Allohga itoat etib, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga itoatsizlik qilinmaydi. Allohga va Uning Rasuliga itoat etish lozim.
Alloh taolo bunday buyuradi: “Agar mo‘min bo‘lsangiz, Alloh va (Uning) Rasuliga itoat etingiz!” (Anfol surasi, 1-oyat); “Ey imon keltirganlar! Allohga itoat etingiz va Payg‘ambarga itoat etingiz!” (Muhammad surasi, 33-oyat).
Alloh taologa itoat Qur’oni karim ko‘rsatmalariga amal qilish bilan, Nabiy alayhissalomga itoat esa u zot alayhissalomning sunnatlariga ergashish bilan bo‘ladi.
Alloh taologa va Uning Rasuliga itoat etganlar ulkan zafarlarga erishadi:
“Kimki Allohga va Uning payg‘ambariga itoat etsa, bas, u ulug‘ yutuqqa erishibdi” (Ahzob surasi, 71-oyat).
Allohga va Uning Rasuliga itoatgo‘y bandalar jannatga musharraf bo‘lishadi:
“Kimki Alloh va uning payg‘ambariga itoat etsa, (U) uni ostidan anhorlar oqib turadigan (jannatdagi) bog‘larga kiritur” (Fath surasi, 17-oyat).
Allohga va Uning Rasuliga itoat etmaganlar qiyomat kuni azoblanadilar:
«Yuzlari olovda aylantiriladigan kunda, ular: “Koshki edi, Allohga itoat etganimizda, payg‘ambarga itoat etganimizda”, derlar» (Ahzob surasi, 66-oyat).
Namozni o‘z vaqtida ado etish, moli nisobga yetganda zakot berish lozim. Namozni o‘qib, zakotga qodir bo‘la turib bermaslik, katta gunohdir.
Alloh taolo namozni ado etishga va zakot berishga buyuradi: “...namozni barkamol ado etingiz, zakotni beringiz...” (Haj surasi, 78-oyat); “(Ey mo‘minlar!) Namozni barkamol ado etingiz, zakotni beringiz” (Nur surasi, 56-oyat).
Namozni ado etuvchilar va zakotni beruvchilar uchun Alloh taoloning ulug‘ mukofotlari bordir:
“Albatta, imon keltirgan, yaxshi ishlarni qilgan, namozni barkamol o‘qib, zakotni berganlar uchun Parvardigorlarining huzurida (maxsus) mukofotlari bordir. Ularga xavf ham bo‘lmas va ular tashvish ham chekmaslar” (Baqara surasi, 277-oyat); «...namozni barpo qiluvchilar, zakotni ado etuvchilar, Allohga va “Oxirgi kun” (qiyomat)ga imon keltiruvchilar ham borki, aynan ularga, albatta, ulkan mukofot ato eturmiz» (Niso surasi, 162-oyat).
Mol-dunyosini to‘plab, Alloh yo‘lida sarflamaydiganlar uchun alamli azob bordir:
«Oltin va kumushlarni kon (maxfiy xazina) qilib olib, ularni Alloh yo‘lida sarf qilmaydiganlarga alamli azob haqida “xushxabar” bering! (Mazkur oltin-kumushlar) jahannam o‘tida qizitilib, ular bilan peshonalari, yonlari, orqalari kuydirilgan kuni: “Bu o‘zlaringiz uchun saqlagan xazinangizdir. Saqlagan xazinangiz (mazasini) totingiz!” (deyiladi)» (Tavba surasi, 34-35 – oyatlar).
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Kimga Alloh molu dunyo bersa-yu, u zakotini ado qilmagan bo‘lsa, qiyomat kuni u unga ko‘zoynakli ilon bo‘lib ko‘rinadi. Uning ikki tishi chiqib turadi. U qiyomat kuni bo‘ynidan bo‘g‘ib oladi. So‘ng ikki jag‘ suyagidan tishlab turib: “Men sening molingman! Men sening to‘plagan xazinangman!” deydi”, dedilar va: “Allohning fazli bilan bergan narsasi (boyligi)dan baxillik qiluvchilar buni o‘zlariga yaxshi deb hisoblamasinlar! Aslo! Bu ular uchun yomondir. Qiyomat kuni baxillik qilgan narsalari (o‘z bo‘yinlariga) bo‘yinturuq qilib ilib qo‘yiladi”, oyatini tilovat qildilar» (Oli Imron surasi, 180-oyat).
Allohga itoat etish va ota-onaga yaxshilik qilish lozim. Allohga ibodat qilib, ota-onani hurmat etmaslik, ularga yaxshilik qilmaslik ulkan gunoh.
Alloh taolo bunday buyuradi: “Robbingiz Uning O‘zigagina ibodat qilishingizni hamda ota-onaga yaxshilik qilishni amr etdi” (Isro surasi, 23-oyat); “Biz insonga ota-onasini (rozi qilishni) buyurdik” (Luqmon surasi, 14-oyat); “Biz insonni ota-onasiga yaxshilik qilishga buyurdik” (Ahqof surasi, 15-oyat).
Alloh taolo barchamizni O‘zining roziligini topadigan amallarda sobit qadam qilsin!
Davron NURMUHAMMAD
Inson qalbi goh u tarafga, goh bu tarafga o‘zgarib turadi: savobli ish qilganida, qalbi yayraydi, dili cheksiz quvonchga to‘ladi. Gunoh-ma’siyat kirlari esa dil oynasini xiralashtiradi. Oqibatda qalb qorayadi, ko‘ngli xijil bo‘ladi.
Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Temirga suv tegsa zanglaydi. Xuddi shunga o‘xshab qalblarni ham zang bosadi", dedilar. Shunda: "Yo Rasululloh, uning jilosi nima?" deb so‘raldi. U zot: "O‘limni ko‘p eslash, Qur’on o‘qish", dedilar.
Qalb xuddi temir kabi zanglaydi. Temirga suv tegsa, sirtini zang bosadi. Gunohlar yig‘ilib yig‘ilib qalbni zanglatadi, dilni qoraytiradi, ko‘ngilni g‘ash qiladi. Qalb qorayishi oqibatida inson shuuri o‘tmaslashadi, mehr-oqibat tuyg‘usi kishi bilmas tarzda ko‘tarilib boradi.
Mazkur hadisda aytilishicha, o‘limni eslagan, Qur’on o‘qigan odamning qalbi zanglardan tozalanadi. Qanday qilib, deysizmi? Gap shundaki, o‘limni eslagan kishining o‘tkinchi dunyoga xohishi so‘nadi. O‘limni eslagan, oxiratni o‘ylagan inson gunohlardan tiyiladi, nafasi kirib-chiqib turganida Parvardigoriga tezroq tavba qilishga shoshiladi, o‘zini isloh qiladi. Inson o‘limni eslaganda lazzatlar parchalanadi, hakalab otib turgan nafs xohishlari sal bo‘lsayam jilovlanadi. Bir kunmas-bir kun dunyoni tark etishini bilgan kishi oqibatli bo‘ladi, bir ish qilishdan oldin oxirini o‘ylaydi, mulohaza yuritadi.
Yuqoridagi hadisda aytilishicha, Qur’on tilovati qalbdagi zanglarni ketkazadi. Haqiqatan, Qur’on o‘qish bilan qalb yayraydi, ko‘ngil taskin topadi. Mo‘min banda qiroatdan bir dunyo ma’naviy ozuqa oladi. Shu yo‘sin qalbni qoplagan zang qurumlari asta-sekin tozalanib boradi. Bejizga "Qur’on qalbga malham, dilni tozalaydigan ilohiy davo", deyilmagan.
Ma’lumki, temirga doim ishlov berib turilmasa, ko‘p o‘tmay zanglaydi. Xuddi shunga o‘xshab, Qur’on o‘qilmasa, dilni zang bosadi. Hamisha Qur’on o‘qiydigan inson qalbiga gard yuqmaydi. Tilovat bilan jilolangan qalbi oynadek yarqirab turadi.
Hozirgi "zamonaviy" odamlarning ko‘pi dunyoga hirs qo‘yish dardi bilan og‘rigan. Kishilar orasida o‘zaro ishonch, sadoqat, vafo, mehr-oqibat kamayib ketayotgandek. Bizningcha, buning sababi bitta: o‘limni unutish, Qur’on o‘qimaslik.
Ayrim odamlarga o‘limni eslatsangiz, oxiratdan gap ochsangiz: "Qo‘ying, yaxshi mavzuda gaplashaylik!" deya so‘zingizni bo‘ladi. O‘limni eslash yomonmi?! Har kimning boshida bor-ku bu savdo! O‘limdan qochib-qutulib bo‘lmaydi. Shuning uchun o‘limga tayyorgarlik ko‘rish kerak. Qanday qilib, deysizmi? O‘limga hozirlik solih amallar bilan bo‘ladi, qorong‘i go‘rni yorituvchi Qur’on tilovati bilan bo‘ladi. Quruq kafanlik olib yoki qabristondan o‘zi uchun alohida joy ajratib qo‘ygan odamni oxirat safariga rostmana shay deb bo‘lmaydi.
Tolibjon domla Xursanmurodov,
Hadis ilmi maktabi o‘qituvchisi.
Ali ibn Husomiddin Muttaqiy Hindiy. "Kanzul ummol fi sunanil aqvoli val af’ol". – Bayrut.: Muassasatur risolat, 1989. - B. 210.