Sayt test holatida ishlamoqda!
21 Iyul, 2025   |   26 Muharram, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:30
Quyosh
05:08
Peshin
12:34
Asr
17:38
Shom
19:55
Xufton
21:25
Bismillah
21 Iyul, 2025, 26 Muharram, 1447

Uyda oila a’zolar bilan hayit namozini o‘qish mumkinmi?

22.05.2020   4501   4 min.
Uyda oila a’zolar bilan hayit namozini o‘qish mumkinmi?

400-CAVOL: Bugungi kunda butun dunyoda pandemiya sharoiti, yurtimizda ham karantin e’lon qilingan. Mana shunday vaziyatda hayit namoz o‘qiladimi? Agar bunga ruxsat berilmasa, uyda oila a’zolar bilan birga hayit namozini o‘qish mumkinmi?

JAVOB: Bismillahir Rohmanir Rohim. Hanafiy mazhabimiz bo‘yicha hayit namozini biror uzr sababli masjidda katta jamoat bilan ado etish imkoni bo‘lmaganda uni uyda alohida jamoat bilan o‘qish joiz emas. Bu haqda ulamolarimiz alohida ta’kidlab o‘tishgan. Jumladan hanafiy mazhabining mo‘tabar fiqhiy manbai “Bahrur roiq” kitobda shunday deyiladi: 


(ولم تقضَ إن فاتت مع الإمام): لأن الصلاة بهذه الصفة لم تعرف قربة إلا بشرائط لا تتم بالمنفرد

ya’ni: “Imom bilan birga iyd namozini ado etish imkoni bo‘lmasa uni qazo qilinmaydi. Chunki shariatimizda iyd namozini ma’lum shartlarga ko‘ra o‘qish ma’lum bo‘lib, yolg‘iz o‘quvchi kishi uchun ushbu shartlar mukammal bo‘lmaydi”
Hayit namozi durust bo‘lishi uchun hayit namozini o‘qilishiga umumiy ruxsat (izni omma) bo‘lishi va hayit namozini odamlarga muftiy tomondan tayinlangan kishi o‘qib berishi kerak. Hayit namozini uyda o‘qilganda mana shu shartlar topilmaydi, natijada namoz durust bo‘lmaydi. Bu haqida Ibn Obidin rahimahulloh shunday deydilar:


الْإِذْنُ الْعَامُّ وَهُوَ أَنْ تُفْتَحَ أَبْوَابُ الْجَامِعِ وَيُؤْذَنَ لِلنَّاسِ، حَتَّى لَوْ اجْتَمَعَتْ جَمَاعَةٌ فِي الْجَامِعِ وَأَغْلَقُوا الْأَبْوَابَ وَجَمَعُوا لَمْ يَجُزْ

ya’ni: “Umumiy ruxsat – jome’ masjidi ochilib, odamlar kirishiga ruxsat bo‘lishidir. Hatto, agar masjidda bir jamoat yig‘ilib, eshikni yopib olib juma (yoki hayit) namozini o‘qisalar, namozlari durust bo‘lmaydi” (“Raddul muhtor” kitobi).
Bundan umumiy ruxsat bo‘lmaganda, hatto bir jamoat masjidga kirib, o‘zlaricha juma yoki hayit namozlarini o‘qisalar ham, namozlari durust bo‘lmasligi ma’lum bo‘lmoqda.

Ayni paytda aksar musulmon yurtlarining xalqaro va mahalliy fatvo uyushmalari, ulamolari mo‘min-musulmonlarning jonlarini omon saqlash uchun masjidlarda yig‘ilmaslik, xavf o‘tib ketguncha ibodatlarni uyda ado etib turish qaroriga kelishgan. Bunga yetarlicha asos borligini va masala jiddiy ekanligini eslatishgan. Jumladan, Germaniya fatvo qo‘mitasi raisi doktor Xolid hanafiy alohida fatvo e’lon qilib, unda pandemiya paytida iyd namozini uyda o‘qib bo‘lmasligini alohida ta’kidlagan. Shuningdek, Iordaniya, Pokiston, Hindistonlik ulamolar ham ushbu fatvoni qo‘llab-quvvatlashgan.

? Shuni ham eslatib o‘tish lozimki, vaziyat taqazosidan kelib chiqib, hayit namozi ado qilinmasa ham, bayram shukuhini saqlab qolish uchun Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallamning bir sunnatlarini tiriltirish maqsadga muvofiqdir. Abu Sa’id raziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda shunday deyiladi:

 

كَانَ رَسُولُ اَللَّهِ صلى الله عليه وسلم لَا يُصَلِّي قَبْلَ الْعِيدِ شَيْئًا، فَإِذَا رَجَعَ إِلَى مَنْزِلِهِ صَلَّى رَكْعَتَيْنِ
(رَوَاهُ اِبْنُ مَاجَهْ بِإِسْنَادٍ حَسَنٍ)

 

ya’ni: “Rasululloh sallallohu alayhi vasallam iyd namozidan avval nafl namoz o‘qimasdilar. Qachon uylariga qaytsalar ikki rakat namoz o‘qirdilar” (Imom Ibn Moja rivoyatlari).

Mo‘tabar hanafiy fiqhiy manbalaridan biri “Majma’ul anhur” kitobida shunday deyiladi:


اعْلَمْ أَنَّ صَلَاةَ الْعِيدِ قَائِمَةٌ مَقَامَ الضُّحَى فَإِذَا فَاتَتْ بِعُذْرٍ يُسْتَحَبُّ أَنْ يُصَلِّيَ رَكْعَتَيْنِ أَوْ أَرْبَعًا وَهُوَ أَفْضَلُ

ya’ni: “Ma’lum bo‘lsinki, hayit namozi Zuho namozining o‘rniga qo‘yilgan. Qachonki, hayit namozi biror uzr sababli o‘qilmay qolsa, ikki yoki to‘rt rakat nafl namoz o‘qish mustahab bo‘ladi. To‘rt rakat o‘qigan afzal”.

Xulosa o‘rnida aytamizki, hozirgi sharoitda hammamiz ittifoq bo‘lib, shariatimiz ko‘rsatmalariga amal qilishimiz, Alloh taoloning sinov-imtihonlaridan go‘zal suratda o‘tishga harakat qilishimiz lozimdir. Vallohu a’lam.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo hay’ati. @diniysavollar

Maqolalar
Boshqa maqolalar

Yarimta olma haqqi

21.07.2025   1220   2 min.
Yarimta olma haqqi

Bismillahir Rohmanir Rohiym

Sobit ibn Ibrohim tahorat ola turib ariqda oqib kelayotgan bir olmaga ko‘zi tushadi va olmani olib yeydi. Olmaning yarmini yeb bo‘lganida, uning haqqi haqida o‘ylab qoladi. Shu xayolda Sobit ibn Ibrohim ariq chetidan yurib olma oqib chiqqan bog‘ga kiradi va bog‘ egasiga:

– Yeb qo‘ygan yarimta olmam uchun haqqingizni halol eting. Qolgan yarmi mana, oling, – deydi.

– Mayli, haqqimni halol etaman, faqat bir shartim bor, – deydi bog‘ egasi yigitning halol, taqvoli ekanini anglab.

– Shartingizni ayting, – deydi Sobit ibn Ibrohim.

Shunda bog‘ egasi:

– Bir qizim bor, uni nikohingga olasan. Lekin rozi bo‘lishingdan avval uning holatidan seni ogoh etishim lozim. Qizimning ko‘zi ojiz, hech narsani ko‘rmaydi, soqov – gapirmaydi va yana qulog‘i eshitmaydi – kar, qimirlamaydi – shol, – deydi.

Bog‘ egasining gaplarini eshitgan Sobit ibn Ibrohim lol bo‘lib qoladi. Yeb qo‘ygan yarimta olmaning haqqidan qo‘rqib, qizga uylanishga rozi bo‘ladi va:

– Mayli, taklifingizni qabul qildim, zora shu bilan Allohning roziligiga erishsam, – deydi.

Ota qiziga oq fotiha beradi. To‘y-tomoshalar o‘tgach, Sobit ibn Ibrohim salom berganicha qizning yoniga kiradi. Qiz salomga alik qaytargancha qo‘li ko‘ksida qulluq qiladi.

Yigit bo‘layotgan ishlardan hayratlanadi: Bu juda g‘alati-ku, soqov emas ekan-da, salomimga javob berdi. Tik turibdi, demak shol ham emas. Qo‘li ko‘ksida, bundan chiqdi ko‘zlari ham ko‘radi”.

Yigit shoshgancha tashqariga chiqadi va qizning otasiga: “Bu menga va’da qilingan qiz emas-ku, ko‘r, soqov, kar va shol deganingizning boisi ne?!” – deydi.

“Nega endi?” – izoh beradi qizning otasi: “Bu o‘sha qiz. Ko‘zi ojiz deganim – uning ko‘zlari Alloh harom qilgan narsaga boqmagan, qulog‘ining karligi – Alloh harom qilgan narsalarga quloq tutmagan, soqovligi ham rost, chunki tili Allohning zikrigagina aylangan, sholligi – yomon ishga yurmagan”.

Sobit ibn Ibrohim birovning haqqidan qo‘rqqanligi evaziga oliy mukofotga erishadi. Vaqt o‘tishi bilan uning ayoli yer yuzini ilm va fiqhga to‘ldirajak bir zotga, buyuk Imom Abu Hanifaga homilador bo‘ladi.