Sayt test holatida ishlamoqda!
23 Iyul, 2025   |   28 Muharram, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:32
Quyosh
05:10
Peshin
12:35
Asr
17:37
Shom
19:53
Xufton
21:23
Bismillah
23 Iyul, 2025, 28 Muharram, 1447

Ramazon - bu g‘animat damlar (Tanlovga)

17.05.2020   5958   4 min.
Ramazon - bu g‘animat damlar (Tanlovga)

Ramazon oyini ajr va foydalarga erishadigan mavsum qilgan Zot Alloh taologa hamdlar, najot va hidoyat elchisi bo‘lgan payg‘ambarimizga salavot va salomlar bo‘lsin.

Bu oyni g‘animat bilib, solih amallar bilan kechirishga yordam beradigan bir necha ishlarni maslahat beramiz:

  1. Ramazon ro‘zasi odat emas ibodatdir:

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Kimki Ramazon ro‘zasini (uning farzligiga) iymon bilan, unga beriladigan savobni umid qilib tutsa, o‘tgan gunohlari kechiriladi» deganlar (Imom Buhoriy, Imom Muslim rivoyati).

Bu hadisdagi «Savobni umid qilgan holida»ning ma’nosi - «Allohdangina savob umid qilib, riyo va sum’adan holi, mol-dunyo maqsadida bo‘lmagan holda» demakdir.

  1. Ramazon shukri - ado qilinishi lozim bo‘lgan ne’matdir.

Ramazon qelishidan ilgari vafot etgan insonlar haqida o‘ylab ko‘ring. Ularning amallari to‘xtadi, sahifalari yopildi. Endi ular oz bo‘lsada hasanot yoki xayrli ish qila olmaydilar. Siz esa, Alloh umringizni uzaytirib, bu ulug‘ oyga yetib keldingizmi, endi savob va ajrlarni jamlashga harakat qiling. Bu Alloh bizlarga bergani uchun hamdu sano aytish kerak bo‘lgan va shukr qilishlik vojib bo‘lgan ulkan ne’matdir.

  1. Uyqu va bedorlik.

Agar siz Ramazon kunduzlarini uyqu, kechalarini bedorlik va o‘yin-kulgu bilan o‘tkazadigan bo‘lsangiz u holda, ro‘zadorlik va ibodatlarda qoim bo‘lganlik savobidan mahrum bo‘lasiz va bu oydan qo‘llaringiz bo‘sh holda chiqasiz. Bu oy sanoqli kunlar va fazilatli kechalardir. Ertaga lazzat va ne’matlarga eltuvchi bo‘lgan toat-ibodatlar sari intiling. Bu oy kirib kelsa, g‘aflatda yurishdan saqlaning. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: «Ramazonga kirib, undan gunohlari mag‘firat qilinmasdan chiqqan qishining burni yerga ishqalansin» deganlar (Termiziy va Hokimlar rivoyati).

  1. Ramazon –Qur’on tilovati oyi.

Ramazon-Qur’on oyi. Salaflar Ramazon kirishi bilan Qur’on tilovatiga qattiq berilishar, uni boshqa barcha ibodatlardan ko‘ra birinchi o‘ringa qo‘yar edilar. Rivoyat qilinishicha, ularning ba’zilari bu oyda har kuni Qur’onni  hatm qilib, o‘qib chiqar edilar. Siz ham bu oyda tilovat qoidalariga imkon qadar rioya qilib, tadabbur, tartil va hushu’ bilan Qur’on tilovatiga bel bog‘lang.

  1. Sadaqa

Ramazonda sadaqa qilish boshqa oylardan ko‘ra fazilati va savobi ko‘proqdir. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Ramazon kirsa juda ham ko‘p sadaqalar qilar, yanada saxiy, muruvvatli bo‘lib ketar edilar. Bu oyda sadaqalar qilishga, o‘zingizda bor narsalardan boshqalarga infoq-ehson qilishga qattiq intiling.

  1. Oxirgi o‘n qunlik

Oxirgi o‘n kunlikda ibodatlardagi tirishqoqligingiz o‘tgan kunlardan ko‘ra kuchliroq bo‘lishiga harakat qiling. "Rasululloh sollallohu alayhi vasallam oxirgi o‘n qunlik boshlansa, o‘zlari kechalari ibodatlar bilan bedor bo‘lar va ahli-oilalarini ham shunga targ‘ib qilib uyg‘otar edilar" (Muttafaqun alayhi).

  1. Laylatul qadr-qadr kechasi

Qadr kechasini Ramazonning oxirgi toq kunlardan qidiring. U tunlarni namozda qoimlik, Qur’on tilovati, zikr, duo kabi ibodatlar ila o‘tkazing. Chunki u kechada qilingan ibodatning savobi, qadr qechasi bo‘lmagan ming oyda qilingan ibodatning savobidan ko‘proqdir.

  1. Ko‘zni tiyish

Alloh taolo xarom qilgan narsalarga qarashdan ko‘zni saqlash - ko‘pchilik amal qilmaydigan ibodatdir. Nima uchun bu ulqan ibodatni tiriltirib, amalga oshirishga harakat qilmaysiz?

  1. Zikr

Barcha holatlaringizda Allohni eslovchi zokir bo‘ling. Allohni zikr etuvchilar shak-shubhasiz dunyoyu oxiratda najot topadilar.

  1. Duo

Duo ibodatdir. Bu bandaning Robbisiga  barcha holatlarida doimo muhtojligi va faqirligiga dalildir. Alloh taolo ushbu oyatda duoni ibodat deb nomlagan: «(Ey insonlar), Parvardigorlaringiz: «Menga duo-iltijo qilinglar! Men sizlarga (qilgan duo-iltijolaringizni) mustajob qilurman. Albatta menga ibodat qilishdan kibr-havo qilgan kimsalar yaqinda bo‘yinlarini eggan hollarida jahannnamga kirurlar», dedi» (G‘ofir, 60)   Siz ham  duo ibodatidan g‘ofil qolmang.

  1. Yeyish va ichish.

Ko‘p yeyish va ichishdan o‘zingizni tiying. Chunki u dangasalik, erinchoqlik va  bo‘shashishga olib keladi.

 

Alloh taolo barchalarimizni bunday ulug‘ kunlarni g‘animat bilib, har bir lahzasini behuda narsalar bilan o‘tkazmaslikni nasib qilsin!

 

Haytmurat YERЕJЕPOV,

Imom Buxoriy nomidagi

Toshkent islom instituti 2-bosqich talabasi.

 

 

Ramazon-2020
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Fursat g‘animatdir

22.07.2025   3761   2 min.
Fursat g‘animatdir

Inson hayotida eng qimmatbaho ne’matlardan biri vaqtdir. U nihoyatda tez o‘tadi, biror narsaga bog‘lab, to‘xtatib, ortga qaytarib bo‘lmaydi. Har lahza inson umridan bir bo‘lakdir. Shuning uchun vaqtni samarali o‘tkazish, uni qadrlash har bir aqlli inson uchun juda muhim.


Har insonga bir umr berilgan. U yillar, oylar, kunlar, daqiqalar bilan hisoblanadi. Bir soat bekorga ketsa, umrimizdan bir qism bekor ketgan bo‘ladi. Ko‘pincha biz "ertaga qilib qo‘yaman", "keyinroq boshlayman" deya o‘zimizni aldab qo‘yamiz. Aniq reja asosida hayot kechirish, har bir kunni maqsadli va mazmunli o‘tkazish vaqtdan unumli foydalanishning asosiy yo‘lidir. Ilm o‘rganish, mehnat qilish, sog‘liqqa e’tibor qaratish, oila va yaqinlarga vaqt ajratish — bularning bari vaqtning to‘g‘ri taqsim qilinishi bilan bo‘ladi.


Tan olish kerak, zamonaviy texnologiyalar, ijtimoiy tarmoqlar va axborot oqimi vaqtimizni o‘g‘irlab, bizni chalg‘itmoqda. Lekin ayb o‘zimizda. Ba’zan keraksiz narsalarga soatlab vaqt sarflaymiz, keyin esa "vaqtim yetmadi" deb shikoyat qilamiz. Shuning uchun ham hayotda "nimalar muhim, nimalar esa vaqt sarflashga arzimaydi" degan savolga aniq javob topib olish lozim. Vaqtga e’tiborli inson – mas’uliyatli insondir. U har bir vazifani o‘z vaqtida bajaradi, orzulari sari qat’iyat bilan intiladi va hayotini nazorat qila oladi.


Islom dinida ham vaqtga alohida ahamiyat berilgan. Qur’oni karimdagi Asr surasida Alloh taolo asr (vaqt)ga qasam bilan insonning zararda ekani ta’kidlagan. Bu esa vaqtning beqiyos ekanini yana bir bor yodga soladi. Faqat iymon keltirgan va yaxshi amallar qilgan, bir-birlariga Haq (yo‘li)ni tavsiya etgan va bir-birlariga (mana shu Haq yo‘lida) sabr-toqat qilishni tavsiya etgan zotlargina najot topishi aytilib, ulgurib qolishga da’vat etilgan. Demakki, vaqtni to‘g‘ri sarflay olgan insongina yutuqqa erishadi. Hayotimizdagi har bir daqiqa – bebaho xazina. Undan oqilona foydalanib qolish kerak, azizlar.

Abdulvohid ISAQOV,

Namangan shahridagi

“Miryoqubboy Mirhakimboy”

jome masjidi imom xatibi

Maqolalar