Cavol: Men jamoat namoziga borishni endi boshladim. Men namozni sekin o'qiyman. Gap shundaki, ko'pincha men salavotni o'qiyotganimda imom ikki tarafga salom berayotgan bo'ladi. Shu holada men salavotni tugatib, keyin duo o'qib so'ng salom berishim kerakmi yoki imom bilan barobar salom berishim kerakmi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohim. Siz bu holatda imom bilan birgalikda salom berasiz. Zero, salavot o'qish sunnat, imomga ergashish esa vojib amal sanaladi. Vojib amal sunnat amaldan yuqori bo'lgani sababli siz vojib bo'lgan amalni bajarasiz. Agar tashahhud (“At-tahiyyot...”) duosini o'qiyotganingizda imom salom berib qolsa, siz tashahhud duosini tugatib, keyin salom berasiz. Chunki tashahhud duosini o'qish vojib amal hisoblanadi. Bu haqda fiqhiy kitoblarimizda bunday deyiladi: “Imomga iqtido qilgan kishi salavotni o'qiyotgan vaqtida imom salom bersa, u ham imomga ergashib salom beradi. Chunki namozning oxirida salavot aytish sunnatdir” (“Fiqhul ibodat” kitobi).
Alloma ibn Obidin rahimahulloh bunday deydilar: “Farz va vojib amallarda kechiktirmasdan imomga ergashish vojib sanaladi. Ammo imomga ergashish bilan boshqa vojib amal teng kelib qolsa, “imomga ergashish kerak” deb vojibni tark qilmaydi, balki avval vojibni bajarib, keyin imomga ergashadi. Masalan, imomga iqtido qilgan kishi tashahhudni tugatishdan avval imom uchinchi rakatga tursa, iqtido qilgan kishi avval tashahhudni tugatib, keyin o'rnidan turib, imomga ergashadi (Chunki ikkisi ham vojib bo'lib, birini bajaraman deb boshqasini tark qilmaydi).
Agar imomga ergashish bilan sunnat amal teng kelib qolsa, yuqoridagidek qilmaydi. Masalan, (sajda yoki rukuda) imomga iqtido qilgan kishi tasbihni uch marta aytishidan avval imom boshini ko'tarsa – fuqaholarimiz eng to'g'risi deya aytgan gapga ko'ra - imomga ergashadi. Chunki sunnatni tark qilish vojibni kechiktirishdan ko'ra ustundir” (“Raddul muhtor” kitobi).
Hulosa qilib aytganda, siz salavot yoki undan keyinggi duolarni o'qiyotgan paytingizda imom salom berib yuborsa, siz imomga ergashib, salom berasiz. Bu o'rinda salavot yoki duolarni oxiriga etkazmaysiz. Vallohu a'lam.
O'zbekiston musulmonlari idorasiFatvo markazi.
Sayyor yig‘ilish
Ikki hoji suhbatidan:
– Assalomu alaykum, salomatmisiz?
– Vaalaykum assalom, rahmat, alhamdullilah.
– Yo‘l bo‘lsin!
– Bugun «Hilol» masjidida sayyor yig‘ilish o‘tkazilarkan. Zayniddin domla kelarkanlar.
– Shoshmang, men bexabar qolibman.
– Yuravering....
* * *
Bugun Olmaliq shahridagi «Hilol» jome masjidida O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari Zayniddin domla Eshonqulov boshchiliklarida sayyor yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Toshkent viloyati bosh imom-xatibi Doniyor domla Ikromov, shahar bosh imom-xatibi, imomlar, otinoyilar, «Haj 2025» hojilari, mahalla faollari ishtirok etdi.
Tadbirdan so‘ng shahardagi mahallalarga chiqilib, oilalar o‘rganildi. Ajrim yoqasida turgan yoshlar yarashtirildi, spirtli ichimlikka ruju qo‘ygan kishilar bilan yakka tartibda suhbatlar o‘tkazilib, ularga yo‘l-yo‘riqlar ko‘rsatildi, tavsiyalar berildi.
Shahardagi masjidlar imom-xatiblari ham tadbirda faol qatnashdilar.
Shundan so‘ng yana «Hilol» masjidiga qaytilib, amalga oshirilgan ishlar ko‘rib chiqilib, kelgusidagi rejalar belgilab olindi.
Xayrli duolar bilan sayyor yig‘ilish nihoyasiga yetdi.
* * *
– Yig‘ilish juda samarali bo‘ldi. Ko‘plab oilalarga kirilib, hol so‘ralgani ko‘ngildagidek ish bo‘ldi-da.
– Shunday xayrli ishlar boshida turgan aziz insonlar baraka topishsin...
Toshkent viloyati vakilligi
Matbuot xizmati