frontend\widgets\header\Header: Attempt to read property "fajr" on null

Bu yil Ramazon bayramini qanday nishonlaymiz, Hayit namozi o‘qiladimi?

22.05.2020   4959   4 min.
Bu yil Ramazon bayramini qanday nishonlaymiz, Hayit namozi o‘qiladimi?
Bu yilgi oylar sultoni – Ramazon har qachongidan ham o‘zgacha kechdi. Koronavirus infeksiyasi tufayli joriy etilgan karantin sabab bu yil Ramazon oyida yurtimizning barcha mo‘min-musulmonlari uylarida oila a’zolari bilan birgalikda tarovih namozlarini o‘qib, Qur’oni karimni xatm qilishdi.
 
Ramazon oyi ham poyoniga yetib qoldi. Kuni kecha O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Ramazon hayitini nishonlash to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. Ushbu hujjatga binoan Ramazon hayiti yurtimizda joriy yil 24 may kuni nishonlanadi.
 
Ayni paytda barcha mo‘min-musulmonlarni “Ramazon hayitini qanday nishonlaymiz? Hayit namozi o‘qiladimi?” kabi savollar o‘ylantirayotgani tabiiy.
 
Qolaversa, kecha ayrim mahalliy saytlarda Saudiya Arabistoni Ulamolari Kengashi raisi va Ilmiy tadqiqotlar boshqarmasi boshlig‘i muftiy Abdulaziz Shayxning bu yilgi Ramazon hayiti namozini uyda o‘qishga ruxsat bergani to‘g‘risida e’lon qilingan fatvosi haqida xabarlar tarqaldi.
 
Xo‘sh, mamlakatimizda ham Abdulaziz Shayxning fatvosiga rioya qilinadi?
 
Avvalo, ta’kidlash joizki, yurtimizda hanafiy mazhabiga qat’iy rioya qilinadi. Saudiya arabistoniliklar esa hanbaliy mazhabini tutishgan. Shu bois, o‘quvchiga tushunarli bo‘lishi uchun bu masalaga oydinlik kiritishni lozim topdik.
 
Xabaringiz bor, bugun O‘zbekiston musulmonlari idorasi Ulamolar Kengashining 2020 yil Ramazon hayitini nishonlash to‘g‘risidagi Bayonoti e’lon qilindi.
 
Unga ko‘ra, masjidlarda karantin davrida vaqtincha jamoat namozlari to‘xtatilgani inobatga olinib, Ramazon hayiti namozini o‘qish mo‘min-musulmonlarning zimmasidan soqit bo‘lgani qayd etilgan. Yurtdoshlarimizga hayit kuni quyosh terak bo‘yi ko‘tarilgandan keyin o‘z xonadonlarida to‘rt rakatli nafl namozi o‘qishlari tavsiya etiladi.
 
Bilasiz, dinimizda ham bir narsa dalil-hujjatga asoslanadi. Hanafiy mazhabimizga ko‘ra, hayit namozini biror uzr sababli masjidda katta jamoat bilan ado etish imkoni bo‘lmasa, uni uyda alohida jamoat bilan o‘qish joiz emas.
 
Mazhabimizning mo‘tabar fiqhiy manbai bo‘lgan “Bahrur roiq” asarida bunday deyiladi: “Imom bilan birga iyd namozini ado etish imkoni bo‘lmasa, u qazo qilinmaydi. Chunki shariatimizda iyd namozini ma’lum shartlarga ko‘ra o‘qish ma’lum bo‘lib, yolg‘iz o‘quvchi kishi uchun ushbu shartlar mukammal bo‘lmaydi”.
 
Hayit namozi durust bo‘lishi uchun hayit namozi o‘qilishiga umumiy ruxsat (izni omma) bo‘lishi va hayit namozini odamlarga muftiy tomondan tayinlangan kishi o‘qib berishi kerak. Hayit namozi uyda o‘qilganda mana shu shartlar topilmaydi. Buning natijasida namoz durust bo‘lmaydi. Bu haqda Ibn Obidin rahimahulloh bunday deydilar: “Umumiy ruxsat – jome masjidi ochilib, odamlar kirishiga ruxsat bo‘lishidir. Hatto, agar masjidda bir jamoat yig‘ilib, eshikni yopib olib juma (yoki hayit) namozini o‘qisalar, namozlari durust bo‘lmaydi” (“Raddul muhtor” kitobi).
 
“Majma’ul anhur” kitobida yozilishicha: “Hayit namozi Zuho namozi o‘rniga qo‘yilgan. Hayit namozi biror uzr sababli o‘qilmay qolsa, ikki yoki to‘rt rakat nafl namoz o‘qish mustahab bo‘ladi. To‘rt rakat o‘qigan afzal”.
 
Demak, biz bu yil koronavirus infeksiyasi tufayli joriy etilgan karantin sababli uylarimizda hayit namozi o‘rniga nafl namoz o‘qiymiz.
 
Fursatdan foydalanib, barcha yurtdoshlarimizni Ramazon hayiti munosabati bilan samimiy muborakbod etamiz. Barchamiz uyda, oila davrasida qolib, karantin qoidalariga qat’iy rioya qilgan holda bayramni nishonlaymiz. Zero, dinimizda zararni daf qilish foydani jalb qilishdan oldinga qo‘yiladi.
 
 
Nuriddin XOLIQNAZAROV,
 
Toshkent shahar bosh imom-xatibi
 
Maqolalar
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Ilmiy-amaliy anjuman doirasida bir guruh ustoz va xodimlar munosib taqdirlandi

21.08.2026   2311   1 min.
Ilmiy-amaliy anjuman doirasida bir guruh ustoz va xodimlar munosib taqdirlandi

O‘zbekiston musulmonlari idorasi tomonidan tashkil etilgan «Zamonaviy diniy ta’lim: pedagogika, ilm-ma’rifat va innovatsiya» mavzusidagi I ilmiy-amaliy anjumani doirasida sohada alohida o‘rnak ko‘rsatgan ustozlarni taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.

Anjumanda Davlatimiz Rahbari tashabbuslari bilan har jabhada amalga oshirilayotgan islohotlar qatorida ilm-fanni taraqqiy ettirish, ajdodlar merosini o‘rganish, diniy ta’limni rivojlantirish va sohaga ko‘rsatilayotgan yuksak e’tibordan mamnunlik kayfiyati hukm surdi.

Diniy idora tasarrufidagi oliy va o‘rta maxsus diniy ta’lim muassasalarida samarali faoliyat yuritib, yoshlarga ta’lim-tarbiya berish, soha rivojiga munosib hissa qo‘shish hamda dinimizning sofligini asrash yo‘lida fidokorona mehnat qilayotgan bir guruh pedagog va mudarrislar mehnati munosib e’tirof etildi.

Tadbir davomida sohadagi fidokorona va samarali mehnatlari uchun quyidagi ustoz va pedagoglar Faxriy yorliq hamda Umra yo‘llanmalari bilan mukofotlandi:

  • Rahmatulla Umarov — Sayyid Muhyiddin maxdum o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi o‘qituvchisi.
  • Maxtumquli Toshqulov — Xoja Buxoriy o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi o‘qituvchisi.
  • Azimxon Abdullayev — Hidoya o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi o‘qituvchisi.
  • Abdulbosit Rahimov — Mir Arab o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi o‘qituvchisi.

Shuningdek, anjuman doirasida diniy ta’lim tizimida namunali rahbarlik qilgan, fidokorona pedagogik va ilmiy-faoliyat olib borgan,ta’lim muassasalarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, to‘garaklarni samarali tashkil etishdagi alohida xizmatlari uchun yana 15 nafar rahbar va o‘qituvchilar O‘zbekiston musulmonlari idorasining Faxriy yorliqlari hamda esdalik sovg‘alari — televizor, noutbuk va planshetlar bilan taqdirlandi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi jamoasi taqdirlangan barcha ustoz va xodimlarni ushbu yuksak e’tirof bilan samimiy muborakbod etib, ularning kelgusi ilmiy va pedagogik faoliyatlarida ulkan zafarlar tilaydi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari