Bismillahir rohmanir rohim. Ma’lumki, bugungi sinovli kunlarda karantin sababli barcha turdagi ommaviy tadbirlarni o‘tkazishning imkoniyati yo‘q. Shu qatori dinimizda buyurilgan jamoaviy tarzda ado etiladigan ibodatlar ham vaqtinchalik xonadonlarda, yakka tartibda ado etilmoqda. Islom shariati insonning salomatligi, uning jonini saqlash maqsadida mana shunday zaruriy paytlarda ba’zi ibodatlarni yengil tarzda bajarishga ruxsat beradi yoki mo‘minlar zimmasidan butunlay soqit qiladi.
Butun dunyoning ko‘plab mamlakatlarida yangi turdagi koronavirus pandemiyasi bilan bog‘liq vaziyat keskinligicha qolayotgan bir paytda, respublikamizda ham ko‘rilayotgan keng ko‘lamli chora-tadbirlarga qaramay, afsuski, bu virusni yuqtirganlar soni kundan-kun ortib borayotgani hech kimga sir emas. Mo‘tabar kitoblarimizda “Zararni daf qilish foydani jalb qilishdan oldinga qo‘yiladi”, degan qat’iy qoida bor.
Ushbu qoidaga asoslanib ish ko‘rilsa, Ramazon hayiti (Iydul fitr) namozini jamoat bo‘lib o‘qish ulkan savobli amal bo‘lsada, pandemiya holati ushbu ibodatni mo‘min-musulmonlarning zimmasidan soqit qiladi.
Ta’kidlash joizki, Saudiya Arabistoni, Turkiya, Misr Arab Respublikasi, Birlashgan Arab Amirligi, Marokash, Jazoir, Rossiya Federatsiyasi, Ozarboyjon kabi dunyoning aksariyat mamlakatlarida ham koronavirus pandemiyasi sababli masjidlarda Ramazon hayiti namozi o‘qilmaydigan bo‘ldi.
Hanafiy mazhabida hayit namozini ado etish uchun juma namozi uchun zarur bo‘lgan shartlar topilishi lozimligi aytilgan. Jumladan, sulton yoki u tomonidan ruxsat berilgan shaxs imom bo‘lishi, izni om bo‘lishi shart. Bizda aynan mana shu shartlar topilmagani uchun ham juma va hayit namozlarini xonadonlarda o‘qish mumkin emas. Germaniya fatvo qo‘mitasi raisi doktor Xolid Hanafiy alohida fatvo e’lon qilib, unda pandemiya davrida hayit namozini uyda ham o‘qib bo‘lmasligini alohida ta’kidlagan. Shuningdek, Iordaniya, Pokiston, Hindistonlik ulamolar ham ushbu fatvoni qo‘llab-quvvatlaganlar.
Hanafiy mazhabimizga ko‘ra, hayit namozini biror uzr sababli masjidda katta jamoat bilan ado etish imkoni bo‘lmaganida, uni uyda alohida jamoat bilan o‘qish joiz emas.
Bugungi vaziyatni tushunib yetmayotgan, karantin talablariga rioya qilishni xohlamayotgan ayrim kimsalar go‘yoki istirohat bog‘lari va muzeylar ochilganini ro‘kach qilib: “Nima uchun masjidlarda jamoa bo‘lib namoz o‘qishga ruxsat yo‘q?” deb ixtilof chiqarishga urinmoqdalar. Ta’kidlash joizki, istirohat bog‘larida ham, muzeylarda ham gavjum bo‘lib yurishga (oilaviy 3-4 kishi bo‘lish mustasno) ruxsat yo‘q. Shu bilan birga, umumiy ovqatlanish shoxobchalarining faoliyat boshlashlariga ham ruxsat berilmagan.
Jamoat bo‘lib namoz o‘qiganda karantin qoidalariga rioya qilish va ijtimoiy masofani saqlashning imkoniyati yo‘qligini barchamiz yaxshi bilamiz. Shu bois yuqoridagi kabi ixtiloflardan o‘zimizni asrashimiz lozim.
Hozirgi sharoitda hammamiz hamjihatlikda O‘zbekiston musulmonlari idorasi tomonidan batafsil yetkazilgan shariatimiz ko‘rsatmalariga qat’iy amal qilishimiz, Alloh taoloning sinov-imtihonlaridan eson-omon o‘tib olishga harakat qilishimiz lozim.
Qarindoshlarimizni, yaqinlarimizni Ramazon hayiti bilan tabriklashda uyali aloqa vositalaridan foydalanishimiz, keksalar va bemorlarning holidan habar olishda karantin talablarini unutmasligimiz zarur. Bayramni oila a’zolarimiz bilan birgalikda ko‘tarinki ruhda o‘tkazish, qariyalarimizning duolarini olish, o‘tganlarimizning haqqiga Qur’on tilovat qilib, savobini ularga bag‘ishlash maqsadga muvofiqdir.
Hayit kunlari, ayniqsa, bu yilgi pandemiya davrida guruh-guruh bo‘lib, ta’ziyagarchilik qilishimiz Ramazon shukuhiga mutlaqo to‘g‘ri kelmaydi. Shuningdek, ayollarimiz ham hayit kunlari “Kelin ko‘rdi” kabi marosimlarni o‘tkazishlari shariatga ham, karantin talablariga ham ziddir.
Yaqin orada bu sinovli kunlar ortda qolib, masjidlarda besh vaqt farz va boshqa namozlarni jamoat bo‘lib ado etish baxtiga musharraf bo‘lamiz, inshoalloh.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
raisining birinchi o‘rinbosari
Homidjon Ishmatbekov
Bilasizmi? Silikat moddasiga boy bo‘lgan tuproqqa dafn qilingan insonning skeleti vaqt o‘tishi bilan tosh va xarsangga aylanadi.
Agar u pirit (temir sulfidi) moddasiga boy mintaqaga dafn qilinsa, unday jasad temir haykalga aylanib qolishi mumkin!
Bu ilmiy haqiqat yaqinda aniqlangan bo‘lsa-da, Qur’onda bu haqida 1445 yil oldin hayratlanarli tarzda juda aniqlik bilan bayon etilgan. Qur’onda bunday deyilgan:
وَقَالُوا أَإِذَا كُنَّا عِظَامًا وَرُفَاتًا أَإِنَّا لَمَبْعُوثُونَ خَلْقًا جَدِيدًا
"Ular: “Biz suyaklarga va chang- tuproqlarga aylanib ketganimizdan keyin ham, yangitdan tiriltirilamizmi?” dedilar. “Sen ularga, toshga yoki temirga aylaninglar”, deb ayt"
(Isro surasi, 50-oyat).
Bu oyat yaqin yillarda kashf etilgan — suyaklari toshga aylangan yoki temir haykalga aylangan qazilmalarga ochiq va ravshan ishora qilmoqda. Go‘yoki Qur’onda xabar berilgan ushbu dalillar olimlar kashf qilishlarini uzoq asrlardan beri kutib yotgandek.
Shunday ekan, aqlli inson bunday ochiq-oydin va ravshan mo‘jizani qanday inkor qila oladi? Qur’onning bu mo‘jizasi kunduzdagi quyoshdek ravshan emasmi?
Homidjon domla ISHMATBЕKOV