalarni suymas” (Luqmon surasi, 18-oyat).
Nasihatning oltinchisi – baqir-chaqir qilmaslik.
“(Yurganingda) o‘rtahol yurgin va ovozingni past qilgin! Chunki ovozlarning eng yoqimsizi eshaklar ovozidir” (Luqmon surasi, 19-oyat).
Davron NURMUHAMMAD