Mardlik – qo‘rquvga yot tushuncha. Bugun yurtimizning hamma joyida mardlik ko‘rsatayotgan qahramonlarimizni ko‘rishimiz mumkin. Jon ichra jon bo‘lmish Vatan mana shu mehnatkash millat sabab gullab-yashnamoqda. Bu tuproqqa kindik qoni to‘kilgan har bir inson ushbu chamanga gullab turuvchi nihol o‘tqazadi. Bu ishlarni amalga oshirish uchun albatta sog‘lom bo‘lmoqlik shart. Bizning Vatanimizda “COVID-19” deganlarini yengishda xalqning birdamligi, Yurtboshi rahbarligidagi jipslik asosiy sabab-vosita ekanligini hayot isbotlamoqda. Men Yozyovonning bir qishlog‘ida yashovchi yurt ayoli, baxtli ona, piru badavlat buvi sifatida qahramonlarni uzoqdan izlamay, qishlog‘imning fidoyi fuqarolari timsolida xalqsevarlik, yurtsevarlik suratini chizib bermoqchiman.
Davlatimiz rahbarining muborak Ramazon arafasida diyorimizda kelib chiqqan vaziyatlar tufayli “Saxovat va ko‘mak” umumxalq harakatini e’lon qilishlari xalqimiz uchun xayrli qadamga bir chaqiriqday bo‘ldi. Xayriyalar manzilli tashkil etildi, iftorliklarga sarf etiladigan harajatlarni ehtiyojmandlarga yo‘naltirildi, bu ishlar jiddiy tartib asosida tashkil etildi. Yurtboshimizning kuyunib: “Bularning bari hech bir ta’masiz, bu mening eng yaqin vatandoshim, deb mehr bilan qilinishi kerak”, deb aytgan so‘zlari imkoniyati bor insonlarni saxovatga chorladi.
Barcha tuman va chekka qishloqlarda ham tadbirkor, fermerlar, tashkilotlar aholining kam ta’minlangan qatlamiga yordamlar ko‘rsatishmoqda. Bu ishga tuman hokimlari, sektor rahbarlarining bosh-qosh bo‘layotgani nur ustiga a’lo nur bo‘lmoqda. Yurtboshimiz bu xayrli yo‘lda tashkilotchilarni ham qo‘llab-quvvatlashlarini, tadbirkor xalqqa birni bersa, bu sinovli kunlar yakunida ortig‘i bilan qaytarilishini aytib, xalq bilan davlat chambarchas bog‘liqligini ta’kidladilar. Prezidentimiz nutqini tinglar ekanman, ko‘zlarimdan shukrona yoshlari sizib chiqdi. Tumanimizda kechayotgan jarayonlar men kabi nuroniy muallima ayolga yuksak iftixor bag‘ishladi.
Yozyovonlik bir fermer yuzlab xonadonlarga non tarqatayotgani, yana bir xalqning fidoyisi un, yog‘ni arzonlashgan narxda ko‘chma do‘konlarda odamlarga yetkazib berayotgani, chevar ayollar ham uyda tinch o‘tirmay niqob tikib bepul ulashayotgani oddiy holatga aylanib qoldi. Maqolani qoralash paytimda tunni tongga ulab, oylab oilasi bag‘ridan uzoqda xizmat burchini bajarayotgan Respublika Ichki ishlar vazirligi Farg‘ona viloyati Ichki ishlar boshqarmasi xodimlari tomonidan ko‘makka muxtoj oilalarga oziq-ovqat mahsulotlari yetkazib berilgani haqidagi xabar keldi. Bunday xabarlar tinmay bir-biriga ulanmoqda.
Donolardan biri “Jasoratli yurak har qanday musibatni chil-parchin qiladi”, degan ekan. Kutilmaganda hayotimizga kirib kelgan bu vaziyat, musibatlarda imon-e’tiqodimiz, sabr-bardoshimiz yana bir sinovdan o‘tayotgandek. Yuqoridagi fikr xalqimizning tanti, olijanob, sabr-bardoshli insonlarga qarata aytilgandek. Zero, ehsonning javobi ehsondir.
Ilohim, himmatlilar safi kengayaversin! Ramazon kunlarida saxovatpeshalarning savobli amallarini Alloh dargohida qabul qilsin.
O‘ktamxon SOLIYEVA
Onlayn xabarni M.ULUG‘OVA yozib oldi
O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari Zayniddin Eshonqulov Toshkent islom instituti talaba- yoshlari bilan muloqot o‘tkazdi. Uchrashuvni institut rektori Uyg‘un G‘afurov ochib, mazkur tadbirning ahamiyati haqida so‘z yuritdi.
Bu kabi muloqotlar barcha diniy ta’lim muassalarida tashkil etilib, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari raisligida o‘tgan Ulamolar Kengashining kengaytirilgan yig‘ilishida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlashga qaratilgani ta’kidlab o‘tildi.
Tadbirda Zayniddin Eshonqulov yoshlarga o‘zining hayotiy, ilmiy va kasbiy tajribalarini so‘zlab berdi. Ma’ruzada Diniy idora tizimidagi tashkilotlar va ta’lim muassasalarida amalga oshirilayotgan islohotlar, faoliyat yo‘nalishlari va kelgusidagi rejalar haqida ma’lumot berdi.
Zayniddin domla diniy-ma’rifiy faoliyatda ilm va ma’rifatning o‘rni, kadrlarning vatanparvarlik va axloqiy tarbiyasi va turli yot g‘oyalardan ma’naviy immunitetning shakllangani haqida o‘z fikr va tavsiyalarini bildirdi.
Notiq o‘z so‘zi davomida talaba-yoshlarni sabr-toqat va qat’iy intizom bilan ilm olishga da’vat etdi. Shuningdek, ixlosli bo‘lish va ustozlarni ehtirom qilish muvaffaqiyat kaliti ekanini ta’kidladi.
Yetuk imom-xatib bo‘lish uchun doimiy ravishda o‘zi ustida ishlash hamda bilim va tajribalarini oshirib borishi lozimligi haqida qimmatli maslahatlar berdi.
Ana shunday tadbirlar yoshlarning ilm olishi va kelgusidagi kasbiy faoliyatini muvaffaqiyatli amalga oshirishiga xizmat qiladi, rahbar xodimlar esa ular uchun hayotiy namuna bo‘ladi, inshoalloh.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati