Sayt test holatida ishlamoqda!
07 Yanvar, 2025   |   7 Rajab, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:24
Quyosh
07:49
Peshin
12:34
Asr
15:29
Shom
17:13
Xufton
18:32
Bismillah
07 Yanvar, 2025, 7 Rajab, 1446

Eng muhimi, karantin tugagandan keyin eski odatlarimizga qaytmasak bo‘lgani. Ana shuni unutmaslik zarur

20.05.2020   2238   6 min.
Eng muhimi, karantin tugagandan keyin eski odatlarimizga qaytmasak bo‘lgani. Ana shuni unutmaslik zarur

2020 yil butun dunyo xalqlari uchun g‘oyat sinovli davr bo‘lyapti. Barcha bir bo‘lib mudhish illat – koronavirusga qarshi kurash olib bormoqda. Lekin, shunga qaramay, bu o‘lat hali-hanuz tarqalishda davom etyapti. Oxirgi ma’lumotlarga ko‘ra, dunyo miqyosida 4 million 900 ming nafardan ortiq kishida infeksiya aniqlangan. Vafot etganlar soni esa 323 mingdan oshib ketdi.

Bu raqamlar har birimizni yanada hushyorlikka chaqirib, gigiyenaga qoidalariga qat’iy rioya etib, karantin talablarini buzmaslikka undashi kerak.

Joriy yil 13 may kuni Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev raisligida mamlakatimizda karantin talablarini hushyorlikni oshirgan holda yanada yumshatish, iqtisodiyot tarmoqlarini bosqichma-bosqich ishlatish, aholi bandligi va daromadlarini oshirish chora-tadbirlariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.

Yig‘ilishda muhtaram Yurtboshimiz: “Koronavirus xavfi yo‘qolganidan keyin ham xalqimiz karantin paytidagi ayrim qoidalarni o‘zining odatiy turmush tarziga aylantirish kerak. Jumladan, shaxsiy gigiyenaga qat’iy amal qilish, qo‘lni tez-tez sovunlab yuvish, dezinfeksiya qilish, turli to‘y-marosimlarni juda cheklangan tartibda o‘tkazish odatiy qoidaga aylanishi zarur”, deb ta’kidladilar.

Darhaqiqat, tan olib aytish joizki, biz o‘zimizni, o‘zligimizni unutib qo‘ygan edik. Dinimiz ta’limotiga, ma’naviyatimiz ko‘rsatmalariga rioya qilishda sustkashliklarga yo‘l qo‘ydik. To‘y-hashamlar, oilaviy tantalarda ochiqchasiga “kimo‘zar”ga (!) kirishib ketdik. Isrofga ruju qo‘ydik.

Farzandlarimizning ta’lim-tarbiyasiga sarflash zarur bo‘lgan mablag‘larni to‘y qilaman deb bir kunda ko‘kka sovurdik. Afsuski, bunday ishlarga qurbi yetgan ham, yetmagan ham kirishib ketdi. Oqibatda ayrimlar bir umr qarz to‘lashni zimmasiga oldi.

Bejiz ma’rifatparvar bobomiz Mahmudxo‘ja Behbudiy: “Bechora kosibning a’moli to‘ydur. O‘zi rohat yuzi ko‘rmaydur. Kecha-kunduzki 18, balki 20 soatni mehnatg‘a o‘tkaraturg‘on kosiblarimiz bordur. Haqqincha yemaydur, kiymaydur. O‘n va yigirma sanalar mehnat va mashaqqat etar va xudodan o‘g‘il tilar, to‘y qilmoq uchun. Ana, bechoraning a’moli. Yigirma sanalik mehnati uch kun to‘yda tamom. To‘y musrifi uchun qarz egalaridan qochadur. Katta to‘y qilib xotun olg‘on bir qism bechoralarni holig‘a yig‘lamoq kerak. Uch kunlik to‘yni azosi ba’zi oilalarda o‘n yil, hatto, bir umr surar, balki bevatan va xonavayronlikg‘a sabab bo‘lur...

...To‘yu ma’rakag‘a sarf qilinaturg‘on oqchani eski madrasa va mozoru masjid hamda maktablarni shikast-rextlarig‘a sarf qilinsun. To‘y va ma’raka oqchasidan bolalar hukumat maktablariga berilsun va bu oqchadan talabalarni Makka, Madina, Misr, Istanbulg‘a va Rusiya dorilfunun va dorulsanoatlarig‘a yuborilib, diniy va dunyoviy va zamoniy odamlar yetishdurmoqg‘a sa’y qilinsun”, deb kuyib-pishmagan edi.

Ta’bir joiz ko‘rilsa, koronavirus boshimizga gurzidek “urilmagunicha” ko‘zimizni ochmadik. Umr bo‘yi yig‘gan mablag‘larimizdan zakot, ushr berishni unutib qo‘ydik. Ehsonlarga, to‘ylarga ochlar chetda qolib, to‘qlarni taklif etdik. Buning oqibatida riyo, sum’a kabi illatlar urchidi. Bu dunyoda yashashdan maqsad faqat to‘y qilish ekani, afsuski, onguu shuurimizga singib qoldi.

Davlatimiz rahbari videoselektor yig‘ilishida bejiz karantin tugagandan keyin ham to‘y-marosimlarni juda cheklangan holda o‘tkazish zarurligini ta’kidlamadilar. Axir, dinimiz ta’limotida ham dabdaba bilan to‘y qilish qattiq va qat’iy qoralanadi.

Har so‘z va har ishda bizlarga ibrat bo‘lgan Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam qanday to‘y qilganlari haqida Anas ibn Molik roziyallohu anhudan bunday rivoyat qilinadi: “Nabiy sollallohu alayhi va sallam Xaybar bilan Madina orasida uch (kun) turdilar va Safiya binti Huyay (roziyallohu anho)ga uylandilar. Men musulmonlarni valimaga taklif qilib keldim. Unda non ham, go‘sht ham yo‘q edi. U zot teri dasturxonlarini yozishga amr qildilar. Ularning ustiga xurmo, qurut va sariyog‘ tashlandi. U zotning valimalari shundan iborat edi” (Imom Buxoriy rivoyati).

Tarixga nazar solinsa, o‘tgan ummatlarga yog‘ilgan balo-ofatlar ularning tug‘yonga ketishi tufayli sodir bo‘lgan. Xuddi shunday biz ham Buyuk Yaratuvchini eslamay qo‘ydik. O‘zligingizdan, insoniyligingizdan yuz o‘girdik. Qadriyatlarimizni beqadr qildik. Berilgan ne’matlarimni suiiste’mol qildik.

Hech bir narsa besabab, behikmat bo‘lmaydi, albatta. Alloh taolo bu baloni yuborib, bandalari unutib qo‘ygan sabr, mehr-oqibat, qanoat, tinchlikni asrash, xotirjamlikning qadriga yetish, sog‘lik bebaho ne’mat ekanini tafakkur qilish, xullas, odamga odamiylikdan saboq bermoqda.

Bugun hammamiz uydamiz. Bani bashar uyda o‘tirib o‘yga tolgach, mutaxassislarning aytishicha, sayyoramiz ekologiyasi ancha tozalanibdi. Shoyad uyda o‘tirib sabrga, itoatga, qanoatga o‘rgansak, oldingi qilmishlarimizdan xulosa chiqarsak, qalblarimiz ham atmosfera kabi tozalansa.

Men 2020 yilni saodat asrida bo‘lgan “mahzunlik” yiliga qiyoslagim keldi. O‘sha yili Nabiy alayhissalomning himoyachilari bo‘lgan ikki buyuk shaxs Xadicha roziyallohu anho va Abu Tolib olamdan o‘tdi. Abu Tolib Rasuli akram sollallohu alayhi va sallamni, asosan, jismoniy va siyosiy zo‘ravonlik, tajovuzkorlik hamda zulmu sitamlardan himoya qilgan bo‘lsa, Xadicha onamiz u zotni ma’naviy, ruhiy va iqtisodiy jihatdan qo‘llab-quvvatladi.

O‘sha yili Alloh taolo habibi Muhammad sollallohu alayhi va sallamning ko‘ngillarini ko‘tarish, umidlarini uzmaslik maqsadida huzuriga chorladi: Isro va Me’roj voqeasi sodir bo‘ldi. Ya’ni: “Bas, albatta, har bir qiyinchilik bilan birga yengillik bordir. Albatta, har bir qiyinchilik bilan birga yengillik bordir”ligi ilohiy taqdir bilan isbotlandi (Sharh surasi, 5–6-oyatlar).

Asrlar davomida ne-ne mashaqqatlarni, turli sinovlarni yengib o‘tgan donishmand xalqimiz, albatta, bu balodan ham eson-omon, bag‘ributunlikda chiqib oladi, nasib etsa. Buyuk Rabbimiz xuddi xalili Ibrohim alayhissalomni o‘tda, jamili Yusuf alayhissalomni quduqda, kalimi Muso alayhissalomni dengizda va Yunus alayhissalomni baliq qornida asragani kabi bizni ham koronavirusdan asragay, inshoalloh! Eng muhimi, karantin tugagandan keyin eski odatlarimizga qaytmasak bo‘lgani. Ana shuni unutmaslik zarur.

Nuriddin XOLIQNAZAROV,

Toshkent shahar bosh imom-xatibi

Maqolalar
Boshqa maqolalar

Rajab - istig‘for oyi

6.01.2025   4821   2 min.
Rajab - istig‘for oyi

Hazrati Ali roziyallohu anhu aytadilar: “Rajab oyida istig‘for aytishni ko‘paytiring. Chunki bu oyning har bir soatida do‘zaxdan ozodlik bor” (Daylamiy rivoyati. Al-Firdavs (81/1. 247).

 

أَسْتَغْفِرُ اللهَ

O‘qilishi: “Astag‘firulloh”.

أَسْتَغْفِرُ اللهَ وَأَتُوبُ

O‘qilishi: “Astag‘firulloha va atuubu ilayh”.


أَستغفِرُ اللهَ الَّذي لا إلَهَ إلَّا هو الحيُّ القيُّومُ وأَتوبُ إليه

O‘qilishi: “Astag‘firullohallaziy laa ilaha illaa huval hayyul qayyum va atuubu ilayhi”.

 

رَبِّ اغْفِرْ لِي وَتُبْ عَلَيَّ إِنَّكَ أَنْتَ التَّوَّابُ الرَّحِيمُ

O‘qilishi: “Robbig‘fir liy va tub ’alayya innaka antat tavvaabur rohiym”.

 

سُبْحَانَكَ وَبِحَمْدِكَ أَسْتَغْفِرُكَ وَأَتُوبُ إِلَيْكَ

O‘qilishi: “Subhaanaka va bihamdika astag‘firuka va atuubu ilayk”.

 

سُبْحَانَكَ اللَّهُمَّ وَبِحَمْدِكَ أَشْهَدُ أَنْ لاَ إِلَهَ إِلاَّ أَنْتَ أَسْتَغْفِرُكَ وَأَتُوبُ إِلَيْكَ

O‘qilishi: “Subhaanakallohumma va bihamdika ashhadu allaa ilaha illaa anta astag‘firuka va atuubu ilayk”.
 

اللَّهُمَّ إِنَّكَ عُفُوٌّ كَرِيمٌ تُحِبُّ الْعَفْوَ فَاعْفُ عَنِّي

O‘qilishi: “Allohumma innaka afuvvun kariymun tuhibbul afva fa’fu ’anniy”.

 

أَللَّهُمَّ مَغْفِرَتُكَ أَوْسَعُ مِنْ ذُنُوبِي وَرَحْمَتُكَ أَرْجَى عِنْدِي مِنْ عَمَلِي

O‘qilishi: “Allohumma mag‘firotuka avsa’u min zunuubiy va rohmatuka arjaa ’indiy min ’amaliy”.

 

أسْتغفرالله ربي من كلّ ذنبٍ وأتوبُ إليه

O‘qilishi: “Astag‘firulloha Robbiy min kulli zanbin va atuubu ilayh”.

 

Davron NURMUHAMMAD