Sayt test holatida ishlamoqda!
24 Yanvar, 2025   |   24 Rajab, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:19
Quyosh
07:41
Peshin
12:40
Asr
15:48
Shom
17:32
Xufton
18:49
Bismillah
24 Yanvar, 2025, 24 Rajab, 1446

Himmatingizga balli, odamlar!

20.05.2020   2494   3 min.
Himmatingizga balli, odamlar!

Mardlik – qo‘rquvga yot tushuncha. Bugun yurtimizning hamma  joyida mardlik ko‘rsatayotgan qahramonlarimizni ko‘rishimiz mumkin. Jon ichra jon bo‘lmish  Vatan mana shu mehnatkash millat sabab gullab-yashnamoqda. Bu tuproqqa kindik qoni to‘kilgan har bir inson ushbu chamanga gullab turuvchi nihol o‘tqazadi. Bu ishlarni amalga oshirish uchun albatta sog‘lom bo‘lmoqlik shart. Bizning Vatanimizda “COVID-19” deganlarini yengishda xalqning birdamligi, Yurtboshi rahbarligidagi jipslik asosiy sabab-vosita ekanligini hayot isbotlamoqda. Men  Yozyovonning bir qishlog‘ida yashovchi yurt ayoli, baxtli ona, piru badavlat buvi sifatida qahramonlarni uzoqdan izlamay, qishlog‘imning fidoyi fuqarolari timsolida xalqsevarlik, yurtsevarlik suratini chizib bermoqchiman.

Davlatimiz rahbarining muborak Ramazon arafasida  diyorimizda kelib chiqqan vaziyatlar tufayli “Saxovat va ko‘mak” umumxalq harakatini e’lon qilishlari xalqimiz uchun xayrli qadamga bir chaqiriqday bo‘ldi.  Xayriyalar manzilli  tashkil etildi, iftorliklarga sarf etiladigan harajatlarni ehtiyojmandlarga yo‘naltirildi, bu ishlar jiddiy tartib asosida tashkil etildi.  Yurtboshimizning kuyunib: “Bularning bari hech bir ta’masiz, bu mening eng yaqin vatandoshim, deb mehr bilan qilinishi kerak”, deb aytgan so‘zlari imkoniyati bor insonlarni saxovatga chorladi.

Barcha tuman va chekka qishloqlarda ham tadbirkor, fermerlar, tashkilotlar aholining kam ta’minlangan qatlamiga yordamlar ko‘rsatishmoqda. Bu ishga tuman hokimlari, sektor rahbarlarining bosh-qosh bo‘layotgani nur ustiga a’lo nur bo‘lmoqda. Yurtboshimiz bu xayrli yo‘lda tashkilotchilarni ham qo‘llab-quvvatlashlarini, tadbirkor xalqqa birni bersa, bu sinovli kunlar yakunida ortig‘i bilan qaytarilishini aytib, xalq  bilan davlat chambarchas bog‘liqligini ta’kidladilar. Prezidentimiz nutqini tinglar ekanman, ko‘zlarimdan shukrona yoshlari sizib chiqdi. Tumanimizda kechayotgan jarayonlar men kabi nuroniy muallima ayolga  yuksak iftixor bag‘ishladi.

Yozyovonlik bir fermer yuzlab xonadonlarga non tarqatayotgani, yana bir xalqning fidoyisi un, yog‘ni arzonlashgan narxda ko‘chma do‘konlarda odamlarga yetkazib berayotgani, chevar ayollar ham uyda tinch o‘tirmay niqob tikib bepul  ulashayotgani oddiy holatga aylanib qoldi. Maqolani  qoralash paytimda tunni tongga ulab, oylab oilasi bag‘ridan uzoqda xizmat burchini bajarayotgan  Respublika Ichki ishlar vazirligi Farg‘ona viloyati Ichki ishlar boshqarmasi xodimlari tomonidan  ko‘makka muxtoj oilalarga oziq-ovqat mahsulotlari yetkazib berilgani haqidagi xabar keldi. Bunday xabarlar tinmay bir-biriga ulanmoqda.

Donolardan biri “Jasoratli yurak har qanday musibatni chil-parchin qiladi”, degan ekan. Kutilmaganda  hayotimizga  kirib kelgan bu vaziyat, musibatlarda imon-e’tiqodimiz, sabr-bardoshimiz yana bir sinovdan o‘tayotgandek. Yuqoridagi fikr xalqimizning tanti, olijanob, sabr-bardoshli insonlarga qarata aytilgandek. Zero, ehsonning javobi ehsondir.

Ilohim, himmatlilar safi kengayaversin! Ramazon kunlarida saxovatpeshalarning savobli amallarini Alloh dargohida qabul qilsin. 

 

O‘ktamxon SOLIYEVA 

Onlayn xabarni M.ULUG‘OVA yozib oldi

 

 

Maqolalar
Boshqa maqolalar

Tahorat olganda gunohlar yuviladimi?

14.01.2025   4199   2 min.
Tahorat olganda gunohlar yuviladimi?

“Musulmon banda tahorat olganida tana a’zolari poklanishidan tashqari gunohlari ham kechiriladi”, deb eshitganmiz. Bunga dalil bo‘luvchi hadislar bor-mi?

Usmon ibn Affon roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kim tahoratni mukammal ado etsa, gunohlari tanasidan, hatto tirnoqlari ostidan chiqib ketadi”, deganlar (Imom Muslim, Imom Nasoiy, Imom Ahmad, Imom Tabaroniy, Imom Bayhaqiy rivoyati).

Odatda, ochiq a’zolardagi kirlar yopiq turgan yoki tirnoq ostida yig‘ilgan kirlarga nisbatan oson poklanadi. Tirnoq ostidagi kirlarni tozalash uchun alohida e’tibor talab etiladi. Bu yerda banda tirnog‘i ostidagi gunohlar ham kechirilishi aytilmoqda. Bu esa tahorat sababidan Alloh va banda o‘rtasidagi kichik gunohlarning birontasi ham qolmay kechirilishiga dalolat qiladi.

Abu Umoma roziyallohu anhu Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan rivoyat qiladi: “Agar musulmon banda tahorat qilsa, gunohlari qulog‘idan, ko‘zidan, ikki qo‘lidan, ikki oyog‘idan chiqib ketadi. Agar o‘tirsa, gunohlari kechirilgan holda o‘tiradi” (Imom Ahmad, Imom Tabaroniy “Avsat”da va Imom Bayhaqiy rivoyati).

Banda tahoratini risoladagidek bajarsa, qulog‘i, ko‘zi, qo‘li va oyog‘i sodir etgan gunohlari kechiriladi. Agar u tahorat qilib bo‘lsa, bironta ham gunohi qolmaydi.

Abdulloh Sunobihiy roziyallohu anhu Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan rivoyat qiladi: “Agar mo‘min banda tahorat qilib, og‘zini chaysa, og‘zidan gunohlari chiqib ketadi. Agar burniga suv olib qoqsa, burnidan gunohlari chiqib ketadi. Agar yuzini yuvsa, yuzidan, hatto ikki ko‘zining chetidan gunohlari chiqib ketadi. Agar ikki qo‘lini yuvsa, qo‘lidan, hatto qo‘lining tirnoqlari tagidan gunohlari chiqib ketadi. Agar boshiga mas'h tortsa, boshidan, hatto ikki qulog‘idan gunohlari chiqib ketadi. Agar ikki oyog‘ini yuvsa, oyog‘idan, hatto oyog‘ining tirnoqlari ostidan gunohlari chiqib ketadi. So‘ngra masjidga borishi, (o‘qigan) namozi unga qo‘shimcha (savob) bo‘ladi” (Imom Nasoiy, Imom Ibn Moja, Imom Molik, Imom Ahmad, Imom Hokim rivoyati).

Ma’lumki, tahorat bilan namoz banda gunohlariga kafforat bo‘ladi. Agar tahoratni mukammal qilib, xushu bilan namoz o‘qilsa, bu namoz orqali banda ko‘p ajrlarga erishadi.