Sayt test holatida ishlamoqda!
09 Yanvar, 2025   |   9 Rajab, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:24
Quyosh
07:49
Peshin
12:35
Asr
15:31
Shom
17:15
Xufton
18:34
Bismillah
09 Yanvar, 2025, 9 Rajab, 1446

G‘aflatda qolmang! Jannatdagi uyga, haj va umra savobiga ega bo‘ling

23.05.2020   2642   4 min.
G‘aflatda qolmang! Jannatdagi uyga, haj va umra savobiga ega bo‘ling

ZUHO SO‘ZI QANDAY MA’NONI ANGLATADI?

Zuho so‘zi – “choshgoh  vaqti” degan ma’noni anglatadi. Alloh taolo bunday marhamat qiladi: «Qasamyod eturman choshgoh vaqti bilan» (Zuho surasi, 1-oyat).

ZUHO NAMOZI QACHON O‘QILADI?

Bu namozning vaqti: quyosh chiqqandan tahminan yarim soat o‘tib, zavol (quyosh og‘ishga kelgan vaqt)ga bir soat qolguncha davom etadi.

 

ZUHO NAMOZI NЕCHA RAKAT?

Zuho namozi ikki rakatdan o‘n ikki rakatgacha o‘qiladi, eng afzali to‘rt rakatdan o‘qishdir. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ko‘proq to‘rt rakatdan o‘qiganlar.

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kimki ikki rakaat zuho namozini muntazam o‘qisa, gunohi dengiz ko‘piklaricha bo‘lsa ham, kechiriladi”, dedilar (Imom Termiziy, Imom Ibn Moja, Imom Ahmad rivoyati).

 

RASULULLOH SOLLALLOHU ALAYHI VASALLAM ZUHO NAMOZINI QANDAY ADO ETARDILAR?

Abu Sa’id Xudriy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Nabiy sallollohu alayhi vasallam zuho namozini (ba’zi kunlar) shunday (uzluksiz) o‘qir edilarki, biz hatto, endi bu namozni hargiz tark qilmaydilar, derdik. Ba’zan esa shunday o‘qimay tashlab qo‘yar edilarki, biz hatto, endi bu namozni hargiz o‘qimaydilar, derdik” (Imom Termiziy, Imom Ahmad rivoyati).

 

RASULULLOH SOLLALLOHU ALAYHI VA SALLAM ZUHO NAMOZIDA QAYSI SURALARNI TILOVAT QILGANLAR?

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam zuho namozida “Shams” va “Zuho” suralarini o‘qir edilar. 

 

ZUHO NAMOZINING 5 FAZILATI

  1. Zuho namozi - eng afzal sadaqa.

Abu Zarr roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Har biringiz bo‘g‘in va suyaklar ustida tong ottirganingiz uchun bir sadaqa bor. Har bir tasbehingiz – sadaqa. Har bir tamhid (Alhamdulillah) – sadaqa, har bir tahlil (La ilaha illalloh) – sadaqa, har bir takbir – sadaqa, yaxshilikka buyurishingiz – sadaqa, yomonlikdan qaytarishingiz – sadaqa. Endi bularning hammasi uchun ikki rakat zuho namoz o‘qishingiz kifoya qiladi”, dedilar (Imom Muslim rivoyati).

 

  1. Zuho namozi - Jannatdan uy.

“Kim ikki rakat zuho namozi o‘qisa, g‘ofillardan deb yozilmaydi. Kim to‘rt rakat zuho namozi o‘qisa, qanoatlilardan deb yoziladi. Kim olti rakat zuho namozi o‘qisa, u o‘sha kun uchun unga kifoya qiladi. Kim sakkiz rakat zuho namozi o‘qisa, Alloh taolo uni obidlardan deb yozib qo‘yadi. Kim o‘n ikki rakat zuho namozi o‘qisa, u odam uchun Alloh jannatda bir uy barpo qiladi”.

 

  1. Zuho namozi – Rasuli akram sollallohu alayhi vasallamning vasiyatlari.

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Menga Xalilim sollallohu alayhi vasallam uch narsani vasiyat qilganlar: har oyda uch kun ro‘za tutmoqni; ikki rakat choshgoh–zuho namoz va uxlashimdan oldin vitr o‘qimog‘imni” (Imom Buxoriy, Imom Muslim, Imom Nasoiy rivoyati).

