Aziz yurtdoshlar, O‘zbekiston musulmonlari idorasi Ulamolar Kengashi nomidan Siz azizlarni mehr-oqibat, ezgulik va saxovat ayyomi bo‘lgan Ramazon hayiti bilan samimiy muborakbod etamiz.
Har yili butun dunyo mo‘min-musulmonlari qatori yurtdoshlarimiz Iydul fitrni ko‘tarinki kayfiyat, o‘zgacha shukuh, alohida tayyorgarlik va katta xursandchilik ila nishonlaydilar.
Ramazon oyi davomida ado etilgan ibodatlar, ezgu amallar va mehr-saxovat ishlari evaziga mo‘min-musulmonlar juda katta ajr-savoblarga erishadilar, insha Alloh.
Ramazon oyida Alloh taolo farz qilgan ro‘za tutilib, diyorimiz bo‘ylab xatmi Qur’onlar qilindi. Yordamga muhtoj kishilar va kam ta’minlangan oilalarga xayru saxovatlar qilindi.
Barchaga ma’lumki, bugungi kunda butun dunyo bo‘ylab, jumladan, yurtimizda ham koronavirus kasalligi keng tarqaldi. Hozir insoniyat murakkab davrni boshidan kechirmoqda. Yurtimizda epidemiologik vaziyatni jilovlash, aholi salomatligini har tomonlama himoya qilish uchun barcha choralar ko‘rilmoqda. Yurtimizda bu kasallik keng tarqalishining oldini olish maqsadida karantin va bir qator cheklovlar joriy etildi.
Qat’iy karantin choralarini qo‘llash bilan mamlakatda kasallikning qayd etilgan holatlariga nisbatan ham, kunlik yangi holatlar ham past darajada saqlanib turibdi. Yurtimiz ushbu ofatdan ortiqcha talafotlarsiz chiqishga erishmoqda va vaziyat barqarorlashgani sari karantin choralari sekin-asta yumshatilmoqda. Lekin, butun dunyoning ko‘plab mamlakatlarida yangi turdagi koronavirus pandemiyasi bilan bog‘liq vaziyat keskinligicha qolmoqda.
Bayon etilganlardan kelib chiqib, 2020 yilgi Ramazon hayiti (Iydul fitr) namozini pandemiya davrida jamoat bo‘lib o‘qish imkoniyati mavjud emasligi, mo‘min-musulmonlarning zimmasidan ushbu ibodatni soqit qiladi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Ulamolar Kengashining koronavirus infeksiyasi tarqalishining oldini olish bo‘yicha fatvosi va Ramazon oyini o‘tkazish haqidagi bayonotida qayd etilganidek, epidemiologik vaziyatni inobatga olgan holda juma namozi o‘rniga uyda peshin namozini, besh vaqt namoz va Ramazon oyidagi tarovih namozini uyda o‘qish haqidagi tavsiyalar ayni Ramazon hayiti namoziga ham tegishlidir.
Ramazon hayiti kunlari epidemik holat mavjudligi va odamlarning hayotiga xavf saqlanib qolishi sababli juma va boshqa namozlar kabi Iyd namozini ham jamoat bo‘lib o‘qishning iloji bo‘lmaydi.
Bunday vaziyatda quyidagi oyat, hadis va shar’iy qoidalarda ko‘rsatilgan tavsiyalarga amal qilishga buyuriladi. Alloh taolo Qur’oni karimda shunday xitob qiladi:
وَلَا تُلْقُوا بِأَيْدِيكُمْ إِلَى التَّهْلُكَةِ
ya’ni: “O‘zingizni halokatga duchor qilmang” (Baqara surasi, 195-oyat).
Abu Sa’id Xuduriy raziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Hazrati Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam:
لا ضرر ولا ضرار
ya’ni: “Zarar berish va zarar ko‘rish ham yo‘q” deganlar.
Mo‘tabar fiqhiy kitoblarimizda:
درء المفاسد مقدم على جلب المصالح
ya’ni: “Zararni daf qilish foydani jalb qilishdan oldinga qo‘yiladi”, degan qoida bor.
Yuqoridagi bayon etilganlardan kelib chiqib, shariat insonga zarar yetish ehtimoli kuchaygan paytda ibodatlarni yengil tarzda bajarishga ruxsat beradi yoki butunlay zimmadan soqit qiladi. Iyd namozi vojib amal bo‘lgani bois bugungiday uzrli holatlarda hayit namozi ado etish soqit bo‘ladi.
Mavjud vaziyat taqozosidan kelib chiqib, Ramazon hayiti namozi ado qilinmasa ham bayram kayfiyatini saqlab qolish uchun Hazrati Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallamning bir sunnatlarini hayotga joriy etish maqsadga muvofiqdir. Abu Sa’id raziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
لَا يُصَلِّي قَبْلَ اَلْعِيدِ شَيْئًا, فَإِذَا رَجَعَ إِلَى مَنْزِلِهِ صَلَّى رَكْعَتَيْنِ
ya’ni: “Rasululloh sallallohu alayhi vasallam Iyd namozidan avval nafl namoz o‘qimasdilar. Qachon uylariga qaytsalar ikki rakat namoz o‘qirdilar” (Imom Ibn Moja rivoyati).
Hanafiy mazhabining mo‘tabar fiqhiy manbalaridan biri bo‘lmish “Majma’ul anhur” kitobida shunday deyiladi:
اعْلَمْ أَنَّ صَلَاةَ الْعِيدِ قَائِمَةٌ مَقَامَ الضُّحَى فَإِذَا فَاتَتْ بِعُذْرٍ يُسْتَحَبُّ
أَنْ يُصَلِّيَ رَكْعَتَيْنِ أَوْ أَرْبَعًا وَهُوَ أَفْضَلُ
ya’ni: “Ma’lum bo‘lsinki, hayit namozi Zuho (choshgoh) namozining o‘rniga qo‘yilgan. Qachonki, hayit namozi biror uzr sababli o‘qilmay qolsa, ikki yoki to‘rt rakat nafl namoz o‘qish mustahab bo‘ladi. To‘rt rakat o‘qigan afzal”.
Bayon etilgan shar’iy dalil va hujjatlardan kelib chiqib, O‘zbekiston musulmonlari idorasi Ulamolar Kengashi karantin sharotida Ramazon hayitini nishonlash bo‘yicha quyidagi tavsiyalarni taqdim etadi:
Aziz yurtdoshlar, Allohning rahmati va barakoti yog‘ilib turgan ushbu damda, qalbimiz yumshab, ixlosimiz ortib turgan lahzalarda duo qilaylik. Xalqimizni, jonajon Vatanimizni ofatu kulfatlardan, baloyu qazolardan O‘zi saqlab, hayotimizni bundan-da farovon qilsin.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Ulamolar Kengashi,
2020 yil 21 may, Toshkent shahri
Bugun Jizzax viloyatida ushbu muborak oyning fayzu barakasi yaqqol sezilmoqda. Vohadagi 170 ta masjidda taraveh namozlari muntazam ado etilmoqda. Ularning 124 tasida 208 nafar qori tomonidan xatmi Qur’on qilinmoqda. Bu raqamlar — quruq statistika emas, balki yuzlab qalblarning Qur’on nuridan bahramand bo‘layotganining amaliy ifodasidir.
Taraveh namozlari viloyatdagi barcha masjidlarda bir xil vaqtda — soat 20:30 da boshlanmoqda. Bu tartib va intizom ibodatda hamjihatlikni ta’minlab, jamoatni yagona maqsad atrofida birlashtirmoqda. Islom manbalarida ta’kidlanganidek, taraveh namozi Ramazon oyiga xos sunnat amallardan hisoblanadi va asrlar davomida musulmon ummati tomonidan ado etib kelinmoqda.
Taraveh namozlari 27 kun davomida o‘qilib, Laylatul qadr kechasi bilan yakunlanadi. Laylatul qadr — Qur’on nozil bo‘la boshlagan, ming oydan yaxshiroq deb vasf etilgan muborak kechadir. Ushbu muborak tun arafasida xatmi Qur’on qilish yurtdoshlarimiz uchun ulkan ma’naviy yutuq, qalblar uchun beqiyos ziyo manbaidir.
O‘zbekiston Musulmonlar idorasining Jizzax viloyatidagi vakili, viloyat bosh imom-xatibi Mehmonxon Jabborov ta’kidlaganidek:
— Alloh kechirguvchi va Ul zot kechirimlilarni yaxshi ko‘radi. Ramazon — nafaqat ro‘za tutib, gunohlardan tiyilish, balki bir-birimizni kechirish, kimnidir ranjitgan bo‘lsak, uzr so‘rash oyidir.
Darhaqiqat, bu oy insonni nafs bilan kurashga, bag‘rikenglikka, mehr-oqibatga chorlaydi. Masjidlardagi ma’rifiy suhbatlar, Qur’on tilovati va jamoat ibodati — barchasi jamiyat ma’naviyatini yuksaltirishga xizmat qilmoqda.
Ayni paytda imom-xatiblar homiylar ko‘magida ehtiyojmand va kam ta’minlangan oilalar holidan xabar olib, ularning uylarida iftorliklar tashkil etmoqdalar. Turli oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetkazib berilishi Ramazonning saxovat va hamdardlik ruhini yanada mustahkamlamoqda. Bu ishlar «Inson qadri uchun» tamoyilining amaliy ifodasidir.
Masjid — faqat ibodat joyi emas, balki ma’rifat, tarbiya va hamjihatlik maskani. Ramazon oyida bu maskanlar yanada fayzli, yanada gavjum bo‘ladi. Qur’on sadosi ostida inson o‘z qalbini tinglaydi, xatolarini anglaydi, ezgulikka intiladi.
Jizzaxdagi bu manzara — yurtimizda diniy-ma’rifiy hayot barqaror va izchil rivojlanayotganining yorqin ifodasidir. Tartib-intizom, jamoatchilik birdamligi va saxovatpeshalik — barchasi Ramazonning mazmun-mohiyatiga mos tarzda namoyon bo‘lmoqda.
Ramazon — kechirim oyi;
Ramazon — birdamlik oyi;
Ramazon — qalblarni nurga to‘ldirish oyi.
Jizzaxda esa bu nur 170 masjiddan taralib, minglab xonadonlarga ziyo baxsh etmoqda.
A. Qayumov, J. Yorbekov (surat), O‘zA