2020 yil butun dunyo xalqlari uchun g‘oyat sinovli davr bo‘lyapti. Barcha bir bo‘lib mudhish illat – koronavirusga qarshi kurash olib bormoqda. Lekin, shunga qaramay, bu o‘lat hali-hanuz tarqalishda davom etyapti. Oxirgi ma’lumotlarga ko‘ra, dunyo miqyosida 4 million 900 ming nafardan ortiq kishida infeksiya aniqlangan. Vafot etganlar soni esa 323 mingdan oshib ketdi.
Bu raqamlar har birimizni yanada hushyorlikka chaqirib, gigiyenaga qoidalariga qat’iy rioya etib, karantin talablarini buzmaslikka undashi kerak.
Joriy yil 13 may kuni Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev raisligida mamlakatimizda karantin talablarini hushyorlikni oshirgan holda yanada yumshatish, iqtisodiyot tarmoqlarini bosqichma-bosqich ishlatish, aholi bandligi va daromadlarini oshirish chora-tadbirlariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.
Yig‘ilishda muhtaram Yurtboshimiz: “Koronavirus xavfi yo‘qolganidan keyin ham xalqimiz karantin paytidagi ayrim qoidalarni o‘zining odatiy turmush tarziga aylantirish kerak. Jumladan, shaxsiy gigiyenaga qat’iy amal qilish, qo‘lni tez-tez sovunlab yuvish, dezinfeksiya qilish, turli to‘y-marosimlarni juda cheklangan tartibda o‘tkazish odatiy qoidaga aylanishi zarur”, deb ta’kidladilar.
Darhaqiqat, tan olib aytish joizki, biz o‘zimizni, o‘zligimizni unutib qo‘ygan edik. Dinimiz ta’limotiga, ma’naviyatimiz ko‘rsatmalariga rioya qilishda sustkashliklarga yo‘l qo‘ydik. To‘y-hashamlar, oilaviy tantalarda ochiqchasiga “kimo‘zar”ga (!) kirishib ketdik. Isrofga ruju qo‘ydik.
Farzandlarimizning ta’lim-tarbiyasiga sarflash zarur bo‘lgan mablag‘larni to‘y qilaman deb bir kunda ko‘kka sovurdik. Afsuski, bunday ishlarga qurbi yetgan ham, yetmagan ham kirishib ketdi. Oqibatda ayrimlar bir umr qarz to‘lashni zimmasiga oldi.
Bejiz ma’rifatparvar bobomiz Mahmudxo‘ja Behbudiy: “Bechora kosibning a’moli to‘ydur. O‘zi rohat yuzi ko‘rmaydur. Kecha-kunduzki 18, balki 20 soatni mehnatg‘a o‘tkaraturg‘on kosiblarimiz bordur. Haqqincha yemaydur, kiymaydur. O‘n va yigirma sanalar mehnat va mashaqqat etar va xudodan o‘g‘il tilar, to‘y qilmoq uchun. Ana, bechoraning a’moli. Yigirma sanalik mehnati uch kun to‘yda tamom. To‘y musrifi uchun qarz egalaridan qochadur. Katta to‘y qilib xotun olg‘on bir qism bechoralarni holig‘a yig‘lamoq kerak. Uch kunlik to‘yni azosi ba’zi oilalarda o‘n yil, hatto, bir umr surar, balki bevatan va xonavayronlikg‘a sabab bo‘lur...
...To‘yu ma’rakag‘a sarf qilinaturg‘on oqchani eski madrasa va mozoru masjid hamda maktablarni shikast-rextlarig‘a sarf qilinsun. To‘y va ma’raka oqchasidan bolalar hukumat maktablariga berilsun va bu oqchadan talabalarni Makka, Madina, Misr, Istanbulg‘a va Rusiya dorilfunun va dorulsanoatlarig‘a yuborilib, diniy va dunyoviy va zamoniy odamlar yetishdurmoqg‘a sa’y qilinsun”, deb kuyib-pishmagan edi.
Ta’bir joiz ko‘rilsa, koronavirus boshimizga gurzidek “urilmagunicha” ko‘zimizni ochmadik. Umr bo‘yi yig‘gan mablag‘larimizdan zakot, ushr berishni unutib qo‘ydik. Ehsonlarga, to‘ylarga ochlar chetda qolib, to‘qlarni taklif etdik. Buning oqibatida riyo, sum’a kabi illatlar urchidi. Bu dunyoda yashashdan maqsad faqat to‘y qilish ekani, afsuski, onguu shuurimizga singib qoldi.
Davlatimiz rahbari videoselektor yig‘ilishida bejiz karantin tugagandan keyin ham to‘y-marosimlarni juda cheklangan holda o‘tkazish zarurligini ta’kidlamadilar. Axir, dinimiz ta’limotida ham dabdaba bilan to‘y qilish qattiq va qat’iy qoralanadi.
Har so‘z va har ishda bizlarga ibrat bo‘lgan Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam qanday to‘y qilganlari haqida Anas ibn Molik roziyallohu anhudan bunday rivoyat qilinadi: “Nabiy sollallohu alayhi va sallam Xaybar bilan Madina orasida uch (kun) turdilar va Safiya binti Huyay (roziyallohu anho)ga uylandilar. Men musulmonlarni valimaga taklif qilib keldim. Unda non ham, go‘sht ham yo‘q edi. U zot teri dasturxonlarini yozishga amr qildilar. Ularning ustiga xurmo, qurut va sariyog‘ tashlandi. U zotning valimalari shundan iborat edi” (Imom Buxoriy rivoyati).
Tarixga nazar solinsa, o‘tgan ummatlarga yog‘ilgan balo-ofatlar ularning tug‘yonga ketishi tufayli sodir bo‘lgan. Xuddi shunday biz ham Buyuk Yaratuvchini eslamay qo‘ydik. O‘zligingizdan, insoniyligingizdan yuz o‘girdik. Qadriyatlarimizni beqadr qildik. Berilgan ne’matlarimni suiiste’mol qildik.
Hech bir narsa besabab, behikmat bo‘lmaydi, albatta. Alloh taolo bu baloni yuborib, bandalari unutib qo‘ygan sabr, mehr-oqibat, qanoat, tinchlikni asrash, xotirjamlikning qadriga yetish, sog‘lik bebaho ne’mat ekanini tafakkur qilish, xullas, odamga odamiylikdan saboq bermoqda.
Bugun hammamiz uydamiz. Bani bashar uyda o‘tirib o‘yga tolgach, mutaxassislarning aytishicha, sayyoramiz ekologiyasi ancha tozalanibdi. Shoyad uyda o‘tirib sabrga, itoatga, qanoatga o‘rgansak, oldingi qilmishlarimizdan xulosa chiqarsak, qalblarimiz ham atmosfera kabi tozalansa.
Men 2020 yilni saodat asrida bo‘lgan “mahzunlik” yiliga qiyoslagim keldi. O‘sha yili Nabiy alayhissalomning himoyachilari bo‘lgan ikki buyuk shaxs Xadicha roziyallohu anho va Abu Tolib olamdan o‘tdi. Abu Tolib Rasuli akram sollallohu alayhi va sallamni, asosan, jismoniy va siyosiy zo‘ravonlik, tajovuzkorlik hamda zulmu sitamlardan himoya qilgan bo‘lsa, Xadicha onamiz u zotni ma’naviy, ruhiy va iqtisodiy jihatdan qo‘llab-quvvatladi.
O‘sha yili Alloh taolo habibi Muhammad sollallohu alayhi va sallamning ko‘ngillarini ko‘tarish, umidlarini uzmaslik maqsadida huzuriga chorladi: Isro va Me’roj voqeasi sodir bo‘ldi. Ya’ni: “Bas, albatta, har bir qiyinchilik bilan birga yengillik bordir. Albatta, har bir qiyinchilik bilan birga yengillik bordir”ligi ilohiy taqdir bilan isbotlandi (Sharh surasi, 5–6-oyatlar).
Asrlar davomida ne-ne mashaqqatlarni, turli sinovlarni yengib o‘tgan donishmand xalqimiz, albatta, bu balodan ham eson-omon, bag‘ributunlikda chiqib oladi, nasib etsa. Buyuk Rabbimiz xuddi xalili Ibrohim alayhissalomni o‘tda, jamili Yusuf alayhissalomni quduqda, kalimi Muso alayhissalomni dengizda va Yunus alayhissalomni baliq qornida asragani kabi bizni ham koronavirusdan asragay, inshoalloh! Eng muhimi, karantin tugagandan keyin eski odatlarimizga qaytmasak bo‘lgani. Ana shuni unutmaslik zarur.
Nuriddin XOLIQNAZAROV,
Toshkent shahar bosh imom-xatibi
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam zamonlarida asosiy manba Allohning Kitobi va Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sunnatlari bo‘lgan. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ummatga hamma ishlar – hukm, fatvo, iqtisodiy va siyosiy nizomlarda asosiy manba bo‘lganlar. U zotdan keyin hadislar islom shariatida asosiy tayanch bo‘lib kelmoqda.
Lekin vaqt o‘tishi bilan hadislarga bo‘lgan qarash o‘zgarib ketdi. Ayrim siyosiy oqimlar tarafidan hadislarga hujum boshlandi. Islom dinidagi shar’iy hukmlar faqatgina Qur’oni karimdan olinishi, undan boshqa hech qanday narsadan hukmlar olinmaslik da’vosi ko‘tarildi. Jumladan, hozirgi kundagi shohidiylar va qodiyoniylar kabi firqalar o‘zlarini “Qur’oniy – faqat Qur’oni karim hukmiga amal qiluvchi” sanab hadislarini inkor qildilar. Qodiyoniylar fikricha hadislar tarixiy e’tibordan o‘rganiladi, hadis shar’iy dalil bo‘lmaydi.
Ayrim firqalar hadislarni ochiqdan-ochiq inkor qiladi. Lekin ayrim toifalar hadislarni ochiqdan-ochiq inkor qilmasa ham “Qur’oni karimga amal qilish” shiori ostida hadislarni inkor qiladi. Shu sababli hadisni inkor qiluvchilar da’volari va ularga raddiya berishdan oldin hadis va hadislarni Qur’oni karim bilan bog‘lik ekani haqida ma’lumot berib o‘tish zarurati tug‘iladi.
Hadis muhaddislar istelohida. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan so‘z, fe’l, taqrir, xalqiy (tana tuzilishiga oid) yoki xulqiy (xulq-atvorga oid) sifat va siyratdan iborat nubuvvatdan oldingi va keyingi qolgan asarlar. Siyrat, xulq, shamoil, xabarlar, so‘zlar va fe’llarni naql qiladilar. Bular bilan shar’iy hukm sobit bo‘lishi yoki hukm sobit bo‘lmasligini e’tiborga olmaydilar. Muhaddislar Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni hidoyatga boshlaguvchi ekanliklari e’tiboridan hadis haqida bahs yuritadilar.
Usul olimlari istelohida hadis. Nabiy sollallohu alayhi vasallamdan so‘z, fe’l va taqrirdan iborat naql qilingan so‘zlar. Usul olimlari o‘zlaridan keyingi mujtahidlarga qoidalarni joriy qilgan va hayot dasturini insonlarga bayon qilgan Rasululloh sollallohu alayhi vasallam haqlarida bahs yuritadilar. Usul olimlari Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni shar’iy qonunlarni joriy qiluvchi sifatida hadislarni o‘rganadilar.
Faqihlar istelohida hadis. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan farz va vojib bo‘lmasdan, balki bularga muqobil bo‘lib sobit bo‘lgan hukmlar. Faqihlar Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni fe’llari shar’iy xukmga dalolat qilishdan tashqariga chiqmasligini e’tiborga olishadi. Shuning uchun shar’iy hukmlar bandalarga nisbatan vojib, xarom va mubohligi haqida bahs yuritadilar.
Biz usul olimlari ixtiyor qilgan isteloh haqida bahs yuritamiz. Chunki, bu qismning mavzusida hadisning hujjatligi haqida so‘z boradi.
Rasullulloh sollallohu alayhi vasallam Qur’oni karimdagi ochiq-ravshan bo‘lmagan oyatlarni sharhlar, bayon qilish vojib bo‘lgan o‘rinlarni sahobalarga bayon qilar edilar. Bu esa qisqacha aytilganlarni batafsil aytish, umumiy kelganini qaydlash va maqsadlarini ravshan qilishlari bilan bo‘lar edi. Bayon qilib berish esa so‘zlari va qilgan ishlari, buyruqlari, qaytariqlari va hayotliklarida sahobalarini qilgan ishlarini tasdiq qilishlari bilan bo‘lgan.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning ijtihodlari ham vahiyni o‘rnida. Chunki Alloh taolo u zotning ijtihodlarini xatoga borishdan saqlab qo‘ygan. U zotning ijtihodlari oyatdan olingan bo‘lishi ham shart emas. Masalan, namoz iymondan keyingi juda muhim bo‘lgan ibodat. Unda ruku’ va sajdani hukmi beriladi. Qiyom va qa’daning ham zikri aytiladi. Lekin bular Qur’oni karimning biror joyida to‘liq aytilmagan. Bu ishlarning tartibi qanday bo‘ladi? Namoz vaqtlarining har-xilligi, rak’atlarining soni qanday bo‘ladi? Namozni qanday holatda o‘qiladi? Bularning hammasini Rasululloh sollallohu alayhi vasallam o‘z so‘zlari va amallari bilan mukammal bayon qildilar va sahobai kiromlarga ularni amallarini o‘rgatdilar.
Rasullulloh sollallohu alayhi vasallam vafotlaridan keyin vahiy to‘xtadi. Qur’oni karim va hadisdan boshqa narsa qolmadi. Sahobalar Alloh taoloning Hashr surasining 7-oyatidagi:
وَمَا آتَاكُمُ الرَّسُولُ فَخُذُوهُ وَمَا نَهَاكُمْ عَنْهُ فَانتَهُوا
“Rasululloh nimani bersa uni olingiz, va nimadan qaytarsa qaytingiz”, degan buyrug‘iga bo‘ysunib, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sunnatlarini mahkam ushlashga harakat qildilar.
Payg‘ambarimiz alayhissalomning hadislari Alloh taoloning kalomi Qur’oni karimdan keyingi ikkinchi mo‘tabar manba hisoblanadi. Bu haqida Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning o‘zlari ham:
تركت فيكم امرين لن تضلوا ما تمسكتم بهما كتاب الله و سنة نبيه
“Sizga ikki narsani qoldirdim. Agar, ularni mahkam tutsangiz, hech adashmaysiz: Allohning Kitobi va Nabiyyining sunnati” (Molik rivoyati), deganlar.
Shu sababdan hadislarning islom jamiyatidagi o‘rni har doim ham yuqori bo‘lib kelgan. Zero, hadislarda islom dinining farz, vojib, sunnat, mustahab, halol, harom, muboh, makruh kabi hukmlar yoritilgan. Undan tashqari har qanday jamiyat uchun zarur bo‘lgan, ma’naviy komil insonlarni tarbiyalashga xizmat qiladigan, yuksak fazilatlarga chorlovchi qoidalar majmuasi ham o‘z ifodasini topgan. Shu aqidadan kelib chiqib aytadigan bo‘lsak, hozirgi paytda ham hadislarning jamiyatimiz uchun tarbiyaviy va amaliy ahamiyati beqiyos hisoblanadi. Mo‘minlar Qur’oni karimning ko‘pgina oyatlarida avvalo, Alloh taologa itoat qilishga amr qilinadi, so‘ngra O‘zining Payg‘ambariga itoat qilishga amr qilinganlar. Alloh taolo aytadi:
يَا أَيُّهَا الَّذِينَ آَمَنُوا أَطِيعُوا اللَّهَ وَأَطِيعُوا الرَّسُولَ
“Ey iymon keltirganlar Allohga itoat etinglar va Rasuliga itoat etinglar” (Niso, 59-oyat).
Allohga itoat qilish Qur’oni karimdagi buyruq va qaytariqlarga itoat qilish bilan bo‘ladi. Rasuliga itoat esa, u zotning tirikliklarida o‘zlariga itoat etish bilan bo‘lgan bo‘lsa, vafotlaridan keyin esa sunnatlariga amal qilish bilan bo‘ladi. Allohga itoat va Rasuliga itoat qilish alohida-alohida narsa emas, balki bir xil tushuncha ekannini anglash kerak. Chunki Payg‘ambarimiz alayhissalom doimo Alloh itoatida bo‘lganlar. Allohning itoatidan tashqari narsaga hech qachon, hech kimni buyurmaganlar.
Qur’oni karim lafz va ma’no jihatidan Allohning kalomi. Uni Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga yuborgan vahiysi. Sunnat va hadis esa mohiyatan Payg‘ambarimiz alayhissalomning shaxsiy fikrlari emas balki, Allohdan nozil bo‘lgan vahiylarning u zotning iboralari bilan taqdim etilishi hisoblanadi.
Islomning birinchi kunidan boshlab musulmonlar har bir katta-yu kichik narsani Payg‘ambarimizidan ola boshladilar. Ular ilohiy dastur – Qur’oni karim oyatlaridan tortib hojatxonada qanday o‘tirishgacha bo‘lgan narsalarni qabul qilib olar edilar.
Muhammad sollallohu alayhi vasallamning muborak hayotlarining hech bir lahzasi sahobalarning diqqat-e’tiborlaridan chetda qolmas edi. Chunki u zotning og‘izlaridan chiqqan har bir so‘z, o‘zlaridan sodir bo‘layotgan har bir harakat shariat hukmi, o‘rnak, hikmat va nasihatdan iborat edi. Dunyo tarixida hayoti bunchalik ochiqchasiga ommaviy ravishda o‘rganilgan shaxs yakkayu yagona Muhammad sollallohu alayhi vasallam bo‘lganlar. U Zotningng hatto o‘ta nozik va xos hayotlari bugungi kun atamasi bilan aytganda shaxsiy oilaviy hayotlari ham to‘laligicha o‘rganilib rivoyat qilingan. Chunki islom dini mukammal din bo‘lgani sababidan inson hayotining barcha sohalarini qamrab olgan. Bularning hammasi Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning shaxsiy o‘rnaklari bo‘lgan.
Bir so‘z bilan aytganda, u zot Qur’oni karimni o‘z shaxslarida tatbiq qilib, insonlarga ko‘rsatishlari kerak edi. Shuning uchun ham sahobai kiromlar Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning ortlaridan uzluksiz birga yurishar, u zotdan sodir bo‘lgan har bir narsani o‘ta aniqlik bilan yodlab olishar va rivoyat qilishar edi. Hatto o‘z ishlari bilan mashg‘ul bo‘lgan vaqtlarida boshqa kishilardan Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning huzurlarida e’tibor bilan turishni, u zotdan sodir bo‘lgan narsalarni yaxshilab o‘zlashtirib olishni iltimos qilar edilar. Qaytib kelganlarida esa darhol o‘zlari tayinlab ketgan odamlaridan so‘rab, o‘rganib olar edilar. Umar roziyallohu anhu o‘z qo‘shnilari bilan kelishib olib navbat ila Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam huzurlarida turishlari haqida u kishining o‘zidan rivoyat qilinganligi ma’lum va mashhur. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamdan sodir bo‘lgan zarracha narsa ham sahobalarning e’tiboridan chetda qolgan emas. Buni dushmanlar ham tan olganlar. Hijratning oltinchi yili Hudaybiya hodisasida Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam boshchiligida bir ming to‘rt yuz sahobai kiromlar Madinai munavvaradan ehrom bog‘lab Ka’batullohni tavof qilib, umra qilmoqchi bo‘lib yo‘lga chiqadilar. Hudaybiya degan joyda turib qolganlarida mushriklardan vakil bo‘lib kelgan va Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bilan muzokara olib borgan kishilardan biri o‘z qavmiga qaytib borib: “Allohga qasamki, hech kim Muhammadni sheriklari hurmat qilgandek hurmat qilmaydi. U tuflasa tufugi yerga tushmayapti, sahobalari qo‘llari ila ilib olmoqdalar”, deb aytgan edi.
Mushrikning ta’biricha tufugi yerda qolmagan zotning gap-so‘zlari, va’z-nasihatlari, hukmu vasiyatlari yerda qolarmidi?! Ularning hammasi nihoyatda katta e’tibor va aniqlik bilan o‘rganilgan. Ta’kidlash lozimki, sahobalar Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamdan sodir bo‘lgan narsalarni hoyu havas yoki bilim, madaniy saviya kabilar uchun qabul qilmaganlar. Balki Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamdan sodir bo‘lgan har-xil hukmlarga amal qilishni ko‘zlab qabul qilganlar. Qolaversa, ularni boshqalarga ham yetkazib, amalga chorlashni maqsad qilganlar.
Oybek Hoshimov,
Hadis ilmi maktabi o‘qituvchisi.