  1. Zuho namozi – Haj va umra savobiga ega bo‘lish.

Muoz ibn Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kim bomdodni jamoat bilan o‘qisa, so‘ngra quyosh chiqqunicha Allohni zikr qilib o‘tirsa, keyin ikki rakat namoz o‘qisa, uning uchun haj va umraning ajri to‘liq, to‘liq, to‘liq beriladi”, dedilar (Imom Termiziy rivoyati).

 

  1. Zuho namozi – boy bo‘lishga sabab.

Umar ibn Xattob roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Najdga qo‘shin jo‘natdilar. Ular Najddan ko‘plab o‘ljalarni qo‘lga kiritib, tez qaytishdi. Qo‘shin bilan Najdga bormagan bir kishi: “Bundan oldin oz muddat ichida katta o‘ljani qo‘lga kiritib qaytgan to‘dani ko‘rmadik”, dedi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Sizlarga oz muddat ichida bulardan ham ko‘proq boylikni qo‘lga kiritib qaytgan qavmning xabarini beraymi? Ular bomdod namozini jamoat bilan o‘qib, quyosh chiqqunga qadar Allohni zikr qilib o‘tirgan, so‘ng ortga qaytgan qavm. Ana o‘shalar tez va katta o‘lja bilan qaytgan qavmdirlar”, dedilar.

 

Davron NURMUHAMMAD

tayyorladi

Maqolalar
Boshqa maqolalar

Farzand tarbiyasiga oid 6 oyat

9.01.2025   1447   2 min.
Farzand tarbiyasiga oid 6 oyat

Luqmoni Hakim o‘z o‘g‘illariga qilgan nasihatlari Qur’oni karimda keltiriladi.


Nasihatning eng birinchisi – shikrdan qaytarish.

“Ey, o‘g‘ilcham! Allohga shirk keltirmagin! Chunki shirk ulkan zulmdir” (Luqmon surasi, 13-oyat).

Shirk eng og‘ir zulm, eng qabih jaholat va eng katta gunoh sanaladi.


Nasihatning ikkinchisi – ota-onaning haqqini ado etish.

“Agar ular (ya’ni ota-onang) seni o‘zing bilmagan narsalarni Menga sherik qilishga zo‘rlasalar, u holda ularga itoat etma! Ularga (garchi kofir bo‘lsalarda) dunyoda yaxshi muomalada bo‘lgin” (Luqmon surasi, 15-oyat).

Ota-ona hatto mushrik bo‘lsalar-da, ularga qo‘pol munosabatda bo‘lmaslik talab etiladi.


Nasihatning uchinchisi – Alloh oshkor maxfiy har bir narsa bilib turuvchi Zot.

“Ey, o‘g‘ilcham! Shubha yo‘qki, agar xantal (o‘simligining) urug‘idek (yaxshi yoki yomon amal qilinadigan) bo‘lsa, bas, u (amal) biror xarsang tosh ichida yo osmonlarda yoki yer ostida bo‘lsa, o‘shani ham Alloh keltirur. Zero, Alloh lutfli va ogoh zotdir” (Luqmon surasi, 16-oyat).


Nasihatning to‘rtinchisi – namoz, amri ma’ruf, nahyi munkar va sabr.

“Ey, o‘g‘ilcham! Namozni barkamol ado et, yaxshilikka buyur va yomonlikdan qaytar hamda o‘zingga yetgan (balolar)ga sabr qil!...” (Luqmon surasi, 17-oyat).


Nasihatning beshinchisi – ochiq yuzli, shirin so‘zli, tavoze’li bo‘lish, kibrlanmaslik.

“Odamlarga (kibrlanib) yuzingni burishtirmagin va yerda kerilib yurmagin! Chunki Alloh barcha kibrli, maqtanchoq kimsalarni suymas” (Luqmon surasi, 18-oyat).


Nasihatning oltinchisi – baqir-chaqir qilmaslik.

(Yurganingda) o‘rtahol yurgin va ovozingni past qilgin! Chunki ovozlarning eng yoqimsizi eshaklar ovozidir(Luqmon surasi, 19-oyat).

 

Davron NURMUHAMMAD