Baxtli, saodatli yashash, chinakam ma’mur hayot kechirish – har bir inson orzusi. Dunyoda baxtu saodatni, ma’murchilik va farovonlikni o‘lchaydigan mezonlar ko‘p, omillar bisyor. Lekin shunday ne’matlar borki, ularsiz hayotimiz rangsiz, turmushimiz huzur-halovatsiz bo‘lib qoladi.
Xo‘sh, bu ne’matlar qaysilari?
Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: “Ikki ne’mat borki, ko‘pchilik insonlar uning qadriga yetmaydilar. Ular – sihat-salomatlik va xotirjamlikdir”, – dedilar” (Imom Buxoriy rivoyatlari).
Boshqa bir hadisi sharifda: “Kimki o‘z uyida tinchlikda, tani sog‘lom, bir kunga yetadigan taomi bor holda tong ottirsa, unga butun dunyo ne’matlari to‘lig‘icha berilgandek bo‘libdi”, – deyilgan (Imom Buxoriy rivoyatlari).
Nega hadisi sharifda har kuni, har doim muhtoj bo‘ladiganimiz uch ne’mat: sog‘liq, tinchlik va qut-barakaga urg‘u berildi?
Chunki bu ne’matlar bo‘lmasa, turmush izdan chiqadi, yashash qiyinlashadi. Uzoqqa bormaylik, bugungi dunyoning manzarasidan xulosa chiqarib olaylik. Birgina ko‘zga ko‘rinmas o‘lat barchaning halovatini o‘g‘irladi, hammaning tinchini buzdi. Shunday emasmi?
I
Bir kuni payg‘ambarlarning otasi, bobomiz Ibrohim alayhissalom so‘radilar:
– Yo Parvardigori olam! Dard kimdan?
Alloh taolo:
– Mendan, – dedi.
Ibrohim alayhissalom yana so‘radilar:
– Davo kimdan?
Alloh taolo yana:
– Mendan, – dedi.
Shunda Ibrohim alayhissalom:
– Unda tabibga ne hojat? – dedilar.
Alloh taolo:
– Tabib – qo‘liga davo yuborilgan kishidir, – deb marhamat qildi.
Janobi Payg‘ambarimizning aytgan muborak so‘zlaridan oladigan xulosamiz – qaysi bir dard-kasallikni Alloh taolo yuborgan bo‘lsa, demak, uning shifosini ham yuborgan. Shifosi esa – tabib, shifokorlarning qo‘llarida.
Yaqin-yaqingacha ayrim nodonlar yurtimiz shifokorlariga qo‘l ko‘tarishganini oynai jahon orqali ko‘rib, ranjidik. Vaholonki, bugun koronavirusga chalingan yurtdoshlarimizdan (20 may holatiga ko‘ra) 2372 nafarining sog‘ayishida shifokorlarimizning xizmati beqiyos katta ekaniga barchamiz guvoh bo‘lib turibmiz. Ikki hafta mobaynida oilasi bag‘ridan ajralib, xalq xizmatiga kamarbasta bo‘lgan shifokorlarimizni avvalgi maqolalarimizda zamonamiz qahramonlariga mengzagan edik.
Sharqu g‘arb olimlari tan olgan, XXI asrning nanotexnologiya zamonasida ham asarlarini butun dunyo xalqlari boshga ko‘tarayotgan, jahonning oliy tibbiyot muassasalarida kitoblari hanuzgacha o‘qitib kelayotgan, Yer yuzining eng nufuzli tibbiyot akademiyalarida ilmiy ishlari o‘rganilib kelayotgan, yorug‘ olamdagi butun bir ulkan va jiddiy soha shu insonning ismlari bilan nomlangan Abu Ali ibn Sino aytadilar:
Tuzatib bo‘lmaydigan dard yo‘q,
Irodasizlik bor.
Shifobaxsh bo‘lmagan o‘simlik yo‘q,
Ilmsizlik bor.
Xudoi taolo barcha maxluqotu mavjudotlarini juft-juft qilib yaratgan. Illo, O‘zigina yakkayu yagona, yolg‘iz xolos! Hamma narsa juft-juft: quyosh-oy, yoz-qish, erkak-ayol, oq-qora, yer-osmon, jannat-do‘zax, o‘lim-hayot, savob-gunoh, kecha-kunduz va hokazo.
Demak, dardning ham jufti, ziddi bor ekan. Bu nima? Bu – davo! Har bir kasallikning ham jufti, ziddi bor ekan. Bu nima? Bu – shifo!
Modomiki, Alloh taolo har bir dardga – davo, har bir kasallikka – shifo yuboribdimi, endi sizu biz bandalarining ishi – shu davo va shifolarni izlab topish!
Imom Buxoriy va Imom Muslim asarlarida Abu Hurayra raziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisi sharifda Rasululloh alayhissalom aytdilar: “Alloh qanday kasallik tushirgan bo‘lsa, albatta, uning shifosini ham tushirgan“.
Ziyod ibn Alaqa raziyallohu anhu Usoma ibn Sherik raziyalloxu anhudan bunday rivoyatni keltiradi: “Men Rasulullohning huzurlarida edim. Bir a’robiy kelib:
– Yo, Rasululloh! Davolansak bo‘ladimi? – deb so‘radi.
Rasululloh alayhissalom:
– Ha, ey, Allohning bandalari! Davolaninglar! Chunki Alloh taolo qanday dardni yaratgan bo‘lsa, albatta, uning shifosini ham yaratgan. Lekin bitta dardning davosi yo‘q, – dedilar.
Sahobiylar:
– U qaysi dard? – deb so‘rashdi.
Rasululloh alayhis salom:
– Qarilik, – deb javob berdilar.
Yana bir hadisi shariflarida Janobi Payg‘ambarimiz Rasululloh alayhissalom aytdilar: “Har bir dardning davosi bor. Agar davo dardga yetib borsa, Alloh azza va jallaning izni bilan tuzaladi” (Imom Muslim rivoyatlari).
Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi va sallam ummatni sog‘lom jamiyat barpo etishga buyurganlar. Shu bilan birga, turli xastaliklardan saqlanishni so‘rab, Alloh taologa iltijo qilganlar. Mo‘min-musulmon kishi zamonaviy tibbiyotning imkoniyatlaridan foydalanib, Shofiy (shifo beruvchi) – Alloh taolodan turli kasalliklardan panoh so‘rashi zarur.
II
Tong sahar tinchlik-xotirjamlikda uyg‘onishning o‘zi bir ne’mat emasmi?! Bobo-buvi, ota-ona, aka-uka, farzandlar – oila davrasida nonushta qilishning fayzini nima bilan taqqoslash mumkin?! Ishga, o‘qishga otlanayotganda, oila ulug‘larining duosini olib ko‘chaga chiqishning barakotini hammamiz yaxshi bilamiz.
Tinchlik-omonlikda yashash – bu jon, mol, uy-joy, or-nomus xavfsizligiga ega bo‘lish demakdir. Ming-ming shukrlarki, yurtimizda bular barchasining xavfsizligi kafolatlangan.
Aslida, “Islom” so‘zi arab tilidan o‘zbek tiliga tarjima qilinganda “itoat va bo‘ysunish”, “ixlos va turli ofatlardan salomat bo‘lish” hamda “sulh va omonlik”, “tinchlik” degan ma’nolarni bildiradi. Bu dinni Payg‘ambarning o‘zlari tanlagan emaslar, balki uni Alloh taoloning O‘zi (!) ixtiyor etgan! Islom – bu Alloh yagona deb e’tiqod qilib, unga bo‘ysunmoqlik va butun qalb bilan unga ixlos qilmoqlik demakdir.
“Musulmon” degan so‘zning asli, negizi, o‘zagi “islom” so‘zi. Demak, har bir inson millati, yoshi, jinsi, dini, irqi, ijtimoiy holati, turarjoyidan qat’iy nazar, modomiki “men – alhamdulilloh, musulmonman!” deb, o‘zini musulmon hisoblasa, tinchlik uchun xizmat qilishi shart va zarur ekan! Aksincha, qiladigan ishi aytayotgan so‘ziga to‘g‘ri kelmas ekan! Xudoni O‘zi hammamizni asrasin!
“Qo‘shning tinch – sen tinch!”, “Yurting tinch – sen tinch!” deydi dono xalqimiz. Yurtimiz, qo‘shnimiz, oilamiz tinchligi-xotirjamligi uchun nechta odam xizmat qilmoqda? Ularning ikki-uch nafarini ko‘ra olsak, necha million nafarini hayolimizga ham keltira olmaymiz! Hatto tasavvur qilishga ham ojizmiz!
Dono xalqimiz “Birni ko‘rib – fikr qil, birni ko‘rib – shukr qil!” deb bejiz aytmagan. Televizorimiz pultining xohlagan tugmasini bosib, xohlagan telekanalga qo‘ysak, dunyoning necha minglab joylarida necha yuz minglab insonlar tinchlik (!) izlab, sarson-sargardon bo‘layotganiga guvohmiz...
Har qanday aqlli odam Vatanimiz tinchligi, sarhadlarimiz daxlsizligi, fuqarolarimiz farovonligi uchun son minglab o‘zimizning aka-ukalarimiz, opa-singillarimiz, o‘g‘il-qizlarimiz xizmat qilayotganini alohida e’tirof etadi va yuksak qadrlaydi.
Xulosa
Jannatmakon yurtimiz tinchligi, muqaddas Vatanimiz ravnaqi, dono xalqimiz salomatligi va farovonligi uchun har bir insonning qilayotgan xizmatlariga minnatdor bo‘lishimiz – ham burchimiz, ham farzimiz, ham qarzimizdir!
Kunlarning birida mashhur rassom dunyodagi eng go‘zal suratni chizishga qaror qiladi va sayohatga otlanadi. Bir qishloqdan o‘tayotib nuroniy otaxonga duch keladi va yoniga borib u kishidan: “Dunyodagi eng go‘zal narsa nima?” – deb so‘raydi. Otaxon hech ikkilanmay: “IMON!” – deb javob beradi.
So‘ngra bir guzar oldidan o‘tayotib, karnay-sunay sadolarini eshitadi va to‘planib turgan olomon oldiga borib kelindan: “Sizningcha, dunyodagi eng go‘zal narsa nima?” – deb so‘raydi.
Kelin kuyovning ko‘zlariga boqib: “Dunyodagi eng go‘zal narsa – SЕVGI!” – deydi.
Rassom yo‘lida davom etadi. Bepoyon dashtlar, tizma tog‘lar, yastanib yotgan qir-adirlardan o‘tib, sahroda bir to‘da askarni uchratadi va ulardan birini yoniga chorlab, yuqoridagi savolni beradi.
Askar: “Dunyodagi eng go‘zal narsa bu – TINCHLIK!” – deya javob beradi.
Rassom dunyodagi eng go‘zal narsalar – imon, sevgi va tinchlik bo‘lsa, bularning barchasini bir rasmda qanday ifodalayman, deya o‘ylay-o‘ylay uyiga qaytib keladi.
Uyiga kirishi bilan dunyoning eng go‘zal manzarasi qarshisida ekanini anglab yetadi: bolalarining ma’sum nigohlarida imon, ayolining ko‘zlarida sevgi, uyida esa tinchlik hukm surar, hammalarining tanlari sog‘-salomat edi.
Bulardan ilhom olgan rassom dunyodagi eng go‘zal narsani chizishga kirishadi va uni “Mening uyim”, deb nomlaydi.
Biz buni yanada kengroq tasavvur qilib, tabiiy lozim bo‘lgan IMON va SЕVGIdan tashqari, dunyodagi eng go‘zal narsa bu – TINCHLIK va SOG‘LIQ ekanini e’tirof etamiz. Imon, tinchlik, salomatlik ne’matlari jannatmakon yurtimizda, shukrki, barqaror! Demak, dunyodagi eng go‘zal diyor bu – imon, tinchlik, salomatlik barqaror bo‘lgan VATAN – O‘ZBЕKISTONIMIZDIR!
Ustozlarimiz aytadilar: “Hayotdan kishi olmasa ta’lim, o‘rgata olmas unga hech bir muallim”. Kundalik hayotimizda nihoyatda ehtiyot bo‘lishimiz lozim ekan. Yana bilib-bilmasdan Janobi Payg‘ambarimiz alayhis salomning: “Ikki ne’mat borki, ko‘pchilik insonlar uning qadriga yetmaydilar. Ular – sihat-salomatlik va xotirjamlikdir” degan muborak so‘zlariga qarshi bo‘lib qolmaylik!
Ibrohimjon INOMOV,
O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
«Jannat ahlidan bo‘lgan kishiga qarash kimni quvontirsa, Urva ibn Zubayrga qarasin»
Abdulmalik ibn Marvon.
Urva ibn Zubayr hazrati Umar roziyallohu anhuning xalifaliklaridan bir yil qolganida, musulmon oilalar orasida eng hurmatli va oliy maqom xonadonda tavallud topdi. Otalari Zubayr ibn Avvom (Alloh u kishidan rozi bo‘lsin) Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning fidoiy sahobalaridan, jannat bashorati berilgan o‘nta sahobaning biri edi. Onalari esa Asmo binti Abu Bakr «zun nitoqayn - ikki belbog‘ sohibasi» (Hijrat kuni belbog‘ini ikkiga bo‘lib, biri bilan Rasululloh sollallohu vasalamning yegulik idishlarini, boshqasi bilan suv idishlarini bog‘lagani uchun shunday sharafga erishgan) edi.
Ona tarafdan bobolari Abu Bakr Siddiq (Alloh u kishidan rozi bo‘lsin) Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning xalifalari va g‘ordagi hamrohlari bo‘lgan edi. Ota tarafdan momolari Sofiya binti Abdulmuttalib Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning ammalari va mo‘minlarning onasi Oisha roziyallohu anho u kishining xolasidir. Oisha onamiz (Alloh u kishidan rozi bo‘lsin) vafot etganlarida Urva ibn Zubayr o‘zlari qabrga tushib, lahadga qo‘ygan. Iymon sharafi va Islom izzatidan boshqa, mana shunday nasabdan ko‘ra oliy nasab va shunday sharafdan ko‘ra buyuk sharaf bormikin?
Ka’bai Muazzama oldida akalari va hamrohlari bilan yaxshi orzuga erishishni tanlash xayol qilinganda, Urva ibn Zubayr men Rabbimdan amal qiluvchi olim bo‘lishni orzu qilaman. Mendan odamlar Allohning Kitobini, Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning sunnatlarini va Islom dini ahkomlarini o‘rgansalar, dedi. Shu qilgan orzusini ro‘yobga chiqarish uchun Urva ibn Zubayr ilm tahsiliga bel bog‘lab, qattiq kirishdi.
Hayot bo‘lgan sahobalarni g‘animat bilib, ularning uylariga qatnab, orqalarida toat-ibodat qilib, ilm majlislarida doimiy ishtirok etdi. U Ali ibn Abu Tolib, Abdurrahmon ibn Avf, Zayd ibn Sobit, Abu Ayyub Ansoriy, Usoma ibn Zayd, Sa’id ibn Zayd, Abu Hurayra, Abdulloh ibn Abbos va No‘mon ibn Bashir (Alloh u kishilardan rozi bo‘lsin) dan hadislar rivoyat qildi. Aksar ilmini xolasi Oisha roziyallohu anhodan oldi va odamlar ularga din ishlarida suyanadigan, solih hokimlar esa o‘zlari mas’ul bo‘lgan xalqlar va shaharlar masalasida ulardan yordam istaydigan, Madinaning o‘sha davrda ko‘zga ko‘ringan faqihlaridan biri bo‘lib yetishdi.
Buning dalili o‘laroq, Umar ibn Abdulaziz Valid ibn Abdulmalik tarafidan Madinaga voliy etib tayinlanganida, odamlar qutlash uchun uning huzuriga keldilar. Peshin namozini o‘qib bo‘lgach, Madina ulamolaridan o‘n kishini taklif qildi. Taklif qilingan olimlarning peshqadami esa Urva ibn Zubayr edi.
Umar ibn Abdulaziz ulamolarni yaxshi kutib olib, ularga izzat-ikrom ko‘rsatgach, Allohga hamdu sano aytib shunday dedi: «Menga haq ustida yordamchi bo‘ladigan va ajr-savobga ham ega bo‘lib qoladigan bir ish uchun sizlarni taklif qildim. Men har bir ishni sizlarning fikringiz va maslahatingiz bilangina qilmoqchiman. Sizlardan iltimosim shuki, agar biron kimsani boshqa birovga zulm qilayotganini ko‘rsangiz yoki mening xodimlarim haddan oshib, zulmga qo‘l urgani sizlarga yetsa, shuni menga xabar bersangiz!». Bu gaplarni eshitgach, Urva ibn Zubayr uning haqqiga duoi xayrlar qilib, Allohdan unga haqda sobit turishi va rushdi hidoyat tilab qoldi.
Urva ibn Zubayr ilm bilan amalni jamlagan edi. U issiq kunlarda ro‘zador, uzun tunlarda bedor, tili esa doim Allohning zikri bilan mashg‘ul edi. Bunga qo‘shimcha, u Allohning Kitobiga hamroh bo‘lib olgan, Qur’on o‘qishga shunday berilgan ediki, kunduzlari Qur’onning to‘rtdan birini mus'hafga qarab, tunlari shuncha qismini yoddan tilovat qilar, e’tiborli jihati shuki, imkon qadar mana shu odatini u yoshligidan boshlab to vafot topgunga qadar tark qilmagan, faqat bir marta boshiga tushgan musibat sababigina qoldirgan edi.
Urva ibn Zubayr saxovatda ham peshqadam bo‘lib, bag‘rikeng va nihoyatda qo‘li ochiq inson edi. Saxiyligi haqidagi rivoyatlardan biri shuki: «Uning Madinadagi eng katta bog‘lardan hisoblangan bir bog‘i bor edi. Bog‘ning ichi salqin, suvi shirin, xurmo daraxtlari baland va mevalari serhosil edi.
Hayvonlar va yosh bolalar kirib daraxtlarga shikast yetkazmasligi uchun yil davomida bog‘ning atrofini devor bilan o‘rab himoya qilar, qachonki xurmolar ishtahani ochadigan tarzda g‘arq pishganda odamlar bemalol kirib to‘ygunlaricha yeb va xohlaganlaricha olib ketishlari uchun, bog‘ning bir necha tarafidan darcha ochib qo‘yardi. Qachon bog‘iga kirsa Alloh taoloning ushbu so‘zini qayta-qayta o‘qir edi: «Sen bog‘ingga kirganingda: «Alloh xohlagan narsagina (bo‘lur), bor kuch-quvvat yolg‘iz Alloh bilandir», deganingda edi! ...» (Kahf surasi, 39-oyat).
Valid ibn Abdulmalikning xalifalik davrida Alloh taolo Urva ibn Zubayrni iymon va ishonch bilan sug‘orilgan qalb egalarigina chiday oladigan imtihon bilan sinashni hohladi.
Musulmonlar xalifasi Urva ibn Zubayrni Damashqqa kelib, mehmon bo‘lib ketishga taklif qildi. Taklifni qabul qilgan Urva ibn Zubayrga katta o‘g‘li hamroh bo‘ldi. Damashqqa yetib kelishganda xalifa ularni chiroyli kutib oldi, ularga izzat-ikrom ko‘rsatib, hurmatlarini joyiga qo‘ydi. So‘ng ko‘ngillar istamaydigan bir ish bo‘lishini Alloh taolo iroda qildi. Avval Urva ibn Zubayrning o‘g‘li xalifaning zotli otlarini ko‘rish uchun otxonaga kirganida, otlardan birining to‘satdan tepib yuborishi natijasida o‘sha yerda vafot etdi.
Musibatzada ota o‘g‘lini tuproqqa qo‘yishi ketidan, o‘zi ham qorason kasali bilan og‘rib qoldi. Boldiri shishib, og‘riq ham kundan-kun kuchaya bordi. Xalifa har taraflardan tabiblar chaqirib, aziz mehmonini davolashi uchun, turli vositalar bilan ularni rag‘batlantirdi. Lekin barcha tabiblar: «Kasallik jasadning hammasiga tarqab, halokatga olib bormasidan avval, oyoqni kesish kerak», degan yakdil xulosa bildirdilar. Bunga ko‘nishdan boshqa chora yo‘q edi.
Jarroh kelib oyoqni kesish uchun anjomlarini hozirlab, oyoqni kesguniga qadar Urva ibn Zubayr takbir va tahlil aytishdan to‘xtamadi va nihoyat oyoq jasaddan ajraldi. Qonni to‘xtatish va gazak olmay yara tez bitishi uchun qizdirib turilgan yog‘ga botirilganda Urva hushidan ketib, uzoq vaqt behush bo‘lib yotdi. Ana shundagina yuqorida aytganimiz, Qur’oni Karimdan o‘qiydigan kundalik odatini o‘qiy olmadi. Yoshligidan boshlagan bu xayrli odatini, mana shunda bir martagina tark qildi.
Urva ibn Zubayr Madinaga qaytib, oilasi huzuriga kirganida ularga: «Ey ahlim qayg‘urmanglar, Alloh taolo bizga to‘rt farzand bergan edi, bittasini olib, uchtasini o‘zimizda qoldirdi. Allohga hamd bo‘lsin. Menga ikki qo‘l va ikki oyoq bergan edi, bittasini olib uchtasini o‘zimda qoldirdi. Allohga hamd bo‘lsin. Alloh mendan ozini olib, ko‘pini o‘zimda qoldirdi. Bir marta balolagan bo‘lsa, ko‘p marta ofiyat berdi», deb ularga tasalli berdi.
Madina ahli o‘z imomlari va olimlari Urva ibn Zubayrning qaytganlarini bilgach, u zotga ta’ziya bildirish va hol-ahvol so‘rash uchun har tarafdan kela boshladilar. Ta’ziya bildirganlar ichida eng chiroyli va ta’sirli so‘z Ibrohim ibn Muhammad ibn Talhaning so‘zi bo‘ldi: «Xursand bo‘ling, ey Abu Abdulloh, a’zolaringiz va farzandlaringizdan biri, sizdan avval jannatga ketdi. Alloh xohlasa barchangiz bir-birlaringizga ergashasiz. Alloh taolo bizlarga biz muhtoj bo‘lgan, sizning ilmingiz va fikringizni qoldirdi. Alloh taolo ilmingizni sizga ham bizga ham manfaatli qilsin. Alloh ajru-savob beruvchi va go‘zal hisob qiluvchi Zotdir».
Urva ibn Zubayr butun hayoti mobaynida musulmonlar uchun hidoyat nuri, najotga yo‘llaguvchi va yaxshiliklarga chorlovchi bo‘lib qoldi. Eng katta ahamiyatni bolalarga, xususan, o‘zining farzandlari, shu bilan birga boshqa musulmonlarning farzandlari tarbiyasiga qaratib, hech bir fursatni qo‘ymay, ularni to‘g‘ri yo‘lga yo‘llab, nasihatlar qilib turardi.
Urva ibn Zubayr yetmish bir yil yaxshilik va ezguliklarga to‘la, taqvo bilan burkangan umr kechirdi.