Ramazon oyida eng xushovoz qorilarning 70 nafari Qur’oni karimni onlayn xatm o‘qdilar. Imom-domlalar, mudarrislar, talabalar va otinoyilar tomonidan ham jami 17 ming marta Ilohiy kalomni xatm qildilar.
Bugun, 19 may duolar ijobat bo‘ladigan – Qadr kechasi kunida mana shunday xatmonalarning yakuniy bo‘ladi. O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov hazratlari boshchiliklarida ulamolar va hofizi Qur’onlar mana shunday xatmi Qur’onlarning yakunini o‘qib, duoyu-tazarrular qiladilar.
Mana shunday onlayn xatmi Qur’onlarning xatmona duosi 19 may kuni soat 22:15 dan boshlab jonli efirda tashkil etiladi. Xatmona tadbiri internet saytlari, ijtimoiy tarmoqlar orqali onlayn namoyish etiladi. Ushbu tadbir “Uzreport” telekanalida to‘g‘ridan to‘g‘ri, qolgan kanallarda esa yozib olingan holda efirga beriladi.
Ushbu xatmi Qur’onni quyidagi havolalar orqali onlayn uzatishni tavsiya etamiz:
Feysbuk https://www.facebook.com/muslimuzportal/?ref=aymt_homepage_panel&eid=ARDLMpvyEXGYhRR4mk1GPNGtMZ_qnFuwQpSOGZgheHwOCuEVoUfuNb1MbrZ6pgY4qSFbyddlNdLYDpj0
Yutub https://www.youtube.com/channel/UCLbdL0ibb4zqlqe7LRNOSNQ
Uzreport https://uzreport.news/livehttps://uzreport.news/live
ITV.UZ https://itv.uz/#!/muslim
Barchamiz duoga qo‘l ochib, “omin” deb tursak ijobat bo‘ladigan duolarga sherik bo‘lamiz. Hadisi sharifda aytilganidek, xatmi Qur’ondan keyingi duo ijobat. Hazrati Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Kim Qur’onni xatm qilsa, uning duosi ijobatdir”, deganlar (Imom Tabaroniy rivoyati).
Abdulloh ibn Mas’ud raziyallohu anhu Qur’onni xatm qilsalar, oilasini to‘plab, duoga “omin” deb turishlarini buyurar edilar. Sahoba Anas ibn Molik raziyallohu anhu har gal xatm qilganida oila a’zolarini jamlab, birgalashib jamoaviy duo qilar edilar.
Abdulloh ibn Abbos Qur’on o‘qiydigan qorilarni surishtirib, qachon xatm qilishini so‘rab olar ekan. Xatm qiladigan kuni borib, duosiga sherik bo‘lar ekanlar.
Shunday ekan fursatni g‘animat bilib, barchamiz oila-a’zolarimiz bilan birgalikda ushbu xatmi Qur’on duosiga “omin” deb tursak, barcha qilingan duolar ayni damda bizning haqimizda ham bitiladi, insha Alloh.
Qadr kechasi muborak bo‘lsin.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
«Bir kishi o‘zidan xabardor bo‘lmasa, ilmni, ulamoni, yaxshi kishilarni, yaxshi narsalarni, yaxshi ishlarning qadrini, qimmatini bilmas. O‘z aybini bilub, iqror qilub tuzatmakg‘a sa’y va ko‘shish qilgan kishi chin bahodir va pahlavon kishidur. Nabiy sollallohu alayhi va sallam: “Mezon tarozusiga qo‘yiladurgan amallarning ichida yaxshi xulqdan og‘irrog‘i yo‘qdur. Mo‘min banda yaxshi xulqi sababli kechasi uxlamasdan, kunduzlari ro‘za tutib ibodat qilgan kishilar darajasiga yetar”, demishlar».
Abdulla AVLONIY
Farzand tarbiyasi bugun har bir ota-ona uchun, o‘qituvchilar uchun juda og‘riqli masala. Chunki ularning odob-axloqi, darslarni o‘zlashtirishi qoniqarli emas. Yunusobod tumanidagi 117-o‘rta maktab o‘qituvchisi Sumbula ALMANOVA buning sabablari haqida o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi:
– Bugun yurtimizdagi har bir maktabning o‘ziga xos muhiti bor. Ta’lim jarayonlari ham, bolalarning yurish-turishi, o‘zlashtirishlari ham turlicha. O‘quvchilarning xulqida ko‘zga tashlanayotgan umumiy illatlar jamiyatimiz oldida turgan katta muammodir. Zero, birgina beadab o‘quvchi butun sinf muhitiga ta’sir qiladi.
Ertalab yaxshi kayfiyatda darsga kelasiz. Birinchi soatdan odobsiz o‘quvchi sizni behurmat qilsa, qolgan darslarni qanday o‘tish mumkin?! Sinfda shunaqa bolalardan bir nechasi bo‘lsa-chi? Dars tarbiyaviy soatga aylanib ketmaydimi? Afsus, bugun ko‘plab o‘qituvchilar ish kunini shu tarzda boshlamoqda.
Ba’zi o‘quvchilar darslarga mutlaqo e’tiborsiz. Maktabga faqat davomat uchun keladi. Darslarni o‘zlashtirmasligi oddiy holga aylangan. Ayrim yuqori sinf o‘quvchilari hijjalab o‘qib tursa, bu menga fojia bo‘lib ko‘rinadi. Aksar o‘quvchilarning fikru zikri qo‘l telefonida. Kamsonli o‘quvchilargina qanoatli. Qolganlarida doimiy norozilik kayfiyati ustun bo‘ladi.
Yana bir juda og‘riqli nuqta – bu o‘quvchilarning ibo-hayo masalasi. Shunday muammoga yo‘liqqan o‘quvchiga axloqdan so‘z ochsangiz, sizga “aql” o‘rgatadi.
Afsuski, keyingi paytda ota-onalarning maktab ishiga aralashishi ko‘p uchraydi. Farzandi yaxshi o‘qimasa, darslarga qiziqmasa ham, o‘qituvchilarni aybdor qilishadi. Bolasi nojo‘ya ish qilsa-da, yonini oladi. Shunday qilib, o‘qituvchi va o‘quvchi o‘rtasida jarlik paydo bo‘lmoqda. Aslida ustoz va ota-onaning maqsadi bir bo‘lishi lozim!
Bu muammolarning yechimi, dardning davosi tarbiya ishidir. Bola ota-ona, bobo-buvilar qo‘lida ulg‘ayadi. Hozir-chi? Tan olish kerak, ko‘pchilikning farzandlari televizoru telefon bilan kun o‘tkazmoqda. Ota-onalar esa bunga befarq. Holbuki, bolalar, avvalo, oilada to‘g‘ri tarbiyalanishi lozim, Ta’lim maskanlari ota-onaga yordamchi bo‘ladi, xolos. Ta’lim darsliklarida tarbiyaga oid o‘quv dasturlarimiz bor. Lekin uning poydevori oilada bo‘lishi kerak. O‘qituvchiga ortiqcha mas’uliyatni yuklamaslik kerak. Chunki farzand uchun birinchi galda ota-ona mas’ul. Shuning uchun ota-onalar farzandini o‘qishga qiziqtirishi, uni tinglashi, darslarni o‘zlashtirishiga yordam berishi zarur. Shundagina undan biror yaxshilik kutish mumkin. O‘quvchi darsni o‘z vaqtida o‘zlashtira olmasa, orqada qolib ketadi. Bora-bora darsga umuman qiziqmay qoladi.
Demak, ota-onalar farzandlarining tarbiyasini yaxshilashi, darslarni qanday o‘zlashtirayotgani bilan har kuni qiziqishi, hech bo‘lmaganda smartfonlarda nimalar ko‘rayotgani, qancha vaqtini unga sarflayotganini nazorat qilishi lozim. O‘quvchilarning kitobga bo‘lgan mehrini oshirish, mutolaa madaniyatini shakllantirish oldimizda turgan birdek muhim vazifadir.
Bobur MUHAMMAD yozib oldi